“YURTIM DEGAN YUTQAZMAS, BOLAM...”

Farg‘onada viloyat nomi bilan ataluvchi bu tumanning har bir maskani ko‘ngilga yaqin, xushmanzara va saxovatli. Bu yurt odamlari yuzidan ham ana shunday dilbarlikni ilg‘ab olasiz. Farg‘ona tumanining so‘lim va maftunkor Log‘on qishlog‘i ahli istiqlolimizning 25 yillik tantanasini yangi maqsadlar va yutuqlar bilan qarshi olmoqda. Ayni dam “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan qutlug‘ shiordan log‘onliklar ham olam-olam ma’no topmoqda. Qishloq nuroniylari esa saodatli kunlar shukronasini bugungi avlod vakillariga bot-bot ta’kidlashdan tolmaydilar.

 

Darhaqiqat, biz shukronalik fazilatini keksalarimizdan o‘rgangan xalqmiz. Ko‘pni ko‘rganlarning nasihati bilan ezguliklarga qo‘l uramiz. Log‘onliklar orasida Shokirjon hoji ota Yo‘ldoshev el mehrini va hurmatini qozongan dilkash insonlardan biri. Shokir ota Log‘onning saxiy dalalarida ulg‘aygan. Shu yerdan rizq topib, farzand tarbiyalagan. Salkam sakson yoshga kirgan otaxon bugun ham shu dalalar nafasini tuyishdan, paykal aylanishdan charchamaydi. “O‘zingizni urintirib nima qilasiz, ota, tinim bilmaysiz-a. Dam olsangiz-chi, bizga qo‘yib bering bu yumushlarni”, deb kuyunchaklik qiluvchi qo‘shnilarni ham, birodarlarni ham Shokir ota kulibgina rad etadi. Qachonlardir kolxozga aylantirilgan bu zaminda endilikda fermeru tadbirkorlarning iqboli porlayotganidan chinakamiga quvonadi. O‘tgan 25 yillik umrining quvonch va tashvishlari shu lahzalarda ko‘z oldidan o‘tadi. Otaxonning yuragiga nuroniy yoshida g‘ayrat, shijoat bag‘ishlayotgan tuyg‘u ham aslida mana shu – mustaqillik shukronasi.

– Olamni nurga to‘ldirib uyg‘ongan quyosh qalbimizga qanday yoqimli hislarni olib kiradi. Tongning shu lahzalarini kuzatmoqlikning o‘zi bir zavq. Istiqlol ham xalqimiz boshi uzra ana shunday ziyo sochib kirib keldi. Qalbimizga erkinlik nuri kirib keldi, – deydi Shokirjon ota. – Dasturxonimizdagi oppoq nonlarga qarab bolaligimni eslayman. Maktabda savod chiqarish u davr bolalarining orzusi edi, xolos. Yupungina kiyingan bolakaylarning kelajagi tugul buguni haqida fikr yuritishning o‘zi ortiqcha edi. Atrofga bir razm soling. Bu go‘zal imoratlarni kim bunyod etdi? Bu go‘zalliklarning yaratuvchisi – xalqimiz qudrati. Og‘ir va mashaqqatli yillar suronidan ham elimizni hamjihatlik olib chiqqan emasmi? Bunyodkor elni buyuk el, desa bo‘ladi. Yurtboshimizga ming rahmat. Yoshlarga yuksak g‘amxo‘rlik ko‘rsatish barobarida biz keksalarni ham e’tibordan chetda qoldirmayaptilar. Insoni aziz yurtda yashayapman. Bizga yana nima kerak? Erkimiz tiklandi, qadriyatlarimiz o‘zligimizga qaytdi. Shukrki, o‘tgan yillarda muborak haj ziyoratida bo‘lib qaytdim. Muqaddas safarda Vatanimiz biz uchun tengsiz imkoniyatlarni hozirlab berganini ko‘proq his qildim. Bugun yurtim degan odam kam bo‘lmayapti. Xoh quruvchi, xoh tadbirkor bo‘lsin, qilayotgan ishidan mamnun, rizqi mo‘l. Shularning o‘zi ham mustaqillik shukronasiga undaydi.

Tabarruk otaxon samimiy suhbatda mehnatsevarlik insonning ziynati ekanligini alohida ta’kidladi. Bu xislat qahramonimizning farzandlariga ham o‘tgan. Saodatxon aya Qodirqulova bilan 11 nafar farzandni voyaga yetkazib, bugun ularning ortidan rahmat va olqishga sazovor bo‘layotgan ota-ona tarbiyaning yorug‘ yo‘lidan, ta’bir joiz bo‘lsa, baxt topdilar. Bunyodkor elimizning yetakchi saflarida bugun shu farzandlar ham sidqidildan mehnat qilishyapti. Otaxonning qizlari Ra’noxon, o‘g‘illari Shavkatjon, Mo‘minjon, Muxtorjon, Mustafo, Bahodirjon quruvchilik sohasidan obro‘-e’tibor topishdi. Sabriddin, Murodjon, Boburjon, Hamroxon, Surmaxonlar ham o‘z kasbining ustasi bo‘lib, jamiyatga naf keltirishyapti. 31 nevara, 6 chevaraning kamolida tinchlik, baxtiyorlikning timsolini ko‘rayotgan Shokir ota mustaqillik xalqimizning buyuk taqdirini yaratganidan cheksiz minnatdor.

Hayot shunday. Yana tonglar otadi. Istiqlol quyoshi Log‘onning fayziyob dalalari qatori Shokirjon otaning qalbiga ham nur olib kiradi. Ne ajabki, bu ziyodan bunyodkor elning butun odamlari bahramand... 

 

Madaminjon SOLIJONOV.

Jahongir MIRZAMATOV olgan surat.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.