Do‘ppidaygina maqola

Yerto‘ladagi eski sandiqni kovlay turib, xuddi bolalik xotiralarimni bir-bir varaqlayotganday bo‘ldim. Unda oyoq-qo‘llari singan “soldatim”, jonajon hushtagim, dadam olib bergan charm to‘pim, yo‘qotib quygan soqqalarim ham bor ekan. O‘h-hu, butun boshli yoshligim shu sandiqqa jo bo‘lgandek go‘yo. Shunda qo‘limga chang bosgan, eski do‘ppim ham ilinib qoldi. Uni ko‘rdim-u, ortimdan bukchaygan belini ushlagancha yuzida tabbasum bilan “do‘ppimni ber, shumtaka”, deya quvlayotgan bobom yodimga tushdi.

 

Bolaligimda juda quv bo‘lganman. Hammani bezor qilardim. Ayniqsa, bobomning qalpog‘ini kiyib olib ura solib qochishlarim va bir necha qadam bosmasdan boshimga katta bo‘lgan do‘ppi ko‘zimni berkitib qolib yiqilib tushishlarimni ko‘p eslayman. O‘sha paytlar bobomdan hech ajralmaganim uchun meni “bobosining erkatoyi”, “dum” deb ham chaqirishardi. Bobom boshida do‘ppisi, oppoq soqoli bilan xotiramda muhrlanib qolgan. Esimda, bobom vafot etgach ancha vaqtgacha do‘ppisini quchib yotardim. Hali-hanuz unda bobomning ifori ufuradi. Do‘ppini boshimga qo‘ndirib olib yerto‘ladan tepaga ko‘tarildim. Hovlida kuymalanib yurgan opamning ko‘zi boshimdagi do‘ppiga tushdi. “Ha, nima bo‘ldi, do‘ppi kiyib olibsan”, dedi. “Yo‘q, o‘zim shunday” dedim iljayib. “Jinnimisan, otang o‘ldimi do‘ppi kiyasan, yechib tashla, qo‘shnilar ko‘rib, nimadir bo‘libdi deb o‘ylashmasin”, dedi opam. “Bu nima deganingiz? Do‘ppi faqat motamda kiyilmaydi-ku, ota-bobom kiygan do‘ppini kiyish azaliy meros. “Ey, sen nimani ham tushunarding?” dedim qo‘l siltab. Uyga kirishim bilan: “Qaerdan kelyapsan, biror o‘rtog‘ingnikida ta’ziya bo‘ldimi”, dedi onam xavotirlanib.  “Yo‘g‘-e, nima deganingiz, hech narsa bo‘lgani yo‘q.” Opam va onamning so‘zlaridan keyin o‘zimga o‘zim savol berdim: qachondan beri do‘ppi motam belgisi bo‘lib qoldi o‘zi? 

 

Do‘ppining allaqachon motam kiyimi bo‘lib qolganiga o‘rtog‘imning so‘zlaridan so‘ng amin bo‘ldim. U uyga qaytgunimizcha yo‘limiz ustidagi Chorsu bozoridan do‘ppi olib ketaylik deb qoldi. — Nega? — deb so‘rasam: “Qo‘shnimizning tobi yo‘q, o‘tib qolsalar, shoshib qolmay deymanda”, deb javob berdi. Bozorga kirgach rang-barang do‘ppilarning chiroyiga mahliyo bo‘lib, men ham “Shahrisabz do‘ppi”sidan sotib oldim. Bozorning o‘zidayoq uni boshimga qo‘ndirdim. O‘rtog‘imning ham kiymaganiga qo‘ymadim. Axir, ota-bobolarimiz ham qalpoq kiyib yurishgan o‘zbek millatining ko‘rki u; ustidagi to‘ni bilan do‘ppini tortinib, uyalib emas, faxrlanib yurish kerak deya tushuntirdim. Metroga tushdim-u, yuqoridagi so‘zlarni baralla aytgan bo‘lsam-da, biroz xijolat tortdim, to‘g‘risi. Barcha yo‘lovchilarning ko‘zi bizda, hayratlanib, boshqacha nigoh bilan qarayapti. Xuddi sahroyi Kabirda oqayiqlar kezib yurgandek, yoki biz ularga notanish bir millat vakillarimiz-u, o‘z milliy libosimizni ko‘z-ko‘z qilayapmiz. Shunda xayolga tolib qoldim, bir paytlar xalqimizning boshidan tushmaydigan, har xil balolardan saqlab, yigitlarimiz chehrasiga nur qo‘shib turuvchi do‘ppidan bugungi kunda ma’rakayu marosimlardagina foydalanilib, boshingizda qalpoq ko‘rsa, kishilar tabbasumini yo‘qotib, ta’ziya bildirishga hozirlanadi. Ko‘chalarda do‘ppi kiyib yurgan insonlarni ko‘rsak, hayratlanadigan darajaga yetdik. Bu millatning o‘zligidan olislab ketishi, madaniy qadriyatlarini unutib borayotganidan dalolat emasmi? Bir kun kelib bu bosh kiyimlarni ota-bobolarimiz kiyib yurgan, deya faqatgina muzeylarda uchratamizmi? Aslida ota-bobolarimiz beliga belbog‘ o‘rab, boshiga do‘ppi kiyib yurishi ham o‘z mohiyatiga ega. 

 

Litseyimizda Xalq og‘zaki ijodi darsi o‘zgacha shukuhda o‘tadi. Ustozimiz Abduolim Ergashev qattiqqo‘l bo‘lsalar-da, chapani inson, dono mutoyibaga moyil o‘qituvchi edilar. Bir kuni ustoz dars boshlanishi bilan xonadagi o‘g‘il bolalarni gapga soldi. Bormi... o‘zi bormi yoki yo‘qmi, to‘g‘risini aytinglar, — deb qoldi. “Nima? nima?” desak ham savolini takrorlayverdi. Biz har xil xayollarda ustozimizning xatti- harakatlarini ko‘rib kula boshladik. Ustoz jiddiylashib “Belingda belbog‘ing, boshingda qalpog‘ing, qinli pichog‘ing bormi?” deb so‘rayapman. Burungi zamonda o‘zbek yigitlarining belida belbog‘i, boshida qalpog‘i bo‘lmasligi uyat hisoblangan. Bular yigitning oriyatli ekani, iymoni butligini jasorat egasi ekanini bildirgan. Belida belbog‘i bor odam nomard bo‘lmaydi, qinli pichog‘i bor oilasini birovga xor qilib qo‘ymaydi, boshida do‘ppisi bo‘lsa, yomonlik qo‘lidan kelmaydi, deb bilishgan. 

Bu so‘zlarni eshitib ko‘ksimiz kerildi, ko‘zimizdan o‘t chaqnadi. Shu kundan boshlab do‘ppi kiyib yurishning ham o‘z mas’uliyati borligini his qildim. 

Badiiy kechalar, adabiy tadbirlarda ustoz adiblarimiz bizga ko‘rish baxti nasib bo‘lmagan Mirtemir, o‘afur o‘ulom kabi atoqli shaxslar haqida ularni ko‘rib qolgan ustozlar so‘zlab beradilar. Ularning so‘zlaridan do‘ppisini doim qiyshaytirib kiyib yuradigan o‘afur o‘ulomni hajvchi, quvnoq kishi, Mirtemir esa ozoda, tartibli, boshidan do‘ppisini sira qo‘ymaydigan ustoz sifatida ko‘z oldimizda gavdalanadi. Demakki, boshimizdagi do‘ppi ham bizning shaxsiyatimizdan, fazilatlarimizu, qusurlarimizdan so‘zlaydi, vujudimizning bir bo‘lagiga aylanadi. Bizning bu mavzuda bir luqma so‘z aytishimizdan, do‘ppidaygina maqolani taqdim etishimizdan maqsad — shunchaki, mulohazaga chorlash, unut bo‘layotgan odatlarimizdan biri to‘g‘risida yana bir bora ta’kidlashdir. Endi do‘ppini tanlaysizmi yoki shlyapani, o‘zingizga havola.   

 

Sanjar ESHMURODOV,

“Hurriyat” muxbiri