ENG KO‘P AYTILADIGAN KALOM

Unda bashariyatning ezgu niyati, osmonimiz musaffoligi, ona-zaminimiz xavfsizligi mujassamdir

1.

Yarim tunda “piq-piq” yig‘i ovozidan uyg‘onib ketdim. Qarasam, onam xona peshkasidagi sandiq yonida kerosin chiroq yog‘dusida nimanidir o‘qiyotib ko‘z yoshi qilardilar. Bu holatning sababini fahmlayolmay, hayron edim. Ko‘rpadan sirg‘alib chiqdim-da achingan, rahmim kelgan ko‘yi yonlariga bordim.

- Turdingmi, o‘g‘lim? - dedilar onam mehr bilan menga yuzlanib. So‘ng izoh berdilar. - Akaginam tushimga kiribdilar. Xuddi o‘ngimda ko‘rganday bo‘ldim. Kulimsirab qarab turib, hol-ahvol so‘radilar.

- O‘zlari qayerda? - deb so‘radim akalari borligidan bexabarligim bois.

- Urushga ketgandilar.

- Qaytib kelmadilarmi?

“Urushda o‘lganlar” yoki “halok bo‘lganlar”, deyishga onamning tillari bormadi shekilli, xo‘rsinish asnosida "yo‘q" ma'nosida og‘ir bosh chayqadilar.

So‘ngra qo‘llaridagi varaqni uchburchak ko‘rinishda bukladilar va ro‘molchaga qo‘yib, o‘rashga tutindilar.

- Bu nima, ona? - deb so‘radim tabiiy qiziqish bilan.

- Akaginamdan kelgan xat. Bechora akam. Jasadlari begona yurtlarda qolib ketgan bo‘lsayam ruhlari shu yerda, bizlardan boxabar-da...

 Ro‘molchada har xil medallar ham bor edi.

Men-to‘rt-besh yoshlardagi bolakay ilk bor o‘shanda "urush" degan sovuq tushuncha borligini, uning musibat ekanligini onamning og‘ir xo‘rsinishlarida, yoshlangan ko‘zlari, mungli boqishlarida ilg‘aganman.

Ertasiga onam "Ilohim, tushim yaxshilikka bo‘lsin", deya bo‘g‘irsoq pishirdilar va men uni qo‘ni-qo‘shnilarga ham ulashib chiqdim.

2.

 

Otam Xolmurod Ismoilov pedagogik faoliyatlari boshlangan yillarda Toshrabotda yagona bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi maktabda (o‘sha paytda "TO‘M" - to‘liqsiz o‘rta maktab, deb atalgan) ona tili va adabiyoti fanidan dars berganlar. Bir oqshom kerosin chiroq yorug‘ida o‘quvchilarning diktantlarini tekshirib o‘tirganlarida bilaklaridagi chandiqqa ko‘zim tushdi.

- Qo‘lingizga nima bo‘lgan, ota? - deb so‘radim bolalarcha qiziqish bilan.

Otam hayron bo‘lib menga qaradilar. Gap nimadaligini bilgach:

- Ha, bumi? - dedilar o‘ychan ohangda. - O‘q tekkan.

- Qayerda? - tikildim rahmim kelib.

- Urushda, - dedilar otam.

Otamning urushda qatnashganlaridan bexabar edim. Shu bois:

- Urushga borganmisiz? - deb so‘radim.

- Ha, - bosh irg‘adilar otam.

- Kim bilan urushgansiz?

- Fashistlar bilan.

- O‘shalar otganmi?

Otam ma'qullab bosh irg‘adilar.

- Men katta bo‘lsam fashistlarni otaman, - beixtiyor tilimga shu kalom keldi.

- Qo‘y, o‘g‘lim. Urushni biz ko‘rdik. Sen aslo ko‘rma. Urushni hech kim ko‘rmasin, - otam erkalagan ko‘yi boshimni siladilar. - Urush juda yomon!

Bu urush nimaligini ikkinchi bor ko‘rishim edi.

Ulg‘ayganimdan so‘ng otamning harbiy xizmat muddatini o‘tab zaxiraga qaytishlari arafasida urush boshlanganini, shu tariqa frontda jangu jadal kechganlarini, dushman o‘qidan uch marta yaralanganlarini, yetti yildan so‘nggina ona qishloqlariga qaytganlarini bilganman.

 

3.

Buvim kenja farzandlari - Muxtor tog‘am bilan turardilar. Hali maktabda o‘qimaydigan paytlarimda nihoyatda mehribonliklari, neki yegulik bo‘lsa bizga ilinishlari bois buvimnikiga borib, uch-to‘rt kun qolib ketar, xolavachchalarim Shohida, Normurod (bir hovli berida Maxfirat xolam yashardilar), qo‘ni-qo‘shni tengdosh bolalar bilan rosa o‘ynardik. Buvim o‘tiradigan loysuvoq xona bo‘ychanroq odam qo‘l cho‘zsa shiftiga yetgudek, bir burchakda ustida ko‘rpa-to‘shaklar raxlangan sandiq bor edi. Devorda qog‘ozga yelimlangan Muxtor tog‘amning sarg‘aygan surati, bir oz yuqoriroqda cheti jinday kemtik non ilingan edi.

Bir kuni ichkaridan buvimning ovozlari eshitildi. Kirsam, xonada bir o‘zlari. Ko‘z yoshlarini kaftlari bilan sidirib, menga qaradilar.

- Kim bilan gaplashyapsiz? - so‘radim hayron qolganimdan.

- Rustamjonim bilan-da, - dedilar chuqur tin olib.

- O‘zlari yo‘q-ku?

- Ana, bolam!

Buvimning nigohlari qadalgan tomonga yuzlanib, devordagi suratga ko‘zim tushdi. Shunda men suratdagi Muxtor tog‘am deb o‘ylab yanglishganimni angladim. Suratda ayni balog‘at yoshida frontga ketgan Rus­tam tog‘am ekan. Aka-ukalarning qiyofasi chindan-da juda o‘xshash edi.

- Hyech kim ona bo‘lib tug‘ilmasin, bolaginam, - dedilar buvim va bag‘irlariga bosib peshonamdan o‘pdilar. - Nima qilay, sog‘insam rasmiga qarab gapiraman. Xuddi Rustamginam eshitib turganday bo‘ladi. Yuragimning tafti bir oz bosiladi.

- Non nima uchun osib qo‘yilgan? - dedim qiziqishim ustunlik qilib.

- Rustamginam urushga ketayotganida bir tishlam yegan non bu, - izoh berdilar buvim.

- Olib ketmaganlarmi?

- Yo‘q. Ota-bobolarimizdan qolgan udum-da, bolam. Uzoq safarga, armiyaga ketayotgan farzandlariga nasibasi tortib qaytib kelsin, deb non tishlatib olib qo‘yadilar.

Yana nimadir dedim va o‘shanda buvimning qorday oppoq sochlari, farzand sog‘inchi, judolik qayg‘usi zil cho‘kkan, g‘amgin boqishlariga, yosh qalqigan ko‘zlariga qarab urush nimaligini uchinchi bor ilg‘adim.

 

4.

Oilamizdagi bolalarning kattasi Nina opam malla sochli, ko‘zlari ko‘m-ko‘k edi. U ro‘zg‘or yumushlarida onamga qarashar, kezi kelganda Bahodir akam va meni yupatib, o‘ynatardi. Velosipedga mindirib aylantirardi. Menga uning ismi g‘alatiroq tuyulgani bois bir kuni onamdan:

- Nega opamning otini Nina qo‘ygansizlar? - deb so‘radim.

- Ota-onasi shunday ot qo‘ygan-da, o‘g‘lim. - dedilar onam.

Bu javobdan hayron qoldim.

- Onasi siz-ku, - dedim beixtiyor.

- Nina rus qizi, Rossiyadan. Urush bo‘layotgan joylardan ko‘p bolalarni shu yoqqa ko‘chirib kelganlar. Ke­yin biz Nina opangni qiz qilib olganmiz.

Bilishimcha, otam harbiy xizmatdan qaytib, uylanganlaridan so‘ng onam bilan bamaslahat uni bolalar uyidan olib kelgan ekanlar. Shu tariqa bu rus qizi oilaning to‘ng‘ich farzandiga aylangan ekan.

Negadir u ba'zan ma'yus tortib qolar, ba'zan xoliroqqa chiqib uzoq-uzoq xayolga cho‘mib o‘tirar, garchi hech kim ranjitmasa-da gohi-gohida pinhona yig‘laganini ham qizargan ko‘zlaridan payqardim. O‘shanda urush taqdirini, hayotini tamomila kutilmagan, bosh­qa o‘zanga burib yuborgan va tasodif tufayli omon qolgan rus qizi bomba portlashi natijasida jasadlari tuproqqa belangan ota-onasini eslab iztirob chekishini, kemtik ko‘ngli tug‘ilib-o‘sgan go‘shasini qo‘msashini, tasavvurida muhrlanib qolgan qadrdon maskanga talpinishini, balkim u yoqlarda ko‘rgani-vayronalar ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lib, qo‘rquv ta'qib etishini  hatto xayolimga ham keltirmasdim. Urush boshlangan yili viloyatimiz hududiga 14 ta bolalar uyi ko‘chirib keltirilganini, Nina opam singari 150 ming nafardan ortiq turli millatga mansub o‘g‘il-qiz Buxoro bag‘ridan panoh topganidan bexabar edim.

Bugun esa Nina opam haqida o‘ylaganimda fashizm tufayli ota-onasidan, yaqinlaridan uzoqlashgan yoki butunlay judo bo‘lgan, umrlarining eng beg‘ubor paytida qalblari kattalardan-da battar jarohatlangan millionlab bolalar tasavvurimda namoyon bo‘ladi.

Nina opam o‘z xohishiga ko‘ra Buxorodagi maktabgacha tarbiya pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kiradi. U yerda o‘zi singari evakuatsiya qilingan rus yigitiga ko‘ngil beradi. Ota-onam uning ra'yiga qarshi bormaydilar. Ikkalovi oila qurgach, Frunze shahrida yashaydilar. Keyin ham ikki bor kelib ketganlari yodimda. Xat yozishib turardik. Yillar tumani sekin-asta bizlarni uzoqlashtirib yubordi.

 

5.

Maktabga borib harflarni tanib, jinday savodim chiqqach, tabiiy qiziqishim tobora kuchlilik qildi. Onam sandiqda saqlayotgan tugunchadagi uch buklog‘li varaqdagi bitikni o‘qishni, medallar nimaligini bilishni istardim. Xoli fursat topib undagi "Za vzyatiye Venы", "Za vzyatiye Budapeshta", "Za pobedu nad Germaniyey  * V Velikoy otechestvennoy voyne 1941-1945 g.g", "Gvardiya", "Otlichnыy pulemyotchik" singari yozuvli bir nechta jangovar medal va ko‘krak nishonlarini qo‘limga olib ko‘rdim. O‘zim sho‘ro davrida Rossiyaning Saratov va Novorossiysk shaharlarida harbiy xizmatdalik paytim yaqinlarimizdan maktub borganidan so‘nggina onamning ahyon-ahyonda tog‘am frontda dala pochtasidan jo‘natgan xatni olib o‘qishlari, bitiklarga termulishlarida shahid jon-jigarlarining nafasini tuyishlari, siymosini ko‘rgan kabi ko‘ngillari tasalli topganday bo‘lishini dil-dildan his etdim.

"Uzoq yo‘l, yaqin ko‘ngil, ul go‘zal Toshrabot qishlog‘ida yurgan, meni intizorlik bilan kutayotgan, mehribon ukajonimga! Men Moskva ostonasida fashistlarga qiron keltirayotgan, sizlar bilan diydor ko‘rishishni kun, soat sanab kutayotgan akang Rustamdan, - Onam muqaddas bilib saqlayotgan tabarruk maktub ana shunday izhor bilan boshlangan edi. - Qismimiz frontga kirgan joy sovuq, hamma yoq qalin qor. Okoplarda jon saqlaymiz. Sizlarning mehringiz taftini his qilib isinaman, sog‘-salomat qaytishimni kutayotganlaringiz, sog‘inchlaringiz, onajonimning duolari menga kuch bag‘ishlaydi...

Toshrabotga bahor kelgandir. Yodingdami, bahorda hovlimiz orqasidagi bog‘da ishlardik. Aka-singillar chaylada o‘tirganlarimiz, rosa suhbat qurganlarimizni eslayman, shirasi asalday uzumlarning ta'mini totganday bo‘laman. Yurtimni, uyimizni, sizlarni, hatto bog‘imizga boradigan yo‘lak,  dov-daraxtlargacha har daqiqa, har nafas sog‘inaman. Men o‘tqazgan bir juft olmurut ham barg yozib qolgandir. U ertapishar navidan edi. O‘zing suv berib, parvarishiga qarasang, shu yil nishona hosil berishi kerak. Birinchi mevasini onamga bergin. Nasib bo‘lsa, g‘alaba bilan qaytsam, niyatlarim juda ko‘p...

Onamga qarash, ko‘ngillarini ko‘tar, meni o‘ylab zerikmasinlar. Ukalarim Muxtorjon va Maxfiratjonlarni o‘pib qo‘y...

Sizlarni qattiq sog‘inib Rustam akang..."

Maktubni o‘qigach, buvimnikiga borganimda ko‘rganim - xolavachcha va tog‘avachchalar tanalariga chiqib olib mevalarini yeganlarimiz, ko‘ylaklarimiz ichiga solib tushganlarimiz, serhosil, ertapishar bir juft olmurut daraxtini frontda qurbon bo‘lgan Rustam tog‘am o‘tqazganini bildim. Keyinchalik paxta yakkahokimligi jamiki bog‘u rog‘larni yuhoday yuta boshlagach, yashnab turgan, shahid ketgan tog‘amdan yodgor bir juft olmurut daraxti ham, eslaganda  uzumining husni ko‘zni yashnatib, ta'mi hali-hanuz og‘izni suv ochtiradigan bog‘ ham qo‘porib tashlandi.

 

6.

Ulg‘ayganim sari urushning nimaligini, o‘zim tug‘ilib-o‘sgan Qiziltepa tumanidagi Toshrabot qishlog‘ilik Amon bobo Ergashev, Orif bobo Sharopov, Amon bobo Dushamov, Shukur bobo Hamidov, Ostona bobo Ma'mirov, "Buxoro haqiqati" ("Buxoronoma") gazetasi tahririyatidagi faoliyatimning dastlabki yillarida bir xonada o‘tirib ishlaganim-to‘g‘riso‘z, hassos jurnalist Abdulla Mo‘minov va boshqa ko‘plab sobiq frontchilarning jang-jadallar haqidagi xotiralarini ting­lash asnosida tobora teranroq anglab, sirt­da yaqqol ko‘zga tashlanadigan tan jarohatlarida, o‘rtancha amakim Boymurod Ismoilovning dushman o‘qidan yaralanib, xuddi kostyumining yengi kabi osilib qolgan, chandiq qo‘lida ko‘rganman. Onamdan urush yillarida yurtimizda hukm surgan ocharchilik, muhtojlik, yo‘qchilik tufayli kunjara yegan qaysidir hamqishlog‘imizning qorni shishib o‘lganini, qaysidir jo‘jabirday ayol nochorlikdan turli o‘simliklar ildizlarini tuyib qozon qaynatganini, onda-sonda zog‘ora noni ko‘zlarga to‘tiyo bilib yeyilganini, odamlar shu tariqa bir amallab jon saqlab omon-omon kunlarga yetganlarini, qo‘shni qishloqlik Eshmurod boboga bir kampir nochorlikdan yarim qop bug‘doy evaziga balog‘atga yetgan qizini ikkinchi xotinlikka berganini eshitganman. Qishloq xo‘jaligida faqatgina qo‘l mehnatiga tayanilganini, erkaklar olis frontda jon olib, jon berayotgan tala-to‘p yillarda ekin-tikin ishlari xotin-qizlar, bolalar, qari-qartanglar zimmasida qolganini, hatto ayollar emizikli go‘daklarini egat boshiga qo‘yib ertadan kechgacha daladan beri kelmaganini bilganman.

Urush mavzui qalamga olingan juda ko‘plab badiiy asarlarni, memuarlarni, tarixiy va xotira kitoblarini ham o‘qidim. Doston va she'rlar taassurotida yurgan, ayrimlarini yod olgan, badiiy va hujjatli filmlarni ko‘rganda yuragim larzaga kelgan paytlar ko‘p bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushi manzaralari, beayov qirg‘inlar, yer bilan yakson qilingan shahar va qishloqlar, behisob qurbonlar, front ichkarisidagi ayanch­li hayotni yanada mufassalroq tasavvur etdim. Shu tariqa Inson olijanoblik, sabru bardosh, matonat, mehru shafqat, saxovat borasida naqadar yuksak, e'tiqodida naqadar qoim bo‘lsa, vahshiylik, qahr-g‘azab, berahmlik, munofiqlik, ikkiyuzlamachilik, vayronkorlik, xiyonat, hatto sotqinlik bobida ham shunchalik tubanligini tobora teranroq angladim.

 

7.

Kasbim taqozosiga ko‘ra qonli urushdan yaralanib qaytgan sobiq frontchilar, jangu jadalda qurbon bo‘lgan jufti haloliga sadoqatli ayollar, o‘sha davrda mehnat mashaqqatlarini boshidan kechirgan kishilar bilan uchrashib, suhbatlashganman. Gazeta-jurnallarda olgan taassurotlarim haqida ko‘plab chiqishlar qilganman. "Sadoqat", "Bitmas jarohatlar", "40 yildan so‘ng", "Mutagir keladi", "Zokir boboning zabardast qo‘llari" singari ocherk va maqolalarim shular jumlasidandir.

"Bitmas jarohatlar" - yetimlikda o‘sgan, 1942 yilda, ayni balog‘at yoshida urushga ketib, jang maydonida emaklab borayotib mina portlashi tufayli yaralangan Yodgor Hidoyev haqida edi. U dala gospitalida o‘ziga kelganida ikki ko‘zi ko‘rmas, ikki qo‘li yo‘q edi. To‘rt muchasi sog‘, bilaklari kuchga to‘lgan erini Hamro opa ana shunday aftoda, nochor-nogiron holda kutib oladi. Shu tariqa 42 yildan beri yorug‘ olamni ko‘rmay yashayotgan eri bilan ro‘zg‘or tutadi, libosining qo‘lsiz, bo‘m-bo‘sh yengidan tutib kiritib-chiqaradi. Xuddi go‘dak singari og‘ziga yegulik-ichgulik tutadi.

Men 1986 yilda u haqda yozish uchun Shofirkon avtobus bosh bekatidan bir oz quyiroqda,  tuman markaziga eltadigan katta yo‘lning chap tomonidagi xonadonga borganimda ayni yoz edi. Yodgor bobo darvoza yonidagi devorga baqamti pastak kursichada yuziga doka yopilgan holda o‘tirgan ekan. Ochig‘i, boboning yuzidan dokani olganlarida jarohatlangan qiyofa, qo‘llarsiz tanani ko‘rib boshimdan xuddi muzdek suv quyilgan kabi vujudim jimirlab ketgan. Ruhiy holatimni sezdirmay suhbatlashganman. Urushning nima ekanligi, nechog‘li mud­hish kulfatlar keltirishi xususida soatlab gapirish, tom-tom kitoblar bitish shart emas, buni dil-dildan anglash uchun Yodgor boboning ana shu holatini bir nazar ko‘rishning o‘zi kifoya, degan fikr­ga borganman.

Vobkent tumani, "Pirmast" MFY, Bozorjoyi qishlog‘idagi Zokir bobo Muqbilov ham xuddi shunday jangda yaralanib, dala gospitalida 6 kun hushsiz yotadi. Zambarak o‘qidan oyoqlari yaralangan, o‘ng qo‘lidan ayrilgan askar yigit frontdan qaytgach, Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi BuxDU)ga kirib o‘qiydi, oliy ma'lumot olgach, 44 yil maktabda o‘qituvchilik qiladi.

"Mening nazarimda Zokir boboning qo‘llari butun, - deya 1996 yil sobiq frontchi bilan bo‘lgan uchrashuvim tafsilotini bayon etgandim. - Uning o‘ng qo‘li to‘qqiz farzandining onasi, yaxshi-yomon kunlarida hamdam, hamnafas umr yo‘ldoshi Marziya bibi, turli jabhalarda halol mehnat qilib, el tashvishiga kamarbasta yashayotgan farzandlari..., kelin-kuyovlari, nevaralari... Qolaversa, Zokir bobodan ilk bora hijjalab o‘qish, yozishni o‘rgangan, ilm olgan, hayotda o‘z o‘rnini, o‘z yo‘llarini topib ketgan o‘nlab, yuzlab katta-kichik bozorjoyiliklar uning qo‘llari. Nazarimda bu qo‘llar shu qadar mustahkam, shu qadar qudratliki, u Zokir bobo Muqbilovning niyatlariga ro‘shnolik, umriga ma'no-mazmun, ulug‘vorlik va boqiylik bag‘ishlab turadi".

Toshrabotning nuroniy, hurmatli qariyalaridan Hoshim hoji Raupovdan eshitganim bo‘yicha 1991 yilda o‘sha hududdagi Qalaymirishkor qishlog‘ida yashayotgan 72 yoshli Tojibibi aya  bilan uchrashganman. Turmush qurganiga atigi uch oy bo‘lgan Tojibibi eri Mutagirni armiyaga kuzatadi. U qaytib kelmasa-da Tojibibi kutadi, kutaveradi. Oyday to‘lin yuzlariga ajin inadi, sochlariga oq oralaydi. Yillar o‘tib keksayadi. Lekin ayolning umidi so‘nmaydi. Umr bo‘yi ilhaq, intizor bo‘lib yo‘lga qaraydi. Hatto u bilan birga xizmat qilgan hamqishlog‘i Xudoyqul Otaqulov Stalingrad ostonalarida tengsiz jang, jang emas naq qiyomat-qoyim bo‘lganini, mingtadan bitta askar omon qolganini, uning o‘zini tuproqqa qorishib yotgan alpozda o‘liklar orasidan olib chiqqanlarini, shundan keyin Mutagirni qaytib ko‘rmaganini aytganida ham Tojibibi ayaning umidi uzilmaydi. Axir frontda halok bo‘lganligini birov o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan, loaqal bir enlik "qora xat" yoki dom-daraksiz yo‘qolganligi to‘g‘risida xabar kelmagan bo‘lsa, qanday ishonsin! Jiyani Sayfulla Saidov, kelini Mukarram Tojibibi ayani o‘z uylariga ko‘chirib keladi. Aya ularning 10 farzandini katta qiladi. Lekin imtiyoz so‘rab biror yerga bormaydi, hatto boquvchisini yo‘qotganlik uchun nafaqa olishni ham rad etadi.

Suhbatlashish asnosida Tojibibi aya qalbidagi bitmas-tuganmas sabr-toqatga tan berganman, nigohlarida umid ko‘rganman: "Mutagir tirik. Mutagir keladi!" Ko‘nglimdan "Koshkiydi, shu mushtipar kampirning butun umr bo‘yi tog‘dan-da yuksak bardosh bilan yo‘liga ko‘z tikkani, kutgani kelsaydi", degan nido epkinlangan.

YUqoridagi va shularga o‘xshash taqdirlar bilan yaqindan tanishish, taassurotlarimni qalamga olish asnosida urushning jirkanch, qonli manzaralari butun dahshati bilan qalbimni larzaga solgan. Urush kulfatlari, yuraklarda qoldirgan bitmas jarohatlarini aks ettirgan, tinchlikning bebaho ne'mat ekanligi, uni qadrlashga, ajdodlar jasoratiga munosib bo‘lishga har birimiz mas'ul ekanligimiz da'vat qilingan ko‘plab she'rlar, otam xotirasiga bag‘ishlab "Qarz" nomli doston ham bitganman.

 

8.

O‘qiganlaringizning barchasi yaqinlarimiz, oilamizda yuz bergan 1941-1945 yillardagi urush va mehnat frontiga daxldor voqyealar, o‘zimning ko‘rgan-bilganlarim, xotiramda muhrlangan kechinmalar. Tafsilotlarda zarracha mubolag‘a yo‘q. Birgina bizning xonadonimizda fashizm ana shunday asorat qoldirgan. O‘sha mash'um yillarda urush tufayli azob-uqubat tort­magan, biror yaqin kishisidan judo bo‘lmagan, boshiga musibat tushmagan xonadon bormikin, o‘zi?! Mehnat frontidagi beadoq mashaqqatlar, jabr-sitamlardan iztirob chekmagan biror banda qolganmikin? Muhtojlik, chorasizlik jonidan o‘tib yoshlanmagan birorta diyda topilarmikin?!

Tadqiqotlar, tarixiy manbalarning tasdiqlashicha, Ikkinchi jahon urushi sayyoramizning 88 foiz aholisi yashovchi 60 dan ziyod mamlakatning 1 milliard 700 ming kishisi boshiga kulfat keltirgan. 110 million aholini o‘z girdobiga tortgan. 55 million askar va tinch aholi nobud bo‘lgan. 28 million kishi nogiron bo‘lib qolgan. 21 milliondan ortiq turar joy va boshqa inshootlar vayronaga aylangan. CHo‘ktirilgan kemalarda jasadlari ummonda g‘arq bo‘lgan va dom-daraksiz ketgan dengizchilarning son-sanog‘i hanuzgacha aniq emas.

2006 yil 9 may kuni poytaxtdagi Xotira maydonida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘yilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir haqida O‘zA tomonidan OAV uchun tarqatilgan materialdan quyidagi iqtibosni keltiraman: "Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan g‘alabani ta'minlashda ko‘plab xalqlar qatori O‘zbekiston xalqi ham juda katta hissa qo‘shgan. O‘sha paytda yurtimizda qariyb 3,5 million aholi istiqomat qilgan bo‘lsa, ulardan taxminan 1,5 million nafari urushga safarbar etilgan. O‘z Vatanining erkinligi va ozodligi uchun, bugun biz kechirayotgan osuda hayot uchun 400 ming nafardan ziyod vatandoshimiz urush maydonlarida qurbon bo‘lgan, yana qanchadan-qancha kishilarimiz bedarak ketgan". Shu o‘rinda Buxoro o‘zining qariyb 75 ming nafar farzandini frontga kuzatgani, jumladan, 30 ming nafardan ortig‘ining janggohlarda joni uzilganini e'tirof etish ayni o‘rinlidir.

Ikkinchi jahon urushi yillarida fashist­lar tomonidan Daxau, Osvensim, Maydanek, Buxenvald, Mautxauzen singari konsentraksion lagerlar tashkil etilgan. Ularda millionlab harbiy asirlar, bosib olingan hududlardan jo‘natilgan turli millat, yosh va jinsga mansub tutqunlar saqlangan. Mahbuslar ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan qiynoqlarga duchor qilingan. Odamlar ustidan turli tajribalar olib borilgan. Gaz kameralarida zaharlanib, terilari shilinib, ustilaridan suv quyib muzlatib o‘ldirilgan. Behisob tutqunlar ochlik tufayli ajal topganlar. Qanchadan-qancha asirlar o‘tda yoqib yuborilgan.

Endi siz ham urushning oqibati nechog‘li asoratli ekanini tasavvur etgandirsiz? YUqoridagi dalil va raqamlarga frontga behisob kiyim-kechak, o‘q-dori, qurol-yaroq, turli harbiy texnikalar, kemalar, samolyotlar, temir yo‘l eshelonlari va boshqa vositalar... hatto ko‘rpa-to‘shaklardagi paxtagacha jo‘natilganini qo‘shib hisoblasangiz, urush insoniyat boshiga solgan vayronagarchilik, yetkazgan talafot ko‘lami aql-idrok bovar qilmas darajadaligi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Frontga kiyim-kechak, oziq-ovqatdan tashqari metallardan tayyorlangan buyumlarni ham jo‘natishga to‘g‘ri kelgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, birgina buxoroliklar 35 tonnadan ziyod mis qozonlarini o‘q-dori tayyorlash uchun topshirganlar.

1941-1945 yillardagi urushda dushman o‘qiga uchib, asirlik, kanslagerlardagi qiynoqlar tufayli jonlari uzilgan vatandoshlarimiz haqida o‘ylaganimda yurak-bag‘rimni cheksiz iztirob va armon o‘rtaydi. Axir, ularning ham bizu siz kabi yashashga ishtiyoqlari, ezgu orzu-niyatlari yo‘qmidi?! Ular jangu jadallarda qurbon bo‘lish uchun yorug‘ dunyoga kelishganmidi?! Juvonmarg ketganlar qandaydir kasbning etagidan tutish, ota-onalarining duolarini olish, xizmatlarida turish, oila qurishni istashmasmidi?! Fashizm vabosi ular jismu jonini o‘pqonday girdobiga tortmaganida, albatta, ular ham qanchadan-qancha ezgu ishlarni amalga oshirishgan, hayot gashtini surishgan bo‘lishardi. Ular ham turmushimizni farovon, yurtimizni obod qilish yo‘lida ter to‘kishardi. Oralaridan shubhasiz, ko‘plab olimlar, zukko rahbarlar, qo‘yingki, tanlagan sohalarining taniqli namoyandalari yetishib chiqardi. Jamiyatning bugungidan-da bir necha barobar taraqqiy etishiga erishilishi muqarrar edi. Onam, Muxtor tog‘am jangda shahid ketgan akalarining she'r yozishlarini, urushdan omon qaytganlarida katta shoir bo‘lishlari mumkinligini aytib o‘ksinganlari, mening gazetada bosilib chiqqan ilk nazmiy mashqlarimni o‘qiganlarida “Tog‘ang­ga tortgansan”, deya bashorat qilganlari yodimda.

Oradan qariyb yetmish yil o‘tib ham front­da halok bo‘lgan 1,5 million O‘zbekiston, jumladan, 30 mingdan ortiq Buxoro farzandining, qanchadan-qancha dom-daraksiz ketganlarning har biri ortida urushdan sog‘-omon qaytishini kun sanab ilhaq-intizor kutgan ota-onasi, oilasi, qarindosh-urug‘lari borligini, mash'um judolik ularning umidini sarobga aylantirib, jonu jahonlarini tilka-pora qilganini o‘ylashning o‘zi nechog‘li azobli! Bunday musibatga bardosh berish barobarida ocharchilik azoblarini yengish, huzur-halovat, dam olishni bilmasdan soat bilan emas, tong otishiyu kun botishi bilan o‘lchanadigan mehnatning, ba'zan hatto tunlarni tonglarga ulab ishlashning o‘zi bo‘ladimi?! Buning uchun insonda metindan-da mustahkam iroda, tog‘dan-da yuksak sabr-bardosh, yengilmas darajada qudrat, qiyinchiliklar o‘tishi, yaxshi, tinch kunlar kelishiga ishonch bo‘lishi zarur. Ha, mehnatkash, jafokash xalqimiz siymosi o‘sha davr front ichkarisida ko‘rsatilgan buyuk matonatga eng munosib timsoldir.

9

Frontdan joni omonu tani yaralangan, qo‘l-oyog‘idan ayrilgan holda qaytgan kishilarning ona yurt diydori nasib etganiga shukronalar aytganlari shubhasiz. Ammo sobiq ittifoqning fashistlar bosib olgan hududlarini, yarim Yevropani jang bilan bosib o‘tish, doimiy xavf-xatar, kutilmagan hujumlar, beomon otishmalar, quroldoshining dushman o‘qiga uchib ko‘z o‘ngida o‘lim topishi, tuproqqa belangan jasadlar, yarador jangchilarning faryodlari, qor-yomg‘ir ostida, qahraton sovuqda, okoplardagi kechinmalar qoldirgan asoratlarni unutib bo‘ladimi?! Urush qatnashchilaridan bu kechinmalar bir umr o‘y-xayollarini tark etmasligini, ba'zan ko‘z o‘nglarida namoyon bo‘lishini, tushlariga kirib yarim tunda cho‘chitib uyg‘otib yuborishini, hatto alahsiratishini, boy berilgan sog‘liq o‘z ta'sirini ko‘rsatishini, tanlaridagi jarohatlar xuruj qilib turishini eshitganman.

Shu o‘rinda Prezidentimizning “Faxriylarimizni tirikligida qadrlaylik, e'zozlaylik. Urush qatnashchilarining umrini bir yil, bir oyga bo‘lsa ham uzaytirish, ko‘nglini olish, dardiga malham bo‘lish yo‘lida qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilish bugungi avlod uchun ham farz, ham qarz bo‘lmog‘i lozim”, degan da'vatini alohida ta'kidlash joiz.  Mamlakatimizda bu yo‘nalishda tizimli, keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yurtboshimiz tomonidan 2014 yil 13 oktyabrda qabul qilingan “1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2015 yil 19 fevralda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari - 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonlari ham ularga ko‘rsatilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rlikning navbatdagi yorqin, amaliy ifodasidir.

9 may - g‘alaba bayrami 1999 yildan e'tiboran Yurtboshimiz farmoniga binoan “Xotira va qadrlash kuni” sifatida nishonlanayotgani mazkur sananing Istiqlol tufayli yangicha yondashuv, juda keng ma'no-mazmun va maqsad kasb etganini anglatadi. Uning zamirida nafaqat 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti ishtirokchilarini, balki marhum yaqinlarimizni, samarali faoliyati bilan mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan va ortidan yorug‘ iz qoldirib olamdan o‘tgan kishilarni xotirlash, hayot bo‘lgan otaxon va onaxonlar, turmush tarzi ibratli kechayotgan nuroniylarning qadri, hurmatini o‘rniga qo‘yishdek yuksak umuminsoniy qadriyatlar mujassamdir.

Har qanday g‘am-alam, qayg‘uga vaqt davo, degan aqida bor. Lekin ayting-chi, farzandi urushda halok bo‘lgan ota-ona judolik dog‘ini qanday unutsin?! Ne-ne umidda bir yostiqqa bosh qo‘ygan kishisini frontga kuzatib, diydorini qayta ko‘rish nasib etmagan ayol qanday qilib birinchi baxtini xotirasidan chiqarsin?! Jangu jadallarda ort­tirilgan va xuruj qilib turadigan xastalikka shifo bag‘ishlovchi biror vosita bormikin?! Eh-he, bu hayotda frontdan qaytmagan nuridiydasini kuta-kuta olamdan cheksiz armon bilan ko‘z yumgan ota-onalar, shirin turmushini eridan judolik zaharlagani bois baxti, qalbi kemtik kechgan ayollar, urushda yarador bo‘lib oilasi bag‘riga qaytgach, uzoq yashamagan sobiq jangchilar kammi?! Urush tufayli yetim qolgan bolalar, evakuatsiya qilingan o‘g‘il-qizlar to‘kkan ko‘z yoshlarini, chekkan iztiroblarini, mehnat frontidagilar esa tortgan mashaqqatlarini unutishlari mumkinmi?! Shular tufayli inson ruhiga yetgan jarohatlar-chi?! Ular qaysi ma'lumotnomalarda qayd etilgan?! Moddiy, moliyaviy ko‘rilgan aql bovar qilmas darajadagi talafotlar miqdorini raqamlarda ifodalashning imkoni bormikin?!. Savollar juda ko‘p. Lekin, ming afsuski, barchasi javobsiz. Zero, iztirobli, qayg‘uli kechinmalar inson qalbi va ruhiyatiga  yetkazgan jarohatlarni aniqlashning ham, raqamlarda ifodalashning ham imkoni yo‘q. Qiyosan aytganda, urush fojialarini dildan his etib, ularning ruhiyatingga ta'sirini jinday yengil torttirish uchun dunyoni larzaga keltirar darajada faryod solsang, butun vujuding, yurak-bag‘ring xun bo‘lib ko‘z yoshi to‘ksang ham kamlik qiladi. 

Men yuqorida ism-shariflarini qayd etgan insonlarning deyarli barchasi bugun oramizda yo‘q. Yaratgan borlarining umrlarini uzoq qilib, o‘tganlarining oxiratlarini obod qilsin! Lekin bir narsa - urushning sirtdan ayon va noayon jismoniy va ruhiy jarohatlari ular umrining kunlari, oylari, ehtimol, yili, yillariga zomin bo‘lganligi muqarrar!

10

Ayni yozda “boshi osmonga yetishi”ga qaramay, “oyog‘i yerdan uzilmagan”, mahalla-ko‘yning yaxshi-yomon kunlarida birga bo‘lgan, o‘zgalardan qo‘lidan kelgan marhamatini darig‘ tutmagan bir kishi vafot etdi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, marhumning janozasi o‘qilishi oldidan ko‘kda bulut paydo bo‘lib, bir muddat sharros yomg‘ir quydi. O‘shanda yonimdagi kishi:

- Qarang, hamdardlik bildirib, tabiat ham ko‘z yoshi to‘kayapti, - dedi achingan ko‘yi ma'yus bosh chayqab.

Ba'zi odamlardan egasi qazo qilgan otning ko‘zlaridan yosh quyilib, yer depsinib kishnaganini, egasi olamdan o‘tgan mushukning o‘zini ochlikka mahkum etgani va xonadondagilar nazarlaridan yiroq,  ozib-to‘zib ovloqda joni uzilganini, mayitni tuproqqa topshirib qaytishgach, vafodor it go‘yo egasining chiqishiga umidvor holda qabr yonida uzala tushgancha tong ottirganini eshitganman.

Sohibi xonadoni hayotdan ko‘z yumganida marhumning uchi o‘tmasdan hovlisidagi daraxtning daf'atan yaproqlari so‘lib, tanasi butunlay qurib qolgan holatlar ham bo‘lgan.

Yil boshida Rossiya televideniyesi orqali g‘alati bir videolavha namoyish etildi. Mazkur mamlakat shaharlaridan birida qahraton qishda chaqaloqni qutiga solib ko‘p qavatli uy pod'yezdiga tashlab ketishadi. Ko‘cha mushugi qutiga kirib sovuqda muzlab qolmasligi uchun   go‘dakni isitib jon saqlatadi. Ayni paytda tinimsiz “miyov”lab odamlarni ogoh etadi. Hatto uni olib ketish uchun kelgan “Tez yordam” mashinasining ortidan anchagacha yugurib boradi. Shunga o‘xshash voqyealarga, ehtimol, siz ham guvoh bo‘lgandirsiz?!

Nazarimda, yuqoridagi hodisalarda inkor etib bo‘lmas mantiq, qandaydir uzviy bog‘liqlik mavjudday tuyuladi. Ehtimol, bu  o‘zga mavjudotlarning bani odamga sabog‘idir. Yoki bu Haqning zabon, tafakkur, kuch-qudrat in'om etgan bandasiga “Ibrat ol, qiyosan xulosa chiqar, haddingni bil, bergan ne'matimni qadrla, bir-biringga mehrli bo‘l, oqibat ko‘rsat!” degan da'vatimikin?!

Tilsiz mavjudotlar hayot toji sanalmish odamzodga shu qadar bog‘liq bo‘lsa, shu qadar oqibatu sadoqat ko‘rsatsa-yu, inson bir-biriga qurol o‘qtalsa! Ko‘ksiga o‘q uzib, joniga qasd qilsa?! Bandasi umrini intiho toptirish faqatgina unga jon ato etgan Tangri taologa tanligini unutib qo‘ysa?! Yoki unutmagani, juda yaxshi anglagani holda g‘ayri hoyu havas, yovuz maqsadlar izmida bilganidan qolmasa?! Kuchi, quroli, mavqyeiga ishonib, o‘zini hatto Yaratuvchidan ham qudratli sanasa?! G‘aflatda qoldirib biri bosh­qasining ko‘zini o‘ysa?! Biri boshqasiga hukmini o‘tkazish, yeru boyligini tasarruf etish, yo‘rig‘ida yuritish xurujida har qanday razillik, tubanlikdan tap tortmasa?! Kimlardir ne-ne orzu-umid, yaxshi niyat bilan, mashaqqatli mehnati, mablag‘i evaziga bunyod etgan boshpana, yaratgan bog‘-rog‘, turli-tuman inshootlar boshqa birovlar tomonidan vahshiylarcha beayov toptalsa, vayron qilinsa?! Hatto dunyoqarashi nisbatan tor bandaning ham urushning nimaligini tushunishi uchun quyidagi qiyosni keltiraman: qo‘liga qurol tutib jangga kirgan bir tomon uchun ikkinchi tomondagi inson hayotining hatto pashsha, qumursqachalik qadri bo‘lmaydi.

Urush olovini yoqayotgan, vayronagarchilik, razilliklarga qo‘l urayotgan bandalarni ham, ularning qurboni bo‘layotganlarni ham ONA dunyoga keltirgan. Hayotdan ko‘z yumgach, barchaning boradigan manzili ham bir xil. Tahlil  qilinsa, tanalaridagi qon guruhlarining ham, ko‘z yoshlarining ham tarkibida farq bo‘lmasa kerak. Hammaning shaklu shamoyili ham o‘xshash - ODAM. Lekin nega endi birov qanoatli, sabr-toqatli, birov ko‘zi och, harchand to‘kis yashamasin, noshukr? Biri vayronkor, qotil, boshqasi mehr-shaf­qatli, adolatpesha, tinchliksevar, yana biri loqayd, “men senga, sen menga tegma” qabilida yashashni afzal biladi? O‘ylanib qolaman: Inson ichki olamidagi bunday tafovut qachon barham topib, u qachon tom ma'noda nomi yuksak jaranglaydigan maqomga ega bo‘larkin?!.

11

Texnika mislsiz taraqqiy etgan, internet yer yuzini o‘rgimchak to‘ridek qamrab olgan, nihoyatda tezkor aloqa, elektron vositalari keng tarqalgan hozirgi sharoitda dunyo­ning bir burchagida yuz bergan voqyea-hodisadan narigi burchagidagilar istasa o‘sha zahotiyoq xabardor bo‘lish imkoniyatiga ega. Xorijiy mamlakatlardagi telekanallarning mavzu jihatidan rang-barang ko‘rsatuvlari sun'iy yo‘ldoshlar orqali tarqatilishi va ular likoplar vositasida qabul qilinib, xonadonlardagi “oynai jahon”larda akslanishi oddiy holga aylangan.

To‘g‘ri, taraqqiyot tufayli qo‘l va aqliy mehnatni yengillashtiruvchi, uzoqni yaqin qiluvchi har xil zamonaviy vositalar turmush hamda faoliyat tarzimizga kundan-kun tobora kengroq kirib kelmoqda. YAqin o‘tmishda bajarilishi uchun oylar, ehtimol, yillar taqozo etiladigan ko‘pgina jarayonlar soniyalarda o‘rinlatilmoqda. Urush, undan keyingi qad rostlash yillarini qo‘ya turing, yaqin o‘tmish, Istiqlolgacha bo‘lgan davr bilan bugungi hayot o‘rtasida yer bilan osmoncha farq mavjud. Inson umrini yanada uzaytirish, dardiga davo topish, mehnat va yashash sharoitlarini bugungidan-da yuksaltirish borasidagi sa'y-harakatlar to‘xtovsiz davom ettirilmoqda. Faoliyat yo‘nalishi davlatlar, millatlar o‘rtasida hamkorlik, do‘stlik, tinchlik, o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash, barqarorligini ta'minlash, yuzaga kelgan xavf-xatarlarning oldini olishdan iborat bo‘lgan nufuzli xalqaro tashkilotlar bor. Bulardan tashqari, bir qator davlatlarning o‘zaro manfaatli siyosiy va iqtisodiy maqsadlarini birlashtirgan xalqaro tuzilmalar ham ish olib borayotir. Xalqaro konvensiyalarda aks etgan me'yorlar, ularga qo‘shilgan davlatlar zimmasiga olingan majburiyatlar, mamlakatlar o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomalari ham ezgu sa'y-harakatlarni o‘zida mujassam etgan. Dunyo hamjamiyatida o‘z munosib o‘rni, so‘ziga ega O‘zbekistonning ham ichki va tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalish - demokratik tamoyillarga asoslangan xalqparvar, tinch va farovon taraqqiyotni ta'minlashdan iborat.

Lekin ayni zamonda jahonda urush olovini yoqayotgan, turli mojarolar, nizolar chiqarishdan manfaatdor kuchlar ham mavjud. Yer yuzining qaysidir burchagida o‘q ovozi hamon tingani yo‘q. Qayerdadir butun borini ulashayotgan, kamoliga yelka tutgan zamin bag‘ri bombalar tashlanib o‘yilmoqda, ko‘ku zamin alanga ichida yonmoqda. “Shahid” kamarini taqqan kimsalar o‘zlarini portlatish barobarida o‘nlab begunoh odamlarning umrlariga zomin bo‘layotir. G‘ayriinsoniy g‘oyalarni bayroq qilib olgan guruhlar, hatto mamlakatlar o‘rtasida ba'zan ochiq-oshkora, ba'zan xufyona kurashlar bormoqda. Buning ustiga turli halokatlar, to‘qnashuvlar... Ba'zi bir xorijiy kanallarda qo‘poruvchilik, zo‘ravonlik, bosqinchilik, qotillikni aks ettiruvchi filmlar namoyishining keti uzilmaydi. Biror kun yo‘qki, otishmalar, avtohalokatlar, to‘qnashuvlar tasvirlangan lavhalar ko‘rsatilmasa... O‘ylab qolaman: qadimiy olamning osoyishta nafas olgan payti bormikan? Jafokash zaminning biror kuni o‘q uzilmasdan, diydalar xun bo‘lmasdan, behuda qon to‘kilmasdan kechganmikin?!

Ko‘rinib turibdiki, insoniyatning intellektual salohiyati, yaratuvchanlik kuch-qudrati tobora yuqori darajada namoyon bo‘layotgani, juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganligi barobarida o‘zining zavoliga qaratilgan ommaviy qirg‘in qurollarining tamomila yangi avlodlari kashf etilmoqda. Ayrim mamlakatlar juda katta miqdor va hajmlardagi mablag‘larini qurol-yaroq xaridiga sarflamoqda. Qurollanish poygasi tobora avj olmoqda. Ba'zi davlatlar o‘rtasida siyosiy, hududiy, mulkiy ixtiloflar, bir millatning boshqa millat ustidan hukmronlik qilishga intilishi, irqiy kamsitishlar, odam tanasini zaharlovchi, tanazzulga mahkum etuvchi xatarli viruslar yaratish ustida ishlayotgan tahlilxonalar, xufyona qamoqxonalar, qo‘poruvchilar, josuslar tayyorlovchi yashirin poligonlar... Qurollarni samoga joylashtirish rejalari ustida tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.

12

YAqinda televizorda “LIFE NEWS” kanali orqali berilgan xorij hayotiga daxldor bir lavhani ko‘rib qalbim larzaga keldi. Yoshi bir joyga borgan kampir urush, portlashlar tufayli yarim vayronaga aylangan ko‘p qavatli uy atrofini ko‘chib tushgan devor parchalari, deraza shishalari siniqlaridan tozalash bilan mashg‘ul edi. Unga muxbir:

- Qartaygan chog‘ingizda bu ishlar sizga malol kelmayaptimi? - degan savol bilan murojaat etdi.

- Butun shaharni ham zarracha og‘rinmasdan tozalab, supurib chiqardim, - dedi yuzlarini ajin bosgan qariya unga javoban chuqur tin olgan ko‘yi nigohlarida cheksiz mung bilan. - Faqat tinch yashasak, urush bo‘lmasa, bas!

Mana sizga urush dahshati, musibatlarini boshidan kechirayotgan, har bir lahzasi qo‘rquv, tahlikada o‘tayotgan ojiza bandaning yagona o‘tinchi. Odamzodning osoyishta hayotni qanchalik istashini, qadrlashini, tinchlik uchun har qanday og‘ir, mashaqqatli mehnatni ham zimmasiga olishga tayyorligini bundan-da ortiq izohlash mumkinmi?!

Albatta, tinchlikka o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmaydi. Bu ulug‘ ne'matning barqarorligi uchun xoh katta, xoh kichik - har bir Inson qo‘lidan kelguncha harakat qilishi, bu oliy maqsadga erishish uchun o‘z ulushini qo‘shishi taqozo etiladi. Xalqimizda «Ko‘p «puf»lasa bo‘ron turadi» degan naql bejiz aytilmagan. Yer yuzidagi har bir inson hamisha ogoh bo‘lgan, bugunimizga mustahkam poydevor qo‘ygan ajdodlar va kelajak avlodlar oldida dunyo taqdiri uchun mas'ul ekanligini teran anglagan holda ish tutgandagina Ona zaminimizda yalpi tinchlikni ta'minlash mumkin. Shu o‘rinda Yurtboshimizning «O‘zingni, o‘z uyingni o‘zing asra» degan da'vatini yana bir karra alohida ta'kidlash zarur.  Zero, dunyoning qaysidir burchagida sodir bo‘lgan xatarli uch­qun o‘z vaqtida oldi olinmasa katta yong‘inlarni keltirib chiqarmasligiga, boshqa hududlarni ham o‘z girdobiga tortmasligiga, qolaversa, yer yuzidagi barcha tirik mavjudotning umriga zomin bo‘lmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Bunday sharoitda tinch­likni ta'minlash uchun urush keltirgan musibatlarni unutmaslik, uning oqibatlarini teran fahmlash, har qanday murakkab, ziddiyatli vaziyatlarda ham nihoyatda zukkolik, sog‘lom kuchlarning hamjihatligi, masalaga o‘ta vazminlik, o‘zaro murosa bilan yondashuv suv va havodek zarur. Urush insoniyat boshiga keltirgan kulfatlar, qayg‘u-alamlar, vayronagarchiliklar, qirg‘inlarni qalban his etganing sari TINCHLIKning naqadar bebaho ne'mat ekanini, qadr-qimmatini hamisha yuksak tutish zarurligini yanada teran anglaysan, kishi.

Tinch, ozod va obod Vatanda yashayotganimizga dil-dildan shukrona aytgan holda mulohazalarimga so‘nggi nuqta qo‘yar ekanman, 16 yil muqaddam uchrashgan chog‘imizda sobiq frontchi Zokir bobo Muqbilov aytgan yana bir gap yodimga tushdi.

- Biz urushni ko‘rdik, - degandi u chuqur tin olib. - Yoshlik ekan, sovuqlarda qolganlarimiz, och-nahor yurganlarimiz ana endi, qarigan chog‘imizda o‘z kasrini ko‘rsatyapti. Ba'zan dahshatli jang manzaralari, yaralangan, o‘qqa uchgan quroldoshlarim ko‘z oldimga keladi. Ollohdan zamonamizga, avlodlarimizga tinchlik, omonlik tilayman. Dunyoda tinchlikday ulug‘ ne'mat yo‘q. Yurt tinch bo‘lsa, bas! Qolgan ishlar o‘z qo‘limizda.

Ha, chindan ham dunyoda tinchlikday ulug‘ ne'mat yo‘q!

Qaysi xonadonda dasturxon atrofiga jam bo‘linmasin, qayerda katta-kichik davra o‘tkazilmasin, qaysi muqaddas qadamjo ziyoratiga borilmasin, duoga qo‘l ochib aytiladigan ezgu niyatlar qatorida albatta tinchlik bar­qarorligi, osmonimiz musaffoligi tilanadi. Kasbim taqozosiga ko‘ra qayerda, kim bilan musohaba qilmay, intihoda suhbatdoshim ana shu ezgu niyatni izhor etgan. Joynamozga bosh urgan imonli banda borki, kaftlarini ochgancha munojotiga qo‘shib Yaratgandan el-yurtga, dunyoga tinchlik so‘rab yuzlariga fotiha tortadi. Yer yuzida barcha til, sheva va lahjalarda har kuni eng ko‘p aytiladigan kalom ham, eng ko‘p qilinadigan niyat ham, Haqqa yukinib ijobati eng ko‘p so‘raladigan bebaho ne'mat ham shu - TINCH­LIK!

Negaki, bashariyatning bardavomligi, ezgu maqsadlarimiz ro‘yobi, farzandlarimiz kelajagining nurafshonligi, bayramlar, katta-kichik to‘yu tantanalar, xonadonlarimiz, el-yurt osoyishtaligi, osmonimiz musaffoligi, baxtu saodatimiz, kunlarimiz farahbaxshligining asosiy va mustahkam poydevori TINCHLIKdir.

Ona zaminimizda, yurtimizda TINCHLIK hamisha bar­qaror bo‘lsin!

 

Jahongir ISMOILOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist,

“Oltin qalam” xalqaro tanlovi g‘olibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.