KOMEDIYAGA JIDDIY NAZAR

Hozirgi o‘zbek kino olamida qaynona-kelin muammosi, ro‘zg‘or tashvishlari,  oilaviy hayot manzarasi asosiy mavzuga aylanib qolgan. Ko‘pchilik, yana shu mavzumi, maishiy kinolar jonga tegdi, deb nolishadi, gohida.

 Lekin bunday holat avval ham bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Muhimi, mavzuning eski, yangiligida yoki katta kichikligida emas, uni qanday qilib tomoshabinga yetkazib berilishidadir. Usulning o‘zgachaligi o‘sha mavzu atrofida yangi fikr ayta olish, hech kim ilg‘amagan tomonini ko‘rsata bilishdadir. Axir, bir inson hayoti bilan butun bir davrni, bir oila tasvirida jamiyatning ijtimoiy hayotini ko‘rsatib berish ham mumkin. Masalan, Said Ahmadning 1976 yilda yozilgan “Kelinlar qo‘zg‘oloni” hajviy sahna asari va u asosida 1984 yilda suratga olingan kinokomediya yoki spektaklini yodga olsangiz ham yuzingizga yengil tabassum yuguradi. Ularning yaratilganiga ancha fursat bo‘lgan bo‘lsa-da, hali-hanuz zangori ekranlardan tushmaydi. Qayta-qayta tomosha qilsangiz-da, g‘ashingizga tegmaydi. Aslida, bu ham o‘sha qaynona va kelin muammosi, oilaviy hayot tasviridir. Ammo uning kinosi ham, spektakli ham, birdek mashhur. Buning sababi, asarning yaxshi yozilganidadir. Zuvalasi maromida yetilgan xamirdan somsa qilasizmi yoki non yopasizmi, baribir mazali chiqadi. Bundan tashqari, asar ham, spektakl ham, kino ham shunchaki bir-birini takrorlamaydi, o‘ziga xos yangi voqealar, obrazlar, holatlar qo‘shilgan yoki aksincha ba’zilari tushirib qoldirilgan. Masalan, kinodagi suyukli nabira Abbos obrazi spektaklda ham, asarda ham yo‘q yoki undagi usta Boqi bilan Farmonbibining tushlaridagi Azimsher ruhi haqidagi suhbati tasvirlangan voqea kinodan ham, spektakldan ham joy egallamagan. Asarda Said Ahmadning yumor ortidagi falsafiy yuzi, spektaklda u bilan birga rejissyor, sahnaviy ko‘rinishga keltirgan Bahodir Yo‘ldoshevning mulohazali qiyofasi ko‘zga tashlanadi. Kinoda ham Melis Abzalovning tadbirli g‘oyalarini ilg‘ashingiz mumkin. Ularning har biri o‘z san’at asarlarida “men”ini namoyon etishga uringan kino san’ati, teatr yoki yozma adabiyotning bir-biriga o‘xshamagan nozik qirralarini ochib bergan. Albatta, kino va spektaklning dunyoga kelib, shuhrat qozonishida nafaqat, rejissyor mahorati, balki aktyorlar iste’dodi, jonli talqini, dekoratsiya yoki operator sinchkovligi ham alohida o‘rin tutadi. Aktyorlarning qoyilmaqom ijrosi tufayli qahri qattiq Farmonbibi, mahmadona Sotti, zamonaviy kelin Nigoraxon qalbimizning tub-tubiga kirib borgan. So‘zimiz isboti  “O‘-o‘, uning qaynonasi haqiqiy Farmonbibi”, “Sottiga o‘xshamasang-chi” kabi iboralarni juda ko‘p marta eshitamiz, qo‘llaymiz, ya’ni bu bilan obrazlarning o‘zimizcha real hayotimizdagi xarakterini yaratamiz. 

“Kelinlar qo‘zg‘oloni”da, nafaqat qaynona-kelin muammosi, oilaviy kelishmovchiliklar, balki o‘g‘illarning onasiga bo‘lgan hurmati, sadoqati onaning qahr ortidagi so‘nmas mehr-muhabbati yoki kelinlarning ahilligi bir-biridan yordamini ayamasligi tarannum etilgan. Oilaviy muammolarning yengil kulgu ostidagi yechimi ko‘rsatib berilgan. Qiz bolaning o‘z xonadonidan boshqa bir xonadonga borishi uning hayotidagi keskin burilish bo‘lsa, ikki oila o‘rtasida quda-andachilik qarindoshlik kabi yangi munosabatlarning o‘rnatilishidir. Kelinlar qo‘zg‘olonidagi voqealar o‘sha davrda ham, bugungi hayotimizda ham ayni yuz berayotgan hodisalardir. Chunki, hozir ham kundalik turmushimizda qahrli qaynonalarni yoki makkora kelinlarni ko‘p uchratib qolamiz. Unda oilaviy tinch-totuvlik, erkin va farovon turmush, mehr-muhabbat, qadr-qimmat kabilarning naqadar laziz tuyg‘ular ekani ta’sirli tasvirlangan. 

Har bir san’at asarida bo‘lgani kabi “Kelinlar qo‘zg‘oloni”da ham individuallik va umuminsoniylik, xususiylik va umumiylik ma’nolari ilgari surilgan. Undagi bir oila hayoti va uning muammosi oilaviy munosabatlardagi ziddiyatlar, kelishmovchiliklar, ularning bartaraf etilishi asarning individual xususiy ma’nosi bo‘lsa, ozod, farovon hayot, mustaqillik, erk uchun kurashish yoki qaramlik, birovga bo‘ysunish, mutelik kabi umuminsoniy tuyg‘ularning ham kichkina detallar, sodda voqealarda aks etgan yorqin qiyofasi umuminsoniylik, umumiylik ma’nosini beradi. Bu asarda oddiygina bir oila hayoti misolida: davr holati, jamiyatning ijtimoiy hayoti aks etgan deyishimiz mumkin. Bilamizki, o‘sha paytlarda o‘zini rahnamo deb hisoblagan SSSR hukumati o‘ziga qaram bo‘lgan o‘n beshta respublikadan har yil oxirida plan topshirish kerakligi bahonasida ularning tayyor mahsulotlari yer osti boyliklarini tortib olib, o‘zlashtirgan. Dehqonlarning ixtiyorida  bir chanoq paxta ham xirmonida bir hovuch bug‘doy ham qoldirmagan. Farmonbibining ham har oy oxirida oyliklarni yig‘ib olishi, hatto, tuflisining ostidagi sariq chaqani ham qoldirmasligi yuqoridagi manzaraga o‘xshab ketadi. Faqat jon saqlash uchungina mustamlaka respublikalarga hisob-kitobli mablag‘ ajratiladi, xuddi, Farmonbibi o‘g‘illariga bir so‘m yoki ellik tiyindan ishga borib kelishi uchun berib turgandek. Yoki o‘sha davrda har bir tashkilotda Sottiga o‘xshagan boshqa xodimlarning qadamini poylab yuruvchi, barchaning harakatlari to‘g‘risida ig‘vo va bo‘hton aralash ma’lumotlarni yuqoriga yetkazib turuvchi  “shpion”lar yo‘q bo‘lgan, deb o‘ylaysizmi? Qanchadan-qancha vijdonli, yurtparvar bobolarimiz bunday insonlar ig‘volarining jabrini tortmadi. “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklidagi “bu qaysi xonlik zamoni”, “qaysi feodalning uyi”  “qul emasmiz”, uning kinosidagi “Raisli kolxozda yashay olmayman” jumlalari shunchaki emas, jamiyat yuziga aytilgan so‘zlarga o‘xshaydi. Bir qarashda hech kim hayotidan norozi emasdek, chunki ancha yillardan beri mustamlaka mamlakatda yashayotgan xalq, ozmuncha, bo‘lsa ham bu hayotga ko‘nikib o‘lgurgan. Ammo chetdan nazar tashlasangiz erkin hayot, hur fikrlikdan yiroq anchayin ayanchli taqdirlar ekanligini ilg‘aysiz. Mahkamning ukalari va kelinlariga qarata aytayotgan “Kenja kelinning ta’nalari to‘ppa-to‘g‘ri, bu bir, yangi kelgan odam ahvolimizni darrov biladi, bu ikki. O‘zimiz sezmaymiz, o‘rganib ketganmiz, bu uch. Uyat, uyat, bu to‘rt” gaplari faqat oila a’zolarining holatini emas, o‘zbek xalqining o‘sha kunlardagi ahvolidan so‘zlayotgandek. Yana o‘sha Mahkamning bir gapi hammani mulohaza qilishga undaydi: “...erkimizni qo‘limizdan olib qo‘yganlar. Demak, biz erkimizni qo‘lga olish uchun kurashishimiz kerak. Ana, endi maqsadimiz aniq bo‘ldi”. Erk uchun kurash qaramlik, tobelik iskanjasiga tushib qolgan butun xalqimiz maqsadi edi.

Masxarabozning yuzi doimo kulib turadi. Lekin uning ko‘zlari qorachig‘lariga yaxshilab nazar solsangizgina qalb iztiroblaridan boxabar bo‘lishingiz mumkin. Satirik asarlar ham huddi shunday, quvnoq satrlar ortida mulohazaga chorlovchi mohiyat va iztirobga to‘la qalb yashirin bo‘ladi. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”da bir oila misolida jamiyat hayoti ko‘rsatib berilgan:  totuvlik, tinchlikning o‘z-o‘zidan kelmasligi, jasorat, fidokorona kurashlar mevasi ekani, ozodlik, mustaqillikka esa faqat ahillik bilan erishish mumkinligi ochib berilgan. Bir so‘z bilan aytganda bu asar mustaqil davlat, erkin hayot sog‘inchidan dunyoga kelgan, deyishimiz mumkin. 

Hozirgi kinolarimiz ham haqiqiy san’atkorona mehnat, chin iste’dod mahsuli bo‘lsagina tomoshabinlar qalbidan joy egallaydi. Qanday mavzuda bo‘lmasin, keng qamrovli ma’no, mulohazali mohiyat, ijtimoiy hayotimizni jonli akslantirsa, eski mavzu, maishiy kino sifatlari berilmaydi. Ana o‘shanday san’at asarlari bugun yaratilib ertaga unut bo‘lib ketmasligiga “Kelinlar qo‘zg‘oloni” yaqqol bir misol bo‘la oladi. 

 Sanjar ESHMURODOV