QADRIYATLARNI QADRLASH O‘ZLIKNI ANGLASHDIR

Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida: “O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q”, – deb alohida ta’kidlagan.  Bu gapning chuqur mazmunini  mamlakatimiz mustaqilligining 25 yillik bayrami arafasida, erishilgan yutuqlarni sarhisob qilib yanada teran his qilyapmiz. Yurtimiz tarixini o‘rgangan sari, ota-bobolarimizdan qolgan ulkan merosning zalvorli qismini nomoddiy madaniy meros – qadimiy kuy-qo‘shiqlar, doston va termalar, urf-odat, bayram va marosimlar tashkil etishini anglab yetayapmiz. Ular hayotimizga yangi mazmun baxsh etib, gullab-yashnayotgan shahar-qishloqlarimiz, o‘tkazilayotgan bayram va tantanalarimiz fayziga-fayz qo‘shyapti.

 

Bu ezgu ishga O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi jamoasining izlanishlari ham munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Markaz direktori, siyosiy fanlar nomzodi Azamat HAYDAROV bilan shu kungacha bajarilgan va kelgusida rejalashtirilgan ishlar haqida suhbatlashdik.

— Azamat Haydarovich, Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘lkamizdagi nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha tuzilgan davlat dasturi madaniyatimizning nodir yodgorliklarini keng miqyosda o‘rganishda ayni muddao bo‘lmoqda. Dasturga muvofiq shu yillar mobaynida markaz tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi? 

– Yurtimizning har bir qarich yeri muqaddas va tabarruk. Ajdodlarimiz shu yurtning gullab-yashnashi uchun faqatgina umrini emas, butun  aqlu zakovatini baxshida etib yashagan, o‘zlaridan umrboqiy qadriyatlarni meros qilib qoldirgan. Biz tariximiz va ijodkor, donishmand ota-bobolarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Faqat faxrlanish bilan cheklanmay ularning merosini o‘rganishimiz, undan foydalanishimiz kerak. Bu o‘sib kelayotgan avlod qalbida ma’naviy jasorat hislarini uyg‘otadi. Zero, Prezidentimiz: “Agar mendan, hozirgi kunda ma’naviyatimizni asrash uchun nima qilish lozim va unga tahdid soladigan xurujlarga nimani qarshi qo‘yish kerak, deb so‘rasa men avvalambor, shu yurtda yashayotgan har qaysi inson o‘zligini anglashi, qadimiy tariximiz va boy madaniyatimiz, ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqurroq o‘zlashtirishi, bugungi tez o‘zgarayotgan hayot voqeligiga ongli qarab, mustaqil fikrlashi va diyorimizdagi barcha o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashi zarur, deb javob bergan bo‘lardim”, – deb bejiz ta’kidlamagan.

Biz vorislik qilayotgan merosning aksariyat qismini nomoddiy madaniy meros tashkil qiladi. Nomoddiy madaniy meros atamasi keyingi yillarda paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, biroq, uning mohiyatida, tub ildizlarida xalqimizning og‘zaki ijod namunasi sifatida qarab kelinayotgan qadimiy folklor hamda milliy hunarmandlikka oid bilim va ko‘nikmalar, urf-odat, marosim, bayramlar, shuningdek, ijro san’ati namunalari yotadi. 

YuNYeSKO 2001 yilda nomoddiy meros ta’rifini kelishilgan holda ishlab chiqish maqsadida a’zo davlatlar va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Maxsus bir ta’rifga kelishilgach, 2003 yil 17 oktyabrda Parij shahrida Nomoddiy madaniy meros muhofazasi bo‘yicha Konventsiya qabul qilingan.

Davlatimiz ham 2008 yili ushbu Konventsiyani ratifikatsiya qilib, unga a’zo bo‘ldi. Shu munosabat bilan nomoddiy meros masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 7 oktyabrdagi qaroriga asosan, 2010—2020 yillarda nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va undan foydalanish Davlat dasturi qabul qilindi. Ushbu dastur ijrosi  uchun esa respublikamizning 38 ta tashkilot va muassasalari biriktirildi. Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markaziga davlat va nodavlat tashkilotlarning nomoddiy madaniy meros masalalari bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiruvchi muassasa maqomi berildi.

Dastur ijrosini ta’minlashga jalb qilingan muassasalar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajaryapti. Masalan, markaz shu kungacha respublikamiz bo‘ylab bir qator ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirib, o‘rganilgan nomoddiy meros namunalari ro‘yxatini shakllantirdi. Hali ilmiy jihatdan to‘liq o‘rganilmaganlari aniqlab olindi. Bu jarayonda respublikamizning tuman-shaharlarida faoliyat yuritib kelayotgan bo‘limlarimizda viloyatga xos nomoddiy madaniy merosni o‘zida saqlovchi va yetkazuvchilar ro‘yxatga olindi. Ular bilan joylarda uchrashuvlar o‘tkazib, faoliyat turlariga aniqlik kiritildi.  

Nomoddiy madaniy meros namunalarining mahalliy ro‘yxatlari tuzilib, doimiy yangilanib borilmoqda. Mahalliy ro‘yxat bu muayyan hududga xos bo‘lgan nomoddiy madaniy meros namunalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan hisobga olish hujjatidir. Mahalliy ro‘yxatlar respublika darajasida tuziladigan Milliy ro‘yxatini, Milliy ro‘yxat esa, o‘z navbatida, dunyo bo‘yicha yuritiladigan insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga tavsiya etilayotgan namunalar ro‘yxatini to‘ldirib, yangilab boradi.

Bugungi kungacha O‘zbekiston nomidan tavsiya etilgan durdona meroslarimiz Shashmaqom, Katta ashula, Navro‘z, Askiya hamda Boysun madaniy muhiti YuNYeSKOning reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, 2016 yilda YuNYeSKOning ushbu ro‘yxatiga kiritish masalasini ko‘rib chiqish uchun “Palov madaniyati va an’analari” namunasiga oid hujjatlar taqdim etilgan. Bundan tashqari, avval, Navro‘z  bayrami olti davlat bilan birga berilgan bo‘lsa, yana olti davlat ro‘yxatda nomlari aks etish istagini bildirgani uchun “Navro‘z — 2016” tavsiyanomasini 12 davlat bilan birgalikda tayyorlash va qayta taqdim etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, 2017 yilda ko‘rib chiqish uchun “Dorbozlik san’ati” va “Marg‘ilon hunarmandlik maktabi” nomzodlari O‘zbekiston nomidan YuNYeSKOga tavsiya etilgan.

Yuqorida aytganimizdek, ota-bobolarimiz qoldirgan qanchadan-qancha nomoddiy madaniy meros vorislarimiz. Bu bebaho xazina ijro san’ati, an’anaviy hunarmandlik bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalar, jamiyatning urf-odat, marosim va bayramlari, o‘zlikni namoyon etishning og‘zaki shakl va an’analari, tabiat va koinot bilan bog‘liq bilim va urf-odatlar ko‘rinishida bizgacha yetib kelgan. Ularning aksariyatini insoniyatning boyligi sifatida YuNYeSKOning reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun tavsiya etib, dunyo miqyosida targ‘ib qilsak arziydi. Masalan, dorbozlik san’atimiz dunyoning boshqa joylarida uchramaydi.  To‘g‘ri, tsirklarda past sim dorlarda har xil tryuklar ko‘rsatiladi. Lekin ochiq maydonlarda baland dor o‘rnatib tomosha ko‘rsatish ota bobolarimizdan faqat bizga meros bo‘lib qolgan. Bunday durdona meroslarimiz ko‘p. Tarixiy yodgorliklar zarur bo‘lganda ta’mirlanib turilganidek, nomoddiy madaniy merosimizni ham sayqallab, zamonaviy ruh bag‘ishlab borishimiz lozim. Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy metodik markazi ana shu maqsadda ko‘plab tadbirlarni amalga oshiryapti. Masalan, dorbozlik san’atini rivojlantirish, dunyoga targ‘ib qilish uchun “Alpomish o‘yinlari” ko‘rik-tanlovini, “Maydon tomoshalari san’ati” festivalini o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi. Natijada dorbozlik va tsirk guruhlari faoliyati sezilarli darajada jonlandi. Hozirgi kunda respublikamiz miqyosida 47 ta dorbozlik jamoasi, 21 ta tsirk guruhi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shulardan 10 ta dorbozlik jamoasi, 8 ta tsirk guruhiga “Xalq havaskorlik jamoasi” maqomi berildi. Eng muhimi mana shunday e’tibor va rag‘bat orqali dorbozlar va tsirk guruhlari o‘zlari ko‘rsatayotgan tomoshalarga mas’uliyat bilan yondashmoqda. 

— Ko‘hna va navqiron Samarqand zaminida o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari” festivaliga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar har gal mumtoz ashulalarimizni hayajon bilan tinglaganini ko‘rib, beixtiyor g‘ururlanib ketamiz. Ayting-chi, xalqlar o‘rtasidagi adabiy-madaniy munosabatlarni barqaror bo‘lishida bunday nufuzli ko‘rik-tanlovlarning qay darajada o‘rni bor?   

— Biz azal-azaldan ezgulikka intilgan, boshqa millat vakillari, qo‘shni davlatlar bilan tinch-totuv bo‘lishga, ahil-inoq yashashga harakat qilgan xalqmiz. Bunga dalil bo‘ladigan tarixiy manbalar juda ko‘p. Va yana bir narsa ma’lumki, azal-azaldan boshqa millatlar bilan do‘stlik aloqalarini o‘rnatishda madaniyat va san’at ko‘prik vazifasini o‘tagan. “Sharq taronalari” festivalining tashkil etilishida ana shunday ezgu maqsad ko‘zlangani aniq. O‘n yildan buyon o‘tkazilayotgan bu festival bugungi kunda nafaqat Sharq xalqlarining, balki, dunyoning eng nufuzli anjumanlaridan biriga aylandi. Unda ishtirok etishni xohlovchilar safi yildan-yilga kengayib boryapti. Bu bejiz emas.  Chunki mana shu festival bahona qanchadan-qancha nodir asarlar tiklanyapti. Qo‘shni xalqlar bilan madaniy aloqalarimiz mustahkamlanmoqda. “Sharq taronalari” san’at va madaniyat maktabiga aylandi. Biz boshqa xalqlardan, ular bizdan nimanidir o‘rganyapti. Endi, xorijiy mehmonlar bizni mumtoz kuy-qo‘shiqlarimizni eshitib hayajonlanganiga kelsak, bu tabiiy hol. Kuy-qo‘shiq — insoniyat yaratgan eng sehrli mo‘’jiza. Mo‘’jizaligi shundaki, u millat tanlamaydi. Umuminsoniy ko‘ngil kechinmalari bilan yaratilgan kuy-qo‘shiqning umri boqiydir. Qachon va qaerda yangrashidan qat’i nazar yuraklarni hayrat va hayajonga solaveradi. Biz ularni mumtoz kuy-qo‘shiqlar, deymiz. Ijodkor xalqimiz yaratgan Katta ashula, Shashmaqom ham ana shunday durdonalarimizdan hisoblanadi. Shuning uchun bu kuy-qo‘shiqlarimiz nodir asarlar sifatida YuNYeSKOning ro‘yxatiga kiritilgan. 

“Munojot”ni qarang, qanday ajoyib kuy! Unga O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripov juda chiroyli ta’rif bergan:

Eshilib-to‘lg‘anib ingranadi kuy,

Asrlar g‘amidan so‘ylar Munojot.

Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga,

Qanday chiday olgan ekan odamzod.

Yaxshi kuylar mana shunday go‘zal fikrlar uyg‘otadi. “Sharq taronalari”da faqat “Munojot”ga o‘xshagan mumtoz kuy-qo‘shiqlar yangrab mamlakatlararo do‘stlik aloqalarining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Bu festivalga yuqori baho berilayotganining sababi ham shu.

— Bugun mamlakatimizning barcha go‘shalarida barpo etilayotgan madaniyat saroylarida muzey, kutubxona, badiiy havaskorlik jamoalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ayniqsa, istirohat bog‘lari, salqin shabboda ufurib turgan favvoralar atrofida ko‘chma kitob do‘konlari, teatr tomoshalari va kontsert uyushtirish odat tusiga kirib borayotgani odamlarni hayotga yangi nigoh bilan qarashga undamoqda. Shunday emasmi?

— Istiqlol tufayli yurtimiz hayotida katta o‘zgarishlar yuz beryapti. Ayniqsa, fikr-qarashlarimiz, orzu-intilishlarimiz, turmush va madaniyatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar har qancha quvonsa arzigulik. Mana shu o‘zgarishlar barcha sohalarda erishayotgan yutuqlarimizning omili bo‘lmoqda. Milliy madaniyatimiz an’analarini targ‘ib qilish, aholining ijtimoiy, madaniy faolligini yanada oshirish, qishloq joylarda yashovchi yoshlarning ma’naviy olamini boyitish, mazmunli dam olishini tashkil qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlarda mavjud bo‘lgan ikki mingga yaqin madaniyat uylari va klublar negizida 894 ta madaniyat va aholi dam olish markazi ta’mirlanib, moddiy texnik bazasi to‘liq yangilanmoqda. Bu markazlarda madaniy-ma’rifiy xizmatlar, internet-studiyalar, turli kurslar, munozara klublari, sport turlari va intellektual o‘yinlar bo‘yicha musobaqalar, tanlovlar, foto va amaliy san’at ko‘rgazmalari tashkil etiladi. 

Shuningdek, xalq ijodiyoti va tomosha san’atini minifestivallari, mahalliy urf-odatlar va an’analarni aks ettiruvchi ommaviy teatrlashtirilgan bayram tomoshalari, xalq sayillarini tashkil etish orqali badiiy ijod va amaliy san’atni rivojlantirish, milliy an’ana va qadriyatlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kungacha 116 ta bog‘da dasturda belgilangan barcha vazifalar uddalandi. 37 ta madaniyat va istirohat bog‘ida yangi bog‘lar tashkil qilinib, 55 tasida kapital rekonstruktsiya ishlari yakunlandi. Bu ishlarning barchasi mamlakatimiz aholisiga, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin bir ko‘rinishidir.

— Azaldan o‘zbek xonadonlarida dutor, rubob, doira va nay kabi sozlar turgan. Hozirgacha bunday an’ana davom etib kelmoqda. Ammo ota-bobolarimiz ishlatgan qadimiy sozlarning ayrimlari bizgacha yetib kelmagan. Bunday san’at yodgorliklarini o‘rganish uchun qanday izlanishlar olib borilmoqda?

— Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida: “Uyida dutor, doira yoki boshqa cholg‘u asbobi bo‘lmagan, musiqaning hayotbaxsh ta’sirini o‘z hayotida sezmasdan yashaydigan odamni bizning yurtimizda topish qiyin, desak mubolag‘a bo‘lmaydi”, — deb yozgan so‘zlari bor. Savolingiz ana shu haqiqatni yana bir bor eslatdi. Chindan ham biz qo‘shiqni, musiqani sevadigan xalqmiz. Shuning uchun uylarimizning devorlariga cholg‘u asboblarini ilib qo‘yish barchamizga odat bo‘lib qolgan. Bu san’atga muhabbatimiz ramzi, ajdodlarimizdan meros an’ana. San’atsevar ajdodlarimiz yaxshi kuy-qo‘shiqlar yaratish maqsadida xilma-xil cholg‘u asboblaridan foydalangan. Afsuki, ko‘plab qadimiy sozlar bizgacha yetib kelmagan. Buni turli sabablari bor. Ayrim cholg‘u asboblari davrlar o‘tishi bilan talabga javob bermay qolgan yoki dutor, tanbur, nay kabi mukammal ko‘rinishga keltirilgan. Sho‘ro davrida madaniyat va san’atini ruslashtirishga bo‘lgan urinishlar ham ko‘plab milliy cholg‘u asboblarimizni yo‘qolishiga sabab bo‘lgan. Lekin nima bo‘lgandayam, qadimiy sozlarimizni imkon boricha izlab topib, ularga yangi hayot bag‘ishlash bizning burchimiz. Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy metodik markazida bu ezgu ishga alohida e’tibor qaratilyapti. Viloyatlarda uyushtirilayotgan ilmiy-ekspeditsiyalarda qadimiy sozlar haqida qimmatli ma’lumotlar to‘plab, ularni tiklashga, odamlarda saqlanib qolgan, bugungi kunda ko‘pchilikka noma’lum bo‘lgan cholg‘ularni targ‘ib qilishga intilyapmiz. Ana shu yo‘ldagi sa’y-harakatlar tufayli anchagina urfdan qolgan chanqovuz, sibizg‘a, bulomon, qo‘shnay, cho‘ponnay, do‘mbira, qo‘biz kabi cholg‘u asboblarimizga e’tibor kuchaydi. 

Har bir xalqning o‘ziga xos urf-odatlari va udumlari bo‘lgani kabi boshqalarnikiga o‘xshamaydigan milliy taomlari ham bo‘ladi. Bizning ham dovrug‘i yetti iqlimga ketgan o‘zbekona taomlarimiz ko‘p. Bu yil YuNYeSKO yig‘ilishida O‘zbekiston nomidan tavsiya etilgan “Palov madaniyati va an’analari”ni reprezentativ ro‘yxatga kiritish masalasi ko‘rib chiqiladi. Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar respublika ilmiy metodika markazi jamoasi ham yurtimizdagi farovonlik va to‘kin-sochinlikni ramzi sifatida pazandalar bellashuvlarini tashkil qilishga e’tibor qaratmoqda. Yaqinda Navoiy viloyatining Nurota tumanida bo‘lib o‘tgan folklor-etnografik jamoalar va baxshilarning “Nurli navolar” deb nomlangan festivalida ham navoiylik pazandalarning qiziqarli bellashuvi bo‘lib o‘tdi. Ajdodlarimizning bizga qoldirgan nomoddiy-madaniy meroslari haqida uzoq suhbatlashish mumkin. Biz bugun ularning ayrimlariga to‘xtaldik, xolos. Qiziqarli ma’lumotlar, aytiladigan gaplar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, xulosa bitta, biz qadriyatlarimizni qanchalik qadrlasak, ma’naviyatimiz shunchalik boyiydi. Chunki yurt tarixini o‘rganish, eng yaxshi an’analarga ehtirom ko‘rsatish o‘zlikni anglashdir.

“Hurriyat” muxbiri

Adiba UMIROVA suhbatlashdi. 

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.