Dunyoni xavotirga solayotgan illatlar

Bashariyatni tashvish va xavotirga solayotgan illatlar borki, o‘z aholisi salomatligini, uning taqdiri va ertangi kunini, ayniqsa, yosh avlod kamolini o‘ylagan har bir mamlakat ularga qarshi kurashni eng dolzarb va global muammolardan deb biladi. Va albatta, insoniyat hayotiga raxna soluvchi unday illatlarni tag-tugi bilan yo‘qotish, bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, samarali ijro etish ham kun tartibidan tushmaydi.

 

Biz nazarda tutayotgan, ayni vaqtda deyarli butun yer yuzi aholisini tashvishga solayotgan illatlardan biri kashandalikdir. Dunyoda kashandalar soni taxminan 1,3 milliard kishini (1,1 milliard erkak, 230 million ayol) tashkil etayotgani bu ofat ko‘lami nechog‘li kengligini isbotlamoqda.

Tibbiyot mutaxassislarining xulosalariga ko‘ra, tamaki tutuni homilador ayolga va homilaga xavfli ta’sir ko‘rsatadi. Homilador ayol xoh faol, xoh nofaol ravishda sigaret chekkanidan so‘ng yo‘ldosh qon tomirlari spazmi (torayishi) sodir bo‘ladi va homila bir necha minutga kislorod yetishmovchiligi holatiga tushadi. Shuningdek, muntazam chekishda homila doimo surunkali kislorod yetishmovchiligi holatida bo‘ladi. Oqibatda homila ona qornida sekin rivojlanadi va u turli patologiyalar bilan yoki bola muddatidan oldin, chala, vazn yetishmovchiligi bilan tug‘ilishi mumkin. Chekuvchi ayoldan tug‘ilgan chaqaloqlar tutqanoq xurujlariga moyil bo‘ladi, epilepsiya bilan ko‘proq kasallanishadi va aqliy rivojlanishdan orqada qoladi. Homiladorlikda chekish bola nobud bo‘lish ehtimolini 15 marotaba oshiradi. Chekuvchi ona sutining 1 litrida 0,5 mg nikotin bo‘lib, sut yoqimsiz hidli va ta’mi ham buziladi, bunday sutni emishdan bola bosh tortadi.  

Tamaki jamoat sog‘lig‘ini saqlash uchun eng yirik xavf hisoblanadi. 2015 yilda har olti soniyada bir kishi va yiliga olti million inson u bilan bog‘liq kasalliklardan, yana 600 ming inson ikkilamchi tamaki tutuni ta’sirida nobud bo‘lmoqda. Eng yomoni, ularning 1,5 millioni xotin-qizlardir. 2030 yilga borib bu miqdor 8 millionga ko‘tarilishi mumkin.  

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tekshiruvlariga ko‘ra, Gretsiya, Irlandiya, Italiya, Yaponiya, Xitoy, Kuvayt, Filippin, Rossiya, Shveytsariya, Frantsiya va Urugvayda chekish insonlar salomatligiga tobora ko‘proq zarar yetkazmoqda. Chekish bilan bog‘liq kasalliklar tufayli Xitoyda har yili 1,2 million kishi, Frantsiyada 73 ming kishi olamdan o‘tmoqda. 

Kashandalikning oldini olish uchun hozirgi paytda jahondagi 33 mamlakat tamakining chakana savdosiga 75 foizdan ortiq soliq joriy qilgan. 

“Tamaki mahsulotlariga soliqlarni oshirish uni iste’mol qilish hajmini kamaytirishning eng samarali usulidir, – deydi JSST bosh kotibi Margaret Chen xonim. – Hukumatlar sanoatchilarning bahonalariga emas, balki sog‘liqni saqlashda siyosatning eng yaxshi shakllarini qabul qilishi kerak”.

JSSTning tamakiga qarshi kurash bo‘yicha hadli konventsiyasi 2005 yili kuchga kirgan va 170 mamlakat uni ijro etish majburiyatini zimmasiga olgan. Konventsiyada o‘z ifodasini topgan tamakiga talabni kamaytirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish strategiyasi (MPOWER) 2,8 milliard insonni qamradi va hozirgacha millionlab odamlar hayoti saqlab qolindi. MPOWER tamaki iste’moli va profilaktika siyosati monitoringi, tamaki tutunidan odamlarni himoya qilish, uning iste’molidan voz kechishga yordam ko‘rsatish, tamaki xavfi haqida kishilarni ogohlantirish, tamaki reklamasi va homiyligini taqiqlash, tamaki sotuviga soliqni oshirish kabi yo‘nalishlarni qamrovchi dasturdir. 

Ayrim mintaqalarda qizlar tamakini deyarli o‘g‘il bolalar qatori iste’mol qilishmoqda. Masalan, JSSTning Amerika mintaqasida 13-15 yoshdagi 23 foiz o‘g‘il bolalar, 21 foiz qizlar tamaki iste’mol qilmoqda. AQShda aholi jon boshiga kuniga o‘rtacha 6 donadan sigaret to‘g‘ri kelsa, Gretsiyada bu miqdor 12 donani tashkil etyapti.

Kuniga ikki quti tamaki chekuvchi erkakning impotentga chalinish xavfi chekmaydigan insonlarga qaraganda 40 foizdan yuqori bo‘lar ekan. Chekish yoki tamaki tutunidan passiv nafas olish xotin-qizlarning bepushtlik kasalligiga chalinish sabablaridan biri hisoblanadi. Sigaret tutuni bilan organizmga kiruvchi nikotin va boshqa zararli kimyoviy moddalar estrogen (ovulyatsiyani tartibga soluvchi garmon)ning sintez bo‘lishiga xalaqit qiladi.

Chekuvchi ayollarning beshdan biri garchi ikkiqatlik vaqtida bu yomon odatini tashlayotgan bo‘lsa-da, avvalgi odatning zarari, baribir, homilaga ta’sir etmasdan qolmaydi. Kashanda ayolning bolasi vazni yengil bo‘lib tug‘iladi. Ayol nikotinni qancha ko‘p iste’mol qilsa, tug‘ilajak bola vazni shuncha kam bo‘ladi. Chekuvchi ayollarning homilasi yuragi, miyasi va yuzida normadan chetga chiqish holatlari ko‘p uchraydi. 

Chekish jahonning ayrim mintaqalarida kamroq ommalashayotgan bo‘lsa-da, ammo kashandalar umumiy soni muttasil o‘sishda davom etyapti. Vashington universitetining Salomatlik ko‘rsatkichlari va baholash instituti tadqiqotlariga binoan, 2012 yilda har kuni 967 million inson chekkan. Vaholanki, 1980 yilda ularning soni 721 milliondan oshmas edi. Olimlarning aniqlashicha, har kuni sayyoramizdagi erkaklarning 31  foizi, ayollarning esa 6 foizi chekmoqda. 

Sharqiy Timor tamaki iste’mol qilish bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni hech kimga bermay kelmoqda. Bu yerda har kuni aholining 61 foizi chekadi. Indoneziya, Kiribati, Armaniston va Papua-Yangi Gvineya “kuchli beshlik”ni mustahkam band etgan. Eng kam chekuvchilar Antigua va Barbuda orollari, San Tome va Prinsipi, Nigeriya, Efiopiya, Gana hamda O‘zbekistonda istiqomat qilmoqda. Bu davlatlarda kashandalar aholining 5 foiziga ham yetib-etmaydi.

“Hukumatlar tomonidan agar tamakiga qarshi yalpi siyosat olib borilganida, sigaretlar sotuviga soliqlar oshirilganida, chekishni taqiqlash bo‘yicha qonunlar qabul qilinganida millionlab insonlar hayotini saqlab qolish mumkin bo‘lar edi”, – deydi professor Kristofer Myurrey.

2004 yilda Butan o‘z hududida tamaki va tamaki mahsulotlarini sotishni butunlay taqiqladi va shaxsiy ehtiyoj uchun uni chetdan olib kiruvchilar uchun 100 foizlik bojxona to‘lovlarini joriy qildi. U bunday qat’iy qonunga ega dunyodagi yagona davlatdir. 

AQSh, Xitoy va Buyuk Britaniya tamakini eng ko‘p ishlab chiqaruvchilar, Xitoy, Yaman, Kambodja va Jibuti aholisi asosiy iste’mol qiluvchilar hisoblanadi.

Tamaki kompaniyalari ishchilarining o‘rtacha maoshi boshqa korxonalar xodimlari oyligidan ikki marotaba balandligi ham tarmoq rivojini rag‘batlantiradi. 2013 yilda yetakchi tamaki kompaniyalari – “Philip Morris International” (AQSh, 31,4 milliard dollar), “Japan Tobacco” (Yaponiya, 24,6 milliard dollar), “British American Tobacco” (Buyuk Britaniya, 24,1 milliard dollar), “Imperial Tobacco” (Buyuk Britaniya, 23,7 milliard dollar), “Altria Group” (AQSh, 17,5 milliard dollar), “ITC” (Hindiston, 5,2 milliard dollar), “Gudang Garam” (Indoneziya, 5,2 milliard dollar), “Lorillard” (AQSh, 4,6 milliard dollar), “Reynolds American” (AQSh, 4,4 milliard dollar), “KT&G” (Janubiy Koreya, 3,7 milliard dollar), “Swedish Match” (Shvetsiya, 1,8 milliard dollar) va boshqalar jami 140 milliardga yaqin daromad ko‘rdi. 

JSST bolalarni asrash maqsadida hukumatlarni tamaki iste’moli sahnalari bo‘lgan filmlarni tomosha qilishni cheklashga chaqirmoqda. Har yili minglab bolalar kinoning qudratli ta’sirida chekishni boshlab yuboryapti.

“Filmlardagi chekish sahnalari tamaki mahsulotlarining ta’sirchan reklamasi hisoblanadi, – deydi JSSTning Noyuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha departamenti direktori Duglas Bettcher. – Tamakiga qarshi kurash bo‘yicha JSSTning hadli konventsiyasida tamaki reklamasi, uning sotuvlarini rag‘batlantirish va homiylik qilish qoralanadi”. 

O‘ttiz yetti foiz yoshlar ekrandagi chekish sahnalari ta’siri ostida bu yo‘lga qadam qo‘yar ekan. AQSh kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi bahosiga ko‘ra, 2014 yilda kino sahnalari 6 million bolaning chekishga ishtiyoqini oshirgan. Binobarin, Hollivud filmlarining 44 foizida chekish sahnalari borligi aniqlandi. 2002–14 yillarda eng kassabop filmlarning 59 foizida tamaki iste’moli sahnalari joylashtirilgan. AQSh bosh sanitar vrachi kelgusida bunday lavhalarning olib tashlanishi yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida tamaki iste’mol qilish bilan bog‘liq 1 million o‘lim hodisasining oldini olishi mumkin, deb hisoblaydi.

Xitoyda chekish sahnalarining haddan tashqari ko‘payib ketmasligi haqida qaror qabul qilingani, Hindistonda milliy filmlar va teledasturlarda tamaki mahsulotlari hamda ularning markalarini ko‘rsatishni cheklash bo‘yicha yangi tartib joriy etilgani ibratli ish bo‘ldi. 

Qolaversa, so‘nggi yillarda elektron sigaretlar yoshlar o‘rtasida, ayniqsa, ommalashmoqda. 2013 yili AQShda uning savdosi 2 milliard dollarni tashkil qildi. Yevropa qit’asi mamlakatlarida ham taxminan shuncha sigaret sotilgan. Elektron sigaretlar davolanishning qandaydir ajralmas qismi bo‘lgan dori vositasi emasligi ayon. Shu sababli 2010 yili Germaniya va AQSh elektron sigaretlarni dori vositasi sifatida tavsiflash haqidagi qarorni bekor qildi.

Inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, shuningdek, uning mavqei va obro‘-e’tiboriga jiddiy putur yetkazuvchi yana bir illat ichkilikbozlik ekanligini tushunish uchun shifokor bo‘lish shart emas. Zero, bu illatga chalingan insonning boshiga qanday tashvishlar yog‘ilishiga, hayotining eng mazmunli damlari ko‘kka sovurilishiga ko‘p-ko‘p hayotiy voqealarda guvoh bo‘lganmiz. Shuni ham aytish kerakki, spirtli mahsulotlarning ko‘p iste’mol qilinishi ham, nainki alohida shaxslarni, balki umummillat salomatligiga daxl qilmoqda.

Spirtli ichimliklar bozorini o‘rganish bilan shug‘ullanadigan “IWSR” (International Wine & Spirit Research) kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2012 yilda dunyo miqyosida spirtli ichimliklar iste’moli 27 milliard litrga yetdi. Har yili spirtli ichimliklar iste’moli bilan bog‘liq 3 million o‘lim qayd etilmoqda. 

O‘smirlar va tug‘ish yoshidagi ayollar hisobiga pivo va kam quvvatli alkogol ichimliklari savdosi hajmi ortmoqda. 2010 yil mayda Butunjahon sog‘liqni saqlash assambleyasi alkogolning zararli iste’molini qisqartirish bo‘yicha Global strategiyani qabul qildi. 

Uchinchi yovuz illat – bu giyohvandlik bo‘lib, ayni vaqtda “engil narkotiklar” deb ataluvchi vositalarni ayrim mamlakatlar legallashtirayotgani kishini xavotirga solmoqda. Chunki giyohvand vositalar global xavfsizlikka va davlatlar taraqqiyotiga raxna soladi, mamlakat va mintaqalarda beqarorlikni keltirib chiqaradi, terrorchilar va transmilliy jinoyatchilar tegirmoniga suv quyadi. Inchunin, har yili giyohvandlik vositalarining 320 milliard dollarlik noqonuniy aylanmasi amalga oshirilmoqda. Interpolning ma’lum qilishicha, giyohvand moddalarning oldi-sotdisi jinoiy guruhlarga yiliga 500–800 milliard dollar foyda keltirmoqda. Birgina marixuananing yillik aylanmasi 142 milliard dollarni tashkil qilyapti.  

Xalqaro hamjamiyat tomonidan Narkotik moddalar to‘g‘risidagi umumiy konventsiya (1961 yil), Psixotrop moddalar to‘g‘risidagi konventsiya (1971 yil), Narkotik moddalar va psixotrop moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurash to‘g‘risidagi konventsiya (1988 yil) qabul qilinganiga qaramay, “qora ajal” qurbonlari yil sayin ortib bormoqda. 

2016 yil aprelida BMT Bosh Assambleyasi maxsus sessiyasida qayd etilganidek, bugungi kunda dunyoda 256 million giyohvand bo‘lib, ularning 182 millioni marixuana, 48,9 millioni geroin, 17 millioni kokain, qolgani esa anfetaminlar, ekstaz va boshqa moddalarni iste’mol qilmoqda. 27 million bangi zudlik bilan davolanishga muhtoj. Har yili dozasini oshirib yuborgani yoki giyohvand moddalar iste’molining boshqa sabablariga ko‘ra 207 mingdan ziyod inson hayotdan ko‘z yummoqda.  

Kriminologik kuzatuvlarning aksariyati esa sodir etilayotgan qotillik, zo‘ravonlik, fahsh, bezorilik kabi jirkanch jinoyatlar, asosan, giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar iste’moli tufayli yuz berayotganini ko‘rsatmoqda. Agar spirtli ichimliklar iste’moli 35 foizga kamaytirilsa, qotillik jinoyati 40 foizga, bezorilik esa 25 foizga qisqarishi mumkin ekan. 

 

Laziz RAHMATOV