SHUL ERUR BAXTING SENING...

Tasavvur qilaylik: bir mo‘’jiza ro‘y berib mavlono Muqimiy tirilib qolsa-da, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qo‘qon shahrini, sayohatnomalarida ta’riflagan qishloqlarni bugun bir aylansa. Qay ahvolga tushar ekan? Mashhur asardagi Ivan Grozniyga o‘xshab hayratlanib ketarmidi? Yoxud bugungi avlodlari aqlu farosatidan, bunyodkorlik salohiyatidan mamnun bo‘lib sayohatnomalarini yirtib tashlarmidi? Harqalay shunday bo‘lardi. Chunki mavlono Muqimiy sayohatnomalarida tilga olgan Ultarma, Do‘rmoncha, Roshidon, Oltiariq, Chimyon, Vodil, Yaypan, Nursux, Beshariq, Rapqon kabi qishloqlarning kamchiliklarini kuyunib yozgan, bu joylar qachon obod bo‘lar ekan, deb orzulangan.

 

Binobarin, har qanday insofu diyonatli, ko‘ngli toza, o‘z yurtini chin dildan sevguvchi inson kindik qoni to‘kilgan yurtning har bir go‘shasini ozod va obod ko‘rgisi keladi. Muqimiy domla ham ana shu ezgu niyatlar ila hajv qalamini qayragan bo‘lsa, ajab emas. 

Muqimiy tug‘ilib o‘sgan, yashab, ijod qilgan Qo‘qon shahri, uning atrofidagi katta-kichik qishloqlardan bugun ularning nomi qolgan, xolos. Agar shoirni bugun Qo‘qonga yoki biron-bir qishloqqa olib borib, mavlono, mana bu siz tavallud topgan Qo‘qondi latif, mana bu qaroqchilari sizning yuragingizni taka-puka qilgan Do‘rmoncha, mana bunisi esa siz sellarida qolgan Oltiariq desangiz, zinhor-bazinhor ishonmasligi aniq...

Shoshmang, nimalar deyapmiz o‘zi. Muqimiyning o‘tganiga bir asrdan oshdi-ku. Bu joylarni bir asr uyoqda tursin, chorak asr burun ko‘rgan odam bugun mutlaqo tanimasligi tayin-ku.

Yaqinda bir tanishim aytib qoldi: Qo‘qonga borgandim,  bolaligim o‘tgan, ota-onam yashagan uyni, ko‘chani, mahallani bir ko‘rib ketay deb, rosa ovora bo‘ldim-da. Bir yigitdan so‘rasam, yelka qisdi, bunaqa mahallani bilmayman, dedi. Yoshi ulug‘roq kishidan so‘ragan edim, qo‘qoncha askiya qildi: birodar oydan tushganmisiz? Qirq yil oldingi ko‘cha-mahallani so‘raysiz, ikki-uch yil oldingi joylarni topish qiyin-ku, dedi. So‘ng yuring men bilan, deb yo‘l boshladi. Qayoqqa desam, siz so‘ragan mahallaga olib boraman, dedi. Orqasidan ergashdim. Keng, ravon, birinchi qavati do‘kon, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bo‘lgan gavjum bir ko‘chada to‘xtadi. Menga qarab, esladingizmi, dedi. Yelka qisdim. Bolaligingiz o‘tgan, ota-onangiz yashagan ko‘cha mana shu, dedi. Beixtiyor bolaligim ko‘z o‘ngimda jonlandi: tor, ilonizi ko‘chalar, pastqam loysuvoq uylar... Indamay qolganimni ko‘rgan oqsoqol, endi tushundingizmi, dedi. Bosh irg‘adim. Bilishimcha, Qo‘qonga kelmaganingizga ancha bo‘libdi-da, dedi. Tan oldim. Odam bolasi kindik qoni to‘kilgan joyga tez-tez kelib turishi lozim, dedi. Miq etolmadim...

Mamlakatimizning istalgan shahari yoki qishlog‘iga 10-15 yildan beri bormagan bo‘lsangiz, bir borib ko‘ring-a. Aniq aytaman, taniyolmaysiz. Bular Prezidentimiz rahnamoligida butun mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining samaralari.

Bir paytlar Qo‘qonning yoqimsiz issig‘iga, shamoli olib keladigan qum aralash chang-to‘zoniga chidab bo‘lmas edi. Bugun bu yerdagi obodonlashtirish ishlarini ko‘rib yoqa ushlaysiz: hamma yoq ko‘m-ko‘k, favvoralar ko‘zni quvnatadi, dilni yayratadi. Ko‘chalar keng, ravon. Odamlar sayr qilishi, dam olishi uchun zamonaviy bog‘lar, xiyobonlar bunyod etilgan. 

Qo‘qon teatri rekonstruktsiya qilinayotgan ekan. Viloyat hokimi Shuhrat o‘anievni quruvchilar bilan nimanidir muhokama qilayotgan chog‘ida uchratdik. 

Qo‘qon tarixiy shahar, bu yerdan ko‘p ulug‘ zotlar o‘tgan. Bu teatr shaharning bugungi xusniga to‘g‘ri kelmaydi. Shu bois teatr binosini rekonstruktsiya qilayapmiz, dedi hokim. Beixtiyor xayolga berilib ketdim. Biz chindanam baxtiyor xalqmiz, yurtimizga Ollohning nazari tushgani rost. Axir, bugun dunyoning qancha-qancha mamlakatlarida odamlar och-nahor, usti yupun, bolalar kasal, o‘qish-ku xayoliga ham kelmaydi. Ertasi qanday o‘tishini bilmaydi. Bir kuni tinch o‘tsa, shuning o‘zi katta baxt ular uchun... 

Shukurki, biz bunday tashvishu xavotirlardan xolimiz. Nainki, bugunimizdan, ertamizdan ham, umuman, kelajagimizdan ko‘nglimiz to‘q. Shuning uchun uy-joylar qurayapmiz, yo‘lu ko‘priklar solayapmiz, san’at koshonalari bunyod etayapmiz, eskilarini ta’mirlab, ayrimlarini rekonstruktsiya qilmoqdamiz... 

Dang‘ara, Oltiariq, Rishton tumanlarida ba’zi narsalar alohida e’tiborimizni tortdi. Avvalo, odamlar chehrasi, kayfiyati. Kim bilan gaplashmang, yuzida tabassum, hayotidan mamnunlik ufurib turibdi. Yuzlari tiniq, kulgusi beg‘ubor. Xususan, yoshlarning ko‘zidan o‘t chaqnaydi – odamning havasi keladi. Turmushi farovon, oilasi, yurti tinch, ertasiga ishonchi komil odamlarda shunday kayfiyat bo‘ladi. Yo‘l-yo‘lakay atrofga razm solaman. Bir qarich bo‘lsa-da bo‘sh joy yo‘q. Ekin-tikinlar ham, daraxtlar ham did bilan ekilgan. Hamma joy saranjom-sarishta – mehmon kelishiga tayyorgarlik ko‘rilgan hovliga o‘xshaydi. Bu dehqonchilik madaniyati yuksakligini namoyon etib turibdi. To‘qsoninchi yillarning boshlarida Frantsiya, Germaniya, Belgiya, Shveytsariya kabi Yevropa mamlakatlarida bo‘lganimda shunday manzarani ko‘rib havasim kelgani yodimga tushdi. Bugun bizning dalalarimiz, dehqonchilik madaniyatimiz ulardan o‘tsa o‘tadiki, aslo qolishmaydi. Bu – yer o‘z egasini topganining samarasi. Bu – yerga, mehnatga munosabat o‘zgarganining natijasi. Bugun bu meniki, bu hammaniki degan tushuncha, qarash yo‘q. Ilgari odamlar o‘zining narsasini (u yer bo‘ladimi, mol-mulk bo‘ladimi – farqi yo‘q edi) avaylar, ehtiyot qilar, hammaniki (ya’ni, kolxoz-sovxozniki – davlatniki) bilan ishi yo‘q edi. Mashhur “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi Farmonbibining gapi yodga tushadi. “Davlatnikining joni qattiq, baloyam urmaydi”. Endi odamlarimizda bunday qarash yo‘q. Chunki davlat – bu sizu biz, davlatning yeri, mulki – bizning yerimiz, bizning mulkimiz. Buni odamlar allaqachon tushunib yetgan – dunyoqarash, fikrlash tarzi o‘zgargan. Shuning uchun ham barcha sohada yildan yilga ulkan yutuqlarga erishmoqdamiz. 

Yurtboshimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, hunarmandlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samaralarini har jabhada ko‘rish mumkin. Rishtonlik mashhur kulol Tohirjon Haydarov ishlari bilan tanishib, inson qo‘li gul degan hikmatning rostligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Oddiy loydan yasalgan buyumlarga boqib to‘ymaysan kishi. o‘oyat nozik did bilan ishlangan bezaklarga termilib, buning uchun qanchalar yuksak did, bilim, eng muhimi, sabr-toqat kerakligini o‘ylab ketadi odam. Sopol laganlarga Alisher Navoiy, Hofiz Sheroziy, Umar Xayyom, Bobur singari mumtoz shoirlar ijodidan namunalar bitilib, ularning mazmuniga mos suratlar chizilgan. San’at va adabiyot mujassam. Meni hayratga solgan yana bir narsa usta kulol o‘nlab adiblarimizga sharjlar ishlagan. Bu laganlar idishdan ko‘ra ko‘proq san’at asari safatida qadrliroq... Usta bilan suhbatlashib, olam-olam zavq olasiz. Bilim doirasining kengligi, dunyo voqealaridan, siyosiy jarayonlardan xabardorligiga, voqealarga munosabat bildirishiga tan bermay ilojingiz yo‘q. Ijodkorlarga xos ehtiros bilan jo‘shib so‘zlaydi. Usta kulolning fikr-mulohazalarini tinglar ekanman, yurtdoshlarimizda elu yurt, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi kuchayib, befarqlik, loqaydlik kabi illatlardan qutulayotganimiz haqida o‘yladim va ich-ichimdan suyundim. 

“Hunarmand” uyushmasi Marg‘ilon shahar bo‘limining rahbari Rasuljon Mirzaahmedov, “Qo‘shtepa ipak gilamlari” korxonasi rahbari Ibrohimjon Sultonov bilan suhbatda, ular faoliyati bilan tanishganda bu quvonch, bu g‘urur yanada ortdi. (Darvoqe, bundan yigirma yillar oldin ish boshlagan “Ismoiljon gilamlari” xususiy korxonasini ham I.Sultonov ochgan ekan. U yerda hozir 800 kishi ishlamoqda.) Ular o‘zlari ishlab chiqarayotgan adras, atlas matolari, ushbu gazlamalardan tikilgan kiyimlarni, rang-barang gilamlarni asosan eksportga chiqarayotganini so‘zlab berdi. Bu gaplarni maqtanib, hayajonlanib, kerilib aytayotgani yo‘q, oddiy, kundalik ishi sifatida hikoya qilib berdi. Aslida ham shunday: Osiyo, Yevropa, Amerika mamlakatlariga mahsulot yetkazib berish ular uchun kundalik yumush. “Biz faqat buyurtma asosida ishlaymiz, mahsulotlarimizni bozorga olib chiqmaymiz, bunga ehtiyoj yo‘q”, deydi Ibrohimjon Sultonov. U “Tashabbus – 2014” viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan ekan. Buni uning o‘zi emas, farg‘onalik hamkasblarimiz aytib berdi. 

Qarang, biz ham bu gaplarni his-hayajon, ehtirosga berilmay, oddiygina qilib yozayapmiz. Go‘yo doimo shunday bo‘lib kelganday. Holbuki, yaqin-yaqinlarda ham xorij mahsulotlariga orzumand edik. Yana Farmonbibining gapini eslaymiz: “Chet elniki desa, xo‘rozqandni ham yotib olib yalaydi-ya”. Bugun buning aksi, ya’ni, xorijliklar “O‘zbekistonniki desa, xo‘rozqandni ham yotib olib yalaydi”, desak xato bo‘lmaydi... 

Farg‘ona shahrida 2014 yil dekabr oyida Teatr-kontsert saroyi ochilganidan xabaringiz bor. Shu kunlarda ana shu muhtasham saroy oldidagi bog‘-xiyobonda mustaqilligimizning 25 yilligiga bag‘ishlangan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazilayotgan ekan. Har oqshom bog‘ minglab odamlar bilan gavjum. Tadbirda shoirlar, adiblar, olimlar, ma’rifat targ‘ibotchilari O‘zbekistonimizning 25 yil davomida erishgan yutuqlari haqida turli sohalardan olingan aniq misollar bilan gapirib bermoqda. San’atkorlar Vatan, istiqlol haqida kuylamoqda. Qariyib qirq gektarli bog‘-xiyobon go‘yo saylgoh. Hammaning chehrasida kulgi, shodu xurramlik. Kim raqsga tushgan, kimdir favvora atrofida farzandlari bilan muzqaymoq yegan va hokazo. 

Darvoqe, Farg‘ona viloyati teatri dramaturg Saydali Odilov pesasi asosida Al-Farg‘oniy faoliyati haqida hikoya qiluvchi sahna asari tayyorlabdi. Asarni O‘zbek milliy akademik drama teatrining rejissyori Marat Azimov sahnaga qo‘yibdi. Bosh rolni shu teatr aktyori, asli Farg‘ona farzandi Muhammadali Abduqunduzov ijro etayotgan ekan. Spektakl ko‘rigida ishtirok etdik. Meni hayratga solgan narsa – yakshanba kuni bo‘lishiga qaramay, ming o‘rinli Teatr-kontsert saroyi tomoshabinlar bilan gavjum. Bu Farg‘ona ahlining san’atsevarligidan bir dalolat edi...

Farg‘ona safarimiz taassurotlarini mavlono Muqimiy ijodidan boshlagan edik. Mumtoz shoirimiz bir g‘azalida “Shul erur aybim, Muqimiy, mardumi Farg‘onamen”, deb kuyunib, ranjib yozgan. Yuqorida aytganimizdek, mo‘’jiza ro‘y berib Muqimiy domla Farg‘ona viloyatining bugungi ko‘rki-jamolini, odamlarga yaratilgan sharoitlarni, bunyod etilayotgan zamonaviy uy-joylarni, mehnat, ijod ahli naqadar ulug‘lanayotganini (etti nafar farg‘onalik O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovar bo‘lgan, boshqa unvonlaru orden va medallar sohiblarini sanab chiqish qiyin) ko‘rsa, sayohatnomalari bilan birga o‘sha mashhur g‘azalini ham albatta yirtib tashlardi.  O‘rniga “Shul erur baxtim, Muqimiy, mardumi Farg‘onamen”, deb yozardi. Biz ham bugungi farg‘onaliklarga qarata: “Shul erur baxting sening, mardumi Farg‘onasen!” degimiz keldi.

 

Mamatqul 

HAZRATQULOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.