“NAG‘MACHILAR” TEGIRMONIGA KIM SUV QUYMOQDA?

Ish vaqtim soat 9:00da boshlanadi. Lekin har hafta payshanba kuni soat 7:00da korxonamiz ostonasidan hatlab o‘tishga odatlanganman. Sababi bitta. Stolim ustida taxlab qo‘yilgan “Hurriyat” gazetasini ikki soat davomida hijjalab o‘qiyman. To‘g‘risini aytsam, o‘sha kuni xushnud kayfiyatda yuraman.

 

Bugun ham shunday bo‘ldi. Muallif Go‘zal Malikovaning “Beruniy eshitmagan nag‘malar” maqolasini o‘qib juda ta’sirlandim. Mavzu dolzarb. Shunchaki gapiriladigan, gazeta sahifalarida nomigagina yoziladigan, ozgina shov-shuv bo‘lib, so‘ng hamma unutadigan gaplar emas. Tayinsiz qo‘shiq va kliplar madaniyatimiz, urf-odat va an’analarimiz, qadriyatlarimiz ildiziga bolta urayapti. Ommaviy madaniyatning jirkanch illatlari qaerdandir kirib kelayotganiga o‘zimiz sababchi bo‘lmayapmizmi? Muallif hali uch yoshga to‘lmagan o‘g‘lining televizorda boshini ma’nosiz likillatib raqsga tushayotganlar ta’siriga berilgani haqida yozadi. Bunday holatlar boshqa xonadonlarda uchramayapti, deb ayta olasizmi? Ota-onalar farzandining har bir harakatiga e’tibor bersa — yaxshi, bermasa-chi? Maqolada e’tirof etilgan Jahongir Poziljonov, Shohruhxon, Munisa Rizaeva, Jasur Umirov singarilar ularni “tarbiyalaydi”. “Benom”, “Ummon”, “ElDiDo” singari guruhlar yoshlarga “yo‘l ko‘rsatadi”. 

Shu o‘rinda bundan yetti-sakkiz yil muqaddam o‘z o‘g‘lim bilan bo‘lgan suhbatni eslagim keldi. Menga homiylik qiling, dedi o‘shanda u. Nima uchun, so‘radim undan. Televizorga chiqib qo‘shiq aytmoqchiman. Klip ham ishlaymiz. Biron marta qo‘liga soz ushlamagan, ashula aytishni mashq qilmagan o‘g‘limning gapiga hayron qoldim. Qo‘yavering, dedi u holatimni sezib. Hozir texnika rivojlangan. Barchasi fonogramma orqali bo‘ladi. Tez orada elga tanilib, to‘ylardan pul topaman. Artistlarning ko‘pchiligi shunaqa qilayapti. Bu — biznes... 

O‘shanda o‘g‘limni bu fikridan arang qaytarganman...

“Bojalar” guruhining “yakkaxon”iga o‘xshagan qalang‘i-qasang‘i, ovozining toni qizlarnikiga o‘xshagan ingichka, qiliqlari beo‘xshov, matni mazmunsiz, yengil-elpi so‘z  tizmalarini aytayotgan xonandalar vaqti kelib el og‘zidan tushib ketishi aniq. Lekin ungacha anchagina yoshlarimizning izdan chiqishi, haqiqiy erkaklarga xos tuyg‘usini yo‘qotishi kishini iztirobga soladi. Nima uchun haqiqiy erkaklarga xos tuyg‘usini yo‘qotishi deb aytayapman? Chunki begona yigitlarga irshayib qarab turgan qizning akasi singlisining yonidan beparvo o‘tib ketsa, buni qanday tushunish mumkin? Dunyoda bundan boshqa gap, muammo yo‘qday, bir qizni deb izillab yig‘lab-siqtaydigan, olamga jar soladigan shang‘illoq yigitlarning tovushini eshitib qolsam, nafratim qo‘ziydigan bo‘lib qolgan. Ay, qanaqa erkaksan o‘zing, bas qil-e, deyin desam, afsuski, na radiodagi, na televizordagi havaskor “hopizcha”lar eshitadi.

Gap kelganda aytay: iste’dodi tugul, anchayin qobiliyati ham yo‘q, buning ustiga chalasavod ana shunday “san’atkorlikka nomzod”larning yuzaga chiqishiga, san’at atalmish muqaddas bo‘stonga oyoq qo‘yishlariga ayrim tele va radiokanallar ham sababchi bo‘layotir. Masalan, “Milliy” nomini olgan telekanalimizni olaylik. U tashkil etilayotganini eshitganda barchamiz “Bo‘larkan-ku! Milliy kinolarimiz, mumtoz ashulalarimiz, milliy madaniyatimizni aks ettiradigan ko‘rsatuvlar uchun minbar bo‘ladi u” deya umid qilgan edik. Ammo bu umidlarimiz hozirgacha orzuligicha qolmoqda.

Hayron qolaman, soatlab “tabrik-salom” yo‘llaydigan radiolarda ham saviya yuqori emas. Tinglovchining vaqti, asabi, saviyasi bilan ishi yo‘q, to‘g‘risini aytganda, auditoriyani hurmat qilmaydigan ayrim radiokanallar eshittirishlari o‘ta jo‘n. 

Na ovozida shirasi, na aytayotgan gapida tayini bor xonandalarga soatlab efir vaqtini ajratayotgan telekanallarimizda badiiy kengash degan narsalar yo‘qmi, degan savol tug‘iladi. Bo‘lsa, ular qanday qilib, muallif Go‘zal Malikova aytmoqchi, miyani zaharlaydigan “og‘u”larga yo‘l berishyapti? 

Maqolani o‘qir ekanman, yana bir voqea yodimga tushdi. Bundan besh-olti yil muqaddam mashinada radio tinglab ketayotgan edik. Sezganingizdek, o‘sha “tabrik-salom” radiokanallarimizdan birini. Tinglovchilar qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlari xohlagan xonanda ijrosida qo‘shiq qo‘yib berishlarini so‘rar, boshlovchi esa ular istagini amalga oshirar edi. Navbatdagi qo‘ng‘iroq egasi Munojot Yo‘lchieva ijrosida qo‘shiq eshitish xohishi borligini bildirdi. Shunda boshlovchining javobidan hayratga tushdim. “Hammani uxlatib qo‘yasiz-ku!”, dedi u zarracha istiholasiz, uyatsizlik, andishasizlik bilan. Qarang, o‘sha boshlovchini ovozi yoqimliligi uchun ichimda alqab kelayotgandim, O‘zbekiston xalq artistiga, jahon tan olgan hofizga, demakki, milliy mumtoz san’atimizga hurmatsizligi uning asl basharasini fosh etdi-qo‘ydi. Men uchun “shirali ovoz”ning bir zumda umuman qiymati qolmadi. “Sho‘x, barcha raqsga tushadigan qo‘shiqlardan birini qo‘yib bersam bo‘lmaydimi?”, deb chiyilladi u o‘sha bir tiyinga qimmat “shirali tovushi” bilan...

Uncha ko‘p vaqt o‘tmadi, bir yilcha oldinmidi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yig‘ilishida yuqoridagi mavzu muhokama qilingan, taniqli yozuvchi va shoirlar matni sayoz, mantiqsiz “qo‘shiq”lar ijro etilayotganini tanqid qilishgan edi. Shundan so‘ng biroz o‘zgarish sezilgandek bo‘ldi, biroq bugunga kelib “jilov” yana bo‘sh qo‘yilgandek guyo. Demoqchimanki, bu masala bo‘yicha oxirigacha kurashish, bema’nigarchilikka chek qo‘yish zarur.

Muallif ta’kidlaganidek, bunday betayin san’atkorlar qilig‘i-yu, mazmunsiz qo‘shiqlarning urug‘iga o‘t tushsin, degim keladi mening ham.

 

Abduhalim MELIYEV,

Samarqand viloyati “Barkamol avlod” 

bolalar markazi direktori

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.