TURLI XALQLAR TILLARINI BILISH

o‘zaro munosabatlar poydevori

Bugun, dunyoda globallashuv jarayoni tobora chuqurlashib borayotgan bir davrda xorijiy tillarni bilish zamon talabiga aylanib bormoqda.

Ayni paytda dunyoda 197 ta tan olingan davlat bo‘lib, ularning 193 tasi Birlashgan millatlar tashkilotining a’zosi hisoblanadi. Mazkur mamlakatlarda turli xalqlar, millatlar va elatlar istiqomat qilib, ular bilan aloqaga kirishning yagona yo‘li bu ularning tili, madaniyati va urf-odatlarini bilishdir.

 Bir guruh tilchilar jahonda 3 mingga yaqin til mavjud deb hisoblasa, ba’zilari bu raqam 6 mingdan oshishini ta’kidlaydi. Buning asosiy sababi esa tillarning aniq va yaxlit bir tillar oilasidan tashqari ularning turli sheva va lahjalarga bo‘linganligidir. Masalan, ispan tilini olaylik. U jahondagi eng ko‘p lahjali tillardan biridir. 

Birinchisi, eng oddiy variant – ispan tili, u ko‘pgina mamlakatlarda davlat tili hisoblanadi.

Ikkinchisi qiyinroq varianti, ya’ni yana bir keng tarqalgan til – kastiliya tili, unda Ispaniya aholisining kattagina qismi so‘zlashadi. Shuningdek, bu til Kuba, Argentina, Chili va boshqa mamlakatlarda keng tarqalgan. 

Uchinchisi ispan tilining turli mintaqalarda tarqalgan boshqa lahjalari. 

Xuddi shunday holatni biz o‘z ona tilimizda ham ko‘rishimiz mumkin. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qadimdan Markaziy Osiyo va unga tutash bo‘lgan hududlarda yashovchi xalqlar turkiy tilda so‘zlashgan. O‘zbek, turkman, qirg‘iz, qozoq, uyg‘ur va hatto Turkiyadagi hozirgi turk tilining o‘zagi aynan qadimda Markaziy Osiyoda mavjud bo‘lgan turkiy tilga borib taqaladi. 

Dunyodagi tillar sonining ko‘payishi yoki kamayishi esa yuqorida ko‘rsatilganidek, turli lahja va shevalarning rivojlanib borishi va ularning har birini alohida til deb tan olishimiz bilan bog‘liq.

Ayni paytda eng keng tarqalgan til bu – ingliz tili bo‘lib, dunyoning 56 mamlakatida milliy darajada foydalaniladi. Ikkinchi o‘rinda esa frantsuz tilidir, undan 29 ta mamlakatda rasmiy darajada foydalaniladi. Arab tili esa eng ko‘p tarqalgan tillar orasida uchinchi o‘rinni egallab, undan rasmiy darajada 24 ta davlatda foydalaniladi.

Turli mamlakatlarning o‘zaro siyosiy, iqtisodiy yoki boshqa masalalarda muloqotga kirishishi ham ko‘pincha keng tarqalgan tillarda amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olingan tillar bo‘lib, ular orqali xalqaro maydondagi muloqotlar amalga oshiriladi.  

Ingliz tili nafaqat Angliyaliklarning, balki AQSh, Irlandiya, Kanada, Malta, Avstraliya, Yangi Zenlandiya kabi mamlakatlar aholisining ham tili hisoblanadi. Mazkur tilga Osiyo va Afrikaning ayrim mamlakatlarida rasmiy davlat tili maqomi berilgan. 

Ingliz tilining jahonda keng qo‘llanilishini e’tiborga olgan holda mamlakatimizning umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarida bugungi kunda ingliz tilini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 8 maydagi “Uzluksiz ta’lim tizimining chet tillar bo‘yicha Davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan, ta’lim sohasiga chet tillarini, jumladan, ingliz tilini uzluksiz o‘qitish bo‘yicha davlat ta’lim standarti joriy qilindi. O‘quv muassasalarining o‘qituvchilari muntazam ravishda malaka oshirish markazlarida bilim va ko‘nikmalarini oshirib kelishmoqda.

Chet tillarini o‘qitish masalasiga berilayotgan e’tiborning yana bir misoli sifatida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 25 martdagi “Umumta’lim muassasalari chet tili o‘qituvchilarining malakasini va kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini ta’kidlab o‘tishimiz mumkin. Mazkur qarorga ko‘ra chet tili o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini oshirishning haftalik kurslari joriy qilinib, o‘qituvchilarning majburiy attestatsiya imtihonidan o‘tishining davriyligi belgilandi.

Chet tilining yanada puxta o‘zlashtirilishini ta’minlash maqsadida oliy o‘quv yurtlarida ayrim maxsus fanlarni, xususan, texnik va xalqaro mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitishni chet tillarda olib borish belgilandi.

E’tiborli jihatlardan yana biri shuki, davlatimiz rahbariyati tomonidan Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligining chet tillar o‘qituvchilariga qonun hujjatlari bilan belgilangan rag‘batlantiriluvchi to‘lovlar va qo‘shimchalarni hisoblashda, ularning lavozim maoshlari tarkibiga kiritgan holda qishloq joylarda joylashgan ta’lim muassasalarida ularning tarif stavkalariga 30 foiz va boshqa ta’lim muassasalarida 15 foiz stavkalari miqdoridagi har oydagi qo‘shimchalar qo‘shib berishni belgilash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi.

Bugungi kunda, televidenie, jumladan, mahalliy telekanallar orqali bolalar va o‘smirlarni xorijiy tillarga o‘rgatish bo‘yicha turli ko‘rsatuvlar efirga uzatilmoqda. Boshqa xalqlarning tarixi va madaniyati, jahon ilmi va texnikasiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop xorijiy badiiy hamda multiplikatsiyaviy filmlar o‘zbek tilidagi subtitr yordamida, muntazam ko‘rsatib borilmoqda.

Umuman olganda, mamlakatda chet tillarini, shu jumladan, ingliz tilini o‘rganishga juda ham katta e’tibor qaratilmoqda. Har bir o‘quvchi chet tilini bilish lozimligini o‘zida his etadi. Bu esa o‘z navbatida til o‘rganish nafaqat ta’lim tizimi, balki jamiyat hayoti uchun ham muhim omil ekanini ko‘rsatadi.

 

Shahlo MAHMUDOVA,

Sergeli sanoat kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.