HAQ QAROR TOPGAN ZAMIN

Esimizni tanibmizki, har birimiz “Yil boshi”, “Qozon to‘ldi” kabi iboralarni ko‘p eshitib kelamiz. Bu so‘zlarni eshitganimiz hamonoq ko‘z o‘ngimizda bizga qadrdon bo‘lib qolgan manzaralar namoyon bo‘ladi: quyuq bug‘i osmonga ko‘tarilib turgan doshqozon, uni katta cho‘mich bilan qo‘zg‘ayotgan kayvoni kampirlar, u yoqdan-bu yoqqa chopqillab yurgan, yasangan-tusangan ayollar, shovqin-suronli yosh-yalang. Ko‘kka ko‘tarilayotgan karnay-surnay ovozlari-chi?! Nimasini aytasiz!

Xalq ana shu shodiyona kunlarni, yangi yil boshlanayotgan ayyom - Navro‘zni qozon to‘ldirib, shodlanib kutib oladi. “Shodlanib” deganimizda ham jon bor. Navro‘z bayrami arafasida ko‘klamga tayyorgarlik ishlari avjlanadi. Qo‘sh ho‘kizlari og‘ilxonalardan chiqarilib, qoshovlanib, dala ishlariga tayyorlanadi. Omochu bo‘yinturuqlar shay qilib qo‘yiladi. Va nihoyat, yana bir qutlug‘ osh pishiriladi. Uni “qo‘sh oshi” derlar. YAqin o‘tmishda Navro‘z bayrami shunday boshlangan.

Qadimdan og‘izdan-og‘izga ko‘chib, bizgacha yetib kelgan afsonalarga ko‘ra Navro‘z bayrami bir necha bor taqiqlangan ekan. Birinchi marta miloddan avval Iskandar Zulqarnayn - Aleksandr Makedonskiy yurtimizga bostirib kelganida sumalak pishirilayotgani ustidan chiqadi. Doshqozon atrofiga xaloyiq bu qadar hamjihatlik, mehr bilan to‘plangani unga yoqmaydi. Doshqozonni ag‘darib, xalqni tarqatib yuborish haqida buyruq beradi. Shu zayl qancha-qancha yillar Navro‘z sayli o‘tkazilmaydigan bo‘lib qoldi. Uni keyinchalik “Avesto” kitobining ijodkori, donishmand Zardo‘sht shogirdlari tikladilar.

Ikkinchi marta Navro‘z Arab istilosi davrida taqiqlandi. Rivoyat qilishlaricha, Zarafshon daryosining quyi qismi qirg‘oqlarida, hozirgi Qiziltepa tumanining Tavois qishlog‘idagi qadim-qadimdan Navro‘ztepa deb atalgan manzilda sayil o‘tayotgan ekan. Shu kezlarda arab sarkardasi Qutayba lashkarlari bostirib keladi, iydi Navro‘zning ezguligini ular hali bilmas edilar. Ushbu fayzli urf-odatni tushunolmay, xalqni to‘rt tarafga haydab yuboradilar. Bo‘ysunmaganlarning manglayiga tamg‘a bosib, cho‘l-biyobonga quvadilar. O‘sha quvg‘in qilinganlarning avlodlari hali ham bor. Ular yashayotgan qishloq hamon arabcha “Lavandog‘” deb ataladi. “Lavandog‘” o‘zbekchaga o‘girilganda - “Tamg‘a dog‘i” demakdir. Ha, Navro‘zimiz qalbidagi yaralar bitib ketdiyu, lekin dog‘lar qoldi.

Navro‘z bayrami uchinchi marta Chingizxon zamonasida taqiqlandi. Uning lashkarlari ham sayil ustidan chiqqanlarida to‘plangan xalqni quvib yuborganlar. Ular Navro‘zdek nafosat, go‘zallik bayrami ne ekanligin qaydan bilardi axir?! Taqdirimizga behad shukronalar bo‘lsinkim, vaqti zamoni kelib xalq orasidan Amir Temurdek zukko, donish arbob, buyuk rahnamo yetishib chiqdi va yurtni qaramlikdan ozod etdi, sevimli Navro‘zimizni qaytadan tikladi. Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish lozimki, keyinchalik yurtimizda o‘troqlashgan mo‘g‘ullar ham Navro‘z bayramini bora-bora biz bilan birga shodiyona qiladigan bo‘lib qolganlar.

To‘rtinchi marta Navro‘z XX asrning birinchi yarmida sho‘rolar davrida taqiqlandi. Bolshevoylar maxsus “jangovar otryadlar” tuzib, sumalak qaynayotgan qozonlarni ag‘darib tashladilar, qutlug‘ taomga kerosin va qum sepdilar, Navro‘z qo‘shiqlarini kuylayotgan oqinlarning do‘mbirasini tortib olib, sindirib tashladilar...

YAqin o‘tmishda o‘zimiz ham shunday munosabatning guvohi bo‘lganmiz.

Xalq o‘lmasdir, xalq kuchdir. Uning orasidan yana dovyurak farzandlar yetishib chiqdi. Nohaqliklarga barham berildi. Yana ko‘chalarimizda bayram bo‘ldi, Navro‘z ohanglari, qo‘shiqlari boz yangradi. Bu gal Navro‘z xalqimizning yangi yetakchisi Prezident Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida bor bo‘yi basti bilan qad rostladi.

Afsonalarga aylangan tarixiy haqiqatlarni hamda Navro‘z nimaligini, u qachonlardan buyon nishonlanib kelinayotgani, qutlug‘ marosimning tabiiy darakchilari, ezgu xislatu xosiyati va fazilatlari, xonadonlarimizga baxtu baraka bag‘ishlashi, jo‘shqin qo‘shiqlarini, Nav­ro‘zning nashidali qissasi bilan yozuvchi Yo‘ldosh Muqimovning “Mangu Navro‘z” kitobi orqali tanishishingiz mumkin. Navro‘z ayyomi arafasida Siz azizlar e'tiboriga ana shu kitobdan ayrim lavhalarni havola etyapmiz.

Olimjon NAZAROV, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi

 ... Navro‘z barchaning bayrami. Faqat ahli insongina emas, balkim butkul mavjudot, borliq nishonlaydir, darrandayu parrandalar, gulu maysalar, dov-daraxtlar, tog‘u tosh, cho‘lu biyobonlar nishonlaydir, buloqlar qaynaydir, hammayoq yayraydir.

* * *

Sayilga yig‘ilgan xaloyiq qarshisida el donishmandi - Eldonish paydo bo‘ladi. Uning ovozi samodan quyulib, Yer-zamin uzra yangraydi:

Azaldan atalur bu makon Turon,

Va yana nom olmish buyuk Turkiston.

O‘tadi zamonlar, keladi davron,

Dovonlar ketidan oshadi dovon.

Bul makon hududi bo‘sh deb o‘ylamang,

G‘aflat xurujida xato so‘ylamang,

Qiru tog‘larida soqchidir arslon,

Har biri qadamida ming bir pahlavon...

Bir zum sukut saqlab osmonga tikiladi va Tangriga iltijo qiladi:

Iltijo qilurmiz Tangrim astoydil,

Elimni yov balosidan asrag‘il;

Aldov-dalg‘ov balosidan asrag‘il,

Ig‘voyu g‘avg‘o balosidan asrag‘il!

Nogahon bo‘hton balosidan asrag‘il!

Bo‘ronu to‘fon balosidan asrag‘il!

Osmonu falakdan sado keladi. Yero‘g‘lon oqin kuylayotir. Navro‘z navolari yangraydi. Kuy pasayib-pasayib, maromiga yetib tugashi bilan oqin nido soladi:

O, Navro‘zi olam, Navro‘zi olam,

Ko‘rkamlardan sen ko‘rkam,

O‘ktamlardan sen o‘ktam,

Elga bo‘l mangu hamdam!

Zamindan sado:

Sevgan elimni dermen,

Mudom g‘animni yermen,

Qo‘llasa arslon-sherman,

Yo‘q ersa qora yerman.

Yero‘g‘lon oqin:

Qadaming qutlug‘ bo‘lsin,

Nasibang to‘lug‘ bo‘lsin,

Qaytib qo‘ngan manziling,

Tabarruk-ulug‘ bo‘lsin!

Zamindan sado:

Kimdan kelur sharofat,

Kimdan esa kasofat.

Shumlarning beli sinsin,

Ko‘rmaylik endi ofat...

Yero‘g‘lon oqin siyrati yer-zamin uzra muallaq turadi. Avval g‘ira-shira, qorong‘ulik-yorug‘lik orasida sharpa namoyon bo‘ladi. Keyin suvrat xaloyiqqa yaqinlashadi. Salobatli qiyofasidan nur to‘kiladi. Atrof-tevarakka, yig‘ilganlarga qarab, ularni fotihaga chorlaydi. O‘zi ham ikki qo‘lini ozod ko‘tarib, kaftlarini ochadi:

Yoronlar qo‘l ochingiz,

Ko‘kka quloq osingiz,

Osmondan kelur nido,

Ezgu ilohiy duo!

Xaloyiq:

Omin!

Yero‘g‘lon oqin:

Omin degan bo‘lsin omon,

Yaxshi qolib, ketsin yomon,

Kulib boqur baxtli zamon,

Nurga to‘lur jumla jahon!

Yero‘g‘lon qo‘ngan yerga - baland tepalikka xaloyiq orasidan el-yurt oqsoqoli Eldonish asta-sekin salobatli qadamlar tashlab ko‘tariladi. Ikki donishmand quchoqlashadi, go‘yo osmon bilan zamin birlashadi. So‘ngra ikkalasi ham xaloyiq tomon qayrilib, unga mehr ko‘zlari ila nazar tashlaydilar. Qaddi-qomatlarini xiyol egib, ta'zim qilishadi-da, yiroq-yiroqlarga tikilib, o‘z ko‘ngillarida tug‘ilgan teran tuyg‘ularini bayon etishga kirishadi.

Yero‘g‘lon oqin:

Elimga qaytayotgan iymon-vijdon ko‘rmoqdamen,

Alpu botirlarga xos mardu maydon ko‘rmoqdamen.

Eldonish:

Yiroqlarga otlangan qator karvon ko‘rmoqdamen,

Karvon boshida zukko sardor - sarbon ko‘rmoqdamen.

Yero‘g‘lon oqin:

Kelajakda yurtimni dorulomon ko‘rmoqdamen,

Ezgulikka yo‘l olgan davru davron ko‘rmoqdamen.

Eldonish:

O‘tgan qutlug‘ ajdodlar, zotu zuryodlar haqi,

Kelgusida tug‘ilur farzand, avlodlar haqi.

Yero‘g‘lon oqin:

Sizga omad tilaymen, baland qomat tilaymen,

Manguga zavol ko‘rmas baxt-saodat tilaymen.

... Navro‘z, navro‘z, navro‘z... bu qutlug‘ so‘z faqat odamlar dili va tilidagina emas, gullar va maysalar, endigina ochilayotgan g‘unchalar tabassumida, yengil qanot qoqayotgan qushlar parvozida, ko‘kraklarga rohat bag‘ishlab, hur-hur esib o‘tayotgan, daraxt shoxlarini silkitayotgan shamollar ovozida, gulzor va chamanzorlar uzra g‘uj-g‘uj bo‘lib uchayotgan kapalaklar raqsida namoyon... Ha, sevimli sa­yil faqat insongagina emas, butun borliq, mavjudotga, tabiatga quvonch baxshida etadi. Ajabo, Nav­ro‘zning o‘zi tabiatning bolasi-ku, - deb o‘ylaysiz, - tabiatning yangilanish, yasharish nishonasi-ku! Xuddi shundoq, xuddi shundoq! Bizni tug‘ib, voyaga yetkazgan ona tabiat o‘zi qaytadan tug‘ilayotganidan, yangilanib, yasharayotganidan benihoya mamnun oqinlar qo‘shiqlar aytadilar.

Shu daqiqalarda momaqaldiroq gumburlaydir. Yeru zamin va osmoni falak larzaga keladir, chaqmoq chaqib, dov-daraxtlar novdalari-shoxlarini yalab o‘tadir va hatto odamlar boshi uzra ham o‘ynaganday bo‘ladir, bu shovqin-suron va g‘ulg‘ula qanchalik tez, kutilmaganda boshlangan bo‘lsa, shunchalik tez chekinadir, endi qandaydir ilohiy kuchlar o‘zaro shivirlashayotganday, osmon odamlarni sayil ila olqishlayotganday tuyuladir. Musaffo havo kelib, dimog‘larga uriladir, qushlar yana paydo bo‘lib, uchaboshlaydir, o‘t-o‘lanlar, maysalar uzra kapalaklar tag‘in raqsga tushadir. El sevgan ikki oqin, birin Elxon, ikkinchisin Dilxon derlar, toza, beg‘ubor havodan to‘yib-to‘yib nafas olar ekanlar, yana do‘mbirani qo‘lga oladilar, boz musobaqa yangilanib ketadir, el-yurtning ulug‘lari, tabarruk zotlari sharafiga qo‘shiq to‘qilib, kuylanadir...

Qo‘shiqlar, qo‘shiqlar... ular bir-biriga chambarchas bog‘lanib, bir-birini to‘ldirib yangraydir, bir-birining mazmuniga yangi mazmun qo‘shib, kuchaytiradir. Oqinlarning navbatdagi qo‘shig‘i ham ayni shundaydir: bir yarim asrlik qaramlikdan qutilib, el-yurtimiz o‘z erkini o‘z qo‘liga olganligini, mamlakat taxtida endi o‘z farzandi o‘tirganini mamnuniyat va zavqu shavq ila tarannum etadir.

Dilxon oqin:

Aylanayin jon elim, yashnab turgan yuzingdan,

Mehr ila termulgan, chaqnab turgan ko‘zingdan.

Menga har kun ulashgan rizqu ro‘zing, tuzingdan,

Beshigim uzra aytgan hikmat to‘la so‘zingdan...

Baxting kulib boqadir sulton bo‘lsa o‘zingdan,

Boshingga nur yog‘adir oftobing, yulduzingdan...

Elxon oqin:

Kim biladir, yoronlar, bu hikmatning qadrini,

Ona-yurt qancha chekkan alamini, dardini.

Kimlar qayondan kelib, qora qildi bag‘rini,

Og‘ir yuklar ostida yara bo‘ldi yag‘rini.

Baxting kulib boqadir sulton bo‘lsa o‘zingdan,

Boshingga nur yog‘adir oftobing, yulduzingdan...

Dilxon oqin:

Ayriliqning dog‘ini yoru yorondan so‘rang,

Yiroq yo‘l adog‘ini yurgan karvondan so‘rang.

Hurriyat chorbog‘ini g‘amxo‘r bog‘bondan so‘rang,

Elu yurt ardog‘ini asl o‘g‘londan so‘rang!..

Baxting kulib boqadir sulton bo‘lsa o‘zingdan,

Boshingga nur yog‘adir oftobing, yulduzingdan...

Elxon oqin:

Yag‘rindagi yaralar kunlar o‘taru, bitar.

Boz buyuk el bo‘lurmiz qutlug‘ nasiba kutar.

Hasad va qasd qilganlar zahru, zaqqum yutar,

Birga baxtiyor bo‘lur, kimki bizga qo‘l tutar.

Baxting kulib boqadir sulton bo‘lsa o‘zingdan,

Boshingga nur yog‘adir oftobing, yulduzingdan...

Odamlar uylarini, sandalu tancha burchaklarini tark etib, dala-dashtga chiqadilar, bolalar ko‘cha-ko‘yda, maydonlarda xushchaqchaq sayr etadirlar, yiroqlardan, janub yoqlardan yana ona tuproqni, jonajon xonadon - ishlari, uyalarini qo‘msab-sog‘inib, qaldirg‘och va laylaklar, turnalar shodon qo‘shiq ayta-ayta qaytadirlar.

Qushlarmi alar yoki tushlar? Va yolish ro‘yo arvohlar, qushlarga o‘xshar go‘yo... Donishlar ayturlarkim, navro‘z kunlarinda tubarruk zotlar ruhi ona yurt osmoninda qutlug‘ qushlar suvrati, siymosinda zohir bo‘lur, farzandlar tepasinda sayr etib, yangi kun, yangi baxt ila qutlarlar, ezgu tilaklar tilarlar. Oqinlarning endigi qo‘shig‘i qutlug‘ qushlar qo‘shig‘iga hamohang yangraydir:

Dilxon oqin:

Samoda sado berar sehr to‘la tovushlar,

Oyo moviy osmonda nido qiladir qushlar.

Oyo yetaklab uchar meni g‘aroyib tushlar,

O‘tgan tabarruk zotlar, soch-soqoli kumushlar!..

Elxon oqin:

Olamda yurar pinhon tanani tark etgan jon,

Ona-yurt osmonida qutlug‘lar ruhi posbon.

Birisi Sohibqiron, birisi Balogardon.

Baloyu qazolardan elin saqlagay omon!..

Dilxon oqin:

Senda yashash, jon elim, ishon qanday soz menga,

Boisin aytay desam, yechilmagan roz menga.

Ko‘klarda uchib yursam, oy, yulduzlar oz menga,

Tuprog‘ing quchib yursam, yumshoq poyondoz menga.

Elxon va Dilxon oqinlar birgalikda:

Ulug‘lardan sen ulug‘, mehring bor qarog‘ingda,

Qutlug‘lardan sen qutlug‘ sehring bor dudog‘ingda.

Qayonlarda bo‘lmaylik tortasen quchog‘ingga,

Jigarband farzandlaring parvona so‘l-sog‘ingda...

Osmonga tikilarlar:

Samoda sado berar sehr to‘la tovushlar,

Oyo moviy osmonda nido qiladir qushlar.

Oyo yetaklab uchar bizni g‘aroyib tushlar,

O‘tgan tabarruk zotlar, soch-soqoli kumushlar!..

Bir pas sukunat cho‘kar, Elxon ila Dilxon oqin do‘mbiralarini tizzalariga qo‘yib, hordiq chiqarganday bo‘lar. Shu daqiqalarda ularning boshi uzra qutluq to‘rg‘ay paydo bo‘lib qolar, javlon urib parvoz qilar, sevinch ila qanot qoqar. Ha, ha, bu o‘shal muqaddas qush to‘rg‘ay, Olloh Taolo uyi Arshi A'loga haq izlab borgan to‘rg‘aydir. Arshi A'lo ostonasida: “Haq o‘zingizdadir, Yer-zamindadir!” degan ilohiy ovozni eshitgach, to‘rg‘ay yana odamlar orasiga, ona tuproq sari yo‘l olgan va qaytib kelgan edi. Ha, ha, xuddi shunday, adolatpesha So‘fito‘r­g‘ay qatog‘on zamonlarda, inson erki, haq-huquqlari poymol etilgan, ezgu urf-odatlar, Navro‘zdek muborak bayramlar taqiqlangan va tahqirlangan mash'um davrda Tangri Taolo uyiga haq izlab ketgan edi. Ana endi tag‘in ona-Zaminga qaytib, So‘fito‘rg‘ay ne ko‘z ila ko‘rsinkim, haq boz qaror topibdir. Ezgu Navro‘z va boshqa sevimli urf-odatlar tiklanibdir. To‘rg‘ay shodlikdan mast-alast bo‘lib, el-yurt oldida, sayil qilish uchun maydonlarda yig‘ilgan xaloyiq oldida g‘azalxonlik qilayotgan ikki oqin boshi uzra qanot tebratib, muallaq turdi.

Shu zayl javlon urar ekan, xushchaqchaq kuylay boshladi. Uning qo‘shig‘i ezgu Navro‘z haqida edi. Ha, to‘rg‘ay yangi Navro‘zni, yangi bahor kunlarini qutlardi. Navro‘z hech qachon o‘lmasligini, manguligini tarannum etardi. Uning bu qo‘shig‘ida “Har kuning Navro‘z bo‘lg‘ay, har tuning nurga to‘lg‘ay!” degan so‘zlar takror-takror quloqqa yetib kelardi...

Noz-ne'matlar ila to‘la dasturxonlar tegrasida oqsoqollar fotihaga qo‘l ochar, elga qaytgan erk va ko‘rk uchun, baxtu taxt uchun chin yurakdan shukronalar aytishar. Shukrona faqat oqsoqollarninggina emas, balkim borganning dili va tilida. Keng dalalar bo‘ylab o‘tgan purviqor ariq suvlari ham shukrona kuylab oqadir, dov-daraxtlarning novdalari-shoxlari silkinib, barglari tebranib, shukrona aytadirlar, shovullagan shamol qanotlarini shodon qoqayotganda shukrona ohanglar yangraydir, tog‘u toshlar yon bag‘irlaridagi qaynar buloqlar shukrona aytib jo‘sh urarlar... Butkul Yeru-osmon og‘zida Shukrona...

Erta tongdan beri do‘mbira chertib, xalq baxtu taxtini kuylayotgan ikki chechan so‘z oqinni ham o‘zlarini o‘rab olgan ona-tabiatga, el-yurtga hamohang bo‘lib, shukrona aytishga o‘tadirlar, bugungi tomoshani yakunlayotganday ko‘rinadilar. Faqat o‘zlarigina emas, do‘mbiralarining har bir tori “Shukrona! Shukrona!” deya jaranglaydir, shunday qutlug‘ ona-yurtimiz, tabarruk Vatanimiz borligi uchun Yaratgan Parvardigorga shukr qilish, sig‘inish zarurligi tarannum etiladir:

Elxon oqin:

Vatan tabarruk ona, boshing uzra parvona,

Qayonga parvoz qilsang, senga tayanch ostona.

Sev yurting qona-qona, yuraging yona-yona,

Qo‘ygan har qadamingga qilib yurgil shukrona!

...Qutlug‘ qush sayilgoh uzra parvoz qila-qila, Tang­ri ila diydorlashgani haqida kuylay-kuylay, qip-qizil qizg‘aldog‘u lolalar ila bezangan yassi tepa uzra muallaq to‘xtaydir. Tegrasida rang-barang giyohlar gilamdek to‘shalgan qabrni tavof qilayotgan to‘da-to‘da odamlarga ko‘zi tushadi. Ha, ha, bu qabr qabohat yillarida Navro‘z qo‘shig‘ini kuylayotganida jaholatparastlar qo‘lida shahid bo‘lgan Elnafas oqin mangu orom olib yotgan qutlug‘ go‘shadir. Endilikda tabarruk ziyoratgohga aylandi bu go‘sha. Har yili Navro‘z kunlari oqinni bilgan va sevgan el-yurt ahli bu qabr tuprog‘ini ko‘zlariga surtgani keladi. Oqinning do‘mbirasi torlaridan chiqayotgan ohanglarni takror-takror miriqib tinglagisi keladi. Afsonaga aylangan ovozalarga ko‘ra Elnafas oqin o‘lmagan ekan, bu dunyodan u dunyoga ko‘chib ketgan ekan...

Mana, hozir ham qabr uzra nogahonda sehrli sadolar yangradi. Do‘mbira ohanglariga monand so‘zlar eshitila boshladi:

Quloq ber, o, zamin, bu ne sadodir,

Balkim kuylayotgan arzu samodir,

Tanho Tangri bergan sirli navodir,

Balkim ajdodlardan yetgan nidodir!

Ha, ha, bu tanish ovoz-ku! Elga qadrdon va aziz bo‘lib qolgan ovoz-ku! O, o‘zimizning Elnafas oqin kuylamoqda-ku! Xuddi tirikday-a, o‘sha-o‘sha Elnafas! Balkim osmonda muallaq turgan huv anavi qush Elnafas oqin ruhidir! Rost-rost! Rivoyat qiladurlarkim, Elnafas oqin o‘lmas bo‘lib qoldi el qalbida. Endi uni “O‘lmas oqin” ham derlar, “Elnafas - O‘lmas” laqabining o‘zi qo‘shiq aning. Bu do‘mbira torlari kabi sehrli ohang berar. Mana, tinglang, ting­lang, sevimli Navro‘z boz elga qaytib kelganidan, tiklanganidan behad shoddir oqin, u tirikday kuylayotir, boz yurtdoshlariga qarab yangi qo‘shiqlar aytayotir:

“Baxtingiz zaminda!” deb, Haq So‘zin aytdi,

Ona tuproqqa yana ezgu an'ana qaytdi!

Saxovatli Navro‘zdek mangu ma'raka qaytdi,

Xonadonlarga takror fayzu baraka qaytdi!

Sehrli ovoz bir necha lahzaga tinadi. Go‘yo bu so‘zlar debochadek, bir oz sukutdan so‘ng ohangrabo qo‘shiq yangraydi:

Gardoni bukilmasmen, xazonday to‘kilmasmen,

Ildizlari qurigan giyoh kabi so‘lmasmen.

U dunyoi bu dunyo hech kimga qul bo‘lmasmen,

Nafas olib tururmen, hayotdan ko‘z yummasmen!

Ildizlarim o‘zingiz, quvvat berib turursiz,

Qaddi raso chinordek ko‘krak kerib turursiz.

Yulduzlarim o‘zingiz, shu'la sochib turursiz,

Ko‘zlarim ham o‘zingiz, cho‘g‘dek yonib turursiz!

Yod etarsiz har ko‘klam, dilimga bo‘lur malham,

Baxtiyorsiz yurt ozod, sayil o‘tadir xurram.

Kuchu qudratga to‘lib, yashangiz mangu bardam,

Elga qo‘ngan buyuk baxt abadiy bo‘lg‘ay hamdam!

Har bahor sayil chog‘i uyqudan uyg‘onurmen,

El ishqida o‘rtanib, mash'al kabi yonurmen,

Yuragim to‘lqinlanib, sevinib to‘lg‘onurmen,

Sizni shodiyon ko‘rib, tinchib orom olurmen!

 

Yo‘ldosh MUQIMOV

BIR SHE'R TARIXI

Hurmatli Yurtboshimiz 1987 yili O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonimning 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan yuborgan tabriknomasida bunday satrlar bor:

“Muhtaram Zulfiyaxonim!

Siz latif ijodingiz bilan millionlab kishilarga ezgulik, muhabbat va sadoqatdan saboq berdingiz.

Read more...

YAXSHILIK VA BUNYODKORLIKDAN ORTIQ HIKMAT YO‘Q...

Usmonxon ALIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy

Bismillohir Rahmonir Rahiym.

Keksalarni e'zozlash yilida mamlakatimizdan olti mingdan ziyod yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar Makkayu mukarramada, Umra ziyoratlarini amalga oshirmoqdalar.   

Read more...

QUSH TILINI QUSH BILADI

yoki bolalar dasturlari qanday bo‘lishi kerak?

Farzandingiz bo‘sh vaqtida nima bilan mashg‘ul bo‘ladi? Ko‘pchilik ota-onalar xonadon burchagidan joy olgan, ortiqcha xarajat talab qilmay, soatlab bolalarni o‘ziga jalb etadigan oinai jahonni masalaning yechimi deb bilishadi. Ayni kunda televizor beminnat bolani voyaga yetkazishda ota-onalarning beminnat “yordamchi”siga aylangani sir emas. Bu hol bugun hech kimni ajablantirmaydi. Ommaviy axborot vositalari uchun bolakaylar ham eng faol, ziyrak auditoriya hisoblanadi. 

Read more...

BAXSHILI EL - BOTIR EL

Baxshilar bashariyat kuychisi, ajdodlar merosini asrlar osha boyituvchi, o‘zbek xalq og‘zaki ijodining chinakam xazinabonlari, tug‘ma sozanda, badihago‘ylik san'atining yorqin yulduzlari deya e'tirof etilishlari bejiz emas. Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li va Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Po‘lkan va Islom shoir, Umar baxshi va Qodir baxshilarning izdoshi bo‘lgan Qahhor baxshi Rahimovning umr bekatlarida betakror kechinmalar “Hurriyat” muxlislarini ham befarq qoldirmasligi shubhasiz!

Baxshichilik san'atining peshqadam vakili, go‘zal O‘zbekistonimizning buguni va ertasini, sha'ni-shukuhini avj pardalarda tarannum etayotgan qahramonimiz, bugungi kunda O‘zbekiston baxshilarining sardori hamdir.

Read more...

“DUNYO UMID BILAN TIRIK...”

- Shuhrat aka, o‘tgan 2014 yil madaniy hayotimiz uchun boy keldi. Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligi,  Milliy teatrimizning 100 yilligi va yana bir qator qadriyatlarimizni e'zozlaydigan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, “O‘zbekteatr”, “O‘zbekkino” va albatta, O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar, milliy adabiyotimiz, san'atimiz ravnaqiga katta hissa bo‘lib qo‘shilgan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ana shu jarayonning faol ishtirokchisi, adabiyot, san'at sohalarining bilimdoni sifatida o‘z fikr va mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz... 

Read more...

JAMOAT TRANSPORTI MADANIYATI

Bugungi kunda poytaxtimiz ko‘chalarida turli yo‘nalishlarda muntazam qatnayotgan «Mersedes Benz» va «Isuzu» rusumli avtobuslarni, «Gazel» rusumli yo‘nalishli mini avtobuslarni ko‘rib dilimiz yayraydi. Endilikda bir paytlardagidek jamoat transportini uzoq kutib, bekatda sarg‘ayib o‘tirishlar yo‘q.

 Salonlardagi ozodalik, qulayliklar ham bizda jamoat transporti tizimi yaxshi rivojlanib borayotganini namoyon etib turibdi. Yo‘llarimiz ravonlashmoqda, ko‘priklar, yer osti o‘tish joylari, qulayliklar tug‘dirmoqda. Ammo mening mulohazam boshqa mavzuda. Gap shundaki, biz hali jamoat transportida yurish madaniyatidan birmuncha or­qada qolganga o‘xshaymiz. Zero, avtobusda keksalar, bolali ayollar va nogironlarga joy bermaslik, shuningdek, uyali telefonda baland ovozda so‘zlashish yoki naushniklarda musiqa eshitib hech kimga e'tibor bermay ketish hollari ko‘p uchraydi.

 O‘zim guvoh bo‘lgan bir manzara bunday fikr yuritishimga sabab bo‘ldi. Yaqinda yo‘nalishli avtobuslardan birida borayotgandim. Navbatdagi bekatdan keksa onaxon chiqib qoldilar. U kishi tasodifanmi yoki ataylabmi oldingi o‘rindiqlarda o‘tirgan 20-25 yoshlar chamasidagi yigitning to‘g‘risiga borib turib qoldi. Ammo quloqlariga naushnik taqib olgan, xayollari yettinchi osmonda «sayr qilayotgan» yigit onaxonga e'tibor ham bermasdi. Xayriyatki, ko‘p o‘tmay undan sal nariroqdagi yoshi kattaroq kishi onaxonni o‘tirishga taklif qildi:

Read more...

ISTE'DODLI YOSHLAR KAMOLOTI YO‘LIDA

Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, xususan, san'at yo‘nalishida o‘z iste'dod va salohiyatini namoyon etishi uchun alohida sharoitlar yaratilgan.

Davlatimiz rahbarining 2008 yil 8 iyulda qabul qilingan “Bolalar musiqa va san'at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada erishilgan muvaffaqiyatlarimizning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda. Bizning Ellikqal'a tumanimizda ham yaqinda 18-son “Bolalar musiqa va san'at maktabi”ning yangi binosi foydalanishga topshirilgani yosh iste'dod sohiblarining quvonchiga quvonch qo‘shdi. Hozirgi kunda ushbu ta'lim muassasasida 7 yo‘nalish bo‘yicha 153 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda.

Read more...

JAVONDAGI YUZ JAVOHIR


“Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi 2012 yildan buyon “Javondagi 100 javohir” rukni ostida o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlarini  izchil nashr etib kelmoqda. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashining «Kamolot kutubxonasi» turkumida  shu kunga qadar  o‘ttizdan ziyod  nomdagi kitoblar chop etildi.

Read more...

SHAXSIY KUTUBXONALARNING AHVOLI QANDAY?

Esimizni tanibmizki, qulog‘imizga ona allasi bilan birga ertaklar, jiddiy adabiyotlar or­qali qancha latif so‘zlar kirgan. Bu go‘zallikni hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydi. Chunki, go‘zal so‘zga tashnalik va azal-abad shunga intilib yashash faqat insoniyatga berilgan ilohiy ne'mat.

yeling, uzoqqa bormaylik, yaqin o‘tmishimizda yashab ijod etgan shoir va adiblar, ilm salaflarining nafaqat she'riyati, nasriy asarlari, balki adabiy-tanqidiy maqolalari ham ma'naviyatimizni boyitishga beqiyos xizmat qilib kelmoqda. Xayolimizda ular yozgan asarlar bitmas-tuganmas nur manbaidek tuyuladi. Ammo o‘z vaqtida ularning kitoblarini ehtiyot qilib, qo‘lyozmalari va rasm­larini yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik bugungi avlod, avvalo, ularning merosxo‘rlarining vazifasidir.  

Mustaqillik sharofati bilan ma'naviyatimiz, xususan, ijod ahliga ko‘rsatilayotgan yuksak e'tibor va g‘amxo‘rliklarni sanab ado etish qiyin. Birgina yaqin o‘tmishda nomlarini tilga olish ham taqiqlab qo‘yilgan Abdulla Qodiriy, Fitrat, CHo‘l­ponning adabiyotimiz tarixiga qaytganining o‘zi hayotimizda katta voqyea bo‘l­di. O‘zbekiston milliy bog‘iga Alisher Navoiy bobomizdan tortib, yana bir qancha xalqimizning buyuk farzandlariga mahobatli yodgorliklar o‘rnatilgani, uy-muzeylari tashkil etilgani alohida ehtiromga sazovor. Biroq, hammani ham G‘afur G‘ulomning qizi Olmos opa, ikki daryoni bag‘rida birlashtirgan, Oybek domlaning kelini, Zulfiyaxonimning qizi Hulkar opadek bunday xayrli ishlarga bosh qo‘shib, ota-onalarining uy chirog‘ini munosib yoritishga qunti va saboti yetavermaydi. Bunday keskin fikr-mulohazalarga borishimga, bir dilsiyohlik sabab bo‘ldi.

YAqinda nafaqat yozuvchilikda, hatto dramaturgiyada ham o‘ziga xos iz qoldirgan bir adib yashab o‘tgan xonadonga borganimda qiziqishim sabab, ijodxonasiga bosh suqdim. Tomidan chakka o‘tib, qanchadan-qancha kitoblarning uvadasi chiqib ketganini ko‘rib, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim. Ayniqsa, jahon adabiyotining durdona asarlarini aytmaysizmi?! Ko‘pchiligi hozir sotuvda yo‘q. Yozuvchi yaxshi niyat bilan ijod stolida qoldirgan qoralamalarni qalin chang bosib yotibdi. Bularga shunday ulug‘ zotning ko‘z nuri va qalb qo‘ri to‘kilganiga odamning ishongisi kelmaydi. “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”, deb shuni aytsalar kerak-da! Sarg‘ayib ketgan qog‘ozlarni tartibga sola turib, ne baxtki, adibning shaxsiy arxividan hali hech qayerda e'lon qilinmagan taxlam-taxlam she'rlari, tarjima asarlari va do‘st-yorlari bilan yozishgan yuksak badiiy saviyaga ega maktublari chiqdi. Bulardan ayrimlarini saralab, gazeta-jurnallarga keltirib berdim. Bu bilan ko‘nglim biroz tasalli topgandek bo‘ldi.

Ammo, ro‘zg‘or yumushlari bilan buyum bozoriga tushib, el tanigan va e'zozlagan yana bir shoirning shaxsiy kutubxonasidagi ne-ne tarixiy romanlar, she'r to‘plamlari, klassiklarimizning devonlari savdo rastalarida yoyilib yotganini ko‘rib, yonidan beparvo o‘tib ketolmadim. Bular orasida anchadan buyon axtarib yurganim Mirtemir domlaning dastxati tushirilgan kitobning ham borligini ko‘rib, bir xil bo‘lib ketdim. Buni ochiq-oydin yozayotganimdan ming andishadaman. Lekin nachora, bunga xonadon egalari loqayd  qaramoqda. Ayrimlar yaqinlaridan qolgan shunday noyob kitoblarni o‘z manfaati yo‘lida duch kelgan  kishiga topshirib yuborayotgani odamga alam qiladi, axir! Bularda xal­qimizning orzu-armonlari, dardu hasratlari, g‘amu anduhlari bitilgan. Ma'naviyatimiz tarixida nom qozongan ulug‘larning ma'naviy boyliklarini shaxsiy mulk sifatida qabul qilib, bundan no­o‘rin foydalanish uchun hech kimga huquq berilmagan. Keyin bu odamgarchiligimizga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Aytishlaricha, marhum yashagan uyda uning ruhi doim kezib yurarmish. Agar shu rost bo‘lsa, bunday xunuk ishlarni kuzatib turgan ustozlar: “Eh, bo‘talarim, qancha mashaqqat bilan shunday durdona asarlarni arzimagan manfaatlaring yo‘lida qurbon qilish uchun yiqqanmidik”, deb bizga ta'na-malomat qilmayaptimikan?! Bilamiz, ko‘pchilik ijodkorlarning farzandlari ota-onalarining nomini abadiylashtirish maqsadida qator asarlari, zamondoshlarining xotira kitoblarini nashr ettirmoqda. Buning yomon tomoni yo‘q, albatta. Biroq, mar­hamat qilib, bunday ezgu ishni yaqinlari ijodxonasini obod qilishdan boshlasalar tuzuk bo‘lardi. Buning uchun ortiqcha sarf-xarajat qilishga hojat yo‘q. Ota yoki onasining ijod stolini saranjom-sarishta qilib, ularga qadrdon va aziz bo‘lgan narsalarni uyning bir burchagida e'tibor va did bilan joylashtirishning o‘zi kifoya. Bu yerga ijodiy o‘ylar bilan kelgan kishi ijodkor yoki olim yashagan xonasidan xuddi hozir chiqib ketganu, tezda qaytib keladigandek chuqur taassuroti soxta ko‘tar-ko‘taru, hashamatli yubileylardan ustun emasmi? Agar bunga farzandlarining imkoniyati yetmasa, ma'naviy ko‘makka tayyor ser­himmat homiylarni jalb etish kerakdir? Axir, bir inson butun umrini adabiyot, ilm-fanga bag‘ishlab, yaxshi niyatda o‘zidan qanchadan-qancha noyob kitoblar qoldirishi hazilakam ish emas. Nima bo‘lgandayam, shunday ajoyib kitoblar o‘qilmasdan, tokchalarda sar­g‘ayib yotganidan yoki shunchaki “makulatura”ga aylangandan ko‘ra, yurtimizdagi Mehribonlik  uylariga hadya etilsa, katta savob bo‘lardi.          

Gap qaysidir shoir yoki yozuvchining xizmatiga me'yordan ortiq yoki past baho berishda emas, balki ulardan qolgan noyob asarlarni asrab-avaylab kelajak avlodga yetkazish haqida boryapti. Bu kitoblar orasida qanchadan-qancha tarixiy ahamiyatga ega asarlar bo‘lishi shubhasiz. Agar respublika miqyosida dunyo­dan o‘tgan ijodkorlarning ma'naviy merosi daxlsizligini ta'minlash maqsadida  shaxsiy kutubxonalardan tarkib topgan yana bir kutubxonami, yoki adabiyot muzeyi tashkil etilsa, yaxshi bo‘lar edi. Bu yerga ularning yaqinlari qo‘lyozma va kitob­larni ixtiyoriy ravishda, topshirishiga imkoniyat tug‘ilardi. Bu bilan kutubxonaning har bir burchagidan o‘rin olgan ijodkorlarning hayoti va ijodi bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirgan bo‘lardik. Qolaversa, dunyodagi noyob eksponatlar saqlanadigan mashhur muzeylar, galereyalar ham avval shaxsiy kitoblarni, mashhurlar dastxatiyu qo‘lyozmasini  yig‘ishdan boshlangani hech kimga sir emas-ku! Insonga hayrixohlik va rag‘bat faqat tirikligida emas, har doim kerak. Ayniqsa, shoir, yozuvchi va rassom kabi ijodkorlarga! Ota-bobolarimiz bir zamonlar Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari qattiq ta'qib ostida olingani va bu kitobni odamlar berkitib o‘qiganini qanchalar iztirob bilan bizga hikoya qilib bergani nahotki, yodimizdan chiqdi? Bundan tash­qari, hazrat Navoiy, Bobur, Ulug‘bek kabi ulug‘ allomalarning kattagina ijodiy merosidan xalqimizni xabardor etish ziyolilarga oson bo‘lmaganini hamma yaxshi biladi. Xuddi shuningdek, yaqin o‘tmishda yashab o‘tgan adiblarning ma'naviy merosi va ma'rifatini keng targ‘ib qilish - kelajak avlod oldidagi ma'naviy burchimiz ekanini unutmaylik. 

 

Adiba UMIROVA

SHE'RIYAT VA QALB TARBIYASI

taniqli shoir aziz said bilan suhbat

- Aziz aka, qalb mudom she'riyatga ehtiyoj sezadi, buning sababi nima deb o‘ylaysiz?

- Men she'riyatni insonning o‘z-o‘zi bilan, odamlar bilan, tabiat bilan, Xudo bilan ruhoniy suhbati deb bilaman. Bu suhbatga ehtiyoj qachon tug‘iladi? Ishonchim komilki, odamzod dunyoga kelganda bu olamning pok tasviri qalbiga muhrlangan bo‘ladi - ota-ona, Vatan, do‘stdan tortib Yaratuvchigacha, mehr, muhabbat, adolat va hurlikdan tortib e'tiqodgacha. U ro‘baro‘ kelgan hayot ana shu pok - ideal tasavvurday go‘zal bo‘lsa, zavqlanadi, unga mos kelmasa iztirob chekadi.

 Misol uchun, istibdod davridagi mustabid tuzumning millatimizga va Vatanimizga qilayotgan zulmiga she'riyat orqali isyon qilinar, iztirobdagi ruh she'riyatdan taskin topar edi. Esimda, saksoninchi yillar yoshlarining davralarida  A.Oripovning “O‘zbekiston”, E.Vohidovning “O‘zbegim”, R.Parfining Vatan qismati haqidagi she'rlari alam bilan, faxr bilan o‘qilar, Cho‘lponning: 

Read more...

BEG‘UBOR OLAM ORZULARI

Yaqinda xizmat safari bilan Sirdaryo viloyatida bo‘lgandim. U yerda bir maktab o‘quvchisining dilidagi kechinmalari aks etgan nomaga ko‘zim tushib qoldi. Unda shunday satrlar bor edi: “Esimni tanibmanki, faqat televizor orqali tomosha qilib kelganim poytaxtimiz azim Toshkentga borishni, bu go‘zal shaharni o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni orzu qilar edim. Chin dildan istasang, erishasan, deganlaridek, o‘sha orzuim ro‘yobga chiqdi. 132 nafar tengdoshim bilan Shoshga sayohatga bordim va bir olam taassurotlar bilan qaytdim. Ushbu sayohatni bir umr yodimda saqlayman.”

Ha, beg‘ubor qalbli o‘smirning dilidan to‘kilgan bu so‘zlar zamirida Vatanga mehr va sadoqat barq urib turibdi. Afsuski, noma muallifi kimligini aniqlay olmadim. Sababi, unda hech qanday ism ko‘rsatilmagan edi. Shu bois viloyat xalq ta'limi boshqarmasining ma'naviy va axloqiy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Zulfiya Ne'matovadan mazkur sayo­hat xususida so‘radim.

Read more...

TAFAKKUR KO‘ZGUSIDAGI QAYDLAR

Abu Tohirxoja Samarqandiy “Samariya” kitobida, Abu Bakr Muhammad Ja’far an-Narshaxiy “Buxoro tarixi” asarida “qaro­ko‘l”ni suv to‘plangan joy ma’nosida, “qorako‘l”ni esa batamom suvi qochgan quruq hudud ma’nosida ishlatishgan. Poykand - Eftalitlar davlatiga tegishli qadimiy shaharlardan biri. U Turk xoqonligi davrida gullab-yashnadi. Arablar bosqinidan aziyat chekdi, ular bo‘yin bermadi, qayta qad rostladi. Lekin keyinchalik u suvsizlikdan xaroba shaharga aylandi.

 

Read more...

KAMERA JILVALARI

Qo‘lingizga fotoapparat berib, istagan oniy lahzani suratga ol, deyishsa neni tarixga muhrlardingiz? Albatta, bu qalbingizda o‘chmas iz qoldirgan, betakror yoki og‘riqli hislar uyg‘otgan daqiqalar, dunyoqarashi­ngizni kengaytirgan, hayot haqiqatini anglashga sabab bo‘lgan onlar bo‘lishi turgan gap. Ammo bu holatlarni “tutib” olish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun sizda sohir qalb, biroz “injiqlik” tuprog‘ida qorilgan san’atkorga xos tabiat, teran zehn bo‘lmog‘i zarur.

Yangi yil arafasida ana shunday fazilat egalaridan bir guruhining ijod namunalari namoyishi boshlandi. Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolarining Toshkent fotosuratlar uyida namoyish etilayotgan bu hisobot ko‘rgazmasi ikki hafta davom etadi. “Vatan mavzusida fotoinsho” mavzuidagi mazkur ko‘rgazmada o‘ttiz nafar muallifning turfa janrdagi fotoasarlari o‘rin oldi.

Professional darajada olingan bo‘lsa, har bir fotosurat o‘zida qandaydir ma’no-mazmunni mujassam etadi. Rasmlar oldida bir zum to‘xtab, ularni sinchiklab “uqiy” olsangiz, fotografning fikrini anglaganday bo‘lasiz. O‘z-o‘zidan suratdagi kayfiyat, tuyg‘ular sizga ham “yuqa” boshlaydi. Ulardan inson umrining mohiyati, atrofingizdagi borliqning siz ilg‘amagan, hatto mavjudligini ham bilmagan qirralarini kashf qilasiz. Suratlarda ona Vatanimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tariximizning tirik timsollarini, xalqimizga xos o‘lmas an’anayu fazilatlar, yurtdoshlarimizning samimiy ichki dunyosi aks­ etgan. Bu bilan yonimizdagi oddiygina quruvchi asl kelajak bunyodkori ekanini his qilasiz, dilingizda ona yurt­ga nisbatan mehr jo‘sh uradi.

Abdug‘ani Juma, Hamdam Shorahmedov, Sergey Karandayev, Stanislav Kanaki, Viktor An, Vladimir Jirnov, Zafar Qo‘ziqulov, Viktorika Bots, Rahmon Islomov, Vitaliy Myasnikov, Iskandar Sodiq-zoda singari fotograflar ishlari janr, tasvir usullari jihatidan bir-biridan farq qilsa-da, har biri yuksak estetik did, yillar davomida sayqallangan mahorat samarasi. Bu galgi ko‘rgazmaning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri unga qo‘yilajak suratlarni ma’lum bir hakamlar hay’ati emas, balki ijodkorlarning o‘zlari tanlashgan. Bu nafaqat ijodiy erkinlik, balki ularning o‘z uslubini boricha tomoshabinga yetkazish uchun imkon berdi.

Mashhur bir fotosuratchi “Agar olgan kadringiz yaxshi chiqmagan bo‘lsa, siz unga yetarli darajada yaqin bo‘lmagansiz”, degan ekan. U bu so‘zlari bilan ob’yektgacha bo‘lgan masofani emas, oladigan tasvirga ruhan yaqinlikni nazarda tutgan bo‘lsa ne ajab. Mana shunday tafakkur va ruhiyatning majoziy aksini tuyishni istasangiz, Toshkent fotosuratlar uyiga tashrif buyuring.

 

Mohira OTABOYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

ADABIYOT DARSI

Erta bahor quyoshi hovlimiz devorini paypaslaydi. Quyosh paypaslagan devor yonida oftobro‘yada eski po‘stagini ostiga tashlab, quyoshni miriqib ichayotgan bobom sarxush chay­qaladi.Ko‘zini yumgancha onda - sonda nimanidir xirgoyi qiladi.

Men esa hovlimiz oldidagi katta hovuzdan chelaklab suv tashiyman. Bugun yakshanba. Onam kir yuvadi. O‘choqqa qo‘yilgan katta qozonning tezroq to‘lishini istayman.

Ertaga maktabimizga “komissiya” keladi. Adabiyot darsini tekshiradi. Adabiyot muallimimiz shoira Zulfiyaning ikkita she’rini yodlab, hayoti va ijodini o‘qib kelishimizni tayinlagan.

Qozonni to‘ldiramanu, chelak das­tasi ezib yuborgan barmoqlarimni ishqalagancha darsxonamga yuguraman. Sumkamdan shosha-pisha Adabiyot kitobimni olaman. Avval uni entikib hidlayman. Adabiyot kitobining qandaydir shirin hidi bor. Uni varaqlayman. Shoira Zulfiyani topaman. Ichimda o‘qiy boshlayman:

“Zulfiya (Isroilova) 1915 yil, 1 mart­da Toshkent shahrida tug‘ilgan...”

Yana xayolga berilaman: Toshkent qanaqa shahar ekan? Juda ham chiroyli bo‘lsa kerak. Qaniydi hozir o‘sha shaharda bo‘lib qolsam... Bobomning: “Halima, yugur hovuzdan suv olib kel!”, degan ovozi meni shirin xayollar ichidan olib chiqadi. Bolalik qilib, bobomga achchiq qilaman:

- Nima, bu uyda mendan boshqa hech kim yo‘qmi?! Ertaga darsda Zulfiya Isroilovaning ijodi haqida o‘qib borishim kerak.

Bobom sergak tortadi:

- Qaysi Zulfiyani?

Donishmand bobomni mot qilgim keladi:

- Shoira Zulfiyani-da, nima adabiyotda yana boshqa Zulfiya bormi?!

Bobom shirin jilmayadi:

- Shunday demaysanmi?! Men bu shoirani ko‘rganman, juda xushfe’l, xushsurat ayol.

Hayajonlanib ketaman. Endi bobomga suykalaman:

- Qayerda ko‘rgansiz bobo?

- Buxoroda bo‘lgan bir anjumanda.

- She’rlarini ham eshitganmisiz?

- Eshitganman...

Bobom shu damda ko‘zimga juda katta odam bo‘lib ko‘rinadi. Faxrlanib ketaman. Yugurib borib, hovuzdan suv olib kelaman. So‘ng yana adabiyot kitobiga sho‘ng‘iyman. Shoiraning hayoti va ijodi haqidagi ma’lumotlarni obdan o‘rgangach, uning ikkita uzun she’rini yodlashga kirishaman:

Ona qalbi oyoqqa tursa,

O‘g‘lim sira bo‘lmaydi urush!

Birinchi she’rni yodlab bo‘lgach, o‘shaning ta’sirida yana xayolga tolaman. Ko‘z oldimda sirli manzaralar qad roslaydi...

Zulfiyaning ikkinchi she’ri:

Go‘zal tuproq uzra yoyildi oqshom...

Baland ovozda she’rni yoddan o‘qiyman. Harchand urinmayin, oxirigacha yodlay olmayman. Kitobdan bosh ko‘tarmay o‘tirganimni ko‘rgan onamning menga rahmi keladi:

- Uxla qizim, erta tongda uyg‘otaman. O‘shanda she’ringni birpasda o‘rganib olasan.

- Xo‘p, - deyman-u ravoqda turgan dadamning qo‘l chirog‘ini sezdirmay olib, ko‘rpaning ostida qo‘l chiroq bilan yana o‘qiy boshlayman.

Onam so‘zida turib, meni erta tong­da uyg‘otadi. Shosha-pisha yuz-qo‘limni yuvib, qiyg‘os gullagan bodom daraxtining ostiga boraman. Va baland ovozda she’rni takrorlayman. Kichkina ariqchada oqayotgan suvlar qiqirlab ustimdan kuladi. Bitta-bitta to‘kilayotgan bodom gullari ovozimni olqishlaydi.

Oxirgi marta takrorlab, uni yod olganimga ishonch hosil qilgach, uyga kirib, apil-tapil nonushtaga o‘tiraman. So‘ng orziqib, ajib orzularga to‘lgan yuragimni kaftimga olib, maktab tomon shoshaman.

Maktab uyimizdan ancha olisda joylashgan. Kichik jonimga qamalgan hislar yo‘l bo‘yi potirlaydi. Turli-tuman darvozalar qo‘lini soyabon qilib menga qaraydi. Gullashga kirishgan o‘rik daraxt­lari shoira Zulfiyani mendan oldin tanishini pisanda qilgandek mag‘rur tikiladi.

Va nihoyat adabiyot xonasi sanalgan sinfimga kirib kelaman. Negadir barcha sinfdoshlarim jiddiy tortishgan. Ularning dilidagi hayajonu qo‘rquvni sezaman. Birinchi dars - kimyoni tezroq o‘tishini istayman. Sinf xonamizga qator qilib osib qo‘yilgan shoiru yozuvchilar surati ichidan go‘zal shoir Hamid Olimjon yonidagi shoira Zulfiyaning rasmiga uzoq qarayman. U bir qo‘lini iyagiga tirab, jilmaygancha menga boqadi. U bilan xayolan suhbat quraman:

- Shoira bo‘lmoqchiman, shoira bo‘lish qiyinmi?

- Astoydil intilsang, niyatingga yetasan.

- Qanday qilib, katta shoira bo‘lgansiz?

- Shoir bo‘lish uchun mashaqqatdan qo‘rqmaslik kerak. Eng avvalo, ruhing baquvvat bo‘lsin!

- Ruh nima u?

Kimyo muallimining mushti partam ustiga gursillab tushadi. CHo‘chib tushaman. U menga qarab:

- Rux nimaligini sendan so‘rayapman? Qani, doskaga chiq, ruhning xossalari haqida gipirib ber!

Shunda xayol ichidagi suhbat tilimga ko‘chganini anglayman. Doskaga chiqib, bilganimcha sayrayman. Qolganiga birinchi partada o‘tiradigan sinfdoshim Muso kaftiga yozib ruxning formulasini bilintirmay menga ko‘rsatadi.

Kimyo darsi tugashiga chalingan qo‘ng‘iroqdan ozodlikning ovozi keladi. Hayajonim ko‘piradi. Ikkinchi soat - adabiyot darsi.Sinfdoshlarim qisqa tanaffus paytida yod olgan she’rlarini qiroat bilan bir-birlariga aytishadi. Butun sinf xonasi Shoira Zulfiya she’rlariga to‘ladi.

Va nihoyat sinf jurnalini ko‘tarib juda ham kelishgan adabiyot muallimasi va uning ortidan to‘rt-besh nafar ayol va erkaklar kirib kelishadi. Ular oxirgi qatorga o‘rnashib o‘tirishadi. Sinf xonasi suv quygandek sokin. Onda-sonda sinfdoshlarimning hayajonda, allaqanday qo‘rquvda olayotgan nafasi eshitiladi, xolos. Muallimamiz yo‘qlama qilgach, darsni boshlaydi: Bugun shoira Zulfiyaning hayoti va ijodini o‘tamiz, deydi. U ikki kun avval ta­yinlaganidek, barchamiz o‘zimizni dars­ga tayyordek tutamiz. Va hammamiz bilishimizni ko‘rsatish uchun baravar qo‘l ko‘taramiz. Yomon o‘qiydiganlarning qo‘llari titraydi.

Muallima mendan ko‘p narsa so‘raydi. Burro-burro javob beraman. So‘ng esa birin-ketin ikki she’rni yod o‘qiy boshlayman. Shu payt sinfning ochiq derazasidan ikki qaldirg‘och adashib uchib kirib keladi. Bolalik bilan xayrlashishni istamayotgan sinfdoshlarim “komissiya”ning borligini ham unutib, qiy-chuv ko‘tarishadi. Muallimimiz esa ularni tinchlantirib, jilmayadi:

- Qaranglar, o‘quvchilar, shoira Zulfiyaning she’rlarini qaldirg‘ochlar ham yaxshi ko‘rishar ekan.

Men shoira Zulfiya bilan ilk bor mana shunday tanishgan edim.

Oradan yillar o‘tdi. Adabiyot va she’r sehri meni butunlay asir etib boraverdi. Orzu qilgan shahrim Toshkentga ham keldim. Va Toshkent Davlat universiteti hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti filologiya fakultetiga o‘qishga kirdim. Talabalik chog‘larimda shoira Zulfiyani ko‘rgim, u bilan suhbatlashgim kelardi. Biroq bu istagim ro‘yobga chiqmaydigandek tuyulardi o‘zimga.

Ikki yilga viloyatda ishlab taqdir taqozosi bilan yana Toshkentga qaytdim. Kunlarning birida shoira Muhtarama Ulug‘ova yo‘limdan chiqib:

- Sizni Zulfiya opa so‘roqlayaptilar, - dedi.

Hu-uv o‘sha istagim kattalashdi. Muhtarama opaning ortidan boryapmanu dilimdagi hayajonning to‘lqini ko‘zimga keladi.

Zulfiya opa xonadoniga kirib kelganimizda juda ko‘p shoiralar suhbat qurib o‘tirishardi. Ular orasida Zulfiya opa issiq yulduzi va ma’sum tabassumi bilan ajralib turardi. Opa men bilan ko‘rishib peshonamdan o‘pib qo‘ydi. Qaysidir bir she’rimdan to‘rt qator aytdi.

O‘sha paytda ko‘nglim osmon bilan qovushdi. Va negadir sinfimiz xonasidagi Zulfiya opaning suratini, adabiyot darsini va she’r tinglashga kelgan qaldirg‘ochlarni esladim. Opaning mehr to‘la nigohi, ma’sum tabassumi hanuz o‘zgarmagandi. Yillar to‘fonida bunday tozalikni qanday asradi ekan, degan xayol kechdi dilimdan. Hayotdagi Zulfiya opa bilan tanishuvim juda shirin kechdi. Shoiraning o‘sha holatini qandaydir ilohiy qo‘l yuragim devoriga chizib qo‘ydi. Umrimning yomg‘irli, qorli, izg‘irinli kunlari o‘sha suratga boqib taskin topaman, isinaman.

O‘sha kuni Zulfiya opa men bilan xayrlasha turib, uy telefoni raqamini berdi. Ba’zan tortinib-tortinib qo‘ng‘iroq qilardim. Gohida yuragim talpinib tursa-da, bezovta qilgim kelmasdi...

Bugun esa...

Qo‘ng‘iroq qilaman olis samoga,

Yulduzlar entikib, jilmaygan mahal.

Sog‘inchni xirgoyi qilgan jon bilan

Kimnidir qo‘msayman, bo‘laman mahtal.

Hayot kitobini varaqlaydi she’r,

Va tong qadamini ko‘chirar dilga.

Ko‘kning nafasida, oy tuyg‘usida -

Yuragim aylanar ichikkan gulga.

Afsonalar qaytar xayol yurtidan,

Fasllar qa’ridan sizilar vola.

Har bahor Zulfiya opaga o‘xshab,

Juda ham chiroyli kuladi lola.

Sog‘inchning kaftiga to‘kilar ko‘nglim,

O‘rikning qirmizi gullari misol.

Bog‘lar dimog‘iga hidlatib ketar,

Shoiraning xushbo‘y yodini shamol.

Sezaman shu chog‘da olti tomondan

Mehrmi, sehrmi, nedir yelyapti.

Xarxasha qiladi injiq yuragim:

Zulfiya opani ko‘rgim kelyapti...

Ilohiy bir ovoz kelar samodan:

Vatanga boq, deydi sog‘insang uni.

Va quyoshga ko‘rsat tomosha qilsin,

Yurak devoringni har kuni.

Zulfiya jilmayib boqar samodan,

Men o‘zbekman degan har bitta jonga.

Mehru oqibati, ko‘rki bilan ham

U juda o‘xshardi O‘zbekistonga.

 

Halima AHMEDOVA

KITOB - NUR, ZIYO

Avtobus bekati har qachongidan ham gavjum. Bekatdagi uch nafar qiz e’tiborimni tortdi. Ulardan biri kitob­dan ko‘z uzmay o‘qib turar, ikki dugonasi esa allaqanday fasondagi tor shim kiygan, poshnabaland, planshetda yozishmadan ortmasdi.

Ochig‘i, kitob o‘qi­yot­gan qiz haqida “hoynahoy o‘zini aqlli ko‘rsatmoqchi” degan o‘y o‘tdi menda. Uning mutolaa­ga shunchalar berilib ketganini dugonalari avtobusga chiqqaniyu, navbatdagi bekatlardan birida tushib qolganida ham payqamaganidan sezdim.

Avtobus siyraklashib, qiz tomonga yaqinroq borsam, “Kecha va kunduz” asarini o‘qib ketayotgan ekan. Men qachon shu qadar berilib kitob o‘qiganim haqida o‘yladim.

Eslayman, bolaligimda otam “O‘zbek xalq ertaklari” kitobini sovg‘a qilgandi. Uning shunchalik quvonch hadya etadigan mo‘’jiza ekanini o‘shanda chindan his etgandim. Ertaklarni har tun miriqib o‘qirdim. So‘ngra uyqu oldidan uni yostig‘im ostida olib yotardim. Uchar gilam, ochil dasturxonlar tushlarimga kirib chiqardi.

YAqinda kitob do‘konlaridan biriga kirib, xayo­lim shoshdi. Nashriyotlar barcha turdagi kitoblarni nashr etishgan. Turli yosh va saviyadagi kitobxonlar uchun rang-barang adabiyotlar bisyor. She’riy to‘plamlar, qissa va romanlar, ilmiy adabiyotlar... Bolalik tuyg‘ularimni qo‘zg‘ab yubordimi, nima bo‘lganda ham, menga do‘konning “Bolalar adabiyoti” bo‘limi yoqdi. Rangin muqovali ertak kitoblar shu qadar ko‘p, xilma-xilki, ko‘rib diling yayraydi.

Kitobxonlardan biri qo‘sha-qo‘sha kitob olayotganidan xursand bo‘lib turuvdim hamki, ularning nomlariga ko‘zim tushib xafsalam qaytdi.

Bugun qanday kitoblar ko‘proq mutolaa qilinmoqda, degan xayolga bordim. Yosh nuqtai nazaridan olib ko‘rilsa, katta yoshdagilar ma’noli, saviyali kitob­larni o‘qishi bor gap. Lekin yoshlarning aksar qismi o‘z tili bilan aytganda “yengil hazm bo‘ladigan” asarlar shaydosi. Ayniqsa, “Millioner bo‘lishgacha o‘n qadam”, “Baxtli bo‘lishning o‘n beshta siri” qabilidagi adabiyotlarning bozori chaqqonga o‘xshaydi.

Shunday kunlarning birida yaqin tanishimiznikiga - o‘g‘lining muchal to‘yiga bordik. Qarindosh-urug‘ o‘g‘ilni sovg‘a-salomga ko‘mib tashlashdi. So‘nggi rusumdagi audio-video anjomlar, uyali telefon... Bir payt tug‘ilgan kun egasining sinf rahbari tashrif buyurib, yaxshi tilaklar bilan ixchamgina sovg‘a berdi.

Bolakay ertasi kuni ustozining “arzimas” kitob sovg‘a qilganini, shunchalar ham past­nazar ekanini aytib qoldi. Aslida, kechagi bazmda eng yaxshi sovg‘a kitob edi, chamamda.

To‘g‘ri, axborot jadal suratlar bilan taqdim etilayotgan bir paytda ularning yaxshisini yomonidan ajratish uchun, tabiiyki, ommaning ma’naviy immuniteti mustahkam bo‘lishi darkor. Bunda yoshlarni, farzandlarimizni internet vositasida amalga oshirilayotgan axboriy xurujlardan, “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi yolg‘on-yashiqlardan asrab-avaylash uchun ham kitobning ahamiyatini tushunmoq kerak. Aynan, kitob o‘qigan odamlar har qanday yot ta’sirlardan muhofazalana oladi.

Shundanmi, ayrim xonadonlardagi kitob javonlarini ko‘rib havasing keladi. O‘shalarning ham ayrimlarida kitob­larning o‘qilmay, muqovalariga chang qo‘nganidan asabing taranglashadi. So‘rasa­ngiz: “Otam rahmatli ko‘p kitob o‘qirdilar” deyishadi. Shunday damlarda ustoz Ozod Sharafiddinovning shogirdlariga vasiyat tariqasida aytgan: “Kitoblarimni asrang...” so‘zlari mohiyatini tushunganday bo‘laman.

Darhaqiqat, kitob - nur, ziyo. U insonlarni ezgulikka, mehr-muruvvatli bo‘lishga undaydi. Kitob o‘qigan kishining gap-so‘zi teran, fikri tinik, nutqi ravon bo‘ladi. Bunday insonlar bilan muloqot qilganing sari zavqing oshadi.

 

Nargiza FAYZIYEVA,

o‘qituvchi

 

OTA KASBIN SHARAFLAB

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish faqat konstitutsion burchni o‘tash emas, balki tom ma’noda shon-sharafli ishga aylandi. Harbiylik mamlakatimiz yoshlarining orzuli kasblaridan biri bo‘lib qoldi. Zamondoshimiz Serjant Anvar Ishnazarov ham otasi izidan borib, harbiylik kasbini tanladi. Bu mas’uliyatli vazifani sidqidildan ado etib kelayotgani uchun yaqinda Vatanimiz mustaqilligining yigirma uch yilligi munosabati bilan fidoyi harbiy xizmatchilar qatorida «Sodiq xizmatlari uchun» medaliga munosib topildi.

Anvar bolaligidan tirishqoq, mehnatkash edi. U kamtarligi va ko‘ngli ochiqligi tufayli har qanday davrada hurmat topardi. Shu boisdan o‘rtoqlari ham ko‘p edi. Ayniqsa, yoshligidan sportga mehr qo‘ydi. Alpqomatli yigit bayramlarda kurash tushib, tosh ko‘tarib, faxrli o‘rinlarni egallar va mahallasi sharafini munosib himoya qilardi. Maktabni namunali tugatgan Anvar ham bolalik orzusi, ham ota kasbini davom ettirish uchun ilk mustaqil qadamni tashladi, ya’ni muddatli harbiy xizmatga otlandi. Mudofaa ishlari boshqarmasida bo‘lib o‘tgan so‘nggi sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘g‘lon chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda yigitlik burchini o‘tashga kirishdi.

Kunlar ketidan oylar o‘tib, Anvarning xizmat muddati ham nihoyasiga yaqinlashib qoldi. Bu vaqt oralig‘ida u ham ma’nan, ham jismonan toblandi, chiniqdi. Ota-onasi bir necha bor uning komandirlaridan rahmat eshitishdi. Muddatli harbiy xizmati yakunlanishiga yaqin Anvar ota-onasiga o‘z qarorini, ya’ni xizmatini shartnoma bo‘yicha davom ettirishga ahd qilganini va hayotini sharafli kasb bilan bog‘lamoqchiligini aytdi. Bu qarorni ota-onasi quvonch bilan qabul qilishib, uni qo‘llab-quvvatlashdi, ayniqsa, Baxtiyor akaning xursand­chiligining cheki yo‘q edi. Ikki farzandi uning izidan borib, ota kasbini tanlashdi. Mana shunga ham to‘qqiz yildan ziyod vaqt o‘tibdi.

Serjant Anvar Ishnazarov ayni paytda harbiy qismda agregatlarni ta’mirlash sexi katta texnigi vazifasida xizmat qilyapti.

- Kasbim faxrim, - deydi u. - Vazifam puxta bilim va tajribani talab qiladi. Shu bois mashg‘ulotlarda malakali ofitser va serjantlardan yanada ko‘p bilim va tajribani egallashga harakat qilyapman. Serjantlar tayyorlash maktabida o‘qib, bilimimni oshirganim vazifamni bajarishimda katta yordam beryapti.

Serjant Anvar Ishnazarov jangovar shaylikda erishgan yutug‘i va vazifasini bajarishda ko‘rsatgan fidoyiligi uchun bir necha marta yuqori qo‘mondonlikning Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. U sportda ham ulkan yutuqlarga erishib kelyapti.

Harbiy qismda kim bilan gaplashmaylik ularning barchasi serjant Anvar Ishnazarov haqida iliq fikrlarni aytib, kichik komandirni bunday yuksak davlat mukofotiga har tomonlama loyiq ekanini ta’kidlashdi.

Anvarning eng yaqin safdoshi va do‘sti kichik serjant Chori Shoimov u haqida fikr bildirar ekan, bir gapni alohida ta’kidladi «Serjant Anvar Ishnazarov nafaqat safdoshim, balki yaqin maslakdoshim va ustozimdir. Vazifamiz bo‘yicha u bilan hamisha bahslashaman, zirhli texnikani ta’mirlash paytida ikkalamizning fikrimiz bir xil chiqmasa, darhol o‘rtamizda bahs boshlanib ketadi. Bu bilim va tajribamiz yanada oshishida katta yordam beradi, albatta. Uning bir xislatini - har qanday vaziyatda ham do‘stiga yordam qo‘lini cho‘zishini juda qadrlayman. Bunday inson va safdosh bilan yurt tinchligini yanada mas’uliyat bilan himoya qilasan, kishi».

- Men komandirlik qilayotgan sexda yuqori va ko‘p yillik tajribaga ega harbiy xizmatchilar faoliyat yuritishadi, - deydi agregatlarni ta’mirlash sexi boshlig‘i katta leytenant Abdulatif Yusupov. - Ularning har biri o‘z vazifalarini mukammal bilishadi. Serjant Anvar Ishnazarov o‘zining tirishqoqligi, mehnatdan qochmasligi va yuksak insoniy fazilatlari bilan jamoamizda hurmat topgan. Shu bois u tomonidan ta’mirlanayotgan agregatlarning sifati yuqori. Eng asosiysi, u bajarayotgan ishiga kuchli mehr qo‘ygan, o‘qib, izlanishdan charchamaydi.

Vatanimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlangan serjant Anvar Ishnazarov yanada ruhlanib, bundan keyin ham yurt tinch­­ligi va obodligiga munosib hissa qo‘shib, yangidan-yangi marralarni zabt etadi. Ishonchimiz komilki, o‘sib kelayotgan yoshlar orasidan unga havas qilib, izidan borishga chog‘langanlar ham u kabi yurtimizning mard va shijoatli farzandi bo‘lib voyaga yetishadi.

 

Ahror OCHILOV,

katta leytenant

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

O‘ng qo‘ling berganini CHAP QO‘LING ...

2018-06-20 12:19:48

Qadimiy va BETAKROR

2018-06-20 12:31:32

Ko‘p yo‘nalishli gazeta

2018-06-20 12:22:26

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2018
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.