KITOB BU – 7 KUN 7 MO‘JIZA

Odatda bolalar tog‘lar ortidagi sehrli makonga tushib qolishni, xazinalar izlab topishni, quyoshning har oqshom qayoqqa ketishi-yu, uyg‘onganida yana qaerdan paydo bo‘lib qolish sirini, turfa ranglarda tovlanuvchi kamalak tilsimini bilgisi keladi. Bu hodisalarni jajji qalbdagi hayratni so‘ndirib qo‘ymasdan izohlay olish esa kattalardan alohida qunt va mas’uliyat talab etadi.

 Mutaxassislarning aniqlashicha, to‘rt-besh yoshli bolakay kun davomida to‘rt yuzdan ortiq savol berishi mumkin ekan. Bunday paytda unga iloji boricha to‘g‘ri va aniq javob qaytarish kerak. Ammo ba’zida kichkintoylarning shunday savollari bo‘ladiki, ularning javobi uchun aniq ma’lumotga zarurat seziladi. Shunday paytlarda aksariyatimiz kitoblar ko‘magiga suyanamiz.

Bugungi kunda nashriyotlarimizda bolalar uchun turli mavzulardagi kitoblar chop etilmoqda. Sodda, tushunarli tilda bitilgan bu kitoblar ularning dunyoqarashini o‘stirish bilan birga hayot haqidagi dastlabki tushunchalarini ham paydo qiladi. Atrofga, jamiyatga bo‘lgan munosabatini shakllantiradi. Shularni nazarda tutgan holda keyingi paytlarda yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, o‘quvchi bilan olimlar, yozuvchi va shoirlar, umuman, mualliflar o‘rtasida samimiy aloqani yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kitobxonni yangi kitoblar bilan tanishtirish, nashriyotlarning xaridor talablari bilan yaqindan tanishish imkonini beruvchi turli tadbirlar uyushtirib kelinmoqda.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tasarrufidagi “Kitob olami” savdo majmuasining ochilishi hamyurtlarimiz uchun katta sovg‘a bo‘lgan edi. Jahon standartlariga mos, ko‘rkam dizayn, javonlarida eng sara kitoblar o‘rin olgan, bir chimdim qahva ustida betakror asarlarni o‘qish, dam olish imkonini beruvchi ushbu majmua yana bir tashabbus bilan chiqdi. Gazetamizning o‘tgan sonida xabar berilganidek, 14 yanvar’ – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiylarning farzandlari uchun majmuadan alohida joy ajratilib, bolalarning ko‘zini quvnatib, diqqatini jalb qiladigan rang-barang kitoblardan turli shakllar yasatilibdi. Multfilm va ertak qahramonlari ishtirokida o‘tkazib kelinayotgan aktsiya ana shunday xayrli ishlardandir.

Yorug‘ xonalar bo‘ylab sevimli ertak qahramonlari bilan quvnayotgan, javonlar bo‘ylab terib qo‘yilgan turfa mavzudagi, rang-barang kitoblarni katta qiziqish bilan varaqlab ko‘rayotgan, bir quchoq kitobni bag‘riga bosgancha ularni xarid qilishga ota-onasini undayotgan bolalar ko‘zlaridagi quvonch, hayrat va hayajonni ko‘rib, ko‘z quvonadi.

– Kitob inson hayotining mazmuni, – deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Dilbar Po‘latova. – Bilasizmi, o‘zim ham ijodga yaqin bo‘lganim uchunmi, ularning ta’sirida o‘zgacha, yangi bir olamni kashf etaman. Turmush o‘rtog‘im bilan miniatyura janrida rasmlar ishlaymiz. Kitoblar bizning ijodimizda alohida ahamiyat kasb etadi. Ulardan oladigan taassurot va hayrat ikkimizga ham ilhom bag‘ishlaydi. Ayniqsa, tarixiy mavzularda yozilgan kitoblar, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy asarlaridan beqiyos ma’naviy ozuqa olamiz, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mashrab va Ogahiy g‘azallari yangidan-yangi suratlarimizga ilhom beradi. Umuman, kitob nafaqat qo‘liga qalam tutgan kishilarning, balki qaysi kasb yoki soha vakili bo‘lishidan qat’i nazar, barcha ziyoli, ilmga tashna insonlarning do‘sti, eng yaxshi hamrohidir. Bu yerda bolalar kitoblari aktsiyasi o‘tkazilayotgani biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Farzandimiz  uchun ham kitob sotib olyapmiz. Bugun unda kitobga uyg‘ongan mehr butun hayoti davomida muvaffaqiyatlari garovi bo‘lishiga ishonchim komil.

Eng yaxshi tarbiya – o‘rnak ekanini hisobga olsak, ota-ona qo‘lida kitob ko‘rgan bolakay ertaga ularga o‘xshash uchun harakat qila boshlaydi. Qarabsizki, xonadon kitoblar nuridan munavvar dargohga aylanadi.

 

Feruza XAYRULLAYEVA,

“Hurriyat” muxbiri,

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.