EZGULIK CHAROG‘I


Odamzod o‘zining sof tabiati (fitrati) bilan yomon ko‘radigan, “hazm” qilolmaydigan narsalar bo‘ladi. Bugun turli mamlakatlarda yuz berayotgan ko‘ngilsiz voqealar, ayrim xalqlar tomonidan “shaxsiy huquq va erkinliklar hosilasi” sifatida talqin qilinayotgan, odam bolasi tugul hayvonot olamiga ham yot bo‘lgan jirkanch odatlar(qiliqlar, qilmishlar)ni miyasi toza hech bir inson qabul qilmasligi tabiiy. Biroq ne tongki, bugungi shaffof axborot makonida yaxshiga ham, yomonga ham imkoniyat teng, tuzukka ham, buzuqqa ham maydon keng. Istalgan daqiqa tugul, soniyada bitta niyati qora kimsa chiqib xayoliga kelgan noma’qulchilikni qilishi mumkin. Mana shunday tahlikali, bizdan har lahza ogohu hushyor bo‘lmoqni talab etayotgan bir zamonda, insoniyat taqdirini, ertangi hayotini, ma’naviyatini o‘ylovchi bezovta qalblar maydonga chiqadi.

Read more...

BILIM VA TAFAKKUR MANBAI

Bugun qaysi yurtning odamlari ko‘proq o‘qisa, dunyoqarashi keng bo‘lsa, o‘sha yurt eng ilg‘or hisoblanadi. Hozirgi shiddatkor zamonda faqat bilim, intellektual salohiyat, teran tafakkurgina xalqni xalq, millatni millat sifatida ko‘rsatuvchi asosiy mezonlardan bo‘lib qoldi. Kundalik axborotlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lib borish juda muhim, biroq kitobning, mutolaaning o‘rni baribir bo‘lakcha.

Bularni e’tiborga olgan holda, mamlakatimizda yosh avlodning intellektual ehtiyojlarini qondirish maqsadida zamonaviy ko‘rinishdagi axborot-kutubxona tizimini yaratish borasidagi ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarini rivojlantirishning qonunchilik asoslarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, davlvtimiz rahbarining aholini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish, axborot kommunikatsion texnologiyalar bazasida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmat ko‘rsatishni keyinchalik sifatli rivojlantirishga qaratilgan qarorlari mamlakatimizda yagona axborot-kutubxona tizimini shakllantirish, axborot-resurs markazlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishi va malakali kadrlar bilan ta’minlanishida muhim omil bo‘ldi.

Read more...

QALBLARGA ZIYO ISTAB

Muallimlar bamisoli bog‘bon. Endigina ekilgan navniholni parvarishlab, voyaga etkazish va meva beradigan ulkan daraxtga aylantirishda bog‘bon uchun qancha mehnat, qancha sabru toqat kerak bo‘ladi. Muallim mehnati undan ham mas’uliyatli, undan ham nozik. Chunki, u inson kelajagi, taqdiri bilan bog‘liq.

lar elu yurtimiz taraqqiyotining asosi bo‘lgan farzandlarimizning nurli kelajagi uchun kechani kecha, kunduzni kunduz demay zahmat chekishadi. Muallimlar o‘rgatgan ilm ziyosi va tarbiya inson yo‘lini shamchiroq misoli bir umr yoritib turadi. Prezidentimiz o‘qituvchilik kasbini yuksak baholab, shunday deydi: “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblar orasida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir”.

Read more...

USTOZLAR ULGUSI ULUO‘LIKKA UNDAYDI

Xalqimizda azal-azaldan ustoz degan zot ulug‘ — sharafli kasb sohibi sanaladi. SHuning uchun ham YUrtboshimiz «YUksak ma’naviyat — engilmas kuch» asarida dunyo imoratlarining eng ulug‘i — maktab, kasblar ichida eng sharaflisi — o‘qituvchilik ekanini qayd etib o‘tganlar. Sirasini aytganda mustaqillik tufayli mamlakatimizda o‘qituvchi-murabbiylar behad hurmat ehtiromga noil bo‘ldilar. O‘qituvchi va murabbiylar kuni shunchaki professional kasb bayrami emas, balki umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Bundan tashqari ular uchun yana bir qator imtiyozlar berildiki, bu ham millat bolalarini har tomonlama barkamol insonlar qilib tarbiyalashda o‘qituvchi shaxsi nechog‘li muhim o‘rin tutishligini bildiradi.

Read more...

BOQIY QADRIYATLAR E’ZOZI

Vatanimiz tarixining hech bir davrida bu xalq o‘zligini yo‘qotmagan, istibdod va mustabidlik, qashshoqlik va qahatchilik zamonlarida ham bolasini odob-axloqqa, mehr-muhabbatga, yaxshilikka o‘rgatgan. Sabr-qanoatdan ulg‘ayib metin bo‘lgan bu xalq. O‘ziga yomonlik qilganga ham yaxshilikni ravo ko‘rgan bu xalq. Shuning uchun ajdodlar qanoati, mehr-muruvvati asrlar osha bizni ildizlari teran  qadriyatlarimizga qaytardi. 

Prezidentimiz tomonidan 2015 yil 18 fevralda qabul qilingan «Keksalarni e’zozlash yili davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarorda shu munosabat bilan yurtimizda yashayotgan otaxonu onaxonlarning turmush tarzini yanada yaxshilashga, «...oila va jamiyatda yashayotgan yoshi ulug‘ insonlarning o‘rni va obro‘sini oshirish, bolalar va yoshlarni ota-onalarni, har bir nuroniyni chuqur hurmat qilish, e’zozlash va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish tuyg‘usi ruhida tarbiyalash bo‘yicha aniq tadbirlarni amalga oshirish»ga alohida urg‘u berilgan.

Xalqimizda azaldan har bir xonadonda, mahalla-ko‘yda yoshi ulug‘ insonlar e’zozlanib kelingan. Shuning uchun bizga ajdodlarimizdan yetib kelgan, dunyo xalqlarini tafakkur ziyosi bilan bahramand qilgan buyuk va benazir ilmiy-ma’naviy meros bilan birga har tomonlama mukammal va mazmunli bo‘lgan qadriyat va urf-odatlarimiz xonadonlarimizni fayzu barakali qilmoqda.

Bu so‘zlar ustida chuqurroq o‘ylasang, yoshi ulug‘larimizga bo‘lgan mehrimiz, hurmatimiz yanada oshadi. 

Hikmat shuki, har qanday hayotiy tushuncha va tasavvurlar, tajriba va ko‘nikmalar oila muhitida paydo bo‘ladi, shakllanadi va mukammallashadi. 

 – Bir palakda har xil qovun, – deb xalqimiz bejiz aytmaydi, – deydi iqtisod fanlari doktori, professor Mamayunus Pardaev. – Jamiyat tiynati toza, bag‘rikeng, mehr-muruvvatli insonlar bilan rivoj topadi. Lekin inson hayotda har xil voqealarga duch kelarkan. Yaqinda Saxovat uyida umrguzaronlik qilayotgan otaxonu onaxonlar bilan suhbatlashdim. 

Ularga Prezidentimiz tomonidan 2015 yil «Keksalarni e’zozlash yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan yurtimizda yoshi ulug‘ insonlarga ko‘rsatilayotgan hurmat-e’tibor, yaratilayotgan imtiyozlar haqida gapirib berdim. Shunda otaxonlardan biri: «Mening o‘g‘lim ham olim», – dedi faxr bilan. Men undan o‘g‘lining ism-sharifini surishtirdim, «Olim bo‘lsa, hoynahoy tanisam kerak», – dedim. Otaxonning boshi beixtiyor yerga egildi, o‘g‘lining ism-sharifini aytmadi...

Xo‘rligi kelib, boshi egilgan bu otaxon o‘z xonadoni to‘rida, nevara-chevaralarini bag‘riga bosib, o‘tgan hayotidan mamnun, shukronalikda o‘tirsa bo‘lmasmidi? Hayotning nima qasdi bor ekanki, bu inson tirikligida yaqinlaridan, aziz nevara-chevaralari diydoridan mosuvo qilgan bo‘lsa? Ha, azizlar, kaltakning ikki uchi bo‘lganidek, bu sharoitda masalaning mohiyatiga yetmay turib, biror xulosa chiqarish qiyin. Lekin bir narsa aniq: bu dunyoda har kim ekkanini o‘radi.

Bizning jamiyatimizda o‘tmishda ham, hozir ham o‘zini bilgan farzand hech qachon keksa otasini yoki onasini yolg‘iz tashlab qo‘ymagan. Buyuk yunon allomasi Vergiliy «Keksalik inson hayotining gultoji bo‘lmog‘i kerak» deganiday, keksalarimiz shu oliy maqomotga munosibdir. 

– Otamning bir so‘zlarini hali-hanuzgacha eslayman. U paytlar men Samarqandda yashayman, padari buzrukvorimdan, volidai muhtaramimdan xabar olish uchun farzandlarim, oilam bilan har hafta Baxmalga boraman, – deydi Mamayunus aka. – Arzimagan sovg‘a-salomlar olib boramiz, ularning ko‘nglini olamiz. Shunda otam xizmatlarimdan rozi bo‘lib, har gal: «Rahmat o‘g‘lim, ilohim bolangdan top», – derdilar. U paytlarda otamning bu gaplariga unchalik e’tibor bermasdim. Mana hozir farzandlar, nevara-chevaralar ulg‘ayganidan keyin uning mohiyatini anglab yetdim. Shuning uchun men ham farzandlarimni otam aytgan gapni aytib, alqayman...

Chunki oilada ota o‘zini tutishni bilmasa, har xil axloqsiz gaplarni gapirib, yolg‘on-yashiq ishlataversa, ona g‘iybat va fisqu fasoddan bo‘shamasa, farzand ham ulardan o‘rnak oladi va bu muhit uni tarbiyasiz, xudbin, mehr-oqibatsiz qilib qo‘yadi.

Farzand ulg‘ayar ekan, yaxshi-yomonni taniydi, yon-atrofidagi barcha voqea-hodisalarni idrok qiladi, oiladagi ma’naviy muhit va tarbiya tufayli yo odob-axloqli, yoki berahm va battol bo‘lib voyaga yetadi. Bolaning qornini to‘q, ustini but, barcha xohish-istagini muhayyo qilib, uning tarbiyasiga e’tibor bermaslik nafaqat ota-ona uchun, balki butun jamiyat uchun ham juda qimmatga tushishi mumkinligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Shoir do‘stim bor — G‘ulom Fat¬hiddin. Birga o‘qiganmiz, birga Toshkent metropolitenida ishlaganmiz. Teran tafakkurli, solim iste’dod sohibi. Volidai muhtaramalari 80 yoshga kirganlarida og‘ir kasal bo‘lib qoldilar. Barcha o‘g‘il-qiz, nevara-chevara ona qoshida parvona. «Ana ketadi, mana ketadi», degan bir paytda ona G‘ulomjonni yoniga chaqirdi, hammani xonadan chiqarib yubordi. 

— Bolam, safarim qariganga o‘xshaydi, bitta armonim ushalmasdan qoladigan bo‘ldi. Hech bo‘lmasa, senga aytay deb yolg‘iz o‘zingni chaqirdim...

— Nima armoningiz bo‘lsa, bosh ustiga onajon, buyuring. 

— Yakka-yu yagona niyatim Hajga borib payg‘ambarimizning muborak ravzalarini ziyorat qilib kelsam, devdim... Nasib qilmaganga o‘xshaydi... 

— Onajon, niyat qilgan bo‘lsangiz, inshoollo ijobat bo‘lishini Yaratgandan so‘raymiz. Umid qilaylik, noumid shayton...

– Onajonimni umid shafoati oyoqqa turg‘azdi, – deydi do‘stim. – Haj ziyoratiga hujjat tayyorlab, volidamni Makkai munavvaraga aravachada olib bordim. Onam haj ziyoratlarini ado qilib, sovg‘a-salomlar olib qadrdon yurtimizga o‘z oyoqlari bilan yurib qaytdilar. U kishi hali ham o‘g‘il-qiz, nevara-chevaralari davrasida piri badavlat bo‘lib, keksalik gashtini suryaptilar. 

Lojaram, buyuk alloma Xoja Ubaydulloh Ahrori Vali hazratlari aytganlaridek, inson hatto olgan har bir nafasi uchun ham javob berishi kerak. Har bir a’molning, har bir amalning hisob-kitobi bor bu dunyoda. 

Mustaqillik yillarida o‘zini-o‘zi boshqarish idorasi, haqiqiy demokratiya darsxonasi sifatida mahallaning huquq va vakolatlari kengaytirildi, davlatchiligimiz tarixida birinchi marta «mahalla» tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi qat’iy belgilab qo‘yildi. Mahalla boshqaruviga bu darajadagi e’tiborning sababi bitta: u ham bo‘lsa, insonning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, uni e’zozlash, kattaga hurmat, kichikka izzat kabi ezgu maqsadlarni o‘ziga jamlagan bu maskan tom ma’noda hayotbaxsh qadriyatlarimiz negizidir.

Ajdodlarimizning, ota-bobolarimizning bag‘rikengligi, yuksak ma’naviy fazilatlari tufayli ezgu maqsadlar, muqaddas va ulug‘ tushunchalar yurtimizda ustuvor va barqarordir. 

Yurtimizda ota-onani e’zozlash, farzandlarning kamolini ko‘rish xalq¬imizning hayot mazmunidir. Faqat bugina emas, asrlar davomida ahillik va totuvlik, milliy qadriyatlar hayotimizga singib ketgan. Keksa, nogiron, muhtoj insonlarning og‘irini yengil qilish, voyaga yetmagan, boquvchisini yo‘qotgan yoshlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, yaxshi-yomon kunlarda yelkama-elka turish kabi xalqimizga xos urf-odat va an’analar o‘zbekona hayotimizning mezonidir.

Gapni muxtasar qiladigan bo‘lsak, ulug‘ ishlar kichik ezguliklardan boshlanadi. Xalqimizga qarang, tanimasa ham ko‘cha-ko‘yda bir-biriga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berib o‘tadi, mehr-muruvvat ko‘rsatadi, yoshlarning odob-axloqiga havas qilasan kishi. Shuning uchun ham bizdagi hurmat-ehtirom, mehr-oqibat zamirida boqiy qadriyatlar mujassam.

 

Nurullo OSTONOV,

jurnalist

 

TINCHLIK VA DO‘STLIK TARANNUMI

Dunyo tamaddunining tamal toshi qo‘yilgan va uning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan shaharlar orasida Samarqand alohida ajralib turadi. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan azim shaharning noyob me’morchilik an’analari asosida barpo etilgan inshootlari, zamonaviylik va tarixiylik uyg‘unlashgan bugungi qiyofasi jahon ahlini hayratga solib kelmoqda. Sharq gavhari deya ulug‘lanadigan bu qadim go‘sha UNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Sharq va G‘arb madaniyatlari ushbu zaminda o‘zaro tutashgan va bir-birini boyitgan. Shu bois “G‘arbda – Rim, Sharqda – Samarqand” deb nom qozongani bejiz emas.

 Nodir yodgorliklardan biri Registon maydoni go‘yo shaharning yuragiga o‘xshaydi. Uning yog‘dusi hududni yoritib, hayot chashmasini jilolantirib turadi. Ushbu maydonda har ikki yilda bir marotaba o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali dunyo xalqlarining azaliy qadriyatlari tarannumi bo‘lib yangraydi. Ha, endilikda ushbu muazzam shahar markazida Sharq taronalariga jahon musiqasi jo‘r bo‘layotir. YuNYeSKO shafeligida o‘tkazilib kelinayotgan mazkur festivalning nufuzi yildan-yilga oshib bormoqda. Xalqaro festivallar ko‘p, lekin ularning umri, mavqei bir xil emas. “Sharq taronalari” esa muntazamligi, buyuk maqsadlarni mujassamlashtirgani bilan tobora dunyo xalqlari, jahon jamoatchiligi e’tiborini tortmoqda. Milliy musiqa san’atida erishilgan yutuqlarni keng ommaga tatbiq etish, millatlar madaniyati va an’analarini asrash va rivojlantirish, sozandalik va xonandalik yo‘nalishidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro ijodiy aloqalarni kengaytirish, tinchlik, do‘stlik va o‘zaro bag‘rikeng­lik g‘oyalarini targ‘ib qilish festivalning asosiy maqsadidir. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur fes­tival Istiqlol bayrami arafasida o‘tkazilishida ham katta ma’no bor.

 1997 yilda birinchi marotaba o‘tkazilgan xalqaro musiqa festivaliga 31 davlatdan guruhlar va ijrochilar tashrif buyurgan bo‘lsa, 2013 yilda to‘qqizinchi bor o‘tkazilgan tadbirda 53 davlat vakillari qatnashdi. Joriy yil 25-30 avgust kunlari o‘ninchi fes­tival o‘tkaziladi va unda 60 dan ziyod mamlakat vakillari qatnashish istagini bildirgan.

 Ha, ushbu xalqaro madaniy tadbir dunyo xalqlari madaniyatini birlashtirgan, san’atkorlarning o‘zaro tajriba almashishiga sharoit yaratgan jahondagi eng nufuzli san’at forumiga aylandi. Uning yana bir ahamiyatli tomoni, festival doirasida ilmiy konferentsiya ham o‘tkazib kelinmoqda. Unda dunyo­ning mashhur san’atkorlari bilan birga, san’atshunos olimlari qatnashadi va fikr, tajriba almashish imkoniga ega bo‘ladi. Bu yilgi ilmiy-nazariy anjuman “Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi” mavzuida o‘tkaziladi. Undan maqsad Sharq an’anaviy musiqasi rivoji bosqichlarini har tomonlama o‘rganish, qadimiy Sharq tamaddunining jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasini namoyon etishdir. Konferentsiyada 15 davlatdan 20 dan ortiq olim qatnashishi kutilmoqda. Ho­zir­ga qadar Germaniya, Chexiya, Slovakiya, Niderlandiya, Eron, Iroq, O‘mon kabi o‘nlab mamlakatlar mutaxassislari konferentsiya uchun ma’ruzalar matnlarini yubormoqda. Festival boshlanadigan kungacha ma’ruzalarni to‘plab, chop ettirish rejalashtirilgan. 

 – Ayni paytda X xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik ishlari reja asosida olib borilyapti, – deydi festival ijrochi direktori To‘rabek Mahmudov yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. – Registon maydonidagi sahnada san’atkorlar va tomoshabinlar uchun yanada qulay sharoit yaratilmoqda. Mehmonlar kutib olinadigan Toshkent va Samarqandda obodonlashtirish ishlari qizg‘in davom etyapti. Ishtirokchilar joylashadigan mehmonxonalar hamda Ulug‘bek madrasasi, muzeylarda festivalga oid fotosuratlar, milliy musiqa asboblari, tarixiy liboslar, tasviriy va amaliy san’at asarlari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. 20 avgustdan boshlab mehmonlar kutib olinadi va ular uchun sayohatlar, madaniy tadbirlar uyushtiriladi. Shu bilan birga, ular viloyat va tumanlarda o‘z dasturlarini namoyish etishlari, yosh ijodkorlar uchun mahorat darslarini o‘tkazishlari mo‘ljallanmoqda.

 Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.

 – Ishtirokchilarni baholashda bir qator mezonlarga amal qilinadi, – deydi festival hay’ati a’zosi, O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchieva savollarga javoban. – Avvalo, milliyligi, ovoz diapozoni, ijro mahorati baholanadi. Noyob ovoz va yangi janrlar ham e’tiborga olinadi. Joriy yilda to‘qqiz davlat vakillaridan iborat hay’at a’zolari ish olib borishi kutilmoqda.

 Festivalda turli xal­qaro tashkilot vakillari muntazam ishtirok etib kelayotgani uning nufuzi, dovrug‘i naqadar yuksalganiga yana bir misoldir. 2013 yilda YuNYeSKO Bosh direktori Irina Bokova, Xalq­aro madaniyat va san’at uyushmasi bosh kotibi Kuo Li Min, Xalqaro folklor ijodiyoti tashkiloti bosh kotibi Mun Xyung Suk, Osiyo xalqaro san’at festivallari uyushmasi raisi Chen Shenglay, Koreya Resrublikasi prezidentining madaniyat va san’at siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Xyung Van Li ishtirok etdi. Shuningdek, jahonga mashhur san’atkorlar tashrifi ham tadbirga yanada ko‘tarinki ruh va fayz bag‘ishlamoqda. Jumladan, 2011 yilgi tadbirning ochilish marosimida Al Bano Karrizi qatnashgan bo‘lsa, joriy yilda Raymond Paulos tashrifi kutilayotir.

— Nufuzli anjumanni keng yoritish maqsadida veb-sayt tashkil etilgan va hozircha olti tilda materiallar joylashtirilmoqda, – deydi festival matbuot xizmati rahbari Safar Ostonov. – Bu yil ma’lumotlarni o‘n ikki tilda saytga joylashtirish taklifi kiritilgan. Albatta, keyinchalik buni amalga oshirishni rejalashtirib turibmiz. Samar­qandda bosh matbuot markazi ish olib boradi. Bu yilgi festivalni yoritish ishlarida qatnashadigan jurnalistlarga bir qator qulayliklar yaratishni mo‘ljallab turibmiz. Hamkasblarimiz faqat asosiy jarayonni emas, balki sahna orti faoliyati, turli davlatlar vakillarining o‘zaro munosabatlari, hamkorligi to‘g‘risida ham alohida to‘xtalishlari lozim. Masalan, urush holatidagi mamlakatlar san’atkorlari hamjihatlikda chiqishlar qilishi mumkin. Bu esa festival g‘oyasiga monand tinchlik va do‘stlik tarannumi ekaniga kengroq izoh berib o‘tilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Darvoqe, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, bu festival biz yashayotgan bugungi notinch va o‘ta murakkab zamonda turli millat va xalqlar o‘rtasida hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, hayotbaxsh musiqa ohanglari orqali odamlar qalbida ezgu insoniy tuyg‘ularni uyg‘otish, mushtarak tomirlarni bir-biriga payvand etish kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishi bilan alohida e’tiborga sazovor.

Ha, tinch elga to‘ylar-bayramlar yarashadi, musiqa avj pardalarda kuylanadi. Hademay, yana azim Samar­qand osmonida turli xalqlarning jo‘r ovozi mushaklar misol yog‘du sochib, ko‘zlarni qamashtiradi, dillarni ravshan qiladi.

Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

MILLIY O‘YINLAR VA MILLIY TARBIYA

Navro‘z shodiyonalarini qishloqda, qir-adirlar bag‘rida kutib olishning zavqi boshqacha. Ayniqsa, ushbu ayyomda o‘ynaladigan milliy o‘yinlarimizda o‘zgacha fayz, mantiq bor. Chillak, qoqma (quvlashmachoq), arqon tortish, ko‘pkari kabi o‘yinlar bolalarda jamoa uchun qayg‘urish, iroda, mardlik, jasurlik tuyg‘ularini tarbiyalasa, to‘ptosh, halinchak uchish kabi o‘yinlar qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga yordam beradi.

Ota-bobolarimiz bu o‘yinlarni bejiz o‘ylab topishmagan. Besh-o‘n nafardan bo‘lib, ikki jamoaga bo‘linib o‘ynaladigan qoqma bolalardan chaqqonlik, epchillikni talab qiladi. U o‘ziga xos yugurish (engil atletika) musobaqasidir. Bir jamoa a’zolari qochadi, ikkinchi jamoa vakillari ularni tutib olishga harakat qiladi. Raqib jamoa a’zosini tutib olish uchun, unga yetib borib, yelkasiga qo‘l bilan shappatilab-qoqib qo‘yilsa kifoya. Yelkasiga qoqilgan «raqib» bola tutilgan hisoblanadi va jamoadoshlari ham «ushlangunga» qadar o‘yindan chiqib turadi. Shu tariqa raqib jamoaning boshqa a’zolari ham tutilgach, endi birinchi g‘olib jamoa qochadi. Shu tariqa bolalar yugurib, chiniqadilar. Raqibni tutish uchun jon-jahdi bilan birgalashib harakatlanganda, ularda jamoaviylik ko‘nikmasi shakllanadi. Qarang, juda oddiy o‘yin, ammo uning foydasi beqiyos. Yana bir ijobiy jihati shuki, bu o‘yinda bolalar (odamlar) bir-birlarini qiynamaydi, ozor bermaydi. Unda hech kim jarohat ham olmaydi. Aksincha, mana shunday o‘yinlarda toblangan bola ertaga jismonan baquvvat, ruhan tetik bo‘lib ulg‘ayadi. Ko‘pkari, arqon tortish musobaqalari haqida ham shunday deyish mumkin. Ular yosh avlodda tantilik, mardlik fazilatlarini kamol toptiradi. «Chavandoz» filmidagi personajlardan birining gapi esingizdami: «Sizda tantilik oz, Beshimboy!» deydi u salbiy qahramonga qarata. Beshimning aksi bo‘lgan Toshmurod polvon haqiqiy tantilik, mardlik timsoli. U bolaligidan chavandoz. To‘g‘ri, Beshim ham yoshligidan ot chopadi. Biroq uning qalbi unchalik toza bo‘lmagani, ozroq hasadgo‘yligi bois, ko‘pincha Toshmuroddan ortda qolib yuradi. Aslida, uning ham qalbi tantilikdan butunlay begona emas. Buni film oxirida Toshmurod bilan qo‘l berishganida ko‘rish mumkin. Bu ham bo‘lsa, xalqimizning ko‘p ming yillik tarixga ega milliy sport turi — ko‘pkarining yigitlarda or-nomus, g‘ayrat-shijoat, javonmardlik fazilatlarini tarbiyalashga xizmat qiluvchi jihatlaridandir. Chindan ham, aslida eng kuchli, irodali insongina ko‘ngli keng, tanti bo‘la oladi, hayotda ham sportdagi kabi mardligini ko‘rsatadi.

Shularni mulohaza qilarkanman, bugungi ayrim tengdoshlarim, uka-singillarimda ko‘zga tashlanayotgan qusurlardan afsuslanaman. Masalan, jamoat transportlarida o‘zini nojo‘ya tutadigan yigit-qizlarni oling. Kunda-kunora shundaylarga duch kelib turasiz. Ayrimlari o‘ta andishasiz, yuzing-ko‘zing demay, hatto otasi yoki bobosi tengi kishilarga gap qaytaradi, hatto yoqalashishga tayyor. «Ustidagi kiyimiga qaraganda o‘ziga to‘q oila farzandiga o‘xshaydi, afsus, shunday chiroyli kiyim-bosh olib bergan ota-ona tuzukroq tarbiya bermabdi-da! Jamoat joyda o‘zingni tutishni o‘rgan, odobli bo‘l, kattalarni hurmat qil, tarbiyasiz bolalarga o‘xshab meni sharmanda qilma, deya saboq bermabdi-da», deb o‘ylaysiz. Men bo‘lsam, hali o‘n to‘rt-o‘n besh yashar o‘smir, nari borsa, yigirma-yigirma ikki yoshlardagi shunday yigit-qizlarning nihoyatda tajang (mabodo tuflisiga kimdir oyog‘i bilan tegib ketsa, chumchuqday chirillaydi!), asabiy («Ichkariroqqa suril, bolam» deyishsa, o‘zini haqoratlangandek his qilib, bobillaydi) ekanini ko‘rib, bularning bo‘sh vaqti xiyobonlarda yoki internet-kafelarda, kinoteatrlarning qorong‘i, xilvat burchaklarida o‘tayapti-da, ichi torligi shundan bo‘lsa kerak, deb o‘zimcha mulohaza qilaman. Ular keng dalada ot chopganda, qoqma o‘ynaganda, kurash tushib katta bo‘lganda bunday qilmasdi, deb ishonaman.

Ha, milliy o‘yinlarimizning tarbiyaviy ahamiyati bisyor. Ammo ularning boshqa xususiyati ham yo‘q emas. Milliy o‘yinlar millatni, xalqni dunyoga mashhur qilishi ham mumkin. Mana, o‘zbek kurashini oling. Uning insonni halollikka, mardlikka chorlovchi jihati necha-necha xalqlarni o‘ziga maftun etdi. Ba’zi sport turlariga o‘xshab, unda raqiblar bir-birining burnini qonatmaydi, tahqirlamaydi, jismonan ozor bermaydi. U haqiqiy insoniy his-tuyg‘ularni tarbiyalaydi. Ko‘pkari ham shunday, bugun ot sportining qanday rivojlanayotganiga bir qarang.

Millionlab insonlarning sevimli sport turi bo‘lmish futbol ham aslida bir xalqning milliy o‘yini, aslida. U ham xuddi bizning kurashimiz singari o‘zining go‘zalligi, maftunkorligi bilan dunyoni zabt etdi.

Ha, milliy o‘yinlar haqida qancha gapirsak, ozdek tuyuladi. Bugun shaharlarimizda barpo etilgan bolalar maydonchalarini ko‘rib ko‘z quvonadi. Ularda shodon qiyqirib o‘ynayotgan bolakaylarga ota-onalari milliy o‘yinlarimizni ham o‘rgatishsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Bolaligidan milliy o‘yinlar o‘ynab, qalbi pokiza hislarga oshno bo‘lib ulg‘aygach, o‘smirlik damlari ham mazmunli, qiziqarliroq o‘tarmidi. Har holda shafqatsizlik targ‘ib qilingan, ruhiyatni buzishgagina yaraydigan bir tiyinga qimmat ko‘pgina kompyuter o‘yinlaridan ko‘ra insonni harakatga undaydigan, jismoniy va ma’nan kamolotiga xizmat qiladigan milliy o‘yinlarimiz yuz ming chandon afzalroqdir.

 

Muhammadsodiq TO‘RAYEV,

 O‘zDJTU talabasi

GULLAR XAZONGA AYLANMASIN!

Hadisda aytilishicha, kimda-kim qizlarini yaxshi tarbiyalab, iymon-e’tiqodli, odobli, hayoli qilib kamolga yetkazsa, saodatga erishar ekan. Bu hikmatning ma’nosi juda keng va teran. Buni qiz o‘stirganlar juda yaxshi biladi. Qiz bola qalbi ham, vujudi ham nozik, gul misoli bir xilqat bo‘ladi. Shu boisdir, qiz tarbiyasi uchun juda katta mukofot — ikki dunyo saodati va’da qilingan. Ushbu hikmatga hamohang tarzda xalqimiz «qizalog‘im — oq qandim» deydi. Oq qandga biror kichkina dog‘, chang-g‘ubor qo‘nsa ham darhol bilinadi, shuning uchun uni ehtiyotlab saqlaydilar... Qiz bola ham shunday, ota-ona, aka-ukalari bag‘rida «oq qanddek» avaylanadi. Uning sha’ni — ota-onaning sha’ni, oilaning sha’ni hisoblanadi.

— Qiz bola — birovning xasmi, — deyishadi. — Ishqilib, eson-omon egasiga uzataylik-da...

Afsuski, keyingi yillarda ayrim ota-onalarning bu masalada shoshma-shosharlik bilan ish tutishlari ko‘p kuzatilayotir. Bo‘yi o‘zlari barobar bo‘lgan zahoti uni tezroq kuyovga berish tadorigini ko‘rishayotir. Ana shunday holatlarni ko‘rganda beixtiyor o‘yga cho‘masan: «Nahotki, ota-onalar o‘z jigarbandlariga shunday hayotni ravo ko‘rsa! Axir, hali endi o‘n olti-o‘n yetti bahorni ko‘rib-ko‘rmagan bu g‘o‘r qizaloq, oila atalmish ulkan qo‘rg‘on bekaligiga qanday tayyor bo‘lsin? Bo‘yi yetdi degani, bu hali farzand oq-qorani tanidi, voyaga yetdi degani emas-ku! Eh-he, oldinda qancha sinovlar, bekalik, onalik mas’uliyati bor...»

Navoiy industrial-iqtisodiyot kollejida o‘tkazilgan uchrashuv-muloqot ushbu dolzarb muammoga bag‘ishlandi. Unda kollej pedagogik jamoasi, o‘quvchilar, ota-onalar, tibbiyot mutaxassislari, diniy-ma’rifiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda kollejning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ismoil Safarov o‘quvchi qizlarga yaxshi ta’lim va tarbiya berish bilan birga ularning reproduktiv salomatligiga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, buning uchun esa kollej bilan diniy-ma’rifiy tashkilotlar, tibbiyot muassasalari, mahalla faollari, xotin-qizlar qo‘mitasi va ota-onalar o‘zaro hamkor va hamjihatlikda faoliyat olib borishi lozimligini ta’kidladi. Shundan so‘ng so‘z tibbiyot va diniy-ma’rifiy tashkilotlar vakillariga berildi.

— Ota-onalar nima qilsa, farzandlarining baxtini o‘ylab qiladi, — deydi Navoiy shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi akusher-ginekologi Roziya Xolbo‘tayeva. — Xususan, qizlarining kelajakda bir oilaning baxtli bekasi bo‘lishini istashadi. Ammo tashvishlanarlisi shundaki, erta turmushga uzatilayotgan qizlarning aksariyatida reproduktiv salomatlik va kelinlik, ayollik mas’uliyati borasidagi bilim darajalari ancha sust. Bu tabiiy, albatta. Onalar qizlariga asosan, o‘smirligidan katta hayot tarbiyasini bera boshlaydi. Oila nima, unda ayolning vazifasi nimalardan iborat, farzand qanday dunyoga keladi, uni unib-o‘stirish mas’uliyati kabi muhim hayotiy tushunchalardan saboq beradi. Bu bir kunda yoki hatto bir yilda beriladigan saboq emas. Yillar davomida o‘rgatiladigan hayot darsidir. Afsuski, mana shu «maktab»da to‘liq bilim ololmay uzatilayotgan, kechiring-u, ota-onalarning o‘z qo‘llari bilan katta hayotga «uloqtirilayotgan» qizlarimiz juda ko‘p. Ular nima qilsin? Hali o‘spirin yoshda, orzu-havaslar qalbida jo‘sh urayotgan pallada hissiyotga berilib, turmushga chiqishga rozilik berib yuborishlarini tushunsa bo‘ladi. Biroq aql-hushini yig‘ib olgan, hayotning past-balandini ko‘rgan kattalar-chi? Nahotki, bunga befarq qarab tursalar?

Reproduktiv salomatlik bu — oilada farzand dunyoga kelishi, onaning va tug‘ilajak bolaning salomatligi uchun maqbul shart-sharoitlarni yaratish degani.

To‘liq kamolga yetib ulgurmagan qizlarning barvaqt homilador bo‘lishlari ko‘pgina salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Chunki hali o‘zi o‘sish pallasidagi yosh organizm bu bilan zo‘riqadi, oqibatda esa turli kasalliklarga duchor bo‘ladi. Shuning uchun ham qizlarimiz avvalo oilada va sog‘lom muhit hukmronlik qilayotgan ta’lim-tarbiya maskanida ma’naviy-ma’rifiy bilimlar bilan mushtarak holda tibbiy-axloqiy ma’lumotga ham to‘laqonli ega bo‘lishlari va muntazam rioya etishlari lozimdir.

So‘zni Navoiy shahar 1-poliklinika terapevt shifokori Kenjagul Yusupova davom ettirdi, uning mulohazalari ham yig‘ilganlarni befarq qoldirmadi. Shifokor bo‘lajak onalar — qizlarimizning o‘zlari ham sog‘lom bo‘lib, kelajakda sog‘lom zurriyodni dunyoga keltirishlari uchun nafaqat tibbiy-reproduktiv bilimlarga ega bo‘lishi, balki oddiygina kiyinish madaniyatiga ham rioya qilishi katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

— Yoshlarimiz ongi-shuuri o‘zlari ulg‘aygan oila ta’siri doirasida rivojlanadi. Xalqimiz bejiz “qush uyasida ko‘rganini qiladi” demagan. Reproduktiv salomatlikning susayishiga, xususan, xotin-qizlarning ekstrgenital (ichki a’zo) va genital kasalliklarga chalinishiga noxush ekologik va ijtimoiy omillarning mavjudligidan tashqari, qizlarning badanni siqib turuvchi, izg‘irinli kunlarda ham o‘zini ko‘z-ko‘zlash uchun yupun kiyimlar kiyishlari ham sabab bo‘ladi, — deydi K.Yusupova. — Sovuq kunlarda yengil kiyinish birinchidan, tos-chanoq suyagining rivojlanishiga salbiy ta’sir qilib, qon aylanishi va yurak ish faoliyatining buzilishiga olib keladi. Ikkinchidan, bu bilan qarama-qarshi jins vakillarining ortiqcha e’tiborini tortishga olib keladi. Bu esa qizlik, ayollik sha’niga sira to‘g‘ri kelmaydi. Tarbiyasi yaxshi qizlar, avvalo, puxta bilim egallashga intiladi, kiyinishi, xulqi-odobi o‘z o‘rnida bo‘ladi, asosiysi salomatligi mustahkam bo‘lib, kelgusida undan sog‘lom farzandlar tug‘iladi.

Shifokorning so‘zlarini quvvatlar ekan, Navoiy viloyat imom-xatibining xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Gulchehra Sobirova haqiqatdan ham, qiz bolaning jismonan sog‘lom bo‘lishi uning axloqiy sifatlariga ko‘p jihatdan bog‘liq ekanini ta’kidladi.

— Bugun ayrim nodon kimsalar tomonidan «zamonaviylik» deya niqoblanayotgan ochiq-sochiq kiyinish odati farzandlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, — dedi G.Sobirova. — Avvalo, har bir ota-ona o‘g‘il-qizlarining xulqu odobiga jiddiy e’tibor qaratishlarini iltimos qilgan bo‘lardim. Uyida qanday, bilmadim-u, ammo ko‘cha-ko‘yda, ta’lim muassasalarida hech kimni nazar-pisand qilmaydigan yoshlarni ko‘rib xafa bo‘lishingni ham, achinishingni ham bilmaysan. Nima, o‘qituvchilar yoki ota-onalar bolalarni shunchalik erkalatib yubordimi? Yoki biz, atrofdagi kattalar, mahalla-ko‘y loqaydlik kasaliga chalinganmizmi? Bu masalalarga ham jiddiy e’tibor qaratishimiz shart.

Uchrashuvda ota-onalar ham o‘z fikrlarini bildirdilar. Samimiy ruhda o‘tgan muloqotdan yig‘ilganlar tegishli xulosa chiqarganlariga ishonamiz.

 

Shafoat JO‘RAQULOVA

Navoiy viloyati

BAXTLI MAMLAKATNING BAXTIYOR FARZANDLARI

Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda barcha sohalarda izchil davom ettirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi o‘laroq, xalqimizning turmush farovonligi tobora yaxshilanib, O‘zbekiston erishayotgan yuksak marralar jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda e’tirof etilmoqda. Bu e’tiroflar Prezidentimiz rahnamoligida mustaqillikka erishgan ilk yillarimizdanoq, rivojlanishning o‘ziga xos va o‘ziga mos yo‘lining to‘g‘ri va oqilona tanlanganidan dalolatdir. Shu bois, bugun taraqqiyotning “o‘zbek modeli” deb atalayotgan mazkur yo‘ldan qat’iy va og‘ishmay olg‘a intilganimiz o‘zining yuksak samaralarini ro‘yirost namoyon etmoqda.

Read more...

SIZ KUTAYOTGAN AYYOM

Ertaga yurtimiz bo‘ylab kitob bayrami boshlanadi. Ma’naviyat va ma’rifat ayyomi bo‘lmish ushbu bayram dastur bo‘yicha uch kun davom etishi mo‘ljallangan.
Ilmu ma’rifatga oshno insonlar orasida “Eng yaxshi sovg‘a — kitob” degan naql yuradi. Bayram munosabati bilan joylarda tashkil etiladigan kitob yarmarkalari ziyo istagan qalblar uchun mana shunday ajoyib imkoniyatdir.

Read more...

BARDAVOM AN’ANALAR

Qadimdan ajdodlarimiz o‘zlari yashayotgan maskanlardagi devoru toshlarga jangu jadallar, bazmlar, ov jarayonlari hamda tabiat manzaralarining aksini tushirgan. Bezaklarning ta’sirchan kuchini yanada oshirish maqsadida ulug‘ allomalarning hikmatli so‘zlaridan foydalangan. Insonlar bilan ramziy timsollar orqali go‘zallik tilida gaplasha olgan. Qo‘li gul ustalar tomonidan yaratilgan bu kabi san’at durdonalari asrlarning behisob dovulu bo‘ronlarini boshidan kechirgan bo‘lsa-da, hali ham o‘z tarovatini yo‘qotmagan.
Yurtimizda xalq ijodiyotining an’anaviy shakllari ommalashib bormoqda. Xalqimizning aql-zakovati bilan bunyod bo‘lgan bu uslublarda milliy qadriyatlar mujassam. Birgina naqqoshlik sohasini olib qaraylik, mamlakatimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgani sababli soha rivoj oldi. Misol tariqasida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuv sohilida barpo etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasining barpo etilganini keltirish mumkin. Mazkur obida hozirgi zamon arxitekturasining betakror namunasi sifatida o‘zligini namoyon etib turibdi. Bu muazzam ziyoratgoh Vatanimiz ozodligi uchun kurashgan minglab fidoyi insonlar, shahid ketgan ziyoli yurtdoshlarimiz xotirasiga bunyod etilgan.
Shahar va qishloqlarimiz chiroyiga-chiroy qo‘shib turgan bu kabi ko‘plab milliy uslubdagi binolarni ko‘rib, muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning “Milliy timsollar va ramzlarning har biri milliy g‘ururimizni yuksaltirishga xizmat qiladi. Ularning har biri katta bir darslikdir” degan fikrlari xayoldan o‘tadi. Ayni paytda Samarqand, Buxoro, Xiva me’morchilik san’ati bu so‘zlarning timsolidir, arxeologlarning jiddiy qidiruvlari tufayli bu yerlardan topilgan ashyolar tariximizning qorong‘u bo‘shliqlarini yoritib, yanada boyitmoqda. Endi bu topilmalar qiziqarli eksponat bo‘lib qolmay, balki xalq ustalari uchun qadimgi obidalarning saqlanmagan qismlarini tiklashda qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.
— Ota-bobolarimiz turar joy binolarini jilvali bo‘yoqlar bilan bezaganlar. Naqshlangan uyda istiqomat qilgan kishilar ruhiy osoyishtalik og‘ushida bo‘lib, uzoq umr ko‘rishgan. Oilaga mehri kuchli bo‘lgan. Chunki go‘zal naqshlarda inson tafakkurini harakatga keltiruvchi sehrli qudrat bor, — deydi biz bilan suhbatda O‘zbekiston xalq ustasi Asrol MUXTOROV. — Bu ganchlar shunchaki bezak emas, ularning har biri olam-jahon ma’noni o‘zida mujassamlashtirgan.
Milliy me’morchiligimizda binolar shifti quyidagicha bo‘ladi: devorga aroqi sarrob, uning ustiga sharafa, zanjira, hoshiya, yana zanjira, so‘ng navo va kavza qo‘yiladi. Kavzaning tepasiga to‘sin, bosma, keyin vassa teriladi. Har bir elementning o‘ziga xos naqshlari bo‘ladi. Masalan, aroqi sarrobga — patnisi, qo‘shband sanduqa, navoga — naqshi guzaro, naqshi mutassil kabi murakkab naqshlar bitiladi. Sharafaga — guli bitta, bodom, to‘sin yoniga nalinforma, vassaga esa madohil, g‘uncha, shobarg naqshlarining poshshosi ishlatiladi. Bu faqat naqqoshlik dunyosidan bir shingil, xolos.
Ganchkorlik faoliyatim mobaynida turli binolarni bezatishga, har xil buyurtmachilar bilan muloqot qilishimga to‘g‘ri keldi. Tajribamda sinab ko‘rdimki, ganchkorlar ham umri davomida barmoq bilan sanoqli yaxshi san’at asarlar yarata olar ekan. Bu bir tomondan ijod sirlari bilan qolaversa, buyurtmachilarga bog‘liq. Agar buyurtmachi bizga binoni me’moriy qonuniyatlar asosida bezatishimiz uchun yetarli vaqt bersa, ko‘ngildagidek ishlov beramiz. Afsuski, aksariyat hollarda bezaklar qolipdan chiqmay turib, «tezroq bo‘l, falon sanaga tayyor bo‘lishi kerak» deb qistalang qilishadi. Natijada, sifat buziladi. Sifatsiz binoni topshirgandan ko‘ra, kech bo‘lsa ham, puxta qilib topshirish yaxshi emasmi? Bunday shoshma-shosharlik ustoz ko‘rmagan, ta’lim olmagan tajribasiz havaskorlarga qo‘l kelmoqda. Ular naqqoshlik sirlarini to‘liq o‘zlashtirmay turib, buyurtmachilarning didsizligidan foydalanib, ko‘chirmakashlik yo‘li bilan katta-katta binolarning keraksiz joyiga ham naqsh bitmoqda. Nima bo‘lganda ham, ularning eskizsiz ishlashiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
— To‘g‘ri talab, — deyman men ham suhbatdoshimning fikriga qo‘shilib. — Lekin naqqoshlik ham qotib qolgan san’at emas-da! Qo‘lidan ish keladigan yoshlarga oq fotiha berib, erkin ijod qilishlari uchun yo‘l ochgan ma’qul emasmi? Ular ham mas’uliyatli buyurtmalarni bajarib, o‘z uslublari bilan naqqoshligimizni boyitishsin...
— Men har bino, har bir xonadondan go‘zallik ufurib turishini, odamlar bundan estetik zavq olishini istayman. Ba’zan havaskorlar ustaxonadagi ijodiy ishlarimni ko‘rib, moziydan hozirga qadar inson mehnati va iste’dodi tufayli yaratilgan osori atiqalarning qanday bunyodga kelganini so‘rashadi. Naqqoshlik san’atini teran his qilish uchun avval, o‘zi tug‘ilgan joydagi tarixiy obidalar, muzeylar, san’at saroylariga borib, u yerdagi ko‘rkam naqshlarni obdon tomosha qilishi kerakligini aytaman. Shundagina ular hunarni faqat boylik orttirish maqsadida emas, balki jamiyatimiz taraqqiyotiga xizmat qilishi uchun o‘rganish kerakligini anglab yetishadi. Kasbimizning mashaqqatiga, tashvishlariga sabr-toqat qiladi.
O‘zimning ganchkorlik san’atini egallaganimga kelsak, bunga yaqinlarim sababchi bo‘lgan. O‘n bir yoshda edim. Ko‘cha changitib, to‘p tepishdan charchamasdim. Bir kuni otam biror hunar egasi bo‘lishimni istab, meni usta Mahmud Usmonov shogirdlari bilan ishlayotgan joyga olib bordilar. Boshdan-oyoq oppoq changga belangan yigitlarni ko‘rib, yuragim orqaga tortib ketdi. Usta xayolimdan kechayotgan tuyg‘ularni sezib, “Qani, o‘g‘lim, yuring, men ishlagan naqshlarni bir ko‘ring-chi”, — dedilar. O‘shanda ilk bor yuragimga o‘t tushdi. Bu cho‘g‘ bora-bora gulxanga aylandi. Tushimda ham, o‘ngimda ham naqshlarni ko‘rdim. 1960 yildan boshlab, Respublika o‘quvchilar saroyidagi ganchkorlik to‘garagiga qatnasha boshladim. Bu go‘zal olamning ichiga kirib, undan chiqib ketishga o‘zimda qudrat topolmadim. Usta Mahmud akaga shogird tushdim. O‘n uch yil birgalikda ishladik.
Poytaxtimizdagi muhtasham “Turkiston” saroyiga kirganimizda, uning bir-biridan go‘zal qandillariga ko‘zimiz tushadi. Bu naqshinkor chiroqlarni ilk bor ustozim ko‘magida yasagan chog‘larimni eslasam, yuragim to‘lqinlanib ketadi. Mamlakatimizdagi boshqa salobatli bino ustunlari sharafa-peshtoqlarini, ichidagi go‘zal panjaralarida ham u kishining tabarruk naqshlarini ehtirom bilan aks ettirganimdan xursandman. Umr deganlari oqar daryo ekan. Endi o‘zim “qilni qirq yoradi”gan darajada hunar egallagan shogirdlarimga: “Bolam, endi bo‘ldi. Otangdan olgan qarzimni uzdim, sendan roziman”, deb erkin ijod qilishlari uchun oq yo‘l tilayman. Ular mas’uliyatli buyurtmalarni bajarib kelmoqdalar. Bilmaganlarini co‘rashadi, yordamimni ayamayman. Hayotimda nimaiki yaxshilikka erishgan bo‘lsam, ustozim, halol mehnatim, astoydil izlanishim, eng muhimi, ganchkorlikni sevgan, unga ixlos qo‘ygan, hayotini shunga bag‘ishlagan va baxshida etayotgan shogirdlarim tufayli erishdim. Hozirgi kunda ganch o‘ymakorligida faoliyat ko‘rsatayotgan izdoshlarimning o‘zi bir yuz o‘ttiz nafardan ortadi. Shogirdsiz ustoz mevasiz daraxtga o‘xshaydi. Agar hunarimizni yosh avlodga muhabbat bilan o‘rgatib qololsak, insoniy burchimizni sharaf bilan ado etgan bo‘lamiz. O‘z navbatida ular ham boshqalarga murabbiylik qiladilar.
Keyingi paytlarda ganch o‘ymakorligi san’ati yuksak darajada o‘sdi. Aniq, o‘ziga xos tartib-maromga ega buxorocha bezaklar, marg‘iloncha guldor o‘ymalar, Toshkentning qubbali eshiklarida duradgorlarning ko‘ngil dunyosidan ko‘chgan iliqlik bor. Xalq badiiy hunarmandchiligini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgan bir paytda yoshlar bunday ajoyib hunarlarni qunt bilan, erinmay o‘rganishi lozim. Chunki bo‘lajak me’morlarimiz oldida Sharqning aqlni lol qoldiradigan durdona asarlarini asrab qolish va betakror uslublarini davom ettirishdek mas’uliyatli vazifalar turibdi. To‘g‘ri, o‘tmishda sanoat mahsulotlarining taqchilligi binolarning zaxlashi, poydevorlarining nurashiga sabab bo‘lgan. Bugungi davrga kelib, sanoat ishlab-chiqarish mahsulotlari jadallik bilan takomillashib bormoqda. Zamonaviy arxitektura yangiliklariga oid turli xil qo‘llanmalar, temirchilik tsexlari, yog‘ochsozlik zavodlari va g‘isht quyadigan qoliplarning mavjudligi quruvchilarning og‘irini yengil qilmoqda. Ammo hozirga qadar insonning ruhini ko‘taradigan, qalbida hayotga muhabbat uyg‘otadigan naqsh, bezaklar mohiyatini anglatadigan “Ramziylik lug‘ati” yoki “Ramzlar entsiklopediyasi” qiyomiga yetkazib tuzilmagani ko‘pgina qiyinchiliklarni ham tug‘dirmoqda. Ayrim yosh ustalar o‘sha ramzlarning kelib chiqishi, yaratilishi sirlarini o‘qib o‘rganmagani, faqat qolipga solib shakl yasashi tufayli hatto katta-katta saroylardagi naqshlar bir yilga bormay ko‘chib tushayotganligini kuzatish mumkin. Sababi nimada? Ustalarning malakasizligimi yoki sifatsiz sanoat mahsulotlari?! Bu kabi savollarga javob topish uchun yana ustaga yuzlanaman.
— Savolni to‘g‘ri qo‘ydingiz. Xalqimizda “o‘qigan o‘zar” degan gap bor. Yoshlarimiz har bir ishning mohiyatini, kelib chiqish tarixini bilishi shart. Bunga mustaqilikka erishganimizdan so‘ng katta e’tibor qaratildi. Hozirgi imoratlar ming yillarga yetadi. Bunga Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Toshkent xalqaro aeroporti, Ahmad Farg‘oniy majmuasi, Naqshband, Moturidiy masjidlari, Termizdagi Arxeologiya muzeyi, Chirchiqdagi Kimyogarlar madaniyat saroylari yorqin misol bo‘la oladi. Endi bizning yaratayotgan asarlarimiz ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. Yaxshi usta o‘z yurtidan ortmaydi. Lekin ayrim me’morlar internet saytlaridan tayyor loyihalarni o‘zlashtirib, o‘z ustida ishlamay qo‘yishdi. Zamon bilan hamnafas bo‘lish yaxshi. Ayni paytda o‘z sohasining bilimdoni bo‘lgan, qurilish jarayonlariga tuzatishlar kirita oladigan oliy va yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj hamisha katta. Yoshlarimizni zarur bo‘lgan mutaxassisliklarga tayyorlash uchun bilim dargohlarida ta’lim-tarbiya ishlari yanada kuchaytirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ustalarning tajribalarini ommalashtirish, yosh avlodning bu merosni avaylab saqlashi uchun imkoniyat yaratishimiz kerak.
Darhaqiqat, asrlar davomida ulkan madaniy boyligimiz, xususan, milliy xalq amaliy bezaklarining keng tarqalgan turlari, maktablari, bajarish texnologiyasi, uslublari, ularni yaratgan ustalarning muborak nomlarini unutmasligimiz kerak. Bu noyob san’at durdonalarini saqlash, ilmiy o‘rganish, ularni yoshlarga o‘rgatish va kelajak avlodga yetkazish har birimizning insoniy burchimiz ekanini unutmaylik.

Adiba UMIROVA,

“Hurriyat” muxbiri

VATAN, DEB URSA YURAK...

 

O‘zbekistonimiz tonglarini kuzatganmisiz? Bunday musaffolik, sokinlik... Darhaqiqat, o‘zida to‘rt faslni mujassam etgan tarovatu saxovati bisyor jannatmonand yurtimizga havas qiladiganlar ko‘p. Xalqimizning ardoqli shoiri Hamid Olimjon: «O‘xshashi yo‘q bu go‘zal bo‘ston...» deya bejiz ta’riflamagan. «Bir o‘lkaki, tuprog‘ida oltin gullaydi», deya yurtimiz ko‘rkini misralarga jo etgan hassos shoir Oybek domla ham haq. Ona-tuprog‘imiz bag‘riga cho‘pni suqsang, nihol unadi.

– Yurtimizdagi mo‘l-ko‘lchilik, serobchilik, obodlik-bunyodkorlik aqlingni shoshiradi, – deydi Namangan shahridagi «Yashil bozor»da bir otaxon havasini yashirolmay. – Biz Andijonimizdagi o‘zgarishlardan qanchalar quvonyapmiz. Namangandagi ko‘rkamlik-fayziyoblik ham undan qolishmaydi. Ko‘p yillik qadrdon do‘stimnikiga mehmonga kelgandim. Shahringizdagi obodonchilik ishlarini ko‘rib, ko‘nglim yayrab ketdi. Keng, orasta ko‘chalarni yayov kezdim. Do‘stimning uyiga o‘tgan yili, qizini uzatganda kelgandim. Bir yil ichida shuncha o‘zgarish, hatto uning uyini topolmay, rosa xijolat bo‘ldim. Haydovchi yigit bo‘lsa, do‘stingizning uyini bilmaysizmi, deb uyaltirdi deng. Axir, katta ko‘chaning boshidan etagigacha darvozayu devorlar bo‘yalib, ta’mirlanib, ko‘cha bo‘ylari gullarga to‘lgan bo‘lsa, bir tomonda zamonaviy uslubdagi kottejlar qad rostlagan bo‘lsa, ajratish mushkul-da! Men esa ko‘k rangli eshikniyu, uning avvalgi uyini qidiraveribman. Qadrdonim kattaxon temir darvoza o‘rnatib, ikki qavatli yangi uy ko‘targan ekan. Obod yurtda shu-da, har kuni bir o‘zgarish, yangilanish. Qisqasi, bunday yurt dunyoning hech yerida yo‘q...

Atrofdagilar otaning gapini ma’qullashdi.

Shubhasiz. Tinchlik-osoyishtalik barqaror yurtdagina bunyodkorlik, yaratish ishtiyoqi ortadi. Ma’naviyat yuksaladi.

Bir paytlar ro‘zg‘orining kamini to‘ldirish uchun yerto‘lasida yashirincha atlas to‘qigani uchun besh yilga qamalib ketganlar bo‘lgan. Bugun shunday insonlarning farzandlari tadbirkor, hunarmand, ishbilarmon, mulk egasi!

O‘z yurtida begonaday tazyiqu ta’qiblar ostida, na bir fikrini ochiq aytolmay, na iste’dodini ro‘yobga chiqara olmay, mutelik azoblarini boshidan kechirgan xalqimizning ne-ne farzandlari ochilmay so‘nganiga tarix guvoh.

Buning oqibati esa xalqimizning turmush tarziga soya solgani sir emas. Sobiq SSSR davrida xalqimiz go‘sht, sut, sut mahsulotlarini mamlakat aholisiga nisbatan to‘rt barobar kam iste’mol qilgan. Oyiga 75 so‘mdan kam daromad oladigan aholining ulushi Ittifoq bo‘yicha 12 foiz bo‘lgani holda respublikamizda 45 foizni yoki 8 million 800 ming kishini tashkil etgani to‘qib chiqarilgan emas. Maktab va kasalxonalarning 60 foizi nobop binolarda joylashgani, 1700 ta maktab avariya holatida bo‘lgani, qishloq aholisining atigi 5 foizigina kanalizatsiya va vodoprovod, 17 foizi tabiiy gaz, 50 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlanganini aytish g‘oyatda achinarli.

240 ming aholida yer bo‘lmagan, 1,8 million hovli esa uy-joy qurish uchun kengaytirishga muhtoj bo‘lgan. Qishloqlarimizdagi har besh xonadonning birida birorta ham chorva mol, 37 foizida sigir, yarmisida qo‘y boqilmagan.

O‘sha paytlar katta mamlakatga qaram, ayni damda mo‘may xom ashyo manbai bo‘lgan O‘zbekistonimizni dunyo tanimas edi.

Xalqimizning sabr-kosasini to‘ldirgan bunday muammolarni hal etish uchun ozodlik, erk, mustaqillik zarur edi.

Prezident Islom Karimovning: «Biz endi eskicha yasholmaymiz. Hammasiga o‘zimiz, o‘z kuchimiz bilan erishmog‘imiz zarur. Biz o‘zimiz tanlagan, belgilab olgan yo‘limizdan hech qachon qaytmaymiz!» – deya markazqo‘m topshiriqlariyu, tazyiqlariga qaramay: – «Men markazqo‘mdan qo‘rqmayman! Ulug‘ xalqim bor. Shu xalqimning orzusini amalga oshirish uchun harakat qilaman», – degan qat’iy ahd bilan atayin uyushtirilgan Farg‘ona, Guliston, Sirdaryo, Bo‘ka, so‘ngra Namanganda yuz bergan dahshatli voqealar ichiga qo‘rqmay kirib borishi katta jasorat edi.

Bunga tariximizni varaqlagan yoki «Mustaqillik arafasida yoxud sho‘rolarning so‘nggi talvasasi» filmini ko‘rgan hamda davlatimiz rahbari Islom Karimovning «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobini o‘qigan inson yana bir karra amin bo‘ladi.

1989 yil 17 avgustda yurtboshimiz boshchiligida respublika hukumatining Toshkentda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida aholiga tomorqa va shaxsiy uchastkalar ajratish masalasi ko‘rilgan va «qishloqda yashovchi har bir oilani tomorqa bilan ta’minlash, ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish haqida» qaror qabul qilinadi.

Ushbu tarixiy hujjatda qishloqda yashovchi har bir kishiga o‘rtacha 25 sotixdan yer ajratib berish va tomorqa maydonlarini qariyb 4,5 baravar ko‘paytirish ko‘zda tutilgan edi. Buning natijasida 1989-90 yillarda 1,5 milliondan ko‘proq oilaga qo‘shimcha yer ajratildi, 700 ming oilaga yangi tomorqa yerlari berildi. Masalaning oqilona tarzda hal etilgani tufayli yurtimizdagi ming-minglab odamlar uyli-joyli, ishli bo‘lishiga erishildi. Bozorlarimizda mahsulot ko‘payib, narx-navo arzonlashdi. Bu bilan ijtimoiy keskinlikning oldi olindi.

Mana bugun oradan qariyb 24 yil o‘tgach, erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan ishlar ko‘lamini ko‘rib, qalblarimiz faxr-iftixorga to‘lmoqda. Istiqlol bergan imkoniyatlardan, erk, ozodlik ne’matidan dillarimizda surur, shukronalik tuyg‘usi.

Bugungi kunga kelib, eng kam ish haqi oyiga 107635 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ijtimoiy sohani moliyalashtirishga davlat byudjetidan jami xarajatlarning 60 foizidan ko‘pi sarflanayotgani ham, qishloq aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash uchun namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurish dasturini ro‘yobga chiqarish doirasida qurilishi kerak bo‘lgan 11 mingga yaqin uydan hozirgacha 4486 tasi foydalanishga topshirilgani, qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga har yili 450-550 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanayotgani va hozirgi kunda 140 ta qishloq aholi punktida suv ta’minoti yaxshilangani ham mustaqillik bizga bergan imkoniyatlar samarasidir.

– Umr yo‘ldoshim bir umr temirchilik qilgan, – deydi Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi sakson olti yoshli Qutbinisa aya Sattorova. – Kosamiz oqarmagan. Ota-onam shu mehnat orqasidan erta o‘tib ketishdi. 16 yoshli Sadriddin ukam urushdan qaytmadi. 15 yoshli Sayfiddin akam tibbiy yordam ololmay olamdan o‘tgan. Un yo‘q, non yo‘q, sholg‘om bilan qizilchani qaynatib yeganlarimizni, burchoq undan atala pishirib kun kechirganimizni, oqibatda ko‘p odamlar qo‘tirga chalingan, ochlikdan vafot etgan og‘ir damlarni eslasam, ko‘z yoshimni to‘xtata olmayman. Shukrki, Istiqlol sharofati bilan mana shunday tinch, baxtli kunlarga yetishdik. O‘tgan yili ota-onam, umr yo‘ldoshim yetolmagan orzu – Makkai Munavvaraga borib, haj ziyoratini ado etish baxtiga muyassar bo‘ldim. Farzandlarim, nabiralarim uyli-joyli, yerli, tadbirkor. O‘ziga to‘q, tinch. Har qancha shukur qilsak kam.

– O‘ylab qarasam, tinch, osuda hayot kechira boshlaganimga yigirma to‘rt yil bo‘libdi, – deydi «Nanay» QFY hududida istiqomat qiluvchi sakson sakkiz yoshni qarshilagan O‘ktamxon Islomova. – Yoshligim eng og‘ir yillarda mehnat, qiyinchilik, ochlik azoblarida o‘tgan. Ota-onadan erta qolib, ukalarimni boqish zimmamga tushgan. Azondan qora tungacha qilgan mehnatim evaziga olgan bir kaft unni ukalarimga atala qilib, ichirib, o‘zim olma qoqi qaynatib, suvi bilan qanoatlangan paytlarim bo‘lgan. Bugun esa oddiygina yashaydigan oilaning to‘yga yozadigan dasturxoniga qarang. Yoki do‘konlarimizdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘ring. Bunday to‘kinchilikni xayolimizga ham keltirmaganmiz.

O‘ktamxon onaning yolg‘izgina qizlari Halima opa Yusupova 63 yoshda. «Oqilbek» fermer xo‘jaligini 1997 yilda tashkil etgan. 45 turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtiradi. Har yili g‘alla va kartoshka, meva tayyorlash rejalarini ortig‘i bilan ado etadi. 13 gektar maydondagi 2000 tupdan ortiq meva ko‘chatlari ilk hosil nishonalarini bera boshladi.

– Onamning o‘tmish xotiralaridan bilamanki, bir parcha yerni ko‘zlariga to‘tiyo qilishgan. Axir, ona yer insonning yashashi, yeb-ichishi uchun bor ne’matini tortiq etadi-da! – deydi u. – Mustaqillik tufayli yer egasiga aylandim. Xo‘jalikni o‘g‘lim Qobilbek bilan birga yuritamiz. O‘g‘lim Odiljonda esa 1 gektar xususiy bog‘ bor. Azimjon 70 sotix nokzor egasi. Har ikkovlari ham shu yer orqasidan uy-joy qilishdi, mashina olishdi, oila tebratishyapti. Qizim Mohira turmush o‘rtog‘i Ubaydullo bilan «Mohira – Sohiba – Saodat» fermer xo‘jaligini yuritishadi.

Haqiqatan ham, yer bilan tillashgan inson borki, oilasiga ham, atrofdagilarga ham naf yetkazyapti. Halima opa o‘z qishlog‘ida 1,5 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan savdo do‘konini qurib, kam ta’minlangan oila boshlig‘iga topshirib qo‘ygan.

Istiqlol nafaqat qalblarimizni tozartirdi, balki ma’naviyatimizni, madaniyatimizni, dunyoqarashimizni, ongu tafakkurimizni ham yuksaltirdi. Elim deb, yurtim, deb yonib yashayotgan yurtdoshlarimizning fidoyiliklarini ko‘rib faxrlanasan, ham g‘ururlanasan kishi.

Yangiqo‘rg‘on tumanining O‘zak qishlog‘ida yashovchi tadbirkor Abdullajon Zokirovning o‘z shaxsiy mablag‘i hisobidan «Navro‘z obod» QFYda sport majmuasi bunyod etgani, «Yangiqo‘rg‘on» ShFYdan tadbirkor Sherzod Madaminovning yangi savdo markazini ishga tushirgani kabi xayrli ishlarni amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz nihoyatda ko‘p.

Faxr va iftixor bilan so‘z yuritganlarimizdan xulosa shuki, istiqlol bergan imkoniyatlar har bir inson qalbida yaxshi yashashga, shijoat bilan mehnat qilishga, yaratishga, jonajon Vatanimizni yanada obod, ko‘rkam qilishga bo‘lgan ishtiyoqni jo‘sh urdirmoqda.

O‘tgan 24 yillik fursat ichida jannatmonand yurtimizni dunyoning barcha davlatlari tan oldi. Qanchasi bilan o‘zaro hamkorlik, diplomatik aloqalar o‘rnatilgan.

Qadr-qimmatimizni yuksaklarga ko‘targan, o‘zligimizni ulug‘lagan, o‘zbek nomini dunyoga tanitgan Mustaqilligimizga, tinch-osoyishta hayotimizga har qancha shukronalar keltirsak oz.

Bir paytlar majlislarda ruscha so‘zlay olmay peshonasidan reza-reza ter quyilgan paxtakor otaxonning nabirasi bugun ta’lim tizimidagi muvaffaqiyatlar sabab, til o‘rganib, dunyo tanidi. Endilikda chet elda diplomat, elchi.

Uyida bir bosh moli, uch bosh qo‘yi bo‘lgani uchun «boyning bolasi», «davlat xoini» deya olis o‘lkalarga badarg‘a qilingan dehqonning evarasi katta fermer, qo‘ra-qo‘ra moli bor. Sut, qaymoq, pishloq ishlab chiqaradigan tsexi bor. «Bu «Moskvich»ni qaysi pulingga olding», degan so‘roqlardan tinkasi qurigan ziyolining nevarasida avtomobillarni tuzatish shoxobchasi bor. Har mahalla, ko‘cha, xonadonda esa «Neksiya», «Lasetti», «Tiko», «Matiz», «Spark», «Malibu». Yasha, mehnat qilibsan, rohatini ko‘r! Davlatmand bo‘l, o‘zingga ham, o‘zgalarga ham nafing tegsin! Bularning barchasi – istiqlol sharofati! Bunday imkoniyatlarni, imtiyozlarni hammamizga Mustaqillik berdi!

Quyosh olamni munavvar qilganiday, istiqlol istibdod zulmiga barham berdi. Ko‘zlarga nur, dillarga ravshanlik, kelajakka ishonch uyg‘otdi.

Bir parchagina bulut suzib yurgan musaffo osmon bag‘rida charx urib uchayotgan qushlarga, oftob nurlarida erkalanib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilayotgan bolga to‘lgan bog‘u, uzumzorlarga, shabboda epkinida xush bo‘ylarini taratayotgan anvoyi gullarga, to‘lib toshib oqayotgan anhorlarimizga, yurtni yanada obod qilish ishtiyoqida g‘ayrat bilan mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizga e’tibor bering.

Bizni dunyoga keltirgan, ota-bobolarimizning xoki yotgan bebaho zamin, aziz Vatan – yagona, tuprog‘ining har qarichi – muqaddas. Uni asrash, farzandlarimizga yanada obod, ozod, erkin va farovon holda topshirish – burch.

Qutlug‘ ayyom arafasida dillarimizda ana shunday ulug‘ maqsadlar yanada bo‘y ko‘rsatib, ezgu tilaklarimizga qanot berayotgani, shubhasiz. “Tobora gullab-yashnayotgan ona yurtimiz uzra istiqlol quyoshi abadiy porlab tursin! Tinchligimizga ko‘z tegmasin! Mustaqilligimizning qutlug‘ ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin, azizlar!”

Jamoliddin MUSLIM, Lobar RUSTAMOVA, 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari. Namangan viloyati  

KOMILLIK — UMUMMILLIY MASALA

Ilm bobida birin-ketin zabt etib borilajak pillapoyalarning har biri o‘z nomi bilan tarbiyadir. Ulardan qay biri odob, qay biri tavoze, nojoiz ishdan tiyilmoq, aytar so‘zi pok bo‘lmoq, imkoni boricha yaxshilik ulashmoq. Shu ma’noda erishilgan har qanday yutuq zamirida ta’lim, mohiyatida tarbiya masalasi mujassam.
Bugun oramizda ilmu ma’rifatli, yuksak salohiyatli yoshlar talaygina. Ularning ijtimoiy faolligi har jabhada o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, bu borada “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati qoshidagi “O‘quv-uslubiy markaz” nodavlat ta’lim muassasasining o‘rni beqiyos. Ushbu muassasa o‘z faoliyatini uch yo‘nalishda – “Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash”, “O‘quv-uslubiy” hamda “Axborot-resurs” sohasida olib boradi.
O‘tgan yili ta’lim muassasasi tomonidan ushbu yo‘nalishlarda bir qator ishlar amalga oshirildi. Harakatning yetakchi mutaxassislari uchun malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugun tizimda faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlarning oliy ma’lumotli bo‘lishiga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. O‘quv mashg‘ulotlarda ishtirok etgan tinglovchilarning 389 nafari oliy ma’lumotli, 56 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekani ham fikrimizni asoslaydi.
O‘quv-mashg‘ulotlarida tinglovchilarning nafaqat nazariy bilim olishi, balki amaliyotni mustahkamlashga ham urg‘u berildi. Shu maqsadda malaka oshirish kurslarining nazariy mashg‘ulotlariga ikki nafar fan doktori, o‘n ikki nafar fan nomzodi va o‘n nafar o‘qituvchi jalb etildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida 2014 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi”ning 6-bandi ayni shu yo‘nalishga qaratilgan. Ya’ni Harakatning umumta’lim maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda korxona, tashkilot va muassasalardagi boshlang‘ich tashkilotlari uchun o‘quv-seminarlar va “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” ko‘rik-tanlovini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan respublika forumi tashkil etilib, ular ushbu o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishdi. O‘quv jarayonida yetakchilarning imijini shakllantirish, ularda notiqlik mahoratini takomillashtirish, loyihalar bilan ishlash ko‘nikmasini singdirishga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Shuningdek, ta’lim muassasasi mutaxassislari tomonidan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarlikning oldini olish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” ishlab chiqildi. Ushbu to‘plam beshta kitobdan iborat bo‘lib, unda bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlari, bolalar bilan ishlashning dolzarb vazifalari, bu borada ota-onalar, o‘qituvchilar va boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari tomonidan amalga oshiriladigan ishlarga oid tavsiyalar o‘rin olgan. Ulardan nafaqat tashkilot yetakchilari, balki o‘qituvchilar va ota-onalar ham foydalanishlari mumkin. Qo‘llanmaning birinchi kitobida voyaga yetmaganlar va huquqbuzarlikka moyil yoshlar bilan ishlashning umumiy nazariy asoslari haqida so‘z yuritilsa, ikkinchi kitobda voyaga yetmaganlar orasida nazoratsizlik va qonunbuzarlik profilaktikasining umumiy asoslari haqida ma’lumot beriladi. Uchinchi kitobda esa ota-onalarni va bolalarni ta’lim muassasalarida psixologik-pedagogik o‘qitish nazarda tutilgan. Navbatdagi qo‘llanmalarda alkogolizm, giyohvandlik va toksikomaniya profilaktikasi, o‘smirlarda zararli odatlarning erta namoyon bo‘lishi va boshqa muammolar, ularning yechimi yuzasidan tavsiyalar keltirib o‘tilgan.
– Muassasamizda axborot-resurs markazi mavjud bo‘lib, kitob fondi 2013 yilda mingdan ziyodni tashkil etgan, – deydi direktor o‘rinbosari Toshpo‘lat Xoliqov. – Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilda ikki mingga yetdi. Markazimiz “Yangi davr kitoblari”, “Sharq ziyokori”, “Yoshlar matbuoti” va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Shuning evaziga kutubxona o‘quv-uslubiy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, tibbiy-psixologik, ma’naviy va ma’rifiy yo‘nalishlardagi kitoblar bilan boyidi. A’zolarning kitoblardan foydalanishini osonlashtirish maqsadida elektron kutubxonani tashkil etdik. Shu yilning yanvar oyida beshta kompyuter jamlanmasiga ega bo‘ldik. Video va fonotekani tashkil etish maqsadida “Sinema Market” MChJdan 276 dona hujjatli va badiiy film DVD disklari, psixologiya, sotsiologiya, xorijiy tillarni o‘rgatuvchi multi o‘quv-qo‘llanmalarni markazimiz faoliyatiga jalb etdik. Natijada joriy yilda kutubxona a’zolari soni 110 nafarga yetdi.
Shuningdek, ta’lim muassasasining rasmiy sayti www.kum.uz ishga tushirilib, ayni paytda sayt ta’lim muassasasi faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan to‘ldirib borilmoqda.
“O‘quv-uslubiy markaz” nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan joylarda tashkil etilayotgan seminarlar jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishni nazarda tutadi. Xususan, “Kamolot” yoshlar oromgohida tashkil etilgan “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” tadbiri ana shunday maqsadni o‘zida aks ettirdi. Seminar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, OIV/OITS kasalligi, giyohvandlik, ichkilikbozlik, tamaki chekish kabi illatlarning oldini olishga qaratilgan mashg‘ulotlardan iborat bo‘ldi.
Muassasa tomonidan uyushtirilgan navbatdagi – “Men rahbar bo‘la olaman!” mavzuidagi seminar iqtidorli, faol yoshlar va yetakchilarda jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Bundan tashqari, Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida “Harbiy xizmatchilarda liderlik sifatlarini shakllantirishning dolzarb vazifalari” mavzusida tashkil etilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanida ta’lim muassasasi vakili o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Ushbu anjumanda Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarida liderlik sifatlarini shakllantirishda psixologiyaning tutgan o‘rni, oliy harbiy ta’lim tizimida ushbu fanning o‘qitilishi, liderlik sifatlarini shakllantirishda psixologik metodlarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
“Yoshlar eko hayotni tanlaydi!” loyihasi doirasidagi o‘quv seminarida esa “Kamolot” YoIHning hududlardagi kengashlari orqali saralab olingan 130 nafar iqtidorli, tashabbuskor va trenerlik qobiliyatiga ega bo‘lgan ko‘ngilli yoshlar qatnashdi. Unda bo‘lajak trenerlarga informatsion mini-sessiyalarni tashkil etish ko‘nikmalari, notiqlik san’ati, yetakchilik qobiliyati, yoshlar auditoriyasi bilan ishlash sirlari o‘rgatildi. Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi va “AKFA Lighting” kompaniyasi vakillari tomonidan maxsus mahorat darslari olib borildi.
Aslida, ta’lim muassasasi faoliyatini samarali tashkil etish, o‘quv mashg‘ulotlarning samaradorligini oshirishda texnik ta’minot ham katta o‘rin tutadi. Bu borada texnika-texnologiya vositalari ish unumdorligini oshirishga xizmat qilayotir. Shu o‘rinda qayd etish joizki, muassasaning joylarda faoliyat yuritayotgan xodimlariga hududiy kengashlar tomonidan qaratilayotgan e’tiborni u qadar yuqori deb bo‘lmaydi.
Aytaylik, hududlardagi xodimlarning faoliyatini tashkil etish jarayonida hududiy kengashlar oldiga ularni alohida xona bilan ta’minlash hamda chekka tumanlardagi o‘qishlarni o‘tkazishda ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan. Ayrim hollarda muassasa koordinatorlarining chekka tumanlarda tashkil etayotgan o‘quvlari uchun xizmat safari xarajatlarini qoplab berish, zaruriy kantselyariya vositalari bilan ta’minlashda ayrim muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Harakatning barcha hududiy kengashlari tomonidan ta’lim muassasasining hududiy xodimlariga qaratilayotgan e’tiborni bir xil deb bo‘lmaydi, albatta. Masalan, Andijon, Buxoro, Namangan Qashqadaryo viloyatlarida nodavlat ta’lim muassasasi xodimlari uchun alohida xona va o‘quv zali ajratilgan. Ammo Jizzax, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida mutaxassislar uchun bunday imkoniyat yo‘q.
“Ota-bobolarimiz qadimdan bebaho boylik bo‘lmish ilmu ma’rifat, ta’lim va tarbiyani inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy sharti va garovi deb bilgan...
Shu bois bu sohada yuzaki, rasmiy yondashuvlarga, puxta o‘ylanmagan ishlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu keng jamoatchilik, butun xalqimizning ishtiroki va qo‘llab-quvvatlashini talab qiladigan umummilliy masaladir”. Bu davlatimiz rahbari ko‘rsatgan nurli yo‘l. Demak, “Kamolot” YoIH yoshlarning haqiqiy tayanchi va suyanchiga aylanishi, uning hududiy bo‘limlari xuddi shu pozitsiyada turib, o‘z vazifalarini ado etishlari zarur.

Akmal JUMAMURODOV,
“Hurriyat” muxbiri

IKKINCHI UMRNING BOSHLANISHI

 

“Imon” dramasi yana teatr sahnasida

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida atoqli olim va dramaturg Izzat Sulton qalamiga mansub “Imon” dramasining sahnalashtirilayotgani haqidagi ovoza, nihoyat, real voqeaga aylandi. 1960 yil 14 iyulda ilk bor sahna yuzini ko‘rgan va 12 yil davomida tomoshabinlar e’tiborini muttasil qozonib kelgan asarga mustaqillik yillarida ham ehtiyoj borligi unda ko‘tarilgan axloqiy-ma’naviy muammolarning bugun ham dolzarb va muhim ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

illiy teatr asarni qayta sahnalashtirish ishini teatrning bosh rejissyori O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Azimovga topshirdi. U spektakl stsenografiyasini yaratishdek o‘ta mas’uliyatli va mashaqqatli ishga yosh rassom Otabek Fayzievni jalb etdi; spektakldagi bosh rolni ijro etishni esa teatrga yaqinda qaytib kelgan O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’dievga taklif etdi.

Milliy teatr tarixida bunday barkamol spektakllar oz bo‘lmagan. Lekin sho‘ro davrining mafkuraviy ta’siridan xoli bo‘lmagani uchun bugun ularning ayrimlarini qayta sahnaga olib chiqish mahol. Izzat Sulton dramasida ko‘tarilgan asosiy masala esa Imon masalasi. Imon – vijdonning oliy bosqichi. Xalq va jamiyat oldidagi, Islom va Olloh oldidagi poklik mezoni. Imon — nihoyatda serqamrov tushuncha. Dramada ana shu serqamrov tushuncha faqat bir masalaning badiiy tahlili orqali talqin etiladi. Bu — ilmiy o‘g‘irlik masalasi. Yuzaki qaraganda, ilmiy o‘g‘irlik xalqning turli ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy qatlamlariga mansub tomoshabinlar ommasi uchun muhim ahamiyatga molik emas. Asar bosh qahramoni Orif Komilov (O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti M.Abduqunduzov)ning marhum professor Yusupov qalamiga mansub qo‘lyozmani o‘g‘irlab, uning birinchi qismi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgani va ikkinchi qismini doktorlik dissertatsiyasi uchun asrab yurgani umumxalq miqyosdagi sharmandali voqea emas. Ammo butun umr bo‘yi ilm-fan ravnaqi yo‘lida halol xizmat qilgan Yo‘ldosh Komilovning farzandi Orifning shunday qalloblikka qo‘l urishi taniqli kimyogar olimning katta fojiasidir. Ammo farzandlarning imon-e’tiqodli otalarining fidoyilik va vatanparvarlik, xalqparvarlik singari  an’analarini, ezgu insoniy fazilatlarini  davom ettirish o‘rniga ularni jamoatchilik oldida sharmisor qilishi — jamiyatni befarq qoldirmaydigan voqea. Har qanday jamiyatning tanazzulga yuz tutishi, aslida, shunday voqealarni yillar davomida loqaydlik bilan kuzatishdan boshlanadi.

Teatr Izzat Sulton asarida ko‘tarilgan muammoning bir oila uchungina emas, balki poklanayotgan bugungi jamiyat uchun ham g‘oyat muhimligini chuqur his qilgan holda uni sahnaga olib chiqdi.

Sirasini aytganda, ilmiy o‘g‘irlik dramaturg uchun hayotda ro‘y bergan va ro‘y berishi mumkin bo‘lgan barcha ma’naviy-axloqiy masalalarga bo‘lgan munosabatini ifodalash uchun bir bahona, xolos. Buni zukko tomoshabin yaxshi tushunadi va sahnada kirdikori fosh etilgan “ilmiy o‘g‘ri” o‘rnida o‘z lavozimini suiiste’mol qilib, nafaqat o‘zi, balki bolalari va hatto nevaralari uchun ham qasrlar qurib tashlagan yoki qurib tashlayotgan amaldor va puldorlarni, talabalarni shilish hisobiga kekirib yashagan yoki yashayotgan domlalarni, “mo‘ylov”ini yog‘lab qo‘ymagani uchun kasalga qaramay qo‘ygan shifokorlarni ko‘z oldiga keltiradi. Bu noxush hodisalarning hammasiga sabab shu shaxslardagi Imonning salomat bo‘lmagani. Shu ma’noda spektakl katta ijtimoiy jarangga ega.

Rejissyor Marat Azimov sahnalashtiruvchi rassom Baxtiyor To‘raev va rassom Otabek Fayziev bilan hamkorlikda spektaklning o‘ziga xos badiiy obrazini yaratishgan. Parda ochilishi bilan hozirgi hashamatli qasrlardan birining ko‘cha tomonga qaragan derazalari va shu derazalardan avtomobillar g‘izillab o‘tayotgan ko‘cha ko‘rinadi. Tun. Bir-ikki soniyadan so‘ng parda ochilib, Yo‘ldosh Komilovning qimmatbaho qandili charaqlab turgan uyi ko‘z oldingizda butun salobati bilan namoyon bo‘ladi.

Asarda garchand o‘tgan asrning 60-yillaridagi hayot tasvirlangan bo‘lsa-da, rejissyor voqeani pesa muharriri Ahmadjon Meliboev yordamida hozirgi davrga ko‘chirgan. Zero, asarda ko‘tarilgan masala ham, konfliktning ikki qutbini tashkil etgan qahramonlar ham bugungi voqelik uchun begona emas.

Kishilik jamiyatining ko‘p asrlik tarixidan shu narsa ma’lumki, haqiqat bilan nohaqlik, adolat bilan adolatsizlik o‘rtasidagi kurashda haqiqat va adolat hamisha ham tantana qozonavermaydi. Hozir ham muayyan bir davralarda Sanjarovlarning Komilovlar ustidan g‘olib kelishlari hech gap emas. Shuning uchun “Imon” spektaklida rejissyor ham, aktyor ham Sanjarov-Abduqunduzovning “o‘z” falsafasining to‘g‘riligiga bo‘lgan ishonch olovini pasaytirmasligi maqsadga muvofiq. Aks holda yana sotsrealizmning siyqalgan relslariga tushib qolish mumkin.

Spektaklda to‘qqiz personaj qatnashganiga qaramay, asosiy voqealar markaziga Komilov bilan Sanjarovdan tashqari, Komilovning o‘g‘li, ammo Sanjarovning shogirdi Orif ham tortiladi. Hayot mashaqqatlari va zavqini faqat ilm-fanda ko‘rgan Yo‘ldosh Komilov o‘g‘lining keyingi tarbiyasi Sanjarovning — ilmga boylik orttirish vositasi deb qaragan kishining qo‘liga topshirilganini ko‘ra-bila turib, na o‘g‘lining hayot tarzi bilan qiziqadi, na nomzodlik dissertatsiyasi bilan. Axir u safdoshi professor Yusupovning qanday ilmiy muammolar bilan shug‘ullanganini bilgan bo‘lishi kerak-ku!.. Hamma gap shundaki, Komilov singari o‘z hayotini ilmga yoki boshqa bir sohaga to‘la-to‘kis bag‘ishlagan ayrim kishilar farzandlarining keyingi tarbiyasi bilan qiziqmay qo‘yadilar. Natijada farzandlar otalar tarbiyasidan uzilib, boshqa “tarbiyachilar”ning ta’sir doirasiga tushib qoladilar. Bu achinarli hol: ota farzand oldidagi burchini to‘la bajara olmadi. Orifning qing‘ir yo‘lga kirganini ko‘rgan Komilov — Sa’diev  hayotining shu davrini eslab, o‘kinadi, nafaqat farzandi, balki o‘zi ham gunohkor ekanidan iztirob chekadi.

Izzat Sulton pesani yozishdan avval Fanlar akademiyasining Kimyo institutiga borib, Sobir Yunusov, Malik Nabiev singari atoqli olimlar bilan suhbatlashib, Chirchiqdagi kimyo kombinati ishchilari hayotini o‘rganib, o‘zbek kimyogarlari erishgan yutuqlar haqida tasavvur hosil qilgan. Hayotini mamlakatimizda kimyo fanining kamol topishiga bag‘ishlagan olimlar uning Komilov obrazini yaratishida prototiplar bo‘lib xizmat qilgan. Ammo u shu davrda muhim va dolzarb hisoblangan “ishlab chiqarish mavzu”idagi asarni emas, balki hatto “imon” so‘zidan ham hurka boshlagan jamiyat uchun ma’naviyat muammolariga bag‘ishlangan asarni yozishni ma’qul ko‘rdi. Buning sabablaridan biri shundaki, o‘sha davrda odamlarda molparastlik, hashamparastlik mayllari kuchaygan; odamlar xorijdan keltirilgan “stenka”larga o‘zlari o‘qimaydigan, ammo muqovasi xushsurat bo‘lgan kitoblarni “ko‘z-ko‘z” qilib qo‘yadigan bo‘lgan edilar. Gazetalar buyumparastlik odamlarni ma’naviy va ruhiy qashshoqlikka olib kelishi mumkinligi haqida bong urgan yillar edi.

“Imon” shunday tarixiy-ijtimoiy va ma’naviy muhit qaror topa boshlagan davrda yaratildi. Asar boshlarida ulkan qandil detaliga e’tibor qaratilganining sababi ham shunda.

Spektakl markazida, yuqorida aytilganidek, Komilov bilan Sanjarovning bahsi turadi. Sanjarov nazarida, har bir odamning ichida nahang yashaydi. “Ha, men nahangman! — deydi u Komilovga. — Har bir odamning ichida nahang bor. Har kim hayotdan qonib lazzatlanish uchun qo‘lidan kelganini qiladi. Sen o‘zing ham hayotning gashtini surmayapsanmi? Mana, o‘zing ham mana shunday koshona qurib olibsan-ku?” Komilov uning bu so‘zlariga javoban “koshona”ni halol mehnati evaziga qurganini aytadi. Shundan so‘ng Sanjarov hayotiy falsafasining to‘g‘riligini tasdiqlash uchun deydi: “Agar o‘g‘lingning ichida nahang bo‘lmasa edi, u mening shogirdim bo‘lmas edi”. Bu, kuchli argument. Komilov bu so‘zlarni rad etishga ojiz. U faqat: “Men bu nahangni quritaman... Bu bizning imonimiz”, deya oladi, xolos. Dramaturg shu bahsda Sanjarovning tantana qilayotganini sezadi va uning “yorilishi”ga imkon beradi: “Imon! Imon! Shu imoning bilan sen bugun hatto o‘z o‘g‘lingning qo‘lidan birovning qo‘lyozmasini olishga ham qodir bo‘lmay turibsan-ku?” Sanjarovning bu so‘zlari Komilovga, uning falsafasiga berilgan yana bir kuchli zarbadir.

Rejissyor har ikkala rolning ijrochilari bilan birga shu mizansahna ustida ko‘p ishladi. Va shu mizansahnada g‘oyaviy va badiiy jihatdan yetuk spektaklning tug‘ilgani oydek ravshan bo‘ldi.

Afsuski, ayrim personajlar spektakl boshlanishida muayyan badiiy vazifani bajargan bo‘lishsa-da, keyin, dramaturgik materialning yo‘qligi tufayli, ular xarakteri rivojlanmay qolgan.

Maqola so‘ngida yana bir narsani aytishni joiz deb bilaman. Teatrga kelgan har bir pesa, rejissyor va artistlar ko‘magida pishib, yetilib sahna yuzini ko‘radi. Bundan bir necha yil avval yozilgan, mualliflari o‘tib ketgan asarlar qayta sahnalashtirilganda, rejissyor va adabiy emakdosh shu asarga yangi tarixiy davr ko‘zi bilan yondashib, ba’zi bir sahna, monolog  yoki dialoglarni qisqartiradi. Bu hamma zamonlarda, hamma teatrlarda qo‘llanadigan ijodiy ish usuli.

Ammo bu masalaga ijodkorlarimiz ehtiyotkorlik bilan yondashganliklari ma’qul.

“Imon”ning 1960 yildagi premerasi ko‘tarinki ruhda o‘tganidan keyin Izzat Sulton yon daftariga quyidagi so‘zlarni yozib qo‘ygan ekan: “Tomoshabin hayotdan dastavval yorqin hodisalar va ibrat bo‘larlik xarakterlarning ko‘rsatilishini intizorlik bilan kutadi va shu yo‘ldagi kichkina muvaffaqiyatni ham katta quvonch bilan qarshi oladi. Ijobiy qahramonni izchil ijobiy, yuksak taqlid namunasi qilib tasvirlashdan hayiqmaslik kerak”.

Bu, teatrni ibrat maktabi deb bilgan olimning dil so‘zlari.

 

Naim KARIMOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

QADRI BALAND QADRDONLARIM!

Jonajon Vatanimizning har bir qarich yeri biz uchun aziz va muqaddasdir. Universitetga o‘qishga kirgach, yurtimizning turfa go‘shalaridan kelib saboq olayotgan kursdoshlarimning  intilishlariga qarab xalqimizga, Vatanimizga bo‘lgan muhabbatim yanada kuchaydi.

Surxondaryolik kursdoshlarimning tantiligi, xorazmlik do‘stlarimning yoqimli, shirin suhbati, farg‘onalik saboqdoshlarimning go‘zal muomalasi — umuman, barcha viloyatdan kelib ilm o‘rganayotgan tengdoshlarimning o‘ziga xos fazilatlariga maftun bo‘lib qoldim. Ularni birlashtirib, bog‘lab turgan jihatlar ham bisyor: har birining qalbida shu bebaho yurtga bo‘lgan cheksiz muhabbat o‘ti yoniqdir. Yigitlarning tomirida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Boburlarga xos azmu shijoat, mard­lik, Beruniy, Ulug‘bek, Navoiy, Ogahiylarga xos zukkolik, ilmga ishtiyoq, qizlarining tomirida esa To‘marisu Barchinoylarga xos g‘ayrat, Uvaysiy, Zulfiyalarga xos zakiylik fazilatlari jo‘sh urib turibdi.

Talabalikning sho‘x-shodon, darslar bilan bog‘liq muhokamalarga boy qizg‘in onlaridan xiyla chalg‘igan vaqtlarimizda o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan go‘shalarimiz haqida gurunglashamiz. Shunday paytlarda men ham hayajon bilan jonajon qishlog‘im haqida do‘stlarimga so‘zlab beraman.

Koson tumanidagi Obron qishlog‘ida tug‘ilganman. U Kosontog‘ning bag‘rida joylashgan va Quyi Obron, O‘rta Obron hamda Yuqori Obronga bo‘linadi. Qishloq tarixiga nazar solsangiz, mamlakatimizdagi minglab shaharu qishloqlar singari uning qadimiy go‘shalardan ekaniga amin bo‘lasiz. Qishlog‘imizda ziyolilar ko‘p. Ulardan biri Shodmon Umirov edi. U kishidan endi yodgorlik bo‘lib qolgan “Obron qishlog‘i tarixi yoxud umr xotiralari” kitobida Obrontepa yodgorligidan “U” tam­g‘asi bosilgan, ot tasviri tushirilgan ikkita tanga topilgani va Ofuron xarobalarida suvli quduqlar saqlanib qolgani aytiladi. Haqiqatan, quduqlar pishiq g‘ishtdan nihoyatda mustahkam qilib qurilgan. Hozirgi kunda ham odamlar ulardan foydalanmoqda. Bu quduqlar pishiq g‘ishtdan bunyod etilgani bilan ham e’tiborlidir.

Qadimda qishlog‘imiz ahli chorvachilik, sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Asosan bug‘doy, qovun, tarvuz, kunjut zig‘ir ekilgan. Qishloq odamlari qo‘y va tuya junlarini yigirib, chakmon, po‘stin, qo‘zi terisidan telpak, mol terisidan kovush, mukki, taka terisidan etik, mahsi tayyorlagan. Keyinchalik ipak va paxtadan to‘qilgan kiyimlar yaratilgan. Onaxonlarimizning aytishiga qaraganda, obronlik ayollar qadimdan kiyimlarini (ko‘ylak, chopon, jelak) o‘zlari to‘qigan. Esimda, bolaligimizda momolarimiz biri kashta tikish, biri urchuqda ip yigirish, boshqasi jiyak tikish kabi yumushlar bilan shug‘ullanishardi. Keksayib qolgan bo‘lsa-da, harakatda ekanliklarini ko‘rib hayratlanardik. Bu biz uchun ibrat edi.

Xalqning boshiga qora kunlarni solgan urushlar qishlog‘imiz ahliga ham ta’sirini o‘tkazmay qolmagan. Qanchadan-qancha fidoyi insonlar urush qurboni bo‘lgan. Ko‘pchiligi yarador holda qayt­gan. Front ortida ayollar erkaklar o‘rnini egallab, og‘ir mehnatga duchor bo‘lgan. Ularga 60-70 yoshga kirib qolgan keksalar o‘zlarining qimmatli maslahatlarini berishgan. Urushdan yarador holda qaytgan Azim bobo Usmonov (rahmatli) bilan suhbatda bo‘l­gandim. O‘zi qo‘ltiqtayoqda qayt­gan bo‘lsa-da, bosh­qalar qatori mehnat qilganini ko‘rib, fidoyilik nima ekanini his qilganman. 90 yoshga kirgan boboning shijoatdan porlab turgan, ammo urush yillarini eslaganda namlangan ko‘zlari, duoga qo‘l ochganda titragan qo‘llari ko‘z oldimdan ketmaydi. “Shunday tinch, dorilomon kunlarga shukr qilinglar, bolalarim” degan o‘gitlari hamon qulog‘im ostida jaranglab turibdi.

Qishlog‘imizning shunday fayzli otaxonu, onaxonlari borki, ularning hayot yo‘llarining o‘zi bir kitobga sig‘maydi.

Ta’tilda uyga borganimda doim bobom bog‘da nihollar parvarishi bilan band ekanini ko‘raman. Uzumzor, bodomzor, shaftolizor bog‘larimizning har birida 70-80 tupdan mevali daraxt bor. Hosilidan butun qishloq bahramand bo‘ladi. Bobomga o‘zingizni urintirmang, o‘tiring, dam oling, desam, “Ona qizim, vaqt o‘tib ketyapti. Hali qilishim zarur bo‘lgan ishlar ko‘p. Hammasiga ulgurishim kerak”, deb yana ishga tushib ketadilar. Butun umrini harakatda o‘tkazgan insonning bunday javobi kishiga vaqtni qadrlashni, Vatanni, hayotni sevishni, xalq uchun yonib yashashni o‘rgatadi. Qishlog‘imning shunday jonkuyar insonlaridan Vatanni sevishni o‘rgandim.

Bugun yurtimizdagi ko‘plab qishloqlar singari Obronda ham namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uy-joylar barpo etilib, yosh oilalarga topshirilmoqda. Barcha sharoitlarga ega zamonaviy maktabda ta’lim olayotgan uka-singillarimga havas qilaman. Shaharlardagidan aslo qolishmaydigan shinam va ko‘rkam uylar, ozoda ko‘chalar, dam olish maskanlari, bog‘lar ko‘zni quvontiradi.

Men shunday qalbi qaynoq, bag‘rikeng, vatanparvar insonlarni o‘z bag‘rida ulg‘aytirgan, tabiati huzurbaxsh qishloq farzandi ekanimdan faxrlanaman.

 

Shohsanam KOMILOVA,

O‘zMU talabasi

ERTAKLAR SALTANATIGA SAYOHAT

Yoshlikning go‘zal va esda qolarli onlari ko‘p. Eng baxtiyor damlari esa onajonimizdan ertak tinglaganimiz bo‘lgani aniq. Zotan, ularning ko‘z qorasi, yakka-yolg‘iz umidi biz bo‘lganmiz. Ota-onamiz yaxshi kitob­larni o‘qib, mehr-muruvvatli, mard, iymoni salomat insonlar bo‘lib kamol topishimizga katta e’tibor berishgan.

Ayniqsa, har kuni oila davrasida aytilgan ertaklar to‘g‘ri yashashga, mehnat qilishga o‘rgatgan. Hozir ham shu kuch zimmamizdagi kichkina vazifaga ham mas’uliyat bilan yondashib, har bir so‘zimizni o‘ylab, o‘lchab gapirishga undab kelayapti. Bu sehr­li olamning ko‘z ilg‘amas, qo‘l yetmas, quloq eshitmagan qirralarini qancha ta’rif etgan bilan ado qilolmaysan, kishi. Faqat ibratli hikoyalar bolalarning fikrlash qobiliyatini o‘stirib, yorqin kelajak sari yetaklashiga ishonamiz.

Read more...

AFSONAGA AYLANGAN FASONA

“ToG‘lar boshi tumandir...”

Manbalardan bilamizki, hazrat Sohibqironning hayot zayli har qanday afsona chegarasini kengaytirib yuboradigan darajada dolg‘ali kechgan. Saltanatda hayot davom etayapti, hammasi joy-joyiga qo‘yilgan, biron masalada silkinish voqe’ bo‘lmaydi, davlatning rahbari esa poytaxtni tark etgan, bunga uch yil, besh yil, hatto yetti yil bo‘lgan. Bu dilovarning dunyoning qaysi puchmog‘ida ot surib yurgani faqat tor doiradagi a’yonlar (xos kishilar)ga ma’lum, raiyat hatto unutib yuborishga ham ulgurgan. Avom orasida esa bir-biriga zid xabarlar yuradi. Savdo karvonlari qay bir qal’aning fath etilgani yoki qaysidir daryo ustida ko‘prik solingani, changalzordan “ikki o‘q otim kenglikda” yo‘l ochilgani haqida uzuq-yuluq xabarlar keltiradi. Gohida mag‘lubiyat, hatto Temurning halok bo‘lgani to‘g‘risida sovuq gaplar tarqaladi. Qay biriga ishonishingni bilmaysan, faqat muzaffar qo‘shin yeru ko‘kni to‘ldirib poytaxtga qaytganda hammasi pufakdek tarqab ketadi, ko‘ngillarni qo‘rquv tark etib, yorug‘ umid egallaydi. Haqi­qatan, afsonalarga arziydigan hayot!

Ana shunday talotumda rostdan yolg‘onni, afsonadan haqiqatni ajratish oson kechmagani bor gap. Boz ustiga, gapimizning avvalida eslatganimizdek, o‘zgani tan olish oson kechmasligi evazidan qora nuqtalarga urg‘u berilgani, fildan pashsha yasalgani ham bor gap. Bugun turkiy, forsiy, arab, hind, rus tillarida raqam qilingan birlamchi manbalarning ohangiga quloq tutsangiz, ularda turli kayfiyatlar qorishib ketganini sezish qiyin emas. Temurbek goh el-elatlarga tinchlik hadya etgan olampanoh, ba’zan shafqtsiz va yovuz, gohida buyuk islohotchi va davlat arbobi, qo‘yingki, qancha bo‘yoq bo‘lsa, hammasi chaplangan va quyuq chaplangan. Balki jahon tarixida bunday ziddiyatlarga boy boshqa shaxsni uchratib bo‘lmas. Xo‘sh, shunday sharoitda Sohibqironning haqiqiy qiyofasini tanib olish uchun nima qilish kerak? Buning yagona yo‘li: oxirgi xulosani chiqarishga shoshilmay, kitob­larni o‘qish lozim. Shunda bir necha manbani taqqoslab, yagona to‘xtamga kelish oson bo‘ladi. Mana, yigirma besh yildan oshdi, bir ma’rifatli odam sifatida shu mavzu bilan qiziqaman. Qisqa xulosam shuki, Sohibqiron bobomizning faoliyati bizni xijolatga solib qo‘ymaydi, aksincha, g‘ururimizni yuksaltiradi, jahonda bo‘y-bastimizni ko‘z-ko‘z qiladi. Amir Temur millatimizning haqi­qiy iftixoridir.

 Tirik kutubxonalar

 Tarixiy voqealardan shohidlik beruvchi fasonalar yillar zulmatini yorib, turli yo‘llar bilan keyingi davrlarga yetib kelgan. Agar kitob nashr etish, kommunikatsiya vositalarining ahvoli, umuman, axborotning tarqalish tadrijini ko‘z oldimizga keltirsak, o‘sha davrlarda ro‘y berayotgan voqelikdan xabar topish qanday kechganini tasavvur etish qiyin emas. Tamaddun ancha yuksalgan XX asrda Birinchi jahon urushining boshlangani haqidagi xabar O‘rta Osiyoga qariyb bir yildan keyin yetib kelgan ekan. Endi boshqa bir manzarani ko‘z oldimizga keltiraylik. Olaylik, bobokalonimiz tarixidan batafsil bahs etuvchi “Zafarnoma” singari asarlar bir yoki ikki nusxa ko‘chirilgan bo‘lsa, ularning ulkan hududda tarqalishi, “kitobxonlar”ga yetib borish jarayoni xayolga ham sig‘maydigan fantastik hol. Shunday sharoitda xabardorlik haqida qanday gap bo‘lishi mumkin? “Zafarnoma”ni ko‘rish, uning muallifi bilan kitobxonlar konferentsiyasi o‘tkazish emas, shunday kitob yaratilgani haqidagi xabarni eshitish ham yuqori ma’rifatlilik belgisi hisoblangan. Demak, “eshitma quloq”, yana ham aniq qilib aytganda, “mish-mish”lar asosida yaratilgan kitoblarda (ularni “xalq kitoblari” deb atash urfga kirgan) ilmiylik emas, xolislikni ta’minlash ham mushkul bo‘lgan, balki umuman mumkin bo‘lmagan. Bu ob’ektiv hol. Shuning uchun “Temurnoma” shaklidagi kitoblarga ilm ko‘zi bilan emas, shunchaki qissaxon, roviy, fasonachi nazaridan turib baho berish lozim. Baxshilar, sannochlar, dostonchilar ularni aytib yurishgan, keyinchalik qog‘ozga tushirib, kitob tartib berish ham yuzaga kelgan.

Ana shu jarayon “xalq tarixchilari”ni tarbiyalagan. 1991 yil avgust oyida “Amir Temur o‘tgan yillar bo‘ylab” yoshlar yurishi qatnashchilari Buxoro shahrida ana shunday xalq tarixchilaridan biri bilan tanishganmiz, u bilan hamsuhbat bo‘lganmiz. Zamona zayli bilan “Sergey Sergeevich” bo‘lib qolgan Saidbahrom Salimov shiringuftor, yoqimtoy odam, azim Buxoro haqida to‘xtamay soatlab gapirishi mumkin edi. Uning nutqi qiziq-qiziq dalillarga boy, jozibali, odatda, og‘izdan-og‘izga ko‘chib yuradigan, ammo tarixiy mazmunga xizmat qiluvchi oldi-qochdilar bilan bezangan edi. Umuman, Buxoroda bunday ma’rifatli zotlar ko‘p ekani ma’lum bo‘ldi. Ular aksariyat Labi hovuz atrofida tanda qo‘yib, mahzun tutlarga termulgancha moziy asrorlarini mushohada qilishar, qiziquvchilarga boy o‘tmishning sir-asrorlaridan maroq bilan so‘zlab berishar ekan. O‘sha zamonlar yo‘rig‘idan kelib chiqib, xalq tarixchilari juda qadrlangan, ularning suhbatiga intilganlar. Bu borada shuhrat topgan biror tarixchi vafot etsa, “Katta bir kutubxona yonib ketdi” deb qayg‘urishar ekan. Xalq tarixchilari hamma millatlarda bor, hatto ularning xalqaro tashkiloti ham mavjud.

Albatta, xalq tarixchilarining ijodi ham to‘qimalardan xoli bo‘lmagan, ular ko‘proq qiziqarli, eshitimli bo‘lish uchun o‘zlaridan bichib-to‘qib qo‘shaverganlar. Shu jihatdan ularni qadimgi Yunonistondagi rapsodlarga qiyoslash mumkin. Muhim voqealar haqida garchi aidlar xabar tarqatsalar-da, so‘zamollikda chechan bo‘lgan rapsodlar xalq o‘rtasida taniqli sanalgan. Ular yurtni kezib, tarixiy voqealarni kuylab yurishgan. Keyinchalik turli ohanglar, cholg‘u asboblari qo‘shilgan va yillar o‘tgani sayin shu asosda alohida san’at turi shakllangan. Bugun dastlabki manba sanalgan, ancha kamsuqum bo‘lgan aidlarni ko‘pchilik bilmaydi, rapsodlar esa madaniyat unsuri sifatida odamzod xotirasida qoldi, hatto ularning sharafiga alohida musiqali janr — rapsodiya paydo bo‘ldi. Demak, xabarlarning tarqalish ko‘lami ularning rostligiga emas, ko‘proq qiziqarli bo‘lishiga bog‘liq ekan. Azaldan bu yozilmagan qoidani “Temurnoma” tuzuvchilar ham yaxshi bilgan va bu yo‘nalishdagi asarlar yuzaga kelishida tarixiy haqiqat emas, oldi-qochdi syujetlar ustuvorlik qilgan. Masalan, 1990 yil nashr etilgan Salohiddin Toshkandiyning “Amir Temur jangnomasi” kitobida tarixiy unsur sifatida uch-to‘rt shaxs nomi bor, xolos. Qolgani muallifning to‘qimasi. Kitob manba bo‘la olmaydi, faqat o‘sha davr ruhini his etishda asqotishi mumkin.

 Rostning toshi oG‘ir, yolG‘onning ta’mi shirin

Masalaning mohiyatini ana shu ibora aniq ifodalaydi. Qolaversa, xalqda “Rost chorig‘ini kiyguncha yolg‘on dunyoni bir aylanib keladi” degan gap ham bor. Qiziq bir dalil: odam zoti rostlikdan, haqiqatdan ko‘ra yolg‘onga, uydirmaga o‘ch bo‘ladi. Bu hol inson tabiatidagi salbiy holatlarga xayrixohlik bilan hamohang: qancha taqiqlamang, chekishadi, ichishadi. Ruhiyatshunoslarning izohicha, ezgu amallarni qabul qilish uchun odam ma’lum tayyorgarlikka ega bo‘lishi, ya’ni kuch sarflashi lozim ekan. Salbiy omillar esa, aksincha, kishiga huzur bag‘ishlar, uning olamiga yoqimli tarzda kirib olar ekan. Jarayonning takrorlanishini qarangki, mustaqil yurtimizda tariximizga, jumladan, Amir Temur faoliyatiga doir turli yo‘nalishdagi asarlar yaratildi, ularning odamlarimiz o‘rtasida tarqalish manzarasini kuzatsangiz, aksariyat, oldi-qochdi voqealar aks etgan, haqiqiy tarixga daxldorligi kam kitoblar yaxshi qabul qilinmoqda. Shu kayfiyatni sezishganmi, ba’zilar shunaqa kitoblarni “yasashayapti”. Masalan, Marsel Brion degan muallifning frantsuz tilida shu hajmdagi “Men — jahongir sohibqiron Amir Temur” degan kitobi yo‘q. Tarjimonlar buni qaerdan ijod qilishdi — o‘zlariga ayon. E.V.Rtveladze, A.X.Saidovning “Amir Temur jahon tarixi ko‘zgusida” katalogida (1999) M.Brionning 1963 yilda Parijda “Tamerlan” degan ikki nashrni amalga oshirgani qayd etiladi. Ularning biri tarjimai holga doir qaydlar (chog‘roq risola bo‘lsa kerak), ikkinchisi 382 betdan iborat bo‘lib, unda so‘zboshi, Ibn Arabshoh, Ibn Xaldun, Yazdiy, Klavixo asarlaridan parchalar kiritilgan. Brionning o‘zbek tilida nashr etilgan o‘zi bilmagan kitobi ma’lum davralarda mash­hur bo‘lib ketishidan tash­qari, “Yolg‘on yolg‘onni tug‘diradi” aqidasiga amal qilib, yangi yolg‘onlarga doya bo‘lmoqda. Internet xabarlarida Ne’matjon Akbarov boshqa bir tashabbuskor qalamkash Brion asaridan sahifama-sahifa, faqat so‘zlovchining shaxsini o‘zgartirib ko‘chirganini taassuf bilan ta’kidlaydi.

O‘zi, albatta, buni biz yaxshilikka yo‘yamiz, bobokalonimiz haqida nimadir o‘qigan kishi birdan qo‘liga qalam olib, yozgisi kelib qoladi. Bu hol qattiq mutaassir bo‘lganlik tufayli o‘z quvonchini o‘zga bilan baham ko‘rish istagidanmi yoki Sohibqironning jozibador shaxsiyatidanmi, har holda bu amalda aslo yomon taraf yo‘q, faqat qo‘lga qalam olishdan oldin manbalar bilan chuqur tanishishga kirishilsa, hech qursa, keyingi yillarda o‘zbek tilida yaratilgan kitoblar bir qur nazardan o‘tkazilsa, ko‘p muammolar birinchi qadamdanoq bartaraf bo‘lardi. Axir, o‘qimasdan kitob yozib bo‘ladimi?

Ochig‘i, bu jarayon dunyo miqyo­sida qizg‘in davom etayapti. Yangidan nashr etilayotgan kitoblar bilan imkon darajasida tanishib, ikki holatga guvoh bo‘lish mumkin. Birinchidan, afkor ommaning Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatiga munosabati keskin o‘zgardi, o‘zgarganda ham yaxshi tomonga o‘zgardi. Endi turli siyosiy maqsadlardan kelib chiqib emas, sof insoniy yondashuv asosida ilmiy-qiyosiy baho berishga kirishildi. Ikkinchi jihat esa baribir hozir ham allaqachon ilmiy istifoda etilgan ma’lumotlar har xil usulda “aylantirilmoqda”, ya’ni yangi dalillar, talqinlar kam. Bu kamchilikni esa biz, hazrat Sohibqironning sharafli nasllari to‘ldirishimiz shart. Negaki, avvalo, bu bizning zimmamizdagi qarzimiz, ikkinchidan esa Sohib­qiron faoliyatini milliy, ma’naviy, ruhiy, tarixiy jihatdan shu zaminda kamolga yetgan va tarbiyalangan kishigina to‘la his qiladi va mazkur sharafnomani sharh etishni mukammal ado eta oladi.

Ilmiy davralarda “Sohib­qironning betimsol shaxsiyati ma’lum, endi bu mavzuda qalam tebratgan kishi o‘zi haqda xabar beradi” degan aqida shakllangan. Shuningdek, bu shonli tarixning chinakam qiyofasini tushunib olish uchun ham ancha baland didli kitobxon bo‘lish talab etilmoqda. Har holda, somon uyumi ichiga tushib, yashiringan ignani topish oson bo‘lmaganidek, yetti asrki insoniyatni hayratga solib kelayotgan nurafshon tarixni tushunib yetishning ham o‘z mashaqqatlari bor.

 Hakim SATTORIY

JAHON TAMADDUNINING JAHONGIRI

“Amir Temur shaxsini idrok etish - tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni anglash o‘zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug‘lash - tarix qa'rigacha chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizga ishonchimizni mustahkamlash demakdir” - deydi Respublikamiz Prezidenti Islom Karimov ulug‘ bobokalonimiz hayoti va faoliyatiga munosib ta'rif berib.

Read more...

ENG KO‘P AYTILADIGAN KALOM

Unda bashariyatning ezgu niyati, osmonimiz musaffoligi, ona-zaminimiz xavfsizligi mujassamdir

1.

Yarim tunda “piq-piq” yig‘i ovozidan uyg‘onib ketdim. Qarasam, onam xona peshkasidagi sandiq yonida kerosin chiroq yog‘dusida nimanidir o‘qiyotib ko‘z yoshi qilardilar. Bu holatning sababini fahmlayolmay, hayron edim. Ko‘rpadan sirg‘alib chiqdim-da achingan, rahmim kelgan ko‘yi yonlariga bordim.

- Turdingmi, o‘g‘lim? - dedilar onam mehr bilan menga yuzlanib. So‘ng izoh berdilar. - Akaginam tushimga kiribdilar. Xuddi o‘ngimda ko‘rganday bo‘ldim. Kulimsirab qarab turib, hol-ahvol so‘radilar.

- O‘zlari qayerda? - deb so‘radim akalari borligidan bexabarligim bois.

- Urushga ketgandilar.

- Qaytib kelmadilarmi?

“Urushda o‘lganlar” yoki “halok bo‘lganlar”, deyishga onamning tillari bormadi shekilli, xo‘rsinish asnosida "yo‘q" ma'nosida og‘ir bosh chayqadilar.

So‘ngra qo‘llaridagi varaqni uchburchak ko‘rinishda bukladilar va ro‘molchaga qo‘yib, o‘rashga tutindilar.

- Bu nima, ona? - deb so‘radim tabiiy qiziqish bilan.

- Akaginamdan kelgan xat. Bechora akam. Jasadlari begona yurtlarda qolib ketgan bo‘lsayam ruhlari shu yerda, bizlardan boxabar-da...

Read more...

SAN'AT TILIDA SO‘ZLASHAMIZ

HAQIQIY SAN'AT MILLAT TANLAMAYDI...  

...Haq rost, o‘zga tilda ijro etilayotgan qo‘shiqning so‘zlari mag‘zini tushunmay turib ham undan zavq olish mumkin. Italiyan tilidagi mashhur operalar yoki jahon klassiklari - Adriano Chelentano, Toto Kutuno, “ABBA”, “Modern Toking”, Maykl Jekson, Sting qo‘shiqlarini dunyo xalqlari sevib ting­laydi. Ha, san'at xalqlarni birlashtiradigan kuchga ega. Shunga monand san'at tilida so‘zlashamiz, degan ibora qo‘llanadi. Yurtimizda turli davlatlar madaniyati va san'ati kunlarining o‘tkazilib kelinayotgani xal­qimizga ana shunday imkoniyat tuhfa etadi.

Latviya elchixonasi madaniy rejasiga asosan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi bilan hamkorlikdagi loyiha doirasida tadbirlar boshlandi. Unda har oyda bittadan (martdan iyungacha) konsert dasturi mo‘ljallangan bo‘lib, san'at ustalari - Latviya ovozlari” xor jamoasi, mashhur klavisin ijrochisi Ayma Keymeyma, jaz musiqasi festivali va ko‘rgazmalar o‘rin olgan. Mahorat darslari va qo‘shma konsert dasturlari namoyishi ham ko‘zda tutilmoqda. Ushbu hamkorlik bahonasida O‘zbekiston davlat konservatoriyasining bugungi imkoniyat va yutuqlari xususida so‘z yuritishni lozim topdik.

Read more...

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

March 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.