ASRLAR QA’RIDAN SO‘YLAGAN DO‘MBIRA

 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti Folklor bo‘limi mudiri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori, professor Mamatqul JO‘rayev bilan shu haqda suhbatlashdik. 

 

 — Xalq og‘zaki ijodini ilmiy jihatdan o‘rganish asoschilaridan biri professor Hodi Zarifovning ta’rificha, bulung‘urlik Amin baxshi "Alpomish" dostonini uch oy davomida tinglovchilarni zeriktirmay kuylagan ekan. Endi yozda yoki kuzda boshlangan doston kuzda yoki qishda nihoyasiga yetishini tasavvur qilaylik. Bir fasl muddatda doston ijro etgan baxshi biron kitobga qaramasdan shuncha matn, she’riy parchalarni xotirasida qanday saqlagan ekan? Uni voqealari takrorlanmasdan uch oy davomida ijro etish uchun inson naqadar qudratli matonat egasi bo‘lishi kerak? Bugungi kundagi baxshichilik an’analari avvallariga o‘xshaydimi?

— Bu kabi savollarga javob berish uchun o‘zbek dostonchiligining beqiyos imkoniyatlariga qayta-qayta murojaat qilish kerak bo‘ladi. Bugungi globallashuv jarayonida insoniyatning o‘zligiga, asl ildiziga intilish kucha­yib bormoqda. Natijada odamzod asl qiyofasini saqlab qolish uchun insonga ma’naviy quvvat bergan qadimiy an’analar, urf-odatlar, folklor an’analarining bugungi kunda ahamiyati nihoyatda oshdi. Chunki yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalash uchun folklor qadriyatlari muhim sanaladi.

Ma’lumki, xalq og‘zaki ijodida dostonlar necha ming yillardan beri baxshilar tomonidan kuylanib, sayqallanib, avlodlarga og‘zaki tarzda o‘tib kelgan. Baxshichilik an’analarini kuzatarkanmiz, u soz chertganda sozanda, she’riy parchalarni aytganda xonanda, shuningdek, parchalarni bir zumda to‘qib ketadigan shoir hamdir. Shoirtabiat baxshi hech qachon dostonni bir xil, ya’ni o‘zgarishsiz ijro etmaydi. Baxshi "Alpomish" dostonini kuylaganda uning mardligi, Barchinni so‘zlaganda go‘zal va oqila qiz ko‘z oldimizda gavdalanadi. Shuning uchun doston ham har bir tinglovchiga beqiyos ma’naviy zavq bergan.

Narpaylik Islom shoir Nazar o‘g‘lining farzandi O‘zbekiston xalq baxshisi Ziyodulla Islomov bugungi kunda o‘ndan ortiq shogird tayyorlab, bobolar an’anasini davom ettirib kelayotir. Qashqadaryo, Surxondaryoda, Xorazm­da baxshichilik sana’ti hali-hanuz davom etib, yangidan yangi termalar yaratilmoqda. Masalan, O‘zbekiston xalq baxshisi Abduqahhor Rahimov yaqinda Alpomish dostonining birinchi qismini to‘xtamasdan to‘qqiz yarim soat ijro etdi. Ikkinchi qismini yozishga borganimizda doston o‘sha, mazmun o‘sha, obraz o‘sha, biroq uning badiiy talqini, she’ri butunlay boshqacha. Bizning baxshilar ijro paytida ilhomlanib ijod qiladi. Bu xal­qimizning zakovati azaldan nihoyatda kuchli bo‘lganidan dalolatdir. Shuning uchun ham folklorimizning dunyo tamaddunida o‘z o‘rni bor. Hatto bugun dostonlarimizni o‘rganish uchun xorijdan  mutaxassislar kelmoqda. O‘tgan yili koreyalik Ingyong O xonim aynan "Alpomish" va koreys xalqining "Jumong" dostonini qiyoslab shunday xulosa berdiki, qadimgi koreys eposi, xususan, "Jumong" dostonining shakllanishida "Alpomish" dostonining ta’siri bo‘lganini tan oldi. Bu esa bizni nihoyatda quvontirdi.

— Respublika Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 7 oktyabrdagi "2010 — 2020 yillarda nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori xalqimiz badiiy tafakkurining tarixiy rivoji va ma’naviy qadriyatlar silsilasini chuqur tadqiq etishda alohida bos­qichni boshlab berdi. Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida institutda "O‘zbek xalq ijodiy yodgorliklari" 100 jildligini nashrga tayyorlash, xalq og‘zaki badiiy ijod asarlarini izchil to‘plash, ilmiy o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?

— Bugun yurtimizda folklor an’analarini saqlash uchun ko‘plab ishlar qilinmoqda. Birgina dos­tonlarni aytadigan bo‘lsak, o‘tgan asrning 20-yillaridan boshlangan xalq og‘zaki ijodini yozib olish ishlari davom etmoqda. Natijada bir asr davomida dostonchilik borasida juda katta manbaga ega bo‘ldik. Ustoz folklorshunos olimlar — G‘ozi Olim Yunusov, Hodi Zarifov, Buyuk Karimiy, Mansur Afzalov, Muzayyana Alaviya, Zubayda Husainova, To‘ra Mirzayev hamda Muhammad Isa Ernazar o‘g‘li, Mahmud Zarifiy, Rahmatulla Yusuf o‘g‘li, Fotima, Zarif Qodiriy singari havaskor folklor to‘plovchilar faoliyati tufayli el suygan baxshilar Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Islom shoir Nazar o‘g‘li, Po‘lkan shoir, Nurmon Abduvoy o‘g‘li, Abdulla shoir Nurali o‘g‘li, Bo‘ri Sodiq o‘g‘li, Bola baxshi Abdullayev, Egamberdi Ollomurod o‘g‘li, Mardonaqul Avliyoqul o‘g‘li kabi atoqli baxshilardan yuzlab dostonlar yozib olinib, ma’lum darajada nashr etilgan. Shulardan biri 1967-1990 yillarda nashr etilgan 37 kitobdan iborat "O‘zbek xalq ijodi" majmuasidir. To‘plamda ko‘p dostonlar jamlangan bo‘lsa-da, biroq bu yetarli emasdi. Chunki o‘sha davrda aksariyat dostonlar qisqartirilib, o‘zgartirib nashr etilgan. Birgina Islom shoir Nazar o‘g‘li ijrosida yozib olingan "Orzigul" dostonini uchdan biriga qisqarganligini nashrga tayyorlanishi vaqtidagi ishlanmalardan ko‘rishimiz mumkin. O‘sha davrda mafkura tazyiqi shunga majburlagan. Hatto 30-yillar qatog‘onida ayrim baxshilar doston aytishga ham qo‘rqishgan. Chunki ayrim adiblarimizning kuni ularga ham tushishi mumkin edi-da. Shunday qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, bu dostonlar bizgacha yetib keldi.

Bugun ular boshlagan o‘sha savobli ishlar davom etmoqda. Yaqinda nashrdan chiqishni boshlagan "O‘zbek xalq ijodiy yodgorliklari" 100 jildligining uch jildi nashr­dan chiqdi. Bu ulkan merosning yaxlit hol­da chop etilishi, o‘ylaymanki, respublikamiz ma’naviy hayotida erishilayotgan eng ulkan yutuqlardan biri bo‘ladi. Unda o‘zbek xalqining eng nodir namunalari dostonlar, ertaklar, naqllar, latifalar, ol­qish va qarg‘ishlar, bolalar o‘yinlari, topishmoqlar, maqollar, askiya va loflar asl holatda to‘la nashr etilayotir. Ilk nashrlarda xalqimizning buyuk qahramonlik eposi "Alpomish"ning turli variantlari asosida yettita kitob chop ettirilishi mo‘ljallanmoqda. Bu kitob­larda Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li Po‘l­kan shoir, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Berdi baxshi (Berdiyor Pirimqul o‘g‘li), Zohir shoir Qo‘chqor o‘g‘li, Rahmatulla Yusuf o‘g‘li, Bekmurod Jo‘raboy o‘g‘li, Umr shoir Safar o‘g‘li kabi bir qator baxshilar ijod namunalari jamlangan. Shuni ham qo‘shimcha qilish mumkinki, biz kitobni nashrga tayyorlash jarayonida xalqaro tajribalarni ham o‘rgandik. O‘rganishlardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, dostonlardagi ko‘plab diniy, etnografik, tarixiy, mifologik tushunchalar, turli xalq iboralari va etnografik atamalarning ilmiy izohlari, ma’nosi tushunilishi qiyin bo‘lgan so‘zlarning lug‘ati tuzilib, har bir kitobning oxiriga kiritildi. Shuningdek, har bir jild­da nashr etilgan folklor asarining ijrochilari va yozib oluvchilar haqidagi biografik ma’lumotlar, asarlarning audio yoki videoyozuvi asosida tayyorlangan nota-ilova, jild mohiyatini ochib beruvchi fotomateriallar ham berildi. Ayniqsa har bir jild oxiridagi qisqacha lug‘at kelajakda o‘zbek folklori lug‘atini yaratishga zamin bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

— Hozir bir masala ko‘ndalang turibdi. Nashr etilayotgan 100 jildlikni o‘quvchi qanday qabul qiladi? Ayniqsa, bugungi zamonaviy yoshlarni xalq og‘zaki ijodiga qanday jalb etish mumkin? 

— Bugun farzandlarimiz o‘z hayotlarini zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur qila olmaydi. Endi biz ularning qiziqishlarini inobatga olib, kitoblarni audio nusxalari bilan chop etishimiz, zamonaviylashtirishimiz lozim. Yana bir gap, yuzlab ertaklarimiz yoki dostonlarimiz asosida ko‘p seriyali mult­filmlar hatto badiiy seriallar ishlansa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu bolajonlarimiz bilan bir qatorda yoshlarimz, hatto katta yoshdagilar uchun ham maroqli bo‘lardi. Ularning folk­lorimizga, qolaversa, milliy qahramonlarimizga bo‘lgan qiziqishini orttiradi. Shuningdek, xalq o‘yinlaridan tortib, epos ijrosigacha barcha og‘zaki ijro jarayonining audio, video tasvirlarini istagan do‘kondan xarid qilish imkoniyati yaratilsa, bu xalqimiz ma’naviyati uchun eng katta ishlardan biri bo‘lardi.

Bugungi bolalar qahramonlik asarlariga juda o‘ch. Buni xorijning mantiqsiz jangari filmlariga bo‘lgan qiziqishdan bilib olsa ham bo‘ladi. Shunday ekan, biz ana shu qiziqishni folklorimizga yo‘naltirsak, undan bahramand bo‘lishni o‘rgatsak, marra bizniki. Aminmanki, bunday farzandlar ma’naviy yetuk bo‘lib o‘sishi shubhasiz. Vazifamiz ham xalqimizga aynan shuni anglatishdir".

Konfutsiy hikmatlaridan birida shunday deyiladi: "Biz donolikka uch yo‘l bilan borishimiz mumkin: birinchidan fikrlash yo‘li bilan, bu — eng oqil yo‘l; ikkinchidan taqlid yo‘li bilan, bu — eng yengil yo‘l; uchinchidan, tajriba yo‘li, bu — eng og‘ir yo‘l". Xalq og‘zaki ijodi, Konfutsiy ta’kidlaganidek, eng og‘ir —  hayotiy tajriba yo‘li orqali shakl­lanib, necha chig‘iriqlardan o‘tib yashamoqda. Ular xal­qi­miz­ning ming yillardan beri shakllanib kelgan turmush tarzining badiiy namunasidir. Xalq donishmandligi avlodlar uchun donolikka eltguvchi mayoq bo‘lib xizmat qilishi tayin.

 

Suhbatni Bobur MuHammadiyev tayyorladi.