KO‘RMAY YOZMANG

“Hurriyat”ning 2016 yil 12 oktyabr sonida bosilgan “O‘ylamay gapirgan...” sarlavhali luqmani o‘qidim-u, darhol munosabat bildirishga o‘tirdim. Chunki So‘fi Olloyor jamg‘armasi raisi Ravshan hoji Mirzaevning Surxondaryo viloyat televideniesiga e’tirozlarini tan olgan holda, unga va luqma muallifi Mahmud Abulfayzga aytadigan gaplarim bor.

 

Har yili O‘zbekiston hududini bir aylanib, yurtimizning aziz tuprog‘ida yotgan ulug‘ insonlar — avliyolarni ziyorat qilmasam, ko‘nglim joyiga tushmaydi. Men 2016 yil avgust oyining birinchi haftasida So‘fi Olloyor bobo qabrini ziyorat qilgani bordim. Maqbaraga ko‘tariladigan zinapoya boshlanadigan joydagi so‘rilarda hamda yerga to‘shalgan sholchalar ustida yigirma-o‘ttiz chog‘li yosh yigitlar oyoqlarini chalkashtirib, xurrak otib uxlab yotishibdi. Bu yer qabirlar joylashgan ziyoratgohmi yoki sanatoryami?.. Aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan edik, atrofimizni latta-putta sotayotgan xotinlar o‘rab olishdi. Bu yer avliyo otamiz yotgan ziyoratgohmi yoki lo‘lilar bozorimi?.. Chang bosgan, plitalari ko‘chgan, ushlagichlari yaroqsiz holga kelgan zinalardan bir amallab o‘tib, maqbara ichkarisiga kirdik. Buni qarang, 2009-2010 yillarda bunyod etilgan maqbaraning tepa qismida ichki tomondan taxminan ikki-uch g‘isht hajmidagi joy o‘pirilib tushibdi. Nahotki, shuni ta’mirlab qo‘yishning iloji bo‘lmasa?! Qur’on tilovat qilib, savobini So‘fi Olloyor boboga bag‘ishlab, so‘ng zinadan pastga tushgunimizcha xurrak otib yoki otmay uxlaydigan yigitlar soni ko‘payib qolibdi. Bunday manzaraga ensangiz qotmay iloji yo‘q. 

Men maqbarani va ziyoratgohning butun hududini aylanib So‘fi Olloyor boboga daxldor birorta ham yozuv, ma’lumot, manba topmadim. Qirq-ellik yoshlardagi bir kishi shu yerda mutasaddi ekan. Hech bo‘lmaganda ul zotning tarjimai holi haqida matnli bir varaq qog‘oz nashr qilishning iloji yo‘qmi, deb so‘radim undan. U mening jurnalistligimni bilgach, mana buni sotib olaqoling deb, qo‘limga Mohigul Boboevaning 2012 yilda nashr qilingan “Sabotul-ojizin” manzumasining g‘oyaviy-badiiy talqini” degan kitobini tutqazdi va “bizda boshqa ma’lumot yo‘q dedi.

“Menimcha, — deb yozadi luqmada Mahmud Abulfayz, — tarixiy manzillarga, qutlug‘ ziyoratgohlarga shunchaki borib, shunchaki qaytmaslik kerak. U yerdagi ma’lumotlarni so‘rab-surishtirib, ayni yerda makon tutgan zot haqida muayyan ma’lumotlarga ega bo‘lmoq zarur”. Sherobodlik musavvirga o‘xshaganlarning adashmasligi yoki aljiramasligi ham, yosh yigitlarning bu yerda uxlab orom olmasliklari ham, ziyoratgoh latta-putta bozoriga aylanmasligi ham, besh-olti yil oldin bunyod etilgan maqbaraning tez orada ta’mirtalab bo‘lib qolmasligi ham, birodarimiz Ravshan hoji Mirzaev bu dargohda yaratgan shart-sharoitga va u qay darajada nazorat o‘rnatganiga bog‘liq. 

Hamkasbim Mahmudjonga maslahat shuki, birovning “kuyunchak”ligiga ishonsangiz, pand yeb qolasiz. Ko‘rib va bilib yozish sizni o‘ylamay gapirganlarning xatosidan saqlaydi.

Ravshan hoji birodarimga men hech bo‘lmaganda Ellikqal’adagi Sulton Uvays Qaraniy, o‘ijduvondagi Abduxoliq o‘ijduvoniy, Samarqanddagi Xoja Ahror Valiy va Doniyor payg‘ambar, Toshkentdagi Qaffol Shoshiy, Shayx Xovandi Tohur va Shayx Zayniddin kabi obodonlashtirish, ta’mirlash, tozalik-ozodalik, yaratilgan shart-sharoit, nazorat o‘rnatish darajasi va ziyoratchilar soni o‘rtacha bo‘lgan manzilgohlarni ko‘zdan kechirib, ulardagi ibratli jihatlarni So‘fi Olloyor bobo ziyoratgohida qo‘llashni ma’qul ko‘rgan bo‘lardim. 

Mening xolisona bu fikrimdan hech kimning ko‘ngli ozor topmaydi deb ishonaman. Aslida niyatimiz bir. Ehtimol, har uchalamizga bir paytda So‘fi Olloyor bobo ziyoratgohida uchrashish nasib etar.

 

Ibrohim hoji NORMATOV, 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.