AN'NALAR - QADIM, UDUMLAR - BOQIY

YUNESKO tomonidan Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan (2009 yil) Navro‘z xalqimizning qadimiy bayrami. Bahorgi tengkunlik, ya'ni Quyosh Hamal burjiga kirgan Naro‘z ayyomida sumalak pishirish, ko‘k chuchvara, yalpiz somsa kabi milliy taomlar tayyorlash, otchopar, uloq, kurash singari halq o‘yinlari, sayillar o‘tkazish taomilga kirgan.

 Navro‘zning birinchi kuni qishloq bolalari to‘p-to‘p bo‘lib xonadonlar eshigi oldida Nav­ro‘zga bag‘ishlangan qo‘­shiqlar aytishgan. Xonadon egasi ularni sovg‘a-salom va yeguliklar bilan siylagan. Odatga ko‘ra, tushgan yeguliklarning bir qismi beva-bechoralarga ulashilgan. Bu udum hozir ham Samar­qand, Jizzax viloyatlarining ayrim qishloqlarida saqlangan. Navro‘z ulkan xalq shodiyonasi, jamoaviylik ruhi, birlik va ahillikning yorqin namo­yishi barobarida, mehnat bayrami hamdir. Chunonchi, bayram arafasida ekinzorlar, bog‘-rog‘lar, ariqlar dehqonchilik mavsumiga tayyorlangan, mahallalar ha­shar yo‘li bilan obod qilingan.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, Navro‘z umumxalq bayrami deb e'lon qilindi va dam olish kuniga aylandi. Endilikda bu qutlug‘ kunda yurt­doshlarimiz qadimiy an'ana va udumlarni bajarib, turli xalq sayllari va ko‘ngilochar tadbirlarda ishtirok etmoqdalar.

Navro‘z bayrami endilikda mamlakatimizdagi barcha millat va elat vakillari uchun ardoqli bayramga, uyg‘onish va nafosat shodiyonasiga aylanib, unda mujassam bo‘l­gan ahillik va totuvlik, mehr-saxovat, keksalarni e'zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish kabi ezgu amallar ayyomga o‘zgacha mazmun bag‘ishlamoqda. Navro‘zi ayyom shodiyonalarini qiziqarli o‘tkazish uchun joylardagi folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshi-shoirlar jalb etildi. Jumladan, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 71 ta madaniyat va aholi dam olish markazlari, 148 ta madaniyat va istirohat bog‘larida xalq sayllari tashkil etildi.

Navro‘z kunlarida xonanda va sozandalar, folklor jamoalari, oilaviy an­sambl­lar o‘z san'atlarini namoyish etishdilar, har tarafda Navro‘z bilan bog‘liq milliy kuy va ohanglar yangradi. Dorbozlar, qiziqchilar, qo‘g‘irchoqbozlar, masxarabozlar, askiyachilar, yakka o‘yinchilar va raqs guruhlarining chiqishlari bo‘ldi. Bayram kunlarida respublikamizda faoliyat ko‘r­sata­yotgan 33 ta dorbozlik jamoasi maydonga dor tikib, polvonlar ishtirokida tomosha ko‘rsatdilar.

Turli hududlarda Nav­ro‘z kunlarida “Gul sayli”, shamsiy yilning oxirgi chorshanbasida o‘tkaziladigan “Oxir chorshanba” udumi, shamsiy yil avvalida o‘tadigan “Qozon to‘ldi” udumi, ilk ko‘klamda dalaga birinchi marta qo‘sh chiqarib, don ekish odati - “Shox moylar” marosimi, yetti xil dukkakli ekindan tayyorlanadigan “Navro‘z go‘ja” pishirish, yetti xil ko‘katdan ko‘k somsa tayyorlash, arg‘imchoq uchish, sumalak va halim tayyorlash, varrak uchirish, qo‘chqor, xo‘roz, tuya urishtirish an'analari bor. Bu udum va an'analarning har biri o‘ziga xos ramziy ma'no kasb etgan bo‘lib, ular zamirida ajdodlarimizning ezgu tushunchalari yotadi. Bayram kunlarida Navro‘zni tarannum etuvchi asriy qo‘shiq-aytimlar va chol­g‘u kuylari baralla yangradi. 

Shodiyonalarda joylardagi badiiy jamoalar, bolalar musiqa maktab o‘quvchilari, taniqli xonanda, sozanda va askiyachilar xizmat ko‘rsatdilar. Bayram o‘tkaziladigan joyning kattaroq maydonchalarida, stadionlarda xalq o‘yinlarining ko‘rki hisoblangan “Yong‘oq o‘yini”, “Toy o‘yini”, “Oq terakmi, ko‘k terak”, “Xo‘roz urushtirish”, “Qo‘chqor urushtirish”, arqon tortish, kurash kabilar bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, musobaqalar o‘tkazildi. Madaniyat va istirohat bog‘larida xalq amaliy san'ati va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Sayil kunlarida Respublikamizdagi barcha madaniyat va istirohat bog‘larida nogiron, boquvchisini yo‘qotgan bolalarga va keksalarga bepul xizmat ko‘rsatildi.

 Abrorbek MELIBOYEV, Javlonbek JOVLIYEV,

Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma'rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi mutaxassislari

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.