OFTOBGA INTILIB

Bundan yigirma — o‘ttiz yillar muqaddam faqat poytaxtdagi Chorsu bozorida kitob sotilgan ekan. Shunda ham kerakli kitoblarni topish muammo, ularni olish uchun kunlab, haftalab kutishga to‘g‘ri kelgani haqida katta avlod hozirgacha eslab yurishadi.

 Yaqinda sevimli ijodkorlarimizdan birining quyi­dagi hikoyasiga guvoh bo‘ldim.

“Bir kuni kursdoshim yonimga kelib, o‘qib chiqasanmi, deb qo‘limga bir kitob tutqazdi, — dedi u. — Qarasam, “O‘tkan kunlar”!  — Men to‘rt kunga deb olgandim, ikki kunda o‘qib chiqdim, ikki kunda o‘qib tugata olaman desang, berib turaman dedi. Odatda kitobni sekin o‘qirdim. Ikki kunda o‘qib tugatishimga ko‘zim yetmasa-da, olib qoldim. Ikkinchi kun kechasi ko‘zimda yosh bilan asarni o‘qib tugatdim. Yana qaytadan o‘qish istagi bo‘lsa-da, navbatda turgan boshqa kursdoshlarimni ham o‘ylab uni vaqtida qaytarishga majbur bo‘ldim...” Bugun esa  nafaqat “O‘tkan kunlar”, balki  istalgan boshqa bir kitobni topish mumkin bo‘lgan qadim Chorsu bozoridan to Navoiy ko‘cha bo‘ylab cho‘zilgan o‘nlab kitob do‘konlari, Amir Temur xiyo­boni atrofidagi zamonaviy “Book cafe”, yurtimiz bo‘ylab tarqalgan  “Sharq” nashriyotiga qarashli “Sharq ziyokori” do‘konlari... Yana qanchadan-qancha xususiy kitob rastalari... Eh-he, sanasangiz sanoqdan adashib ketasiz. Bundan tash­qari, butun O‘rta Osiyoda yagona, qancha iftixor qilsangiz arzirli, yuzlab kitobxonlarni bag‘riga sig‘dira oladigan, xalqimizga erta-kech ilm ulashish niyatida Yurtboshimiz tashabbusi bilan barpo etilgan muhtasham Milliy kutubxona, barcha ilm dargohlaridagi ana shunday vazifani bajaruvchi ziyo maskanlari ham bor. Bundan tashqari, nashriyotlar va ularning saytlari mavjudligidan bu ko‘lamning qanchalar keng ekanini anglash mumkin. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz tomonidan ko‘p murojaat qilinadigan saytlar “Ziyouz.com”, “Kitob.uz”, “Kutub­xona.com” kabilar ham keyingi paytda nashri kamayib qolgan kitoblarni topishda o‘quvchilarga yaqindan ko‘makdosh bo‘lmoqda.  

Sizga ma’lumki, gazetamizning bir necha sonidan buyon O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tasarrufidagi “Kitob olami” savdo majmuasida o‘tkazilayotgan tadbirlardan reportajlar tayyorlab, e’tiboringizga havola etib kelyapmiz. Keyingi paytda ushbu majmua tomonidan o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar kitob sotuvidan maqsad faqat foyda ko‘rish emas, balki ilmni o‘quvchiga yetkazish bo‘lishi kerakligini eslatib qo‘ymoqda, nazarimizda. Oddiyroq qilib aytganda, majmua yurtdoshlarimizga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanmoqda. Ushbu ziyo maskani bugun ham kitobxonlar bilan gavjum. Kasbiy faoliyat xususiyati — qiziquvchanlik bo‘lgani bois ularni kuzata boshlayman. Kimdir shinam qahvaxonada qo‘lidagi kitobni zo‘r qiziqish bilan o‘qiyotgan bo‘lsa, kimdir pastki qavatdagi turfa mavzuli kitoblar terib qo‘yilgan javonlardan kerakli adabiyotlarni izlayotir.

Quvonarlisi, har bir tashrif buyuruvchining qo‘lida hech bo‘lmaganda bittadan ilm manbaini ko‘rish mumkin. U yerda bo‘lganimizda aksariyat kitobsevarlarning yozuvchi Tohir Malikning asarlari atrofida gavjumligini ko‘rdik. Boisi, bu kitobxonlar adibning chin mushtariylari ekan. Aftidan ular bu yerga odatdagidan farqli o‘laroq  sevimli yozuvchilari bilan o‘tkaziladigan  uchrashuvga kelishgan... Mushtariylarimizga Tohir Malik shaxsini tanishtirish, asarlari haqida gapirish biroz ortiqchadek. Zero, sevimli adibimiz bugungi kunda adabiyotimizda o‘z qalami, o‘z so‘ziga ega bo‘lgan, asarlari bilan muxlislar qalbini zabt eta olgan ijodkorlardan biridir. O‘tgan asrda yozilgan “Shaytanat” asari garchi detektiv janrda, to‘qima obraz, to‘qima voqealar asosida yozilgan bo‘lsa-da, kitobxonlar tomonidan jamiyatimizda ildiz otgan muammolar qalamga olingan eng yaxshi asar, deb tan olingan. Bugungi kunga kelib, adib asarlarining yo‘nalishi butunlay bosh­qa tomonga o‘zgargan bo‘lsa-da, hamon ularda inson va jamiyat, shaxs ruhiyatida kechuvchi tug‘yonlar haqida hikoya qilinadi. Bugun savdo rastalaridagi “eng xaridorgir” kitoblarning ko‘pchiligi mazkur adibniki ekanining boisi ham balki shudir.

Muxtasar aytganda, uchrashuvni kuzatar ekanman, keyingi paytda odamlarimiz orasida “kitob kam o‘qilayapti”, “yoshlar kitob o‘qi­maydi”, degan gaplarga teskari bir holatga duch keldim. Zero, adib bilan uchrashuvga yuzdan oshiq kitobxonlar tashrif buyurgan bo‘lib, ularning yoshlari ham, kasblari ham turlicha. Biroq, uchrashuvda adibga berilgan savollardan anglash mumkinki, ular o‘qiyotgan kitoblari haqida qayg‘urishyapti. Farzandlariga qanday asarlar taklif qilishlari haqida bilishni istashyapti. Mana shunday o‘ylar bilan yashayotgan hamyurtlarimiz Tohir Malikning mana bu so‘zlaridan o‘zlariga javob topa olishdi, bizningcha. “Kitobni oftobga qiyoslashadi. Oftob bo‘lmagan joyda esa ekin unmaydi”. Darhaqiqat, oftob tushmagan joyda ekin o‘rniga turli xil o‘t-alaf g‘ovlab ketadi. Inson ongi, ko‘ngli ham bu ziyodan bebahra, bo‘sh qolar ekan, nursizlanib, turli illatlar ildiz otadi.

Oftobga intiling odamlar!

Feruza XAYRULLAYEVA

“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.