TEATR: sahnada hayot haqiqati

“Hozirgi kunda jamiyat oldida turgan eng asosiy vazifalar: odamlarni hayotga aql ko‘zi bilan qarashga o‘rgatish — “ratsionalizatsiya” bilimli, ma’naviy yetuk inson bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish — “intellektualizatsiya”, shuningdek, eng muhimi — diniy aqidalarga ko‘r-ko‘rona ishonmay, hodisaning mohiyatini ongli tarzda tushunib yetishini — “demistifikatsiya”ni ta’minlashdan iborat” — deydi nemis sotsiologi Maks Veber.

 

Bugun bunday keng qamrovli vazifani san’at, ayniqsa, ijod mahsulida voqelikning ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy va mafkuraviy tomonlarini to‘laligicha qamrab oladigan teatr ham amalga oshirishi mumkin. Teatr o‘z tamoyillari asosida dolzarb mavzularni sahnaga olib chiqib, insoniyatni mulohaza yuritishga, jamiyat yo‘l qo‘yayotgan xatolarning oldini olishga va hech kimni hech narsaga majburlamay, ongli ravishda o‘zining fuqarolik va insoniy burchlarini bajarishga undaydi.  Sahnada gavdalantirilgan qahramon har bir tomoshabinni o‘zini-o‘zi chetdan turib kuzatishiga imkon yaratadi, hayotimizdagi kamchiliklarni badiiy shaklda ochiq-oydin, ko‘rsatib bera oladi va muammolarni qaysi yo‘l bilan hal qilishga, eng qiyin masalalar tugunini yechishga o‘rgatadi. Maks Veber ta’kidlagan vazifalarni amalga oshirish uchun  teatrning ham o‘rni ijtimoiy institut darajasida muhim desak, adashmaymiz.

Fikrimizni asoslash uchun  avvalo “teatr ommaga taqdim etadigan badiiy mahsulot – spektaklning ijtimoiy hayot uchun qanday foydasi bor?” degan savolga javob izlaymiz. San’at ahli orasida, ayniqsa O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari o‘rtasida ko‘pincha bahs-munozaralarga sabab bo‘ladigan mavzu bor: teatr san’ati jamiyatga qanday meros qoldirishi mumkin?

Masalan, qadimiy binolar asrlar osha ham insonni zavqlantiradi. Yozuvchi, rassom yoki haykaltarosh yaratgan go‘zal asarlar yillar o‘tgan sari bebaho merosga aylanadi. Shoir she’rlari, bastakor yaratgan kuylar nota yozuvlarida mangu yashaydi, sozanda ularni o‘rgansa, soz chalib kuylasa, tinglovchiga zavq beradi. Hatto kino va fotografiya san’ati namunalarini saqlash, xohlagan vaqtingizda ularni tomosha qilib, bahra olishingiz mumkin.

Spektakllar o‘z ijtimoiy vazifalarini to‘g‘ri bajara olgan holdagina, odamning qalbida, ongida, xotirasida, hatto irsiyatida ma’naviyat urug‘i shaklida saqlanib qoladi. Faqat shunda teatr ishlab chiqarayotgan badiiy mahsulot – spektakllar  shaklan yo‘qolib ketsa-da, ulardan qolgan pozitiv taassurot abadiy yashab, doimiy ravishda jamiyatga foyda keltiraveradi. 

Demak, teatrning bosh maqsadi – hayotdagi har bir muammoni jamoatchilik e’tiboriga olib chiqib, uning ijtimoiy sabablarini axtarish va shu masalaning yechimi bo‘yicha o‘z taklifi, g‘oyalarini ayta olishdir. Qanchalik og‘ir davrlarni boshidan kechirmasin, iqtisodiy jihatdan qanchalik qiynalmasin, teatr o‘zining ijtimoiy vazifalarini bajarishdan to‘xtamasligi kerak. Aks holda teatrning badiiy saviyasi tushib, jamiyatdagi muhim g‘oyaviy-mafkuraviy kurash vositasi emas, shunchaki “tomosha ko‘rsatadigan” joyga aylanib qoladi.  

Albatta, tomoshabinning talab va istaklari hisobga olinib, spektakl ommani qiziqtira oladigan, badiiy-estetik me’yorlarga to‘liq javob bergani holda, tomoshabin bilan bir qatorda rol ijrochilarini ham zavqlantira oladigan jihatlarga ega bo‘lishi, ijrochilarning erkin ijod eta olishi ham o‘ta muhim. Teatr didaktika, balandparvoz gaplar va quruq safsatabozlikdan qochishi, ijtimoiy masalalarni va’zxonlik bilan muhokama qilmasligi zarur. Binobarin, san’at turi sifatida teatr-ning asosiy vazifasi voqealarni gapirib berib, nasihat qilish emas, balki sahnada odamlarga ibrat ko‘rsatib, eng so‘nggi xulosani tomoshabinning o‘zi chiqarib olishiga imkon berishdir. Buyuk ma’rifatparvar adib Mahmudxo‘ja Behbudiy aytganidek, “Teatr — ibratxonadur” va bunda har qanday muhim g‘oya badiiy shakllar, san’atda mavjud ifoda vositalari orqali bayon etilishi kerak bo‘ladi.  

Shundagina teatr didi o‘tkir muxlisni ham, hangomatalab tomoshabinni ham o‘ziga jalb qila oladi. Jamiyatda ro‘y bergan siyosiy-iqtisodiy o‘zgarishlar san’at va madaniyat sohasiga, shu jumladan teatrning rivojlanishiga qanchalik ta’sir o‘tkazsa, teatr ham insonlarning ma’naviy ongiga, shunchalik ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Qadimda ota-bobolarimiz xalq og‘zaki ijodi – afsonalar, rivoyatlar, dostonlar ta’sirida kamol topib, ma’naviyatini shakllantirib, umuminsoniy va milliy ahamiyatga ega urf-odatlarni  saqlab kelgan bo‘lsa, bugun zamonaviy teatr tomoshabinni tarbiyalash bilan birga juda ko‘p ijtimoiy muammolarni hal qilmoqda. Masalan, spektaklga kelgan tomoshabin bor-yo‘g‘i ikki soat ichida o‘z yurti yoki o‘zga mamlakat haqida, o‘n-yigirma yillik, hatto bir necha yuz yillik tarixdan ma’lumot oladi. Bir yoki bir necha kishining taqdirini kuzatadi, tahlil qiladi. Tomosha ta’sirida kulishi yoki yig‘lashi – katarsis  jarayonida spektakl qahramoni qilgan xatolar orqali o‘z xatolarini teran anglab, uning yovuzlik, adolatsizlik va johillikka qarshi kurashidan ruhlanib, qayg‘usidan iztirob chekib, juda ko‘p ruhiy-emotsional hissiyotlarni boshidan kechiradi. Xiyonat, nafrat, nafs, jinoyat va urush kabi illatlarning oqibatini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, shuning-dek, sevgi-muhabbat, sadoqat, go‘zallik va bunyodkorlik olib keladigan baxt, farovonlikni ham aqlan, ham qalban his qilib tushunadi. Hayotda o‘z maqsadlariga erishish uchun nimalar qilish kerakligini ongli ravishda rejalashtiradi. Bularning hammasi unga majburiy tarzda emas, balki badiiy shaklda singdiriladi.

SPEKTAKL – 

JAMOA MAHSULI

Teatr ijodiy jamoadan iborat. Spektakl – katta jamoaning ijod mahsuli hisoblanadi, ko‘pchilikning bahs-munozaralari natijasida mukammal asarga aylanadi. Bugun aynan shu bahs-munozaralarga ko‘proq e’tibor berilishi, olib chiqilayotgan muammo va uning yechimi asosida paydo bo‘ladigan g‘oya faqat rejissyor dunyoqarashi, dramaturg fikri va buyruqqa asosida emas, balki hamma ijodkorlarning fuqarolik pozitsiyasi asosida tug‘ilishi o‘ta muhim masaladir. Zero, ijtimoiy muhim deb hisoblangan spektakllar ko‘pincha sun’iyligi, ortiqcha shiorlari bilan kishi me’dasiga tegib qoladi.

Ko‘pchilik tomosha qilayotgan spektakllarning hammasini ham «engil-elpi, past saviyadagi, faqat kassabop tomosha»ga chiqarib qo‘yish ham to‘g‘ri emas. Unda tomoshabinni hayajonga soladigan nimadir borki, bunday spektakl sahnalashtiriladi. Muhimi, rejissyor ijtimoiy ahamiyatga ega mavzuni tomoshabin hukmiga tashlay bilsa bas.

Teatrda tomoshabin aktyor bilan hamnafas yashaydi, «iztirob» chekadi. Bir qarashda “yodlab olgan” so‘zlarini deklamatsiya qilayotgandek ko‘ringan aktyor, aslida o‘zining bilim-saviyasi, o‘tkir iqtidori, mustahkam ruhiyati bilan tomoshabinga ta’sir o‘tkazadi, tarbiyalaydi. Aktyor sahna asarini chuqur bilgani, rejissyor nazorati ostida dramatik asarning mavzusi, g‘oyasi, spektaklning ijtimoiy ahamiyatini to‘la tahlil qilgani, shuningdek tomoshabinning diqqat markazida bo‘lgani uchun ham sahna bilan tomoshabin o‘rtasidagi eng asosiy vositachi hisoblanadi. 

Bugungi teatr ashaddiy muxlislarini zamonaviy pesalardan ko‘ra klassik asarlar yordamida sahna bilan bog‘lab turgani ma’qul. Yoshlarni esa aksincha, zamonaviy tomoshalarga jalb qilish lozim deb o‘ylaydiganlar ham bor. Shuning uchun bolani avval qo‘g‘irchoq teatriga, so‘ngra yosh tomoshabinlar teatriga olib borib, ularni mulohaza yuritishga o‘rgatib, “jiddiyroq” tomoshalarga tayyorlab, keyinroq mumtoz asarlarni ko‘rsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Demak, teatrlar o‘z repertuarini rejalashtirilayotganda mana shu muammolar ham nazarga olinishi kerak.

Bugungi kun san’at yoshlari zimmasiga ana shunday mashaqqatli va mas’uliyatli vazifa qo‘ymoqda. Yosh daramaturg va rejissyorlar qo‘rqmasdan yangi ijodiy uslublarda ishlashi, eksperimentlar qilishi, qiziqarli badiiy shakllarni axtarish bilan bir qatorda, zamon chigalliklarini, dolzarb ijtimoiy masalalarni ongli ravishda sahnaga olib chiqib, ularni har taraflama o‘rganib, muammolarga umuminsoniy manfaatlarga mos ravishda yechim topib, shu bilan jamiyatimiz, davlatimiz, qolaversa, insoniyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishdek sharafli vazifani bajarishlari lozim. 

Sardor MAHMUDOV,

O‘zbekiston davlat san’at va 

madaniyat instituti  talabasi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.