ENSIKLOPYEDIYA –

insoniyat yiqqan bilimlar xazinasi

Entsiklopediya lotinchadan “dunyoni o‘rganish”, “inson bilimlari xazinasi” yoki “dunyo tartibotlarini bilish” ma’nolarini bildiradi. Co‘zlik shaklida u “ilmiy qomusiy qo‘llanma”, “fanlar va qoidalar sharhi”, keng ma’noda esa “ilmiy ma’lumotlar to‘plami” demakdir. Deni Didroning fikricha, “entsiklopediya maqsadi — dunyoga tarqalgan barcha bilimlarni to‘plash, odamlar tushunadigan tilda bir tizimga keltirish va keyingi zurriyodlariga bu o‘ta foydali merosni eson-omon qoldirishdir”.

a’lumki, “entsiklopediya” tushunchasi ilmiy taomilga XVIII asrda kiritilgan, bu borada ilk urinish taxminan miloddan avvalgi 350 yillarda amalga oshirilgan. Miloddan avvalgi 239 yilda “Janob Lyuning bahor va kuz kundaligi”ni tuzib tugallagan xitoylik Lyuy Buvey o‘ziga qattiq ishonganidan: “kimki ushbu entsiklopediyaga birgina so‘z qo‘shsa yoki e’tiroz bildirsa, unga bir kilogramm oltinni mukofotga beraman”, degan edi. Qadimgi davrlardagi entsiklopediyalar ichida “Katta Pliniyning Tabiiy tarixi” alohida ajralib turadi, milodning 77 yilida tayyorlangan bu kitob 2500 bob va 37 jildni tashkil etardi.

O‘rta asrlarda qomus yaratish “musobaqasi”da baribir xitoyliklar g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar. 1403 yilda imperator Chju Di buyrug‘iga binoan, tuzib chiqilgan “Yunle entsiklopediyasi” hozirgi kungacha yaratilgan dunyodagi eng katta majmua hisoblanadi. Imperator kutubxonasidagi jamiki kitoblar, qo‘lyozmalarni, qonunlar, tarix, falsafa va badiiy asarlarni o‘ziga jamlagan entsiklopediyani tuzishga 2 ming odam jalb etilgan edi.

Xitoyliklar yaratgan ulkan entsiklopediya 11 ming 95 jildni hammasi bo‘lib 510 ming betni, 300 million ieroglifni qamrab olgan edi. Hozirgi paytda, noyob bu ma’naviy xazinaning 4 foizigina saqlangan, aslida shuning o‘zi ham 443 jildga tengdir!

Yevropada bunday miqyosdagi ilmiy-ma’rifiy tadbirlarga o‘rta asrlarda kirishildi. Jumladan, 1751—1772 yillarda Frantsiyada Didro va d,Alambero tahriri ostida 28 jildlik entsiklopediya yaratilgan, so‘ngra unga 7 jild ilova qo‘shilgan. “Britaniya entsiklopediyasi yoki qisqacha Britannikani 1768-1771 yillarda Shotlandiyada tayyorlashga kirishilganda, u 3 jilddan oshmagan edi. Ammo 1797 yilda uchinchi nashrini bitirganda, u 18 jildga yetgandi. 1732—1754 yillarda I.G.Sedler tomonidan nemislarning 68 jildlik entsiklopediyasi, 1890-1907 yillarda nemis olimlari F.A.Brokgauz va I.A.Yefronning 86 jildlik “Entsiklopedik lug‘ati” bosildi.

Bugungi murakkab globallashuv va axborot texnologiyasi asrida kitobga nisbatan munosabat birmuncha o‘zgardi. Yoshlarimiz o‘z qo‘lida ham bosma, ham elektron shakldagi nusxalar bo‘lishini istashadi. Eng muhimi, internet tarmoqlarida entsiklopedik nashrlarga talab yildan-yilga oshib bormoqda. Bu yosh, navqiron avlodning dunyoqarashi va tafakkur tarziga ijobiy ta’sir etuvchi kuchli omil bo‘lmoqda. Katta va kichik yoshdagi zukko kitobxon o‘zi qiziqib topishga qiynalgan mavzuga (masalan, dunyodagi diniy oqimlar, mazhablar, siyosiy qarashlar yoki salb yurishlari, inqiloblar, davlatlarning siyosiy modellari va boshqalar) oid ma’lumotlarni ilmiy asoslangan nufuzli manbadan, xususan, milliy entsiklopediyadan qidirmoqda. Deylik, Rossiyada 2000 yilda ochilgan “Rubrikon” portalida hozirda rus tilida 62 ta entsiklopediya va lug‘atlarning matni va suratlari bilan bemalol tanishish imkoniyati mavjud. Homiylar ko‘magida ishga tushirilgan bu loyihaning ko‘plab materiallari pullik bo‘lgani esa axiyri, MDH mamlakatlarida intellektual mulk yana qadr topa boshlaganidan dalolat beradi.

O‘zbekistonda qomus yaratish tarixiga qisqacha murojaat etsak, zulm, zo‘ravonlik ustiga qurilgan sovet tuzumi sharoitida bu borada siljishga erishish og‘ir edi. Qatag‘on, urushlarni ko‘rgan jafokash xalqimiz 1960 yillarga kelib, ozgina nafasini rostlay boshlaganda Fanlar akademiyasidagi yurtparvar olimlarimiz, vatanparvar ziyolilarimiz Imom Buxoriy, Beruniy, Ibn Sino, Farobiy, Xorazmiy singari fozilu allomalarimiz ulkan merosining ko‘pchilik ilg‘amagan qirralari aks etgan yaxlit kitobni yaratishni o‘ylardilar va bunga zimdan harakat ham qilishardi.

Taniqli adabiyotshunos olim, rahmatli G‘aybulla as-Salom jarayonni ichdan kuzatgan kishi sifatida 1976 yilda “Guliston” jurnalida, 1996 yilda esa “Tafakkur” jurnalida (qarang.: “Ibrohim Mo‘minovning temuriy jasorati”, 3-son) o‘z esdaliklarini yozib qoldirgan edi. Ustoz O‘zbekistonda, Fanlar akademiyasida qomusni birinchi marta nashr etishga o‘n yil tayyorgarlik  ko‘rilgani, 1966 yilda akademik I.Mo‘minov unga bosh muharrir etib tayinlangani, so‘ng tez sur’atda entsiklopediyaning 96 bosma taboqdan iborat 1-jildi tayyorlanib, u 1967 yil 18 oktyabrda bosmadan chiqqani, kitobga tarixiy, adabiy, ma’naviy boyligimizni yaratishga hissa qo‘shgan deyarli barcha fan-adabiyot namoyandalarining hatto eng kichik asarlari ham kiritilgani haqida zavq-shavq bilan hikoya qilgan edi. Biroq, o‘sha yillarda siyosiy-ijtimoiy, ma’rifiy-adabiy kitoblarga ham maxsus nazorat organlari tahlilidan keyin ruxsat berilardi. Katta-kichik tazyiqlar qo‘yila boshlangach, entsiklopedik kitoblarning ilmiy-badiiy qimmati ham tushib ketgandi.

1991 yilda ota-bobolarimiz va bugungi avlodning asriy orzulari ushaldi: mustaqillikka erishdik. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1997 yil 20 martda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori chiqdi. O‘sha yilning o‘zidayoq, soha entsiklopediyalari, izohli va ko‘p tilli lug‘atlar, ma’lumotnomalarni chop etish baravarida, yangi qomusimizni yaratishga kirishildi. 2000 yilda O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi (O‘zME)ning birinchi jildi bosmadan chiqdi. Kitobning dastlabki sahifasidan o‘rin olgan Yurtboshimiz Islom Karimovning tabrigida shunday so‘zlarni o‘qiymiz: “Milliy qomusimiz har qaysi inson uchun, xalqimiz hayotiga qiziqadigan olimlar va ziyolilar, turli soha mutaxassislari uchun muhim ilmiy manba, bebaho xazina sifatida xizmat qiladi. Entsiklopediyani tayyorlash jarayonida shuni ham unutmasligimiz kerakki, milliy qomus — ming yillik tariximizni o‘zida mujassamlashtirib, asrlar davomida o‘z o‘quvchilariga xizmat qiladi”. Darhaqiqat, 2000 —2006 yillarda O‘zMEning 12 jildi dunyo yuzini ko‘rdi, u keng jamoatchilik, chet ellik olimlar nigohida yaxshi bahoga sazovor bo‘ldi. O‘zMEning umumiy hajmi 1600 nashriyot hisob tabog‘ini tashkil etib, qariyb 60 ming maqolani o‘z ichiga olgan edi.

Ammo bugungi kunda o‘zbek qomusining 3-nashri (1-nashri 1966 — 1975, 2-nashri 2000 — 2006 yillarda bosildi)ni chiqarishga katta ehtiyoj tug‘ilganini, negaki bo‘lajak nashr bilan oldingisi orasida yigirma yil vaqt o‘tib ketganini qayd etishga to‘g‘ri keladi. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, O‘zME asrlar davomida millatimizga xizmat etajagi lozim. Bo‘lg‘usi nashrda 2000–2016 yillarda mamlakatimiz hayotida ro‘y bergan jamiki eng muhim voqealar, jumladan, iqtisodiyot va siyosatdagi islohotlar, g‘aroyib ixtirolar, ilm-fan, adabiyot va san’at, sport, me’morchilik, transport, sanoat, kichik biznes va tadbirkorlik, xalqaro aloqalar, rivojlanish modelimiz afzalliklarini, umuman, shaxs va jamiyat munosabatlari o‘zgargani haqida to‘laqonli, pishiq-puxta ma’lumotlar unda mustahkam o‘rin egallashi lozim. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 2005 — 2015 yillarda ulkan siyosiy voqea — prezident va parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi, viloyat markazlari zamonaviy shaharlarning tusiga kirdi, me’moriy obidalar, ziyoratgohlar qayta ta’mirlandi, eng chekka qishloqlarda namunaviy uylar kollejlar, chet el investitsiyalari jalb etilgan ishlab chiqarish korxonalari qurildi, ta’lim, fan va madaniy hayotimizda misli ko‘rilmagan yangiliklar amalga oshdi. Shu bilan birga, O‘zMEga jahon ilm-fani va madaniyati bobida olamshumul voqeaga aylangan materiallar ham kiritiladi. Yoshlarimizning bugungi talab-ehtiyojlarini ko‘zlab, u yangi o‘zbek alifbosida chop etilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi, albatta.

Soha mutaxassislarining fikricha, istiqbolda 12 jildlikda chop etilgan 60 ming maqolani qayta ishlash, yana shuncha miqdorda yangilarini qo‘shish, 10 mingdan ziyod bezaklar, suratlar, xaritalarni butunlay qayta ishlashdek aqliy, ijodiy mehnat talab qilinadi. Mazkur ishga 5 mingta muallif jalb etiladi. Bu, aslida qamrovi kengligi va ko‘lamdorligi jihatidan davlat ahamiyatiga molik katta ma’naviy tadbir bo‘lib, u millatimizning yuzi, qiyofasi, madaniyatini dunyoga namoyon etishga yordam beradi.

Entsiklopediya — insoniyat yiqqan bilimlar xazinasidir. Zero, xalqimizni ma’naviy-ma’rifiy uyg‘otib, milliy salohiyatini oshiruvchi O‘zME yangi nashri oldingilaridan ham hajman, ham mazmunan, ham matbaa sifati jihatidan yuqori saviyada chop etilishi, shubhasiz. Sababi, so‘nggi yillarda respublikamizda nashriyot-matbaa tizimi ancha zamonaviylashib, yuqori bosqichga ko‘tarilganini soha xodimlarining amaldagi noshirlik faoliyati ko‘rsatib turibdi.

Ayni paytda ana shunday ezgu-niyatlarni rejalashtirgan ijodiy jamoa moddiy va ma’naviy manbaalarni shakllantirish ustida izlanmoqdalar. Bu ulkan  ishda ularga  kuch-quvvat, g‘ayrat va shijoat tilab qolamiz.

 

Baxtiyor OMONOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.