“Tog‘ kesib yo‘llar solur chindan bu kun Farhod — vatan”

Men, yo‘l odami bo‘lsam kerak... Juda kichikligimdan – o‘n kunligimdan Samarqand tarafga safar qilganimiz haqida aytib berishgan. Yetti yoshimda og‘rib qolganimni eslayman. O‘sha zamon tibbiyoti davolashdan ojiz qolgan va kimningdir maslahati bilan meni bobolarim mangu bosh qo‘yib yotgan Samarqandga olib kelganlar. Dovondan o‘sha paytda “guruz-taksi” deb ataladigan ulovda o‘tganmiz.

 

O‘quvchi ehtimol, “guruz-taksi”ning nimaligini ham bilmas. Bu yuk mashinasining aynan o‘zi, faqat suyanchig‘i bo‘ylab uzunasiga ikkita taxta o‘rindiq o‘rnatilgan. Ana shu taxtalarga bizning yo‘lovchilar simyog‘ochga qo‘ngan qaldirg‘ochlarday tizilib o‘tirib olishadi. Mashina Taxtiqoracha dovoniga tirmashdi. Yo‘l o‘nqir-cho‘nqir bo‘lganligi sababli mashina bir o‘ngga, bir so‘lga qiyshayib, odamlar to‘kilib ketguday bo‘lib, chayqalib, bir-biriga urilib, silkinib borayotir. Haydovchi ozgina xato qilsa, yoki bir lahza chalg‘ib qolsa, mashinaga qo‘shilib tog‘dan dumalab ketishimiz hech gap emas. Men bola tasavvurimda o‘rnashib qolgan o‘sha qo‘rquvni hamon his qilganday bo‘laman. Tik jarliklar, ostimizda tepamizda ulkan-ulkan toshlar osilib turganday. Yo‘lda bir necha marotaba to‘xtab mashinaga paqirlab “Suv ichirdik”. Nihoyat Samarqandga yetib keldik. “To‘rt soatda keldik” – dedi kimdir. Kimdir “Sal ziyodroq” – dedi.

Oradan yillar o‘tdi. Men Samarqandda o‘qib shu yerda ishlab qoldim, bu yillar davomida necha-necha bor dovon oshib qishlog‘imga qatnadim, mashinalar suvi qaynab tog‘da qolib ketgan kunlarimiz ham ko‘p bo‘lgan.  Bular bari ortda qoldi, birovga aytsang ishonmaydigan xotiralarga aylanib ulgurdi.

Kitob – Samarqand yo‘lini bugun ham ko‘p tomosha qilaman. Ha aynan tomosha qiladigan yo‘l bo‘libdi. Keng, ravon qopqora asfalt yotqizilgan yo‘lni suvday kesib borayotgan Neksiya, Lasetti, Kaptiva, Orlando singari o‘z mashinalarimizni tog‘dan turib tomosha qilishning o‘zgacha gashti bor. 

Bugun Mustaqillikning yigirma besh yilligi arafasida Toshkenti azim ham ikki soatlik yo‘l bo‘lib turibdi. Buning ustiga undagi qulayliklar, samolyot styuardessalarini eslatuvchi xushmuomala qizlarining dam-badam hol so‘rab turishlarini aytmaysizmi? Toshkentlik do‘stlarimiz ertalab Samarqandga kelib, tomoshalab, uchrashuvlar qilib, kechqurun yana shu poezdda Toshkentga qaytib, kechgi ovqatda oila dasturxonida taassurotlarini gurung berib o‘tiradigan bo‘ldilar. 

 Bu g‘urur tuyg‘usi qoshida tog‘lar pasayib borayotganday, go‘yo. Axir, ertagu afsonalardagi xayoliy orzular bugun hayot haqiqatiga aylanib borayotgani kimni quvontirmaydi. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini bilmagan o‘zbek yo‘q. Hammamiz ham, maktab darsligidagi parchani o‘qigan, eshitgan, shu haqda mushohada qilganmiz. Farhodning alp jussali pahlavonligini, teshasi oldida tosh pichoq oldidagi sariyog‘day kesilib borayotganini, tog‘larni kesib kanal o‘tkazayotganini tasavvur qilib, zavqlanganmiz. Bu shoirning taxayyuli mevasi. Orzusining in’ikosi, xolos. Ammo Navoiyning daholigi shu bilan ham ifodalanadiki, oradan besh yuz yil o‘tib, O‘zbekistonda shoirning o‘sha ushalmasday tuyulgan orzulari amalga oshmoqda. Afsonalar hayot haqiqatiga aylanib bormoqda. 

Farg‘ona – Toshkent yo‘lida Qamchiq dovoni orqali o‘tkazilgan temir yo‘l tunneli o‘n to‘qqiz kilometrga cho‘zilgan. Bu tog‘ning teshilib yo‘l o‘tkazilishi haqida o‘n besh-yigirma yil oldin gapirgan odamning gapiga kim ishonardi. Kim o‘ylagandi, deysiz Far- g‘ona – Toshkent orasi bir soatlik yo‘l bo‘lishini. Bugun bu inshoot hayotimizga ko‘chgan. Men qalbimda jo‘sh urayotgan tuyg‘ularimni quyidagicha she’rga soldim.

To ko‘ngul to‘lmay turib, hech bo‘lmagay obod Vatan,

Ruh ozod bo‘lmay turib, hech bo‘lmagay ozod Vatan.

Biz ko‘ngulni to‘q tutib, so‘ng yurtni obod ayladik,

Kim ko‘ngullar shod o‘lub ham bo‘ldiku dilshod Vatan...

Orif HOJI 

Samarqand viloyati

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.