BOQIY ASARLAR

O‘zbek Milliy akademik drama teatri o‘tgan mavsumda “Alisher Navoiy”, “Kuzgi maktublar”, “Ko‘ngil”, “Qizil olma” kabi sahna asarlarini tomoshabinlar hukmiga havola etdi. Xususan, “Alisher Navoiy” dramasi muxlisu mutaxassislar diqqat markazida bo‘ldi deyish mumkin. Buning sababi bor, albatta. Yetmish yil avval yaratilib, uzoq yillar sahnada namoyish etilgan asarning otaxon teatrimiz sahnasiga qaytishi ulkan voqeadir...  O‘tgan mavsum taassurotlari, namoyish etilgan spektakllar xususida taniqli adabiyotshunos va san’atshunos olim Shuhrat Rizaev mulohazalari bilan qiziqdik.

 

— Har bir san’at asarining badiiy jihatlari bilan birga ijtimoiy yuki, jamiyat oldidagi olijanob vazifalari bo‘lgani kabi, teatrning ham insonlarga estetik zavq ulashishdan tashqari, ularni fikrlashga, hayotni sevib, olg‘a intilib yashashga undaydigan ta’sir kuchi katta. Bugun o‘z oldiga ulug‘vor maqsadlarni qo‘ygan milliy teatrimiz ham jamiyat oldidagi ana shu mas’uliyatini his etgan holda o‘z vazifasini sidqidildan bajarishga harakat qilayotgani quvonarli. Buni ijodiy jamoaning o‘tgan mavsumdagi faoliyati va yangi mavsumga ko‘rayotgan puxta hozirligidan ham bilsa bo‘ladi. 

“Alisher Navoiy” dramasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu asar o‘tgan asrda, sho‘rolar mafkurasi ta’sirida yozilgani bois ayrim o‘rinlarida asl haqiqatga zid holatlar uchrashini tabiiy hol sifatida qabul qilishimiz kerak. Masalan, asardagi Navoiy va Husayn Boyqaro o‘rtasidagi konfliktning hayotiy haqiqatdan anchagina yiroqligini olaylik. Bilamizki, sobiq ittifoq davrida bu ikkala shaxsga boy tabaqa va yo‘qsil xalq tarafida turib “jang” olib borgan kishilar sifatida qaralgan. Shu nuqtai nazardan do‘st bo‘lishlariga qaramay, ularni dushman qilib ko‘rsatishga urinishlar bo‘lgan. Ayniqsa, Sulton Husaynni zodagonlar himoyachisi, nodon va mayparast podshoh qilib ko‘rsatish uchun tarixiy faktlar yashirilib, yolg‘on voqeliklar to‘qildi. Biroq bugun biz mustaqillik sabab o‘sha davr muhitini haqqoniy tarzda o‘rganish natijasida bilamizki, ular ayri qutblar bo‘lishmagan. Spektaklning muxlislar e’tiborini qozonganini inkor etmagan holda, unda ba’zi tahrirtalab jihatlar borligini ham aytib o‘tmog‘imiz joiz. “Husayn Boyqarosiz Navoiy, Navoiysiz Boyqaro bo‘lishi dushvor bo‘lgan” degan farazlar uyg‘ongan bir paytda, spektaklning ushbu jihatiga ahamiyat qaratilmagani, uning muvaffaqiyatiga biroz soya solgandek. Biroq umumiy olib qaraganda, teatr tomoshabinni yana o‘ziga jalb etayotgani bizni xursand qiladi. 

Har bir mavsum yakunlanar ekan, teatr jamoalari yilni sarhisob qiladi. Muvaffaqiyatlar etirofi va kamchiliklar borasidagi holis baho esa galdagi spektakllarning mazmunan boyishi, aktyorlarning mahorati oshishiga sabab bo‘ladi. 

Xo‘sh, Milliy teatr jamoasi yangi mavsumda muxlislariga qanday sovg‘alar hozirlayapti?

— Jamoamiz uchun o‘tgan mavsum sermahsul bo‘lganini ta’kidlash joiz, — deydi O‘zbek Milliy akademik drama teatri rahbari, taniqli aktyor Fathulla Mas’udov. — Avvalo, teatr binosining butunlay yangicha qiyofaga kirishi, repertuarimizdan yangi asarlarning joy olishi, aktyorlar jamoasiga yoshlarning kelib qo‘shilishi va muhimi, tomoshabinlar oqimining ko‘payishi ma’naviyatga qaratilyotgan e’tiborning naqadar yuksak ekanidan darak beradi. Ayniqsa, yurtimiz bo‘ylab qilingan gastrol safarlari samarali o‘tdi. Yurtdoshlarimiz bilan yuzma-yuz uchrashuvlar aktyorlarimiz, ijodkorlarimiz uchun yangi ilhom manbai bo‘lib xizmat qilganiga shubha yo‘q. O‘zim ham ushbu uchrashuvlardan so‘ng, teatrimiz sahnasida xalqimiz sog‘ingan klassik asarlar va bugungi kun hayoti ufurib turgan yangi spektakllarni qo‘yishni niyat qilib qaytdim...

Teatrda, Fathulla Mas’udov aytmoqchi, “xalqimiz sog‘ingan klassik asarlar”ga alohida e’tibor qaratilayotganini yangi mavsumda atoqli adib Maqsud Shayxzoda qalamiga mansub “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasining namoyish etilishidan ham bilish mumkin. Avval ham Milliy teatrda qo‘yilgan mazkur spektakl bugun yana sahnada.

“Mirzo Ulug‘bek” o‘zbek dramaturgiyasining shoh asarlaridan. Quvg‘in, qamoq, urush yillari asoratlaridan zada bo‘lgan adib ko‘nglining tarix bilan yuzlashuvi, dardlari besh yuz yil avvalgi inson iztiroblari bilan yonma-yon kelgan qalb sohibining nolasi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Bir qaraganda, sho‘ro davri aqidalariga mos tarzda yozilgan — sinfiy kurashlar aks ettirilgan, monarxiyaning “salbiy oqibatlari” tarannum etilgan asar bo‘lib ko‘rinadi u bizga. Ammo Maqsud Shayxzodaning dahosi, iste’dodi, dardi shu qadar benihoya ediki, u chig‘anoq bag‘riga injuni berkita olgan. Buni faqat tafakkur ko‘zlari bilangina ko‘rish mumkin, bizningcha. O‘z davrida Shukur Burhonov, Turg‘un Azizov ijrolarida ushbu asar ancha mashhur bo‘lgan. Xo‘sh, bugungi aktyorlar jamoasi spektaklning o‘sha shuhratini takrorlay olishadimi? Yangi talqinda biz nimalarni ko‘ramiz? 

— “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasi yozilgan davr adabiyotining asosiy talablaridan biri har qanday asarda sinfiy kurash g‘oyalari yoritilishi kerakligi edi, — deydi Shuhrat Rizaev. — Shunga qaramay, Shayxzodaning shekspirona dahosi asarni imkon qadar ob’ektivlik bilan yoritilishini ta’minlaydi. Sinfiylik nuqtai nazaridan kelib chiqib, dramaturg asarda Ulug‘bek va saroy ahli o‘rtasidagi ziddiyatni olib chiqishga majbur bo‘lgan. Shu ma’noda asarning ruhiga, ohangiga salbiy ta’sir etmaydigan tarzda yangi ishlangan variantida ba’zi syujetlardan voz kechildi. 

Milliy akademik drama teatri yangi mavsumni ana shunday katta bir asar bilan boshlayotgan ekan, bu uning so‘nggi yillarda teatrlarimiz o‘ralashib qolayotgan maishiy mavzulardan yuksalib, yangi davrga qadam qo‘yayotganining isbotidir. Demak, biz yangi mavsumdan yaxshi asarlar kuta olamiz.

 

Feruza XAYRULLAYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.