EZGULIK CHAROG‘I


Odamzod o‘zining sof tabiati (fitrati) bilan yomon ko‘radigan, “hazm” qilolmaydigan narsalar bo‘ladi. Bugun turli mamlakatlarda yuz berayotgan ko‘ngilsiz voqealar, ayrim xalqlar tomonidan “shaxsiy huquq va erkinliklar hosilasi” sifatida talqin qilinayotgan, odam bolasi tugul hayvonot olamiga ham yot bo‘lgan jirkanch odatlar(qiliqlar, qilmishlar)ni miyasi toza hech bir inson qabul qilmasligi tabiiy. Biroq ne tongki, bugungi shaffof axborot makonida yaxshiga ham, yomonga ham imkoniyat teng, tuzukka ham, buzuqqa ham maydon keng. Istalgan daqiqa tugul, soniyada bitta niyati qora kimsa chiqib xayoliga kelgan noma’qulchilikni qilishi mumkin. Mana shunday tahlikali, bizdan har lahza ogohu hushyor bo‘lmoqni talab etayotgan bir zamonda, insoniyat taqdirini, ertangi hayotini, ma’naviyatini o‘ylovchi bezovta qalblar maydonga chiqadi.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan, o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan “Ma’naviy hayot” jurnalining yangi sonlarini mutolaa qilarkanmiz, mazkur mulohazaning isbotini ko‘rgandek bo‘lamiz.

Jurnalning 2015 yil 1-soni mundarijasiga nazar solamiz. Olimjon Davlatov. “Sultoni Sohibqiron Temur Ko‘ragon...” Ushbu maqolada hazrat Sohibqironning sarkardalik dahosi, boshqaruvchilik salohiyati bilan birga tug‘ma insoniy fazilatlari, xususan, bag‘rikenglik, kechirimlilik, tinchlikparvarlik va do‘stparvarlik xislatlari misollar bilan yoritilgan.

Bu hayotda biz hali anglab etmagan sinoatlar ko‘p. Masalan, inson va tabiat munosabatlari, bizga g‘ayritabiiy tuyuladigan, ammo Olamlar Egasi tomonidan nihoyatda daqiq, tasavvurimizga sig‘maydigan darajada aniqlik bilan belgilanmish hodisotlar haqidagi ilmimiz ummondan tomchidek gap. SHodmonqul Salomning “Tuyog‘idan o‘t chaqnagan tulporlarim” sarlavhali badiasini o‘qisangiz, bunga amin bo‘lasiz.

Har bir gazeta yoki jurnalning o‘z mehvari, ramasi (ko‘tarib, tutib turuvchi mexanizmi), mazmun-mohiyatini belgilovchi ustunlari bo‘ladi. “Ma’naviy hayot” jurnalida “O‘zlik”, “Bobolar izidan”, “Ma’naviyat manbalari”, “Qo‘lyozmalar yonmaydi”, “Hayotni o‘zgartirgan nutqlar” ruknlari ostida berilgan maqola va ocherklarni ushbu nashrning jon tomirlari, ohanrabolari desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Nashrning shu yil 1-sonida “Hayotni o‘zgartirgan nutqlar” ruknida XX asrda yashagan diplomat, inson huquqlari kurashchisi Martin Lyuter Kingning 1963 yil 28 avgustda, qoratanlilar ish o‘rinlari va ozodlik istab Vashingtonga yurish qilgan vaqtda so‘zlagan “Umidim shuldirki...” nomli mashhur nutqi berilgan. Oradan yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tibdiki, bu so‘zlar hanuz insoniyatga saboq yanglig‘ yangraydi, o‘yga toldiradi, va nihoyat, hazrati Insonni qadrlashga, rangi, tili, yashash joyi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, kishilarni besh kunlik dunyoda bir-birini e’zozlab, hurmatlab yashashga undaydi.

Jurnalning 2015 yil 2-sonida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboevning bolalik xotiralari va bugungi nuroniy siymosi bilan tanishish mumkin. Adib chehrasidagi nur beg‘ubor qalbidagi o‘gitlarga yo‘g‘rilib, sizu bizni keksalik fazilatlaridan, donoliklaridan boxabar etadi. Sevimli yozuvchimizning yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish borasidagi kuyunchaklik bilan aytgan so‘zlari o‘quvchini befarq qoldirmaydi.

SHuningdek, taniqli olim SHomirza Turdimovning “Bir ertak qatidagi ming tilsim”, Azim Ro‘zievning “Savod ortidagi savdolar”, yosh qalamkash Akmal Jumamurodovning “Mubolag‘a yolg‘on degani emas” singari materiallari ham jurnal muxlislariga manzur bo‘lishiga shubha yo‘q.

 

Elmurod NISHONOV,

“Hurriyat” muxbiri