IJOD SURURI

“Jurnalistika olamiga ilk qadam qo‘yilayotgan paytda “Ustoz-shogird” tamoyili shu darajada muhim ahamiyat kasb etadiki, bu keyinchalik inson taqdirini belgilab berishi mumkin”. 

Shu satrlarning muallifi qirq yillar ilgari mamlakatimizda yangi tashkil etilgan “Qishloq haqiqati” (hozirgi “Qishloq hayoti”) gazetasi tahririyatida ish boshlaganida Ismoil Sulaymonov, Samad Qodirov, Tohir Mirhodiev, Kabir Shukurov, Tal’at Soliev (Olloh ularni rahmatiga olgan bo‘lsin) singari hayot va ijodda boy tajriba orttirgan insonlar qo‘lida pishganidan bir umr minnatdor.

Xo‘sh, ustoz-shogirdlik qay tarzda kechadi? Aytaylik, kulol o‘z shogirdiga loyni pishitishdan tortib, tayyor buyumga sayqal berishgacha boshdan-oxir ko‘rsatib, kasbning nozik jihatlarini tushuntiradi. Jurnalistga esa qalamni qanday tutish, qog‘ozni qay tarzda qoralash ko‘rsatilmaydi. Ikki jumlani bir-biriga qovushtirishda qiynalgan paytlarimiz ustozlar sabog‘i qaqroq yerga suv keltirganday samara berardi. O‘sha yillari tahririyatning boy hayotiy va kasbiy tajriba maktabini yaratgan ustunlaridan biri Jamol Sharopov  bo‘lgan. U kishi so‘z qudratini ishga solish, xalq hayotini sinchiklab o‘rganish, inson manzaralarini ifodalash borasida chin ustozlik vazifasini bajargan. Biz, bir guruh yoshlar Jamol akaga ixlosimiz baland edi. Gazetamiz ikki tilda chop etilgani bois har kuni tarjima bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri kelardi. Jamol aka “mashbyuro”ga kirib, qo‘llaridagi matnni og‘zaki aytib turar (diktovka qilar), so‘ng jumlalarga sayqal berardi.

Uning bunday ishlashiga hayrat bilan boqardik va bizni ham izlaridan borishga undardi.

— O‘zingizga ishonsangiz, ustingizda astoydil ishlasangiz, mahoratning o‘zi kelaveradi, — derdi Jamol aka bizni dadillikka undab.

Bir kuni navbatdagi maqolani ustozga ko‘rsatganimda biroz o‘ylanib turdi-da, “Mayli, haliroq gaplasharmiz” dedilar. Bundan yanada hayajonlandim. Qo‘llaridagi zarur yumushlarni bitirgach, xonasiga chaqirdi.

— Siz xo‘jalikka borishdan oldin savolnoma tayyorlaganmidingiz? — so‘radi ustoz.

— Yo‘q, bosh iqtisodchi hamma ma’lumotlarni yozib berdi, shu asosda maqola tayyorladim.

— o‘ij-g‘ij raqamlardan iborat maqolangizni kim o‘qiydi? Bu tomonini o‘ylamabsiz-da...

Jamol aka shu tarzda ijod sirlarini hijjalab o‘rgata boshladi. U kishining uqtirishicha, jurnalist biror mavzuni yoritish uchun avvaldan puxta tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Dehqonchilik haqida yozmoqchimisiz, bu borada viloyat, tuman ko‘rsatkichlari qanday? Shu sohaning asl mirishkorlari qaerda ishlashadi? Nega boshqa joylarda peshqadamlar tajribasi qo‘llanilmaydi? Kerak bo‘lsa, jurnalist istalgan masalaga tanqidiy nazar bilan qarasin. Biz esa mutaxassis nima bersa, shu bilan kifoyalanibmiz.

Jamol akadan o‘rganish uchun ko‘pincha u kishi yozgan ocherk, reportajlarni berilib o‘qib chiqardik. Bir mavzuni olib chiqish uchun maqolani qanday boshlash, qahramonlar dialogini qanday ifodalash, xolis fikrni bayon etish uchun mavzuga qaysi rakursdan yondashish ustoz yozgan bitiklarda bamisoli xrestomatiyadek aks etib turardi. Shundan keyin boshqa gazetalardagi maqolalarni o‘qiganimizda ham “Muallif qanday yo‘l tutibdi?” degan savol ko‘nglimizdan kechardi. Shu taxlit yondashishni esa ustozdan o‘rgangan edik. “Mahorat sabog‘i” deganlari shu bo‘lsa kerak-da.

Jurnalist mehnati faqat yozgan maqola, ocherk, lavhalarda aks etavermaydi. Tahririyatda boshqa xodimlar maqolasiga sayqal berish, mualliflar taqdim etgan matnlarni tahrir qilish faoliyatning katta qismini tashkil etadi. Buni ijodkorlar lo‘nda qilib “qora ish” deb ataydilar. Jamol aka tahririyatda ana shunday yumushni ado etardi. Bir shoirimiz ta’riflaganday, u umrini gazeta qilib tarqatib keldi.

“Sihat-salomatlik” jurnali tashkil etilgan ilk kundan boshlab o‘n besh yil mobaynida Jamol akaning zahmatli mehnati tufayli bu nashr mushtariylar qalbidan joy oldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, shu dargohda o‘zbek tibbiy jurnalistikasiga asos solindi.

Ustoz bugun qarilik gashtini suryapti. Lekin ijodkor pensiyaga chiqmaydi, degan tushuncha u kishining hayotiy tamoyilidan mustahkam o‘rin olgan. Kundalik matbuot nashrlarini kasbimizga xos sinchkovlik bilan kuzatadi, o‘rni kelganda munosabat bildiradi. Yarq etgan fikr tug‘ilsa, qog‘ozga tushiradi. 

Muallifning “Qo‘sh qanotlar”, “Avlodlar jasorati”, “Jangda jasur, mehnatda fidoyilar” singari ocherklar kitobi zamondoshlarimiz siymosini yaratish borasida, “Uyg‘oq daryo”, “Haydarbekning qo‘shig‘i” sarlavhali hujjatli qissalari esa ajdodlar qahramonligi haqida hikoya qiladi. “Bu yo‘lda xato qilma”, “Muqaddas burch” kitoblari yoshlar tarbiyasiga daxldor bo‘lib, hamon sevib o‘qilmoqda. Keyingi o‘n yil ichida beshta kitobning qo‘lyozmasi nashrga tayyorlandi. Zahmatli hayot bilan umr yo‘llarini bezagan Jamol akaga “Hormang, ustoz, hamisha omon bo‘ling!” deya istak bildiramiz. 

Shuhrat JABBOROV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.