SAN'AT TILIDA SO‘ZLASHAMIZ

HAQIQIY SAN'AT MILLAT TANLAMAYDI...  

...Haq rost, o‘zga tilda ijro etilayotgan qo‘shiqning so‘zlari mag‘zini tushunmay turib ham undan zavq olish mumkin. Italiyan tilidagi mashhur operalar yoki jahon klassiklari - Adriano Chelentano, Toto Kutuno, “ABBA”, “Modern Toking”, Maykl Jekson, Sting qo‘shiqlarini dunyo xalqlari sevib ting­laydi. Ha, san'at xalqlarni birlashtiradigan kuchga ega. Shunga monand san'at tilida so‘zlashamiz, degan ibora qo‘llanadi. Yurtimizda turli davlatlar madaniyati va san'ati kunlarining o‘tkazilib kelinayotgani xal­qimizga ana shunday imkoniyat tuhfa etadi.

Latviya elchixonasi madaniy rejasiga asosan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi bilan hamkorlikdagi loyiha doirasida tadbirlar boshlandi. Unda har oyda bittadan (martdan iyungacha) konsert dasturi mo‘ljallangan bo‘lib, san'at ustalari - Latviya ovozlari” xor jamoasi, mashhur klavisin ijrochisi Ayma Keymeyma, jaz musiqasi festivali va ko‘rgazmalar o‘rin olgan. Mahorat darslari va qo‘shma konsert dasturlari namoyishi ham ko‘zda tutilmoqda. Ushbu hamkorlik bahonasida O‘zbekiston davlat konservatoriyasining bugungi imkoniyat va yutuqlari xususida so‘z yuritishni lozim topdik.

O‘RTA OSIYODA YAGONA

Mazkur dargoh umumbashariyat musiqa san'atining barcha yo‘nalishlaridan saboq beruvchi O‘rta Osiyoda yagona ta'lim maskanidir. Bu yerda to‘rtta fakultet, 18 ta kafedra, bakalavriat, magistratura, malaka oshirish kurslari faoliyat yuritib kelyapti. Oliy o‘quv yurti hamda uning huzuridagi iqtidorli bolalar akademik litseyida 1600 nafar o‘quvchi va talaba tahsil olmoqda. Xususan, fortepiano, skripka, akademik xonandalik, maqom, xalq cholg‘uchilari ijrochiligi maktablari jahonga ko‘z-ko‘z qiladigan darajada shakllangan va bu borada katta yutuqlar qo‘lga kiritilgan.

- 80-yillarda yiliga bir-ikki, ko‘pi bilan uch nafar talaba xalqaro tanlovlarda ishtirok etgan bo‘lsa, 1994 yildan boshlab imkoniyatlar kengaya bordi, - deydi konservatoriya musiqiy sharqshunoslik kafedrasi mudiri, professor Soyibjon Begmatov. - Uch-to‘rt yil orasida qirq-ellik nafar iqtidorli yoshlarimiz nufuzli xalq­aro tanlovlarda qatnashib, g‘oliblar safidan o‘rin olib kela boshladi. Ayni payt­da bu ko‘rsatkich yanada oshib boryapti. Bugun 180 nafar xalqaro, 104 nafar respublika tanlovlari laureatlari bilan faxr­lanamiz. Bizni xursand qiladigan tomoni farzandlarimiz zukko. Qaysi xalq cholg‘usini qo‘liga olmasin qoyil qilib chala oladi. Ayniqsa, Uspenskiy, Gliyer nomidagi maktab va litseylarda tahsil olib, ushbu oliy ta'lim dargohiga kelayotgan yoshlarning intellektual salohiyati yuqori. Butun dunyoda bas, tener san'ati juda qadrlanadi. Tener ovozga ega iqtidor egasi o‘zini san'at olamining shohidek his etadi. “Figaroning uylanishi”, “Karmen”, “Yevgeniy Onegin” operalarini yevropalik san'atkorlardan qolishmaydigan darajada ijro eta oladigan yoshlar bor. Mana, bugungi talabalarimizdan Jenisbek Piyazov va Barno Ismatullayeva yosh bo‘lishiga qaramay, jahon operachilari orasida katta shuhrat qozondi.

Har oyda katta zalimizda o‘tkaziladigan “Nazm va navo” badiiy va musiqiy kechasi professor-o‘qituvchilarimizning ishini oyna misol ko‘rsatib turadi. O‘zimizning sahnada qo‘shiqni maromiga yetkazib ijro eta olgan iqtidor egasigina ertaga xalqning imtihonidan o‘tishi mumkin. Bunday kechalar katta saboq maktabi sifatida yoshlarga ana shu sinov uchun zamin yaratadi. Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tishim kerak, musiqa san'ati hamma ­xal­q­larda bor, ammo maqomot san'ati faqat sharq xalqlaridagina mavjud. Hind­larning “Raga”si, Iroqning “Maqom”i, Eronning “Dastgoh”i bilan bir qatorda o‘zimizning maqomlarimiz ham haqiqiy san'at sifatida katta nufuzga ega. Aslida, o‘zbek maqomini ijro etishning o‘zi katta mahorat. Hind “Raga”sini ijro etish uchun esa ikki hissa mahorat kerak. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Turdiyeva Ozarboyjonda bo‘lib o‘tgan festivalda ozar tilida “Mug‘om”ni ularning o‘zlaridan o‘tkazib ijro etib, Gran-prini qo‘lga kiritib keldi. San'at - bu nafosat gulshani. Uni targ‘ib qilish bo‘yicha hali ko‘p ishlarni amalga oshirish kerak. Taassufki, hozir estrada xonandasiman, deb chiqayotganlarning hammasi ham bu maqomga loyiq emas.

Estrada yo‘nalishini O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi Dilorom Omonullayeva boshqaradi. Uning tashabbusi bilan har yili to‘rt turdagi tanlov o‘tkaziladi, - deya so‘zini davom ettiradi suhbatdoshim. - Birinchi turda bugungi xitlardan biri, ikkinchisida Yevropa xitlaridan, uchinchisi vokaliz (ovozga sayqal berish) bo‘yicha, to‘rtinchisida haqiqiy milliy retro estradadan ijro etilgan qo‘shiqlar sinovdan o‘tadi. Shularga asoslanib aytishim mumkin, bizning talabalarda, avvalo, ovoz, iqtidor yetarli. Agar qaysi birini yengil-yelpi qo‘shiq kuylaganini bilib qolsak, dar­hol tartibga chaqirib qo‘yamiz...

Suhbatimiz davomida uch nafar talaba kirib keldi. Domla ularni tanishtirdi:

- Mana, fortepiano yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarimizdan - Dilafro‘z Ashurova, Fotima Axmadova, Behzod Ne'matov. Ular Ispaniya, AQSH, Italiya, Litva, Isroil, Belorussiya, Ukrainada bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlov va festivallarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni olib qaytishgan. Chaykovskiy, Shopen, Motsart kuylarini maromiga yetkazib chalishadi.

Keyinroq yana bir talaba Gulasal Abdullayeva kirib keldi. Shirali ovoz sohibi bo‘lmish bu qiz ayni paytda est­rada yo‘nalishi 1-kursida tahsil olayotgan ekan.

- Bolaligimdan qo‘shiq hamrohim bo‘lgan, - deydi u. - Ustoz san'atkorlar, xususan Halima Nosirova, Berta Davidova, Dilnura Qodirjonovalar qo‘shiq­larini miriqib tinglayman va kuylayman. “Yurt kelajagi”, “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “Vatan yagonadir, vatan bittadir” va bosh­qa bir qator tanlovlarda ishtirok etib kelyapman. 2013 yilda “Nihol” davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim va ushbu dargohga imtiyozli ravishda qabul qilindim. Menga berilgan bu imkoniyatlardan foydalanib, ustozlarim ishonchini oqlashga harakat qilaman.

  MUTAXASSISNI “DONALAB” TAYYORLASHIMIZ KERAK...

Darvoqye, ustozlar sabog‘ini puxta o‘zlashtirish, xalqning ol­qishiga, hurmat-e'tiboriga loyiq bo‘lish jo‘ngina yumush emas. Bunday nom-nufuz sohaning ming chig‘irig‘idan o‘tkach, nasib etadi. O‘zbekiston xalq hofizi, konservatoriya professori Mahmudjon Tojiboyevning ham bu borada  fikr-mulohazalari bor:

- San'at yo‘lini tanlagan inson, avvalo, maqomlarni bilishi, xalqimizni shundan bahramand qila olishi kerak. Chunki maqom xalqning ona san'ati, shuning uchun qalblarga tez singadi. To‘g‘ri, dunyoni bilish uchun takomillashgan san'at ham kerak. Lekin oddiy inson uchun ellikta operadan ko‘ra, Ma'murjon Uzoqovning ashulalari ko‘proq ma'qul bo‘ladi-da. Qadriyatlarimiz, san'atimiz mavqyeini tiklash uchun ne-ne qurbonlar berildi. Ularni asrab-avaylab, rivojlantirib kelajak avlodga yetkazish kerak. Konservatoriya yo‘nalishida iqtidorli yoshlar bilan individual, yakka holda mashg‘ulot olib borishimiz lozim. Yaponiyaga borasizmi, yo London, Parij - qayerga bormang, tartib shunday. Eng ilg‘or ta'limiy uslublarni o‘zimizga tatbiq etib, mutaxassislik soatlarini ko‘paytirsak, foydadan xoli bo‘lmaydi. Bosh­qacha aytganda, mutaxassisni “pachkalab” emas, “donalab” tayyorlashimiz kerak. Shunda san'atimizning fido­yilari yetishib chiqadi. Bugungidek, ovozi boriyam, yo‘g‘iyam sahnaga qarab yo‘rg‘alamaydi. To‘g‘ri yo‘lni tanlagan yoshlar ham ko‘p, albatta.  Qisqasi, biz biqiq, yopiq holatda ijod qilgan bo‘lsak, bugungi avlod bolaligidanoq zamonaviy musiqa maktablarida tahsil olib, yetti iqlimni ko‘rib kelyapti, qanday yaxshi. Bularning qadriga yetish ham bir hikmat...

 YUTUQLAR PILLAPOYASI

Konservatoriyada musiqiy merosni o‘rganish, yuzasidan izlanishlar olib borilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili talaba Nilufar Hasanova Kashmir maqomlari mavzusida magistrlik dissertatsiyasini yoqlab, uning negizida XVIII asrda yaratilgan risolani tarjima qilgan. Laylo Jo‘rayeva esa “Navoiy asarlarida mug‘anniynoma” mavzusida magistrlik dissertatsiyasini yozib, risola chop ettirdi.

Ma'lumki, 2008-2014 yillarda bolalar musiqa va san'at maktablarini qayta qurish, takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan Yurtboshimizning qarorida o‘quv qo‘llanmalari yaratish haqida ham ko‘rsatmalar bor. Shunga muvofiq oliy ta'lim maskani professor-o‘qituvchilari fortepiano, torli, damli, an'anaviy, est­rada, akademik xonandalik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar yaratib, nashr ettirishdi. Ayni paytda ushbu qo‘llanmalar o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan.

Yutuqlar borasida ro‘yxatni hali davom ettirish mumkin. Oliy dargoh ustoz va talabalari muvaffaqiyatlar pillapoyasidan yuqorilab boraversin. Zero, milliy musiqa san'atimiz kelajagi ana shu pillapoyaga bog‘liq...

    

 Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri