TUMANIMIZDA KITOB DO‘KONI TEZROQ OCHILSAYDI...

Gazeta va jurnallar hayotim mazmuniga aylanib qolgan. O‘quvchilik yillarimda uyimizga “Gulxan”, “Yoshlik”, “Saodat” jurnallari, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi muntazam kelib turar, ularning har bir sonini xuddi aziz insonimizni kutgandek intiqib kutardik.

 O`zim ham uncha-muncha she’r va hikoyalar mashq qilib, ularni nashrlarga yuborib turardim. Kechagidek esimda, bundan yigirma yil muqaddam “Gulxan” jurnalida “Sochi qirqilgan qizga” sarlavhali she’rim bosilib chiqqan edi. O‘sha kezlarda men dunyodagi eng baxtiyor qiz edim.

Yillar ko‘p narsani o‘zgartirib yuborar ekan. Ammo insonning bolaligida qalbiga muhrlangan tuyg‘ular aslo o‘zgarmas ekan. Bugun onaman, uch nafar farzandim bor. Matbuotga, gazeta va jurnallarga qiziqishim hali ham o‘sha-o‘sha. “Hurriyat”, “Kitob dunyosi”, “Ma’rifat” — bugun men eng sevgan gazetalar. Ularning har bir sonini iloji boricha qoldirmasdan o‘qib borishga harakat qilaman. Bolalarimni “Gulxan” va “Tong yulduzi”ga obuna qildim.

Bir kuni odatdagidek dam olish kunlarining birida o‘n bir yoshli o‘g‘lim bilan bozorga tushdik. Ro‘zg‘or uchun zarur narsalarni xarid qildik. Ammo o‘g‘limning nimadandir ko‘ngli to‘lmayotgan edi. Sababini so‘radim.

— Onajon, uyimizda kitobimiz ko‘p, lekin bolalarga atalgani kam, nega menga bozordan kitob olib bermadi­ngiz? — dedi.

O‘ylab ko‘rsam, o‘zim yaxshi ko‘rib o‘qiydigan va farzandlarimga ham tavsiya qilgan ko‘p kitoblarim kattalarga bag‘ishlangan, bolalar o‘z vaqtida o‘zlariga mos asarlarni ko‘proq o‘qishi kerak ekan.

— Voy, mening kitobsevar bolajonim-ey, — deya bo‘ylari cho‘zilib qolgan o‘g‘limning peshonasidan o‘pdim. — Senga albatta o‘zing sevgan kitob­lardan olib beraman, faqat ozgina sabr qilgin, xo‘pmi?..

Unga “O‘g‘lim, afsuski, bizning tumanimizda kitob do‘konlari yo‘q” deb aytmadim. Ko‘p o‘tmay, Qo‘qonga borib, u yerdan ertak kitoblar, bolalar shoir va adiblari asarlaridan olib keldim. Bolalarim shodligini tasvirlab bera olmayman.

Eshitishimcha, yaqin vaqtlar ichida respublikamizning har bir tumanida kitob do‘konlari ochilar ekan. Qaniydi, bu tezroq amalga oshsa. Kitobxonlik yanada kengroq tarqalib, biz, ota-onalar o‘z tumanimizdagi kitob do‘konlariga farzandlarimizni jon deb yetaklab borar edik.

 Dilnoza TOHIROVA,

 Beshariq tumanidagi 12-maktab o‘qituvchisi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.