MEHR VA MURUVVAT AYYOMI

Bugungi kunda ona yurtimiz jadal taraqqiy etib, barcha sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotganini, diyorimizda hukm surayotgan tinchlikni hamda farovon hayotni, qut-barakani xalqimiz avvalambor Yaratganning cheksiz marhamati sifatida shukronalik bilan qabul qilmoqda. Shuning shukronasi sifatida ayni kunlarda butun dunyo musulmonlari qatorida yurtdoshlarimiz ham muborak ramazon oyining amallarini bajarib, dinimizning yana bitta muhim farzini ado etishmoqda.

 

Shu munosabat bilan joriy yilning 1 iyunida O‘zbekiston Prezidentining «Muborak ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Qarorga muvofiq, ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga mos va uyg‘un tarzda o‘tkazishning chora tadbirlari belgilab berilgan. Ushbu oyda insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlarini, ulug‘lashimiz, muqaddas dinimiz arkonlarini e’zozlashimiz, odamlarni yaxshilikka da’vat etishimiz maqsadga muvofiqdir. 

Ayni ramazon oyi munosabati bilan bundan ancha yillar oldin yuz bergan bir voqea esimga tushib ketdi. O‘shanda yurtdoshlarimizdan biri o‘z atrofidagilarga “pirga qo‘l berganini, endi namoz o‘qimasa ham, ro‘za tutmasa ham bo‘laverishini, pirining namozi, ro‘zasi muridlariga ham o‘taverishi” haqida safsata sotardi. Suhbatdoshim yoshi menga nisbatan ancha katta bo‘lgani bois, shuningdek bilmay turib gapirib yuborib, xato qilib qo‘yishdan xavotirga tushib, unga indamagan edim. 

Ammo shu suhbat ancha vaqt xalovatimini yo‘qotdi. Din, jumladan, tasavvufga oid kitoblarni varaqlab chiqishga to‘g‘ri keldi. Lekin biror-bir kitobda pirga muridlari uchun namoz o‘qish, ro‘za tutish kabi vakolat berilgani uchramadi. Shu sababli ayrim sodda kishilar qallob pirlarning makriga uchrab qolmayaptimikan, degan andisha bilan qo‘lga qalam oldim.

Tasavvuf haqida ustozlarimiz, diniy ulamolarimiz ko‘p yozishgan. Shunday bo‘lsa-da, nima uchun to‘g‘ri xulosa chiqarilmayapti va savodsiz “pirlar” boshqalarning boshini aylantirishda davom etmoqda, degan savol tug‘iladi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Aydarbek Tulepovning yozishicha tasavvuf ruhiy-ma’nviy poklanishga da’vat etuvchi g‘oyalar silsilasi sifatida paydo bo‘lib, uning namoyandalari uzoq asrlardan beri insoniyatning ma’naviy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelgan. Ko‘plab olimu ulamo, fozilu fuzalo, davlat va jamoat arboblari o‘zlarini tasavvuf olamiga daxldor sanagan, uning poklikka da’vat qiluvchi g‘oyalarini xalq turmush tarziga tatbiq etish yo‘lida sa’y-harakat qilishgan.

Ammo so‘nggi vaqtlarda ayrim kimsalar tariqatni mansab, mol-dunyo orttirish, muridbozlikka aylantirib oldilar. Olim va ulamolarning so‘zlariga qaraganda, bu shaxslar tasavvuf ta’limotining g‘oyalaridan ancha uzoqlashib ketishgan. Muridlar tomonidan pirlarni ko‘klarga ko‘tarib ulug‘lanishi, ularning tavof qilinishi dinimizda ham, tariqatda ham yo‘q. Tasavvuf tarixida yuqori darajalarga ko‘tarilgan ulug‘ shayxlarning hammasi shariat ilmlarining ustozlari bo‘lib, tariqatga o‘tmoqchi bo‘lganlarni avval shar’iy ilmlarni egallashga da’vat qilganlari ma’lum.

Shu o‘rinda Ahmad Yassaviyning o‘afur o‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 1992 yilda nashr qilingan “Devoni hikmat”iga murojaat qilamiz. Kitobning “Faqrnoma” bo‘limida shunday yoziladi: “Bizdin so‘ngra ondog‘ mashoyixlar paydo bo‘lg‘aykim, iblis alayhil-la’na olardin sabaq olg‘ay va hamma xalq olarg‘a muhib bo‘lg‘ay va muridlarini boshqara olmag‘aylar. Ul shayxlarkim, muridlaridin tama’ qilg‘ay va jonini kufru zalolatdin oyirmagay va ahli bid’atni yaxshi ko‘rgay va ahli sunnatni yomon ko‘rgay va ilmi shariat birlan amal qilmag‘ay va nomaxramlarga ko‘z solg‘aylar va yomonlig‘ pesha qilib, Alloh ta’oloning rahmatidin umid tutqay va mashoyixlar ishini xor ko‘rgay, muridlari rad bo‘lg‘ay, o‘zlari murtad bo‘lg‘ay va yana xorliq-zorliq birla muridlarining eshigida yurugaylar. Ul holda muridlaridin niyoz olg‘aylar. Agar muridlari nazru niyoz bermasa, urushqaylar”.

Hozirgi kunda uchrab turayotgan muridlarning o‘z pirlarini haddan ziyod ulug‘layotganiga nima deyish mumkin? Ularning pirdan boshqalarning so‘ziga kirmasligiga, muqaddas kitoblarga amal qilmay, ulamolarning so‘zlarini tan olmay bepisand qarashlariga qanday baho berish kerak? Bu takabburlik emasmi? Qani bu yerda Ahmad Yassaviyning kamtarlik xaqidagi “tufroq bo‘lgil” degan nasihatlari?

O‘tgan yilning 29 aprel kuni “Hurriyat” gazetasining 19 sonida “Movarounnahr tasavvufi va tariqatchilik” deb nomlangan qiziqarli maqola bosildi. Toshkent islom universiteti islomshunoslik kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi I.Usmonov mintaqadagi zamonaviy tasavvuf avvalgi asl qiyofasidan birmuncha farq qilishini ta’kidlar ekan, shunday yozadi:

“Biroq bugunga kelib sufiy guruhlarning tub aholi orasida o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga urinishi sodir bo‘lmoqda. Natijada mintaqa aholisi o‘rtasida tariqatchilikning quyidagi noo‘rin ko‘rinishlari namoyon bo‘lmoqda:

- tarkidunyochilik kayfiyati;

- pirlarni haddan ziyod ulug‘lash;

- ibodat marosimlarida ixtilofli masalalarga berilib ketish;

- e’tiborni jalb qiladigan kiyimda yurish (yozda ham salla-chopon, mahsi-kavush, uzun ko‘ylak-nimcha, beo‘xshov soqol qo‘yish) orqali boshqalardan ajralib turishga urinish;

- yosh, mehnatga layoqatli yigitlarning “pir”lar etagidan tutib ijtimoiy hayotdan uzilib qolishi, oilalarini tark etib, ertayu kech pir xizmatiga o‘zini bag‘ishlashi va hokazo.

Tariqatchilar faoliyati tufayli ijtimoiy nizolarga sabab bo‘layotgan holatlar:

- tariqatda bo‘lmaganlarga nisbatan past nazar bilan qarash;

- ilm olishga bo‘lgan rag‘batning susayishi — go‘yoki “ko‘pgina avliyolar o‘qimasalar ham katta maqomlarga yetishganlar” qabilida ish tutish;

- oilali tariqatchilar oilalarining ta’minotini “Allohga tavakkal” qilib, pirdan vazifa olganlik bahonasida oila moddiy ta’minotidan bosh tortish;

- zamonaviy madaniyat va taraqqiyot yutuqlariga salbiy munosabatda bo‘lish;

- boshqa din vakillariga nisbatan toqatsizlik ko‘rinishlari va boshqalar”.

“Faqrnoma”da yoziladi: “Shayx Zunnun Misriy rahmatullohi alayh ondog‘ aytibdurlarkim, murid qirq yil xizmat qilmag‘uncha, shayxlik va faqirlik va darvesh o‘rni anga ta’yin bo‘lmas va xirqa kiymoqi onga ravo ermas. Hazrati Sulton Xoja Ahmad Yassaviy ondog‘ aytibdurlarkim, har kim pirlik va shayxliq da’vosin qilur bo‘lsa, qirq yil to pirning xizmatida yurmaguncha, shayx o‘rni onga ravo ermas. Agar murid olsa, rad turur. Har kim darvishlik da’vosin qilsa, avval Haq amrina buyin sunub, shariat amri birla bo‘lg‘ay. Va botil ishlardin va bid’at ishlardin parhez qilg‘ay, kecha qiyom bo‘lmag‘uncha, kunduz xizmat qilmag‘uncha, shayxliq da’vosin qilsa, botil turur. Agar tavba qilmay dunyodin borsa, Haq ta’olo tamug‘da turluk azobga giriftor qilg‘ay”.

Yana savol tug‘iladi: “Hozir o‘zlarini pir deb atayotganlar qaysi pirning xizmatini qirq yil qilibdi?” Umuman, ular “tariqatga shariatsiz kirganlarning shayton kelib imonini olar emish” deya nasihat qilgan Ahmad Yassaviyning, shuningdek, Sayyid Amir Kulol, Sayyid Umar, Sayyid Baraka, Xo‘ja Abduxoliq o‘ijduvoniy, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Ubaydulloh Ahror kabi buyuk avliyolarning ta’limotidan xabardormikan?

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, Islom ilm dinidir. “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” deyiladi Hadisi sharifda. “Tariqatdaman” deguvchi ayrimlarning ilm o‘rganishdan o‘zlarini olib qochayotganlari ayanchli va achinarlidir. Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi va sallam)ning “Alloh taolo sizlarning tashqi ko‘rinishlaringiz va mol-mulklaringizga emas, balki amallaringizga qaraydi” degan hadislariga amal qilmay tariqat yo‘liga kirdim, deb kiyim-boshlarini, yurish-turishlarini o‘zgartirayotganlarni  ham aslo oqlab bo‘lmaydi. Bir narsani — tasavvuf halollik, mehnatsevarlik, adolat va rostgo‘ylik kabi umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida mujassam etganini aslo unutmaslik kerak. Mabodo, ushbu mavzu yuzasidan ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsak, ustozlardan uzr so‘raymiz.

       

 Sharofiddin TO‘LAGANOV