HAQ QAROR TOPGAN ZAMIN

Esimizni tanibmizki, har birimiz “Yil boshi”, “Qozon to‘ldi” kabi iboralarni ko‘p eshitib kelamiz. Bu so‘zlarni eshitganimiz hamonoq ko‘z o‘ngimizda bizga qadrdon bo‘lib qolgan manzaralar namoyon bo‘ladi: quyuq bug‘i osmonga ko‘tarilib turgan doshqozon, uni katta cho‘mich bilan qo‘zg‘ayotgan kayvoni kampirlar, u yoqdan-bu yoqqa chopqillab yurgan, yasangan-tusangan ayollar, shovqin-suronli yosh-yalang. Ko‘kka ko‘tarilayotgan karnay-surnay ovozlari-chi?! Nimasini aytasiz!

Xalq ana shu shodiyona kunlarni, yangi yil boshlanayotgan ayyom - Navro‘zni qozon to‘ldirib, shodlanib kutib oladi. “Shodlanib” deganimizda ham jon bor. Navro‘z bayrami arafasida ko‘klamga tayyorgarlik ishlari avjlanadi. Qo‘sh ho‘kizlari og‘ilxonalardan chiqarilib, qoshovlanib, dala ishlariga tayyorlanadi. Omochu bo‘yinturuqlar shay qilib qo‘yiladi. Va nihoyat, yana bir qutlug‘ osh pishiriladi. Uni “qo‘sh oshi” derlar. YAqin o‘tmishda Navro‘z bayrami shunday boshlangan.

Qadimdan og‘izdan-og‘izga ko‘chib, bizgacha yetib kelgan afsonalarga ko‘ra Navro‘z bayrami bir necha bor taqiqlangan ekan. Birinchi marta miloddan avval Iskandar Zulqarnayn - Aleksandr Makedonskiy yurtimizga bostirib kelganida sumalak pishirilayotgani ustidan chiqadi. Doshqozon atrofiga xaloyiq bu qadar hamjihatlik, mehr bilan to‘plangani unga yoqmaydi. Doshqozonni ag‘darib, xalqni tarqatib yuborish haqida buyruq beradi. Shu zayl qancha-qancha yillar Navro‘z sayli o‘tkazilmaydigan bo‘lib qoldi. Uni keyinchalik “Avesto” kitobining ijodkori, donishmand Zardo‘sht shogirdlari tikladilar.

Ikkinchi marta Navro‘z Arab istilosi davrida taqiqlandi. Rivoyat qilishlaricha, Zarafshon daryosining quyi qismi qirg‘oqlarida, hozirgi Qiziltepa tumanining Tavois qishlog‘idagi qadim-qadimdan Navro‘ztepa deb atalgan manzilda sayil o‘tayotgan ekan. Shu kezlarda arab sarkardasi Qutayba lashkarlari bostirib keladi, iydi Navro‘zning ezguligini ular hali bilmas edilar. Ushbu fayzli urf-odatni tushunolmay, xalqni to‘rt tarafga haydab yuboradilar. Bo‘ysunmaganlarning manglayiga tamg‘a bosib, cho‘l-biyobonga quvadilar. O‘sha quvg‘in qilinganlarning avlodlari hali ham bor. Ular yashayotgan qishloq hamon arabcha “Lavandog‘” deb ataladi. “Lavandog‘” o‘zbekchaga o‘girilganda - “Tamg‘a dog‘i” demakdir. Ha, Navro‘zimiz qalbidagi yaralar bitib ketdiyu, lekin dog‘lar qoldi.

Navro‘z bayrami uchinchi marta Chingizxon zamonasida taqiqlandi. Uning lashkarlari ham sayil ustidan chiqqanlarida to‘plangan xalqni quvib yuborganlar. Ular Navro‘zdek nafosat, go‘zallik bayrami ne ekanligin qaydan bilardi axir?! Taqdirimizga behad shukronalar bo‘lsinkim, vaqti zamoni kelib xalq orasidan Amir Temurdek zukko, donish arbob, buyuk rahnamo yetishib chiqdi va yurtni qaramlikdan ozod etdi, sevimli Navro‘zimizni qaytadan tikladi. Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish lozimki, keyinchalik yurtimizda o‘troqlashgan mo‘g‘ullar ham Navro‘z bayramini bora-bora biz bilan birga shodiyona qiladigan bo‘lib qolganlar.

To‘rtinchi marta Navro‘z XX asrning birinchi yarmida sho‘rolar davrida taqiqlandi. Bolshevoylar maxsus “jangovar otryadlar” tuzib, sumalak qaynayotgan qozonlarni ag‘darib tashladilar, qutlug‘ taomga kerosin va qum sepdilar, Navro‘z qo‘shiqlarini kuylayotgan oqinlarning do‘mbirasini tortib olib, sindirib tashladilar...

YAqin o‘tmishda o‘zimiz ham shunday munosabatning guvohi bo‘lganmiz.

Xalq o‘lmasdir, xalq kuchdir. Uning orasidan yana dovyurak farzandlar yetishib chiqdi. Nohaqliklarga barham berildi. Yana ko‘chalarimizda bayram bo‘ldi, Navro‘z ohanglari, qo‘shiqlari boz yangradi. Bu gal Navro‘z xalqimizning yangi yetakchisi Prezident Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida bor bo‘yi basti bilan qad rostladi.

Afsonalarga aylangan tarixiy haqiqatlarni hamda Navro‘z nimaligini, u qachonlardan buyon nishonlanib kelinayotgani, qutlug‘ marosimning tabiiy darakchilari, ezgu xislatu xosiyati va fazilatlari, xonadonlarimizga baxtu baraka bag‘ishlashi, jo‘shqin qo‘shiqlarini, Nav­ro‘zning nashidali qissasi bilan yozuvchi Yo‘ldosh Muqimovning “Mangu Navro‘z” kitobi orqali tanishishingiz mumkin. Navro‘z ayyomi arafasida Siz azizlar e'tiboriga ana shu kitobdan ayrim lavhalarni havola etyapmiz.

Olimjon NAZAROV, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi

 ... Navro‘z barchaning bayrami. Faqat ahli insongina emas, balkim butkul mavjudot, borliq nishonlaydir, darrandayu parrandalar, gulu maysalar, dov-daraxtlar, tog‘u tosh, cho‘lu biyobonlar nishonlaydir, buloqlar qaynaydir, hammayoq yayraydir.

* * *

Sayilga yig‘ilgan xaloyiq qarshisida el donishmandi - Eldonish paydo bo‘ladi. Uning ovozi samodan quyulib, Yer-zamin uzra yangraydi:

Azaldan atalur bu makon Turon,

Va yana nom olmish buyuk Turkiston.

O‘tadi zamonlar, keladi davron,

Dovonlar ketidan oshadi dovon.

Bul makon hududi bo‘sh deb o‘ylamang,

G‘aflat xurujida xato so‘ylamang,

Qiru tog‘larida soqchidir arslon,

Har biri qadamida ming bir pahlavon...

Bir zum sukut saqlab osmonga tikiladi va Tangriga iltijo qiladi:

Iltijo qilurmiz Tangrim astoydil,

Elimni yov balosidan asrag‘il;

Aldov-dalg‘ov balosidan asrag‘il,

Ig‘voyu g‘avg‘o balosidan asrag‘il!

Nogahon bo‘hton balosidan asrag‘il!

Bo‘ronu to‘fon balosidan asrag‘il!

Osmonu falakdan sado keladi. Yero‘g‘lon oqin kuylayotir. Navro‘z navolari yangraydi. Kuy pasayib-pasayib, maromiga yetib tugashi bilan oqin nido soladi:

O, Navro‘zi olam, Navro‘zi olam,

Ko‘rkamlardan sen ko‘rkam,

O‘ktamlardan sen o‘ktam,

Elga bo‘l mangu hamdam!

Zamindan sado:

Sevgan elimni dermen,

Mudom g‘animni yermen,

Qo‘llasa arslon-sherman,

Yo‘q ersa qora yerman.

Yero‘g‘lon oqin:

Qadaming qutlug‘ bo‘lsin,

Nasibang to‘lug‘ bo‘lsin,

Qaytib qo‘ngan manziling,

Tabarruk-ulug‘ bo‘lsin!

Zamindan sado:

Kimdan kelur sharofat,

Kimdan esa kasofat.

Shumlarning beli sinsin,

Ko‘rmaylik endi ofat...

Yero‘g‘lon oqin siyrati yer-zamin uzra muallaq turadi. Avval g‘ira-shira, qorong‘ulik-yorug‘lik orasida sharpa namoyon bo‘ladi. Keyin suvrat xaloyiqqa yaqinlashadi. Salobatli qiyofasidan nur to‘kiladi. Atrof-tevarakka, yig‘ilganlarga qarab, ularni fotihaga chorlaydi. O‘zi ham ikki qo‘lini ozod ko‘tarib, kaftlarini ochadi:

Yoronlar qo‘l ochingiz,

Ko‘kka quloq osingiz,

Osmondan kelur nido,

Ezgu ilohiy duo!

Xaloyiq:

Omin!

Yero‘g‘lon oqin:

Omin degan bo‘lsin omon,

Yaxshi qolib, ketsin yomon,

Kulib boqur baxtli zamon,

Nurga to‘lur jumla jahon!

Yero‘g‘lon qo‘ngan yerga - baland tepalikka xaloyiq orasidan el-yurt oqsoqoli Eldonish asta-sekin salobatli qadamlar tashlab ko‘tariladi. Ikki donishmand quchoqlashadi, go‘yo osmon bilan zamin birlashadi. So‘ngra ikkalasi ham xaloyiq tomon qayrilib, unga mehr ko‘zlari ila nazar tashlaydilar. Qaddi-qomatlarini xiyol egib, ta'zim qilishadi-da, yiroq-yiroqlarga tikilib, o‘z ko‘ngillarida tug‘ilgan teran tuyg‘ularini bayon etishga kirishadi.

Yero‘g‘lon oqin:

Elimga qaytayotgan iymon-vijdon ko‘rmoqdamen,

Alpu botirlarga xos mardu maydon ko‘rmoqdamen.

Eldonish:

Yiroqlarga otlangan qator karvon ko‘rmoqdamen,

Karvon boshida zukko sardor - sarbon ko‘rmoqdamen.

Yero‘g‘lon oqin:

Kelajakda yurtimni dorulomon ko‘rmoqdamen,

Ezgulikka yo‘l olgan davru davron ko‘rmoqdamen.

Eldonish:

O‘tgan qutlug‘ ajdodlar, zotu zuryodlar haqi,

Kelgusida tug‘ilur farzand, avlodlar haqi.

Yero‘g‘lon oqin:

Sizga omad tilaymen, baland qomat tilaymen,

Manguga zavol ko‘rmas baxt-saodat tilaymen.

... Navro‘z, navro‘z, navro‘z... bu qutlug‘ so‘z faqat odamlar dili va tilidagina emas, gullar va maysalar, endigina ochilayotgan g‘unchalar tabassumida, yengil qanot qoqayotgan qushlar parvozida, ko‘kraklarga rohat bag‘ishlab, hur-hur esib o‘tayotgan, daraxt shoxlarini silkitayotgan shamollar ovozida, gulzor va chamanzorlar uzra g‘uj-g‘uj bo‘lib uchayotgan kapalaklar raqsida namoyon... Ha, sevimli sa­yil faqat insongagina emas, butun borliq, mavjudotga, tabiatga quvonch baxshida etadi. Ajabo, Nav­ro‘zning o‘zi tabiatning bolasi-ku, - deb o‘ylaysiz, - tabiatning yangilanish, yasharish nishonasi-ku! Xuddi shundoq, xuddi shundoq! Bizni tug‘ib, voyaga yetkazgan ona tabiat o‘zi qaytadan tug‘ilayotganidan, yangilanib, yasharayotganidan benihoya mamnun oqinlar qo‘shiqlar aytadilar.

Shu daqiqalarda momaqaldiroq gumburlaydir. Yeru zamin va osmoni falak larzaga keladir, chaqmoq chaqib, dov-daraxtlar novdalari-shoxlarini yalab o‘tadir va hatto odamlar boshi uzra ham o‘ynaganday bo‘ladir, bu shovqin-suron va g‘ulg‘ula qanchalik tez, kutilmaganda boshlangan bo‘lsa, shunchalik tez chekinadir, endi qandaydir ilohiy kuchlar o‘zaro shivirlashayotganday, osmon odamlarni sayil ila olqishlayotganday tuyuladir. Musaffo havo kelib, dimog‘larga uriladir, qushlar yana paydo bo‘lib, uchaboshlaydir, o‘t-o‘lanlar, maysalar uzra kapalaklar tag‘in raqsga tushadir. El sevgan ikki oqin, birin Elxon, ikkinchisin Dilxon derlar, toza, beg‘ubor havodan to‘yib-to‘yib nafas olar ekanlar, yana do‘mbirani qo‘lga oladilar, boz musobaqa yangilanib ketadir, el-yurtning ulug‘lari, tabarruk zotlari sharafiga qo‘shiq to‘qilib, kuylanadir...

Qo‘shiqlar, qo‘shiqlar... ular bir-biriga chambarchas bog‘lanib, bir-birini to‘ldirib yangraydir, bir-birining mazmuniga yangi mazmun qo‘shib, kuchaytiradir. Oqinlarning navbatdagi qo‘shig‘i ham ayni shundaydir: bir yarim asrlik qaramlikdan qutilib, el-yurtimiz o‘z erkini o‘z qo‘liga olganligini, mamlakat taxtida endi o‘z farzandi o‘tirganini mamnuniyat va zavqu shavq ila tarannum etadir.

Dilxon oqin:

Aylanayin jon elim, yashnab turgan yuzingdan,

Mehr ila termulgan, chaqnab turgan ko‘zingdan.

Menga har kun ulashgan rizqu ro‘zing, tuzingdan,

Beshigim uzra aytgan hikmat to‘la so‘zingdan...

Baxting kulib boqadir sulton bo‘lsa o‘zingdan,

Boshingga nur yog‘adir oftobing, yulduzingdan...

Elxon oqin:

Kim biladir, yoronlar, bu hikmatning qadrini,

Ona-yurt qancha chekkan alamini, dardini.

Kimlar qayondan kelib, qora qildi bag‘rini,

Og‘ir yuklar ostida yara bo‘ldi yag‘rini.

Baxting kulib boqadir sulton bo‘lsa o‘zingdan,

Boshingga nur yog‘adir oftobing, yulduzingdan...

Dilxon oqin:

Ayriliqning dog‘ini yoru yorondan so‘rang,

Yiroq yo‘l adog‘ini yurgan karvondan so‘rang.

Hurriyat chorbog‘ini g‘amxo‘r bog‘bondan so‘rang,

Elu yurt ardog‘ini asl o‘g‘londan so‘rang!..

Baxting kulib boqadir sulton bo‘lsa o‘zingdan,

Boshingga nur yog‘adir oftobing, yulduzingdan...

Elxon oqin:

Yag‘rindagi yaralar kunlar o‘taru, bitar.

Boz buyuk el bo‘lurmiz qutlug‘ nasiba kutar.

Hasad va qasd qilganlar zahru, zaqqum yutar,

Birga baxtiyor bo‘lur, kimki bizga qo‘l tutar.

Baxting kulib boqadir sulton bo‘lsa o‘zingdan,

Boshingga nur yog‘adir oftobing, yulduzingdan...

Odamlar uylarini, sandalu tancha burchaklarini tark etib, dala-dashtga chiqadilar, bolalar ko‘cha-ko‘yda, maydonlarda xushchaqchaq sayr etadirlar, yiroqlardan, janub yoqlardan yana ona tuproqni, jonajon xonadon - ishlari, uyalarini qo‘msab-sog‘inib, qaldirg‘och va laylaklar, turnalar shodon qo‘shiq ayta-ayta qaytadirlar.

Qushlarmi alar yoki tushlar? Va yolish ro‘yo arvohlar, qushlarga o‘xshar go‘yo... Donishlar ayturlarkim, navro‘z kunlarinda tubarruk zotlar ruhi ona yurt osmoninda qutlug‘ qushlar suvrati, siymosinda zohir bo‘lur, farzandlar tepasinda sayr etib, yangi kun, yangi baxt ila qutlarlar, ezgu tilaklar tilarlar. Oqinlarning endigi qo‘shig‘i qutlug‘ qushlar qo‘shig‘iga hamohang yangraydir:

Dilxon oqin:

Samoda sado berar sehr to‘la tovushlar,

Oyo moviy osmonda nido qiladir qushlar.

Oyo yetaklab uchar meni g‘aroyib tushlar,

O‘tgan tabarruk zotlar, soch-soqoli kumushlar!..

Elxon oqin:

Olamda yurar pinhon tanani tark etgan jon,

Ona-yurt osmonida qutlug‘lar ruhi posbon.

Birisi Sohibqiron, birisi Balogardon.

Baloyu qazolardan elin saqlagay omon!..

Dilxon oqin:

Senda yashash, jon elim, ishon qanday soz menga,

Boisin aytay desam, yechilmagan roz menga.

Ko‘klarda uchib yursam, oy, yulduzlar oz menga,

Tuprog‘ing quchib yursam, yumshoq poyondoz menga.

Elxon va Dilxon oqinlar birgalikda:

Ulug‘lardan sen ulug‘, mehring bor qarog‘ingda,

Qutlug‘lardan sen qutlug‘ sehring bor dudog‘ingda.

Qayonlarda bo‘lmaylik tortasen quchog‘ingga,

Jigarband farzandlaring parvona so‘l-sog‘ingda...

Osmonga tikilarlar:

Samoda sado berar sehr to‘la tovushlar,

Oyo moviy osmonda nido qiladir qushlar.

Oyo yetaklab uchar bizni g‘aroyib tushlar,

O‘tgan tabarruk zotlar, soch-soqoli kumushlar!..

Bir pas sukunat cho‘kar, Elxon ila Dilxon oqin do‘mbiralarini tizzalariga qo‘yib, hordiq chiqarganday bo‘lar. Shu daqiqalarda ularning boshi uzra qutluq to‘rg‘ay paydo bo‘lib qolar, javlon urib parvoz qilar, sevinch ila qanot qoqar. Ha, ha, bu o‘shal muqaddas qush to‘rg‘ay, Olloh Taolo uyi Arshi A'loga haq izlab borgan to‘rg‘aydir. Arshi A'lo ostonasida: “Haq o‘zingizdadir, Yer-zamindadir!” degan ilohiy ovozni eshitgach, to‘rg‘ay yana odamlar orasiga, ona tuproq sari yo‘l olgan va qaytib kelgan edi. Ha, ha, xuddi shunday, adolatpesha So‘fito‘r­g‘ay qatog‘on zamonlarda, inson erki, haq-huquqlari poymol etilgan, ezgu urf-odatlar, Navro‘zdek muborak bayramlar taqiqlangan va tahqirlangan mash'um davrda Tangri Taolo uyiga haq izlab ketgan edi. Ana endi tag‘in ona-Zaminga qaytib, So‘fito‘rg‘ay ne ko‘z ila ko‘rsinkim, haq boz qaror topibdir. Ezgu Navro‘z va boshqa sevimli urf-odatlar tiklanibdir. To‘rg‘ay shodlikdan mast-alast bo‘lib, el-yurt oldida, sayil qilish uchun maydonlarda yig‘ilgan xaloyiq oldida g‘azalxonlik qilayotgan ikki oqin boshi uzra qanot tebratib, muallaq turdi.

Shu zayl javlon urar ekan, xushchaqchaq kuylay boshladi. Uning qo‘shig‘i ezgu Navro‘z haqida edi. Ha, to‘rg‘ay yangi Navro‘zni, yangi bahor kunlarini qutlardi. Navro‘z hech qachon o‘lmasligini, manguligini tarannum etardi. Uning bu qo‘shig‘ida “Har kuning Navro‘z bo‘lg‘ay, har tuning nurga to‘lg‘ay!” degan so‘zlar takror-takror quloqqa yetib kelardi...

Noz-ne'matlar ila to‘la dasturxonlar tegrasida oqsoqollar fotihaga qo‘l ochar, elga qaytgan erk va ko‘rk uchun, baxtu taxt uchun chin yurakdan shukronalar aytishar. Shukrona faqat oqsoqollarninggina emas, balkim borganning dili va tilida. Keng dalalar bo‘ylab o‘tgan purviqor ariq suvlari ham shukrona kuylab oqadir, dov-daraxtlarning novdalari-shoxlari silkinib, barglari tebranib, shukrona aytadirlar, shovullagan shamol qanotlarini shodon qoqayotganda shukrona ohanglar yangraydir, tog‘u toshlar yon bag‘irlaridagi qaynar buloqlar shukrona aytib jo‘sh urarlar... Butkul Yeru-osmon og‘zida Shukrona...

Erta tongdan beri do‘mbira chertib, xalq baxtu taxtini kuylayotgan ikki chechan so‘z oqinni ham o‘zlarini o‘rab olgan ona-tabiatga, el-yurtga hamohang bo‘lib, shukrona aytishga o‘tadirlar, bugungi tomoshani yakunlayotganday ko‘rinadilar. Faqat o‘zlarigina emas, do‘mbiralarining har bir tori “Shukrona! Shukrona!” deya jaranglaydir, shunday qutlug‘ ona-yurtimiz, tabarruk Vatanimiz borligi uchun Yaratgan Parvardigorga shukr qilish, sig‘inish zarurligi tarannum etiladir:

Elxon oqin:

Vatan tabarruk ona, boshing uzra parvona,

Qayonga parvoz qilsang, senga tayanch ostona.

Sev yurting qona-qona, yuraging yona-yona,

Qo‘ygan har qadamingga qilib yurgil shukrona!

...Qutlug‘ qush sayilgoh uzra parvoz qila-qila, Tang­ri ila diydorlashgani haqida kuylay-kuylay, qip-qizil qizg‘aldog‘u lolalar ila bezangan yassi tepa uzra muallaq to‘xtaydir. Tegrasida rang-barang giyohlar gilamdek to‘shalgan qabrni tavof qilayotgan to‘da-to‘da odamlarga ko‘zi tushadi. Ha, ha, bu qabr qabohat yillarida Navro‘z qo‘shig‘ini kuylayotganida jaholatparastlar qo‘lida shahid bo‘lgan Elnafas oqin mangu orom olib yotgan qutlug‘ go‘shadir. Endilikda tabarruk ziyoratgohga aylandi bu go‘sha. Har yili Navro‘z kunlari oqinni bilgan va sevgan el-yurt ahli bu qabr tuprog‘ini ko‘zlariga surtgani keladi. Oqinning do‘mbirasi torlaridan chiqayotgan ohanglarni takror-takror miriqib tinglagisi keladi. Afsonaga aylangan ovozalarga ko‘ra Elnafas oqin o‘lmagan ekan, bu dunyodan u dunyoga ko‘chib ketgan ekan...

Mana, hozir ham qabr uzra nogahonda sehrli sadolar yangradi. Do‘mbira ohanglariga monand so‘zlar eshitila boshladi:

Quloq ber, o, zamin, bu ne sadodir,

Balkim kuylayotgan arzu samodir,

Tanho Tangri bergan sirli navodir,

Balkim ajdodlardan yetgan nidodir!

Ha, ha, bu tanish ovoz-ku! Elga qadrdon va aziz bo‘lib qolgan ovoz-ku! O, o‘zimizning Elnafas oqin kuylamoqda-ku! Xuddi tirikday-a, o‘sha-o‘sha Elnafas! Balkim osmonda muallaq turgan huv anavi qush Elnafas oqin ruhidir! Rost-rost! Rivoyat qiladurlarkim, Elnafas oqin o‘lmas bo‘lib qoldi el qalbida. Endi uni “O‘lmas oqin” ham derlar, “Elnafas - O‘lmas” laqabining o‘zi qo‘shiq aning. Bu do‘mbira torlari kabi sehrli ohang berar. Mana, tinglang, ting­lang, sevimli Navro‘z boz elga qaytib kelganidan, tiklanganidan behad shoddir oqin, u tirikday kuylayotir, boz yurtdoshlariga qarab yangi qo‘shiqlar aytayotir:

“Baxtingiz zaminda!” deb, Haq So‘zin aytdi,

Ona tuproqqa yana ezgu an'ana qaytdi!

Saxovatli Navro‘zdek mangu ma'raka qaytdi,

Xonadonlarga takror fayzu baraka qaytdi!

Sehrli ovoz bir necha lahzaga tinadi. Go‘yo bu so‘zlar debochadek, bir oz sukutdan so‘ng ohangrabo qo‘shiq yangraydi:

Gardoni bukilmasmen, xazonday to‘kilmasmen,

Ildizlari qurigan giyoh kabi so‘lmasmen.

U dunyoi bu dunyo hech kimga qul bo‘lmasmen,

Nafas olib tururmen, hayotdan ko‘z yummasmen!

Ildizlarim o‘zingiz, quvvat berib turursiz,

Qaddi raso chinordek ko‘krak kerib turursiz.

Yulduzlarim o‘zingiz, shu'la sochib turursiz,

Ko‘zlarim ham o‘zingiz, cho‘g‘dek yonib turursiz!

Yod etarsiz har ko‘klam, dilimga bo‘lur malham,

Baxtiyorsiz yurt ozod, sayil o‘tadir xurram.

Kuchu qudratga to‘lib, yashangiz mangu bardam,

Elga qo‘ngan buyuk baxt abadiy bo‘lg‘ay hamdam!

Har bahor sayil chog‘i uyqudan uyg‘onurmen,

El ishqida o‘rtanib, mash'al kabi yonurmen,

Yuragim to‘lqinlanib, sevinib to‘lg‘onurmen,

Sizni shodiyon ko‘rib, tinchib orom olurmen!

 

Yo‘ldosh MUQIMOV