NAVOIYNI TUSHUNISH

Hazrat Alisher Navoiyning asarlarini o‘qir ekansiz, butun insoniyat, alalxusus, Sharq olami, vatanimiz, xalqimiz, dinimiz, madaniyat, adabiyot, san’atimiz, urf odatlarimiz bilan bog‘liq atamalar, so‘zlar, tarixiy va afsonaviy siymolarning ismlari, ular boshidan kechirgan voqealarga ishoralar, jug‘rofik va etnik nomlar, koinot va zamin, nabotot va hayvonot, qo‘yingki, har ikki dunyo va xayolot olamidagi jonli va jonsiz xilqatlar, ko‘ngilning nozik kechinmalari, ruhning tinimsiz izlanishlari ifodasi bo‘lib kelgan so‘zlar, ta’riflar, tashbehlar, ramzu timsollar har sahifa, har baytda uchraydi.

Tushumda la’liyu ruxsoridur, uyg‘otmang mani, gar xud,

Masiho birla Yusuf boshim uzra yetsalar nogah.

 Bu baytning mazmunini tushunishni istagan kishi Yusuf va Zulayho haqidagi ko‘hna dostondan, Iso (a.s.) bilan bog‘liq rivoyatlardan ozdir- ko‘pdir xabardor bo‘lishi kerak. Ustoz Botirxon Akram Alisher Navoiyni “Fasohat mulkining sultoni” deb ataganlar: “Fasohat – she’riy nutq go‘zalligi, uning xos, inja qonun qoidalari. Shoir so‘z mulkining zarshunos xazinasi (xazinachisi), ulug‘ hakami va podshosi... Mir Alisher Navoiy “Fasohat mulkining sohibqironi”dir”. Darhaqiqat, hazrat nazm san’atining hamma vositalaridan mohirona foydalanib, qalam surganlar, bu san’atni yangi ifoda vositalari bilan boyitganlar. Bu zotning asarlari falsafiy mushohada, hikmat, ruhiy inkishof darajasidagi kuchli, teran, toza mazmunning favqulodda go‘zal, hayratbaxsh bir tarzda ifoda etilgani bilan qimmatlidir.        

Ma’lumki, Alisher Navoiy hazratlari Sharq olamida VIII asrdan e’tiboran yarala boshlagan hamda bu zot yashagan zamonlarga kelib o‘zining ayni yetuklik davrini boshidan kechirib, benazir samaralar berayotgan buyuk harakat, ta’limot, falsafaning – tasavvufning yirik namoyandasi edilar. Ustoz Najmiddin Komilov “Tasavvuf” kitobida Navoiy asarlarida uchraydigan ishq, may, mayxona, xarobot, soqiy, sog‘ar, qadah, xum, singari istiloh — tushunchalar, ramziy timsollarning ma’nosi haqida so‘z yuritib, shunday xulosaga keladilar: “Tasavvuf ta’limotini yaxshi bilmay turib, Alisher Navoiy dunyoqarashi va adabiy merosini barcha murakkabliklari, falsafiy teranligi bilan to‘liq holda to‘g‘ri, haqqoniy yoritib berish mushkul”.

Yuqoridagi satrlarni o‘qigan yoshlar: “Sizlar har qadamda bizni mumtoz madaniyatimizni suymaydi, mumtoz adabiyotimizni o‘qimaydi deb malomat qilasiz. Lekin, shunday asarlarni biz tugul, ana, katta odamlar ham, ustozlarimizning o‘zlari ham tushunishga qiynaladilar. Adabiyotshunos olimlarning bitta bayt ustida soatlab bahs surib o‘tirganlarini ko‘rganmiz. Navoiyni o‘qigimiz keladi, lekin o‘qisagu, tushunmasak, nima qilaylik!” deyishi mumkin.

Ko‘nglingizda shunday savol uyg‘onganining o‘zi muhim, chunki uning ortida shu adabiyotni o‘qishim kerak, degan yaxshi niyat bor. Mana shu niyatni ehtiyot qiling. Faqat, buning uchun ko‘nglingizdagi o‘ktam niyat, men shu adabiyotni o‘qishga majburman, deya o‘zni zo‘rlash, og‘ir majburiyat ustiga emas, bu – mening adabiyotim, mening mulkim, boyligim, uni ne-ne buyuk bobokalonlarim ko‘z nuri, qalb qo‘rini to‘kib men uchun, faqat men uchun yaratganlar, uni qancha ko‘p o‘qisam, shuncha kuchliroq, qudratliroq, boyroq bo‘laman, o‘qimasligim otamdan qolgan boylikni xor qilish, isrof etish bo‘ladi, deya yurak-yurakdan anglab, his etilgan burch ustida yetilsa, ma’naviy quvvat topasiz!

Ulug‘larimiz tomonidan yaratilgan asarlar jahondagi kamdan-kam millatga nasib qiladigan noyob, tuganmas xazinadir va agar uning kalitini topishga ojizlik qilsak, undagi Ko‘hinurdek noyob olmosu gavharlarni chin sohibi bo‘lib foydalana bilmasak, ma’naviyatimizni to‘kis deyish mumkinmi?!

Bugun harakatga kirishsangiz, o‘n kun-o‘n besh kun, bir oydan keyin hamma narsani tushunishdek natijaga erishib qolmaysiz. Biroq, bu o‘rinda harakatning boshlangani, sobitligi, ahdning qat’iyligi muhim. Hazrat bilan har kuni loaqal yarim soat suhbat qurishning o‘zi yaxshi natija! Hech kim sizni shoshiltirayotgani yo‘q, bu – keyin nima bo‘larkin, deb o‘qiladigan “oldi-qochdi" kitob emas. Dam olish, ermak uchun o‘qiladigan nimarsa emas. Chalamullolar har oyda bittadan yozib tashlayotgan ro‘monlarni o‘qish boshqa, yangi bilimlar olish, ruhu dilni parvarish qilish, olam va odam oldida turgan mangu savollarga javob izlash, yuksalish boshqa. Bu o‘rinda mutolaa jarayonining o‘zi muhim, bu – ana shunday sokin, ohista, mushohada bilan olib boriladigan, tushunganini, mushohada qilib topganini shuurga darj etib, ko‘ngilga singdirib ketiladigan intellektual mutolaa.

Dastlabki davrlarda g‘azallar, baytlarning usti qabatidagi fikrlarni anglashga harakat qiling. Shuning o‘zi ham talab vodiysida borayotgan yo‘lchi ko‘ngulga olam-olam zavqu nashida baxsh etadi. Chunki, bu fikrlar benihoyat chiroyli, yorqin, ta’sirlidir, hamda behad go‘zal, nafis bir tarzda ifoda etilgandir. Zavq ola bilish, qo‘shimcha bilimlar hosil qilib, komillik kasb etib borish, hayrat va nash’alar tuyish bilan muhabbat paydo bo‘ladi, muhabbatning qarshisida esa har qanday zahmat- mashaqqat hechdir.

She’riyat san’atining, fasohatning hazrat qo‘llagan rangin vositalariga ahamiyat bering, ko‘nglingizga ayniqsa manzur bo‘lgan shirin o‘xshatish, nafis tashbeh, xayolotning favqulodda go‘zal samaralari, hasbu holning inju izhorlarini ham daftaringizga ko‘chirib oling, keyin qayta-qayta o‘qib turing, ovoz chiqarib o‘qing, tilingizda ta’mi qolsin. Qarabsizki, shohbaytlar hofizangizga muhrlanib qoladi, davralarda nuktadon, zarifso‘z sohibi sifatida e’tibor topasiz.

Tabdillardan foydalaning. Hazratning “Xamsa” turkumidagi dostonlari asl matn va hozirgi o‘zbek tilidagi nasriy bayon sharhlar, izohlar qo‘shib chop etilgan... Bugungi kunda u kishining g‘azallarini ham sharhlar, izohlar qo‘shib chop etmoqdalar. Avval asliyatni o‘qiysiz, keyin nasriy bayon bilan tanishasiz. Ham Navoiyning oltin qalami yaratgan mo‘’jizalardan bahramand bo‘lasiz, ham matnni o‘zlashtirishingiz osonroq kechadi. Ushbu usul shunisi bilan afzalki, kundan-kunga, oydan- oyga o‘tgan sayin nasriy bayonga kamroq murojaat qiladigan bo‘lib borasiz.

Harakat davom etar ekan, bora-bora tagma’nolarni, ikkinchi, uchinchi qabatlarda mujassam bo‘lgan sufiyona mazmun-mohiyatni tushunish istagi ham tug‘ilsa, shoyad.

Yana zarur adabiyotlarni topib o‘qiysiz, “so‘rab-o‘rganib" olim bo‘lasiz. Bu miqyoslarni inkishof etgan kishi muazzam bir falsafadan, yuksak insoniy ideallar ta’limotidan voqif bo‘ladi. Ustoz Najmiddin Komil bu ta’limot mohiyatida xalq qalbidan joy olgan insonparvarlik g‘oyalari, ulug‘ adiblarga ilhom bergan Soflik, Haqiqat, Go‘zallik, Kamolot ideallari yotishini ta’kidlagan edi. “Hazrat Navoiy ta’riflaganday, deb yozadi alloma, tasavvuf xilofu ixtilofi bo‘lmagan, riyo va manmanlik, da’voyu ta’mani inkor etadigan bir ulug‘ ta’limotkim, u inson ziynati, tiynatini poklovchi obihayotdir”.

Alisher Navoiyni o‘qish, tushunish sizga o‘z navbatida nafaqat o‘zbek, balki butun sharq mumtoz madaniyati va adabiyotini tushunish uchun keng yo‘l ochadi. Alisher hazratlari rahnamo bo‘lib, sizni qutbi kirom valiylar, yozganlari “charx avroqiga ziynat" bo‘lgudek shoirlar yashaydigan o‘lkaga olib boradilar. Bir yurtkim, uning har go‘shasida haqiqat va adolat, yaxshilik va jo‘mardlik, go‘zal xulq va adab kabi ezgu fazilatlar borasida suhbatlar bardavomdir. Bu yurtning bulbullari yuragingizning tilini biladilar, uning nechuk orzu-armonlar bilan yashayotganidan boxabarlar, shular haqida kuylay oladilar. Tomiringiz ularning tomiriga ulanganini his etasiz, qalbingiz ular qalbida kechgan jarayonni davom ettiradi.

Yurtboshimiz: “Ota-bobolarimizning asrlar davomida to‘plagan hayotiy tajribalari, diniy, axloqiy, ilmiy qarashlarini o‘zida mujassam etgan nodir qo‘lyozmalarni jiddiy o‘rganishning davri keldi”, deganida ham ayni shu haqiqatni nazarda tutgan edi.

Hazrat Alisher Navoiy millatimiz peshonasiga bitgan ulug‘ baxt, haq taoloning bizga ato etgan tengsiz marhamatidir. Bu zotning borligi mushkul damlarda bosh urib borgudek, ruhiy madad, taskin, ishonch, quvvat topgudek qutlug‘ ostonaning, peshonamizni silaydigan ustozning, ilkimizdan tutib yo‘lga soladigan rahnamoning, duogo‘y pirning mavjudligidir. Hazratning suhbatlariga borishdan erinmang, bu suhbatlardan har kun bahramand oling. Siz Navoiy siymosida qaysi millat va e’tiqodga, qaysi yurt va davrga mansubligidan qat’i nazar, har qanday odam tahsinlar aytib ta’zim qilishi tayin bo‘lgan fayzu fazilatlar sohibi bo‘lmish komil insonni, ideal insonni, iymon e’tiqodli, porso zotni, bilimlarining miqyosi aql bovar qilmas darajada keng donishmand allomani topasiz.

 Navoiy bilan muloqotlar chog‘ida o‘zingizni qiynagan hamma savollarga asta-sekin javob olasiz: hazratning asarlari hayotning hamma jabhalari bo‘yicha, butun dunyo va har bitta inson uchramog‘i mumkin muammolar bo‘yicha saboq, maslahatlar, yo‘l-yo‘riqlar beradigan benazir maktabdir, dorilfunundir.

Bu dorilfununning saboqlari hamma zamon va makon uchun baravar qimmatli, umuminsoniy tabiatga ega. Shuning uchun ham, jahon afkor ommasi Alisher Navoiyni tarix maydonga chiqargan eng buyuk daholardan biri sifatida hurmat, ehtirom etadi va allaqachon uning hayoti va ijodini jiddiy o‘rganishga kirishgan. Dunyoning turli mamlakatlariga shoirning haykallari o‘rnatilgan, asarlari ko‘plab tillarga tarjima qilingan, yangi va yangi tarjimalar, tadqiqotlar paydo bo‘lmoqda.

Olimlardan biri aytganidek, badiiy tafakkur va she’riyatning serqirraligi nuqtai nazaridan olganda jahon adabiyotida Navoiyga teng keladigan biror siymo yo‘q. Ulug‘ bobomiz haqida o‘zimizning dunyoning taniqli ijodkorlari, munaqqidlari ko‘p ta’sirchan, ko‘nglimizni faxru iftixorga to‘ldiradigan e’tiroflar izhor etganlar. Ijozatingiz bilan ulardan bir nechasini yodingizga solsam.

Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek: “U chinakam she’r sihrbozi! U har qanday o‘jar fikrni, ruhning eng ingichka, eng tutqich bermas jilvalarini, yurakdagi hislarning mavjlanishlarini so‘z orqali ajoyib yorqin tajassumlantirar, qatrada daryoni mavjlantirar, uchqunda quyoshlarni aylantirar, ishqdan hayot yasar, oddiy hayotdan esa ulug‘, tiyran afsonalar to‘qur... U minglarcha yilgi madaniyatni, asrlarning fikr boyligini qamragan shoir edi. Uning she’riy dahosi arab, eron, va turkiy xalqlarning san’at, fikr zaminiga chuqur ildiz otib, uning abadiy kuchidan gullagan edi”.

Italyan olimi R.Zippoli “Navoiy o‘z ijodida butun Sharq she’riyatini mujassam qilib, turli xalqlarning orzu armonlarini ifoda eta olgan shoirdir. Italiya adabiyotida Navoiyni faqat Dante bilan tenglashtirish, balki undan balandroq qo‘yish mumkin”.

Frantsuz shoiri Lui Aragon: “Navoiy jahon shoirlari orasida turib, baralla ovoz bilan o‘z g‘azallarini o‘qimoqda. Zamonaning eng buyuk shoirlari – chililik Neruda, kubalik Gilen, ispaniyalik Alberti, filadelfiyalik Longfello, vatanidan g‘urbatda yashaydigan Nozim Hikmat va Nezvallar bu zot qarshisida tiz bukadilar. Navoiyning adabiy merosi dunyo xalqlari qalbida asrlar davomida yashab keldi va bundan keyin ham yashayveradi”.

Bunday e’tiroflarni o‘qir ekansan, ma’lum bir xalqning jahon tan olib, tahsin olib turgan shoirini ana shu xalqning o‘zi o‘qib, tushunishi kerakmi-yo‘qmi, degan mavzuda bahslashib o‘tirish ortiqchaligiga qayta-qayta amin bo‘lasan.

 Lutfullo MAHMUD 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-89.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-92.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-93.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.