QALBLARGA ZIYO ISTAB

Muallimlar bamisoli bog‘bon. Endigina ekilgan navniholni parvarishlab, voyaga etkazish va meva beradigan ulkan daraxtga aylantirishda bog‘bon uchun qancha mehnat, qancha sabru toqat kerak bo‘ladi. Muallim mehnati undan ham mas’uliyatli, undan ham nozik. Chunki, u inson kelajagi, taqdiri bilan bog‘liq.

lar elu yurtimiz taraqqiyotining asosi bo‘lgan farzandlarimizning nurli kelajagi uchun kechani kecha, kunduzni kunduz demay zahmat chekishadi. Muallimlar o‘rgatgan ilm ziyosi va tarbiya inson yo‘lini shamchiroq misoli bir umr yoritib turadi. Prezidentimiz o‘qituvchilik kasbini yuksak baholab, shunday deydi: “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblar orasida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir”.

 Toshkent shahri Olmazor tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri Ra’no Rahimova bilan tuman ta’lim muassasalarida amalga oshirilgan ishlar haqida suhbatlashib, bu kasbning kishidan naqadar bag‘rikenglik, fidoyilik talab qilishiga yana bir bor amin bo‘ldik.

— O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish yo‘lida ta’lim tizimi tubdan isloh qilinmoqda, — deydi Ra’no Rahimova. — Uni ham shaklan, ham mazmunan zamon talablariga moslashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini uzluksiz takomillashtirib borish bugungi davr taqozo etayotgan dolzarb masaladir. Zotan, respublikamiz ta’lim tizimida boshlangan islohotlarning tub mohiyati kelajagimiz bo‘lgan yosh avlodni erkin fikrlay oladigan, mustaqil dunyoqarashga ega bo‘lgan, barkamol shaxs sifatida voyaga etkazish, ularni Ona Vatanga muhabbat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan. Ilmli, dunyoqarashi keng, tafakkuri teran yoshlarga ega davlatgina buyuk va qudratli bo‘lishi hech kimga sir emas. 2014-2015 o‘quv yili ham boshqa o‘quv yillari singari sermazmun, yangiliklarga boy bo‘ldi. Bu o‘quv yilining oldingi yillardan farqi shuki, o‘quv muassasalarida ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, pedagogik jamoalarda ijodiy muhitni yaratish, o‘quvchi shaxsiga qaratilgan ta’limning ilg‘or pedagogik texnologiyalarini joriy etish maqsadida “YAxshi muallim — sifatli ta’lim”, “Dars muqaddas”, “Murakkab fanni o‘rganaman”, “Sog‘lom muhit — sog‘lom jamoa” tadbirlari amalga oshirildi.

Har bir o‘quv yili arafasida pedagogik jamoalar o‘z oldiga yangi maqsadlar qo‘yadi. O‘z faoliyatiga tanqidiy yondashish, avvalgi yutuqlardan ortiqcha g‘ururlanmay, balki ularning son va salmog‘ini yanada ko‘paytirishga bel bog‘lash professionallarning doimiy odatlaridir.

Xo‘sh, Ra’no Rahimova boshchiligidagi jamoaning yangi o‘quv yilidagi vazifalari nimalardan iborat? Bu haqda ustoz pedagog shunday deydi:

— Ta’lim-tarbiya borasidagi vazifalarni izchillik bilan hayotga tatbiq etish burchimizdir. Buni kengroq ifodalasam, doimgidek, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish, maktab fan xonalarini zamon talablari darajasida jihozlash, dars va mashg‘ulotlar jaryonida ilg‘or pedagogik texnologiyalar, interfaol usullardan unumli foydalangan holda yoshlar ongiga zarur bilimlarni singdirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va kasb-hunar o‘rganishga yo‘naltirilgan to‘garaklarni kengaytirish kabi ishlarni jadallashtirish niyatidamiz.

Biz, soha xodimlarining umumiy maqsadimiz bitta: o‘sib kelayotgan yosh avlod ongu shuurida milliy istiqlol g‘oyasini kamol toptirish. Albatta, bu o‘z-o‘zidan amalga oshib qoladigan ish emas. Kimgadir saboq berayotgan inson nafaqat bilimli, balki tom ma’nodagi ziyoli inson bo‘lmog‘i shart. Uning qalbidagi ziyo albatta yuzida ham zohir bo‘ladi, undagi ichki madaniyat tarbiyalayotgan shogirdlari timsolida bo‘y ko‘rsatadi. Aytmoqchimanki, yaxshi muallim ta’limini olgan farzand ertaga hech qachon noqobil yigit yoki qiz bo‘lib etishmaydi. Ba’zan ota-ona berolmagan tarbiyani o‘qituvchilar berganining guvohi bo‘lib qolamiz. Mana shunda jamiyatda o‘qituvchi, murabbiy degan shaxsning naqadar katta o‘rin tutishini ko‘ramiz. Buning o‘ziga yarasha mas’uliyati bor va uni ta’lim dargohlarida o‘qituvchilik, murabbiylikni zimmasiga olib xizmat qilayotgan har bir yurtdoshimiz dildan his etishini istar edim.

Darslarda kompyuter, multimedia va laboratoriya jihozlaridan samarali foydalanish choralarini ko‘rish, o‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasida axborot xurujlarining oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish, internet va mobil telefonlardan foydalanish madaniyatini shakllantirishga oid keng qamrovli chora-tadbirlar rejasini tuzish, Prezidentimizning “YUksak ma’naviyat — engilmas kuch”, “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor”, “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida”, “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitoblari, 2014 yil may oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “O‘rta asrlar SHarq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzuidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimidagi nutqining mazmun-mohiyati, ularda ilgari surilgan g‘oyalar asosida o‘quvchilar ongida milliy mustaqillik mafkurasini e’tiqod darajasida shakllantirishga erishish ta’lim-tarbiya muassasalari, o‘qituvchi-murabbiylarning sharafli burchi hisoblanadi.

O‘qituvchi-murabbiylarning an’anaviy avgust kengashida xalq ta’limi xodimlarining yangi o‘quv yilidagi vazifalari belgilab olindi, malakali o‘qituvchilar bilan o‘tgan ochiq darslarda tajriba almashildi, o‘quv yilining boshida bolalar shoirlari, yozuvchilar, olimlar ishtirokida mustaqillik darslari o‘tildi. Tuman xalq ta’limi muassasalarida ma’naviyatdan saboq beradigan o‘qituvchilar Yurtboshimizning “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitobi taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

 Nazira TOSHOVA,

Olmazor tumanidagi 111-maktabning ona tili va adabiyot fanlari o‘qituvchisi