BARKAMOL AVLOD TARBIYASI

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, ko‘p jihatdan huquqiy ta’lim-tarbiyani yanada takomillashtirishni taqozo etadi. Binobarin, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida mukammal huquqiy ta’limni  shakllantirish jamiyat taraqqiyotining  muhim shartidir.

 O‘zbekistonda istiqlolning dastlabki kunlaridanoq ta’lim tizimini jadal isloh qilishga kirishildi. Ta’lim tizimining mustahkam huquqiy asoslarini belgilovchi qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, “Kadrlar tayyorlash milliy Dasturi”, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash haqida”gi Farmoni, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoyishi, kabi huquqiy hujjatlar shular jumlasidandir.

Huquqiy davlatdagi muhim mezon, ya’ni qonun ustuvorligi tamoyilini yoshlarning ongiga singdirib borish muhim ahamiyatga ega. Xalqimizning “yoshlikda olingan bilim – toshga o‘yib bitilgan naqsh kabidir” hikmati  bejiz aytilmagan. Ko‘p yillik ilmiy kuzatish va tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, inson o‘z umri davomida oladigan barcha ma’lumotlarning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrida olar ekan. Aynan ana shu davrda uning qalbida oiladagi muhit ta’sirida ma’naviyatning ilk kurtaklari namoyon bo‘la boshlaydi. Yoshlar ongida huquqqa oid ilk qarashlar, tasavvurlar aynan oilada shakllanadi. Oiladagi huquqiy madaniyat darajasi farzandlar huquqiy ongining shakllanishida birlamchi asos bo‘la oladi. Mamlakatimizda yoshlarning huquqiy tarbiyasi uchun yetarli shart-sharoitlar, tashkiliy-huquqiy va institutsional mexanizmlar yaratilgan. Yurtimizda voyaga yetmaganlarni huquqiy madaniyatini shakllantirishda “oila — mahalla — maktab” kontseptsiyasiga tayangan holda ish olib borilayotgani yaxshi samara berayotir.

Bu O‘zbekistonda aholining huquqiy tarbiyasiga oid mexanizm xalqimizning o‘ziga xos xususiyatlari hamda boy ma’naviy merosimizga tayangan holda shakllantirilayotganidan dalolatdir.

Yoshlarni huquqiy tarbiyalash samaradorligini oshirish va huquqiy ta’limni zamon talablari asosida rivojlantirish yuzasidan  quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratish lozim. Jumladan, huquqiy ta’limni amalga oshirishda yoshlarning huquqiy normalarni idrok etishining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish darkor. Maktabgacha ta’lim muassasalari, o‘rta va o‘rta maxsus, oliy o‘quv yurtlari uchun huquqiy adabiyotlarning yangi avlodini yaratishda, ayniqsa, adabiyotlarning matni, ko‘rinishi, mashq va masalalarning berilishiga e’tiborni kuchaytirish shart. Bugungi o‘quvchining xohish istagi, didi, ma’lumotlarni qabul qila olish qobiliyatini zamonaviy usullar asosida shakllantirishga   alohida ahamiyat kasb etadi.

Modomiki, demokratik huquqiy davlat barpo etayotgan ekanmiz, undagi har bir fuqaro huquq asoslarini, uning amal qilish tamoyillari, asosiy huquqiy norma va qoidalarini bilishi lozim. Bu jarayon, ta’lim muassasalarida huquqiy bilim berishning pirovard maqsadini tashkil etadi. Zotan, huquqiy tarbiya, ta’lim oluvchilarga o‘zini va boshqa shaxslarning xatti-harakatlarini baholashda amaliy faoliyatda olingan huquqiy bilimlarni mustaqil tatbiq qilish ko‘nikmalarini hosil qiladi. Asosiysi, bu yoshlarda qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq xatti-harakatlarni amalga oshirish yo‘l-yo‘riqlarini shakllantirish va har qanday huquqbuzarlikka nisbatan qat’iy munosabatda bo‘lish fazilatini tarbiyalaydi.

Shu o‘rinda Prezidentimizning “Odamlarni huquqiy jihatdan tarbiyalash, ularning huquqiy madaniyatini oshirish, kerak bo‘lsa, umumiy madaniyatni o‘stirish – bu, albatta kerak. O‘quv yurtlarida, ishxonalarda, yoshmi, qarimi – aholining barcha qatlamlari o‘rtasida bu ishni uzluksiz olib borish muhim ahamiyatga ega” degan fikrlarini keltirishni o‘rinli deb topdik.

Xulosa qilib aytganda, samarali tashkil etilgan huquqiy ta’lim-tarbiya tizimi yoshlar huquqiy ongi va madaniyatni shakllantirishning zaruriy vositasi, huquqiy davlatning tayanchidir. Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish bosh maqsadimiz ekan, huquqiy bilimlarni mukammal egallash  har birimizning ustuvor vazifamiz bo‘lmog‘i lozim.

Avazbek BOZARBOYEV, TDYU o‘qituvchisi,

Razzoqjon  TURSUNOV, TDYU talabasi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.