CHIQINDILAR — TABIAT KUSHANDASI

Chiqindi to‘la yelim xalta ko‘targan ota-bola ortidan borar ekanman, uyining yonidagi kanalga yaqinlashganda ota farzandiga bir qarab oldi-da, qo‘lidagi chiqindini suvga uloqtirdi. Shu zahoti 7-8 yoshli o‘g‘il ham bu harakatni takrorladi.

 

 

— Hoy, uyalmaysizmi, chiqindini suvga tashlagani? Ana, ikki qadam narida chiqindixona bor-ku, — deganimcha qoldim. Ota-bola ildam yurib ketdi. 

Afsuski, bunday holatga deyarli har kuni duch kelamiz. Toshkentning Qoraqamish mavzesidan oqib o‘tuvchi “Qichqiriq” kanali suvining yo‘li yopilganida ayanchli manzaraga duch kelasiz. Kun isigani bilan sohilidan odam arimaydigan, yoshu qari suvning salqiniga intilib, yoshlar, bolalar cho‘miladigan kanalning osti axlatga to‘la ekanini ko‘rib, xafa bo‘lib ketasan, kishi. O‘z kunlari bolalar cho‘miladigan kanalning suvi turfa yuqumli kasalliklar manbasi ekaniga shubha yo‘q.

 

OG‘RIQLI RAQAMLAR

Bugun chiqindi muammosi butun dunyo ahlini tashvishga solmoqda. Urbanizatsiya jarayoni jadallashib, shaharlar kengayayotgan, aholi soni o‘sayotgan va uning ehtiyojini qondirish uchun millionlab turdagi tovarlar ishlab chiqarilayotgan bir paytda chiqindilarni qayta ishlash va ularning utilizatsiyasi eng katta ekologik muammolardan biridir. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir kunda dunyoda o‘rtacha 5 milliard 754 million kilogramm chiqindi chiqariladi. Uning 30 foizi qayta ishlanadi, qolgani asta-sekinlik bilan ona sayyoramizni qoplamoqda. 

Chiqindilar turli qimmatbaho metallar, shisha idishlar, makulatura, plastik, yerga o‘g‘it bo‘la oladigan oziq-ovqat mahsulotlarining qoldiqlaridan iborat.

Ularning ichida ko‘plab xavfli chiqindilar ham bo‘ladi: batareykalar ichidagi simob, flyuoristsent lampalardagi fosfor-karbonatlar va maishiy eritmalardagi toksik kimyo¬viy moddalar, bo‘yoqlar, yog‘och buyumlarni asrash uchun ishlatiladigan har xil kimyo¬viy qoplamalar singari. Chiqindilarning ko‘payishiga asosiy sabablardan biri aholi ehtiyoji uchun zarur buyumlarning ishlatish muddatining qisqaligidir. Ularni qayta ishlash esa zamon talabidir. Ayniqsa, bu muammo sanoati rivojlanayotgan shaharlarda dolzarbdir. Ayni paytda yirik shaharlar chiqindisi uning tashqarisiga olib chiqib tashlanadi. Rivojlangan mamlakatlarda qayta ishlanishga yaroqsiz materiallar biogaz, bioquvvatga aylantiriladi. Mahalliy boshqaruv va o‘z-o‘zini ta’minlash San-Frantsisko institutining xodimi D.Morisning fikriga ko‘ra, dunyoning har bir shahri yirik metall koniga nisbatan ko‘proq metallga ega. Chiqindilarni qayta ishlash elektr energiyasi va suvdan foydalanishni bir necha barobar kamaytiradi. Masalan, alyuminiyni boksit o‘rniga chiqindidan ajratib olish elektr quvvatining sarfi va atrof-muhit ifloslanishini 95 foiz kamaytiradi. Makulaturadan qog‘oz olish esa nafaqat daraxtlar kesilishidan asraydi, balki elektr quvvati sarfini to‘rtdan uch qism¬ga kamaytiradi. Ya’ni bir tonna qog‘ozni qayta ishlab chiqarishga uni yog‘ochdan tayyorlash uchun ketadigan suvning yarmi sarf bo‘ladi, xolos. Shuningdek, kundalik ishlatiladigan buyumlar muddatini uzaytirish, tsellofan xaltalar o‘rniga matodan tikilgan xaltalardan foydalanish, bir martalik idishlar qo‘llanilishini kamaytirish ham samaralidir. 

 

CHIQINDI — OZON 

QATLAMINI YEMIRADI

Chiqindilar bevosita ozon qatlamiga salbiy ta’sir etishini bilasizmi? Masalan, biz foydalanadigan aerozol idishlar (havo tozalovchi, dezodarant va hokazo) tarkibida stratosferada ozonni yemiradigan moddalar mavjud. Mutaxassislarning aytishicha, ozon qatlamining yemirilishi odamlarda saraton kasalligini keltirib chiqaradi. Chiqindilarni qayta ishlash mazkur muammoni qisman bo‘lsa-da hal etadi. Ammo buni bir yoki ikkita odam hal qila olmaydi. Mazkur masala davlat e’tiborida bo‘lishi lozim. 

Afsuski, ko‘pchilik qayta ishlangan chiqindidan tayyorlangan buyumlarni sog‘liqqa zarar deb biladi. Aynan ana shunday noto‘g‘ri qarashlarning shakllanishi ham chiqindini qayta ishlashga to‘sqinlik qilmoqda. Bu o‘rinda ommaviy axborot vositalarining roli katta. Jurnalistlar global muammoga aylangan chiqindi masalasini dadil yoritishlari, uni qayta ishlash — metall qazib olish yoxud qog‘oz tayyorlashdan ko‘ra ancha arzonga tushishini, muhimi, atrof-muhit tozaligi, inson salomatligi uchun yaxshi bo‘lishini, tabiiy resurslarni tejashga yordam berishini, sayyoraning o‘pkasi bo‘lmish o‘rmonlar kesilishining oldini olishini tahliliy maqolalar vositasida tushuntirishlari lozim. 

Aytish joizki, so‘nggi yillarda uyda ishlatiladigan tovarlardan chiqayotgan chiqindilar ichida inson hayoti uchun xavflilari 45 foizni tashkil etadi. Bular batareykalar, bo‘yoqlar, yog‘ va bo‘yoqni erituvchilar, pestitsidlar, tarkibida fosfor bo‘lgan elementlar, flyuoristsent lampalar va hokazo. Axlatxonaga tashlangan bunday chiqindilar yer usti va yer osti suvlarini zaharlaydi, inson salomatligiga xavf soladi.

 

KO‘HNA MUAMMO.

Italiyaning Ankona universiteti professori, tarixchi Erkole Sorining “Nazokatli xonimlar davri” nomli kitobida qayd etilishicha, XIX asrgacha yevropaliklar chiqindini derazalaridan tash¬qariga uloqtira boshladi. London, Parij kabi yirik shaharlarning ko‘chalari axlatga to‘lib ketdi. Oqibatda kalamushlar va ularning orqasidan turli yuqumli kasalliklar ko‘paygan. Shaharlarni chiqindining badbo‘y hidi tutgan. Shahar hokimlari vaziyatni yumshatish maqsadida chiqindilar uchun maxsus o‘ralar qazdirgan. Yevropada vabo tarqaldi. Ko‘milgan chiqindilar yer osti suvlarini ifloslantirishi natijasida boshqa yuqumli kasalliklar ham yashin tezligida yoyila boshladi. Ilk chiqindi yoqiladigan pechlar Angliya¬ning Notingem grafligida 1874 yili qurildi. Tez orada bu tajribani bosh¬qa mamlakatlar ham qo‘l¬lashga kirishdi. Ammo aksariyat shaharlar pechlardan chiqayotgan tutun havoni ifloslantirgani uchun voz kechdi. 

Ayni paytda dunyoning ko‘p shaharlarida qayta ishlanmagan chiqindilar ko‘mib tashlanadi. 1984 yili AQShning Chikago shahri ma’muriyati chiqindidan ajralib chiqayotgan metan gazi harakatini monitoring qilish uchun tanlov e’lon qildi. Hozir yer ostidagi chiqindixonalardan quvurlar orqali ajralib chiqayotgan metanni yonilg‘i uchun qo‘llashadi, shuning¬dek, maxsus pechlarda u biogazga aylantiriladi. Ayni paytda AQSh¬da 40 ta ana shunday stantsiya mavjud. Birgina Steyten Ay¬lend¬¬da joylashgan chiqindixonadan kuniga 5 million metr kub gaz olinib, Bruklin gaz kompaniyasiga sotiladi. Bu miqdordagi gaz bilan 50 000 ta uyni isitish mumkin. Shuningdek, aynan chiqindini yoqish orqali ishlayotgan elektrostantsiyalarni qurish ishlari tobora avj olayotir. 

Ammo muammo boshqa narsada. Mazkur elektrostantsiyalarda yoqilayotgan gaz tarkibida xlor mavjud. Ular havoga chiqarib tashlanganda dioksin, ya’ni kimyoviy birikmalarga birikadi. Dioksin juda ham toksik bo‘lib, teri kasalliklarini keltirib chiqaradi, immunitetni susaytiradi. Yana bir muammo mavjud. Ulkan shaharlarda chiqindini to‘kish uchun joy topish muammo bo‘lib bormoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, maishiy chiqindilar butun dunyoda arzon xomashyo hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi chiqindilarning 85 foizini qayta ishlash mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ayrim mamlakatlarda chiqindilarni alohida yig‘ish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada qog‘oz, plas¬tik, alyuminiy mahsulotlarning katta qismi qayta ishlashga yuboriladi. Bu jarayonning ekomuhitga ijobiy ta’siri katta. Chiqindilarni qayta ishlash energiya va xomashyoni sezilarli darajada tejaydi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada rezina va kabel buyumlarining 34 foizi, shisha buyumlarning 43 foizi, qog‘oz va kartonning 54 foizi chiqindini qayta ishlash evaziga olinar ekan. Bu borada Xitoy tajribasi yanada hayratlanarli. Ular alyuminiy, temir, mis kabi metallardan yasalgan buyumlarning 33 foizini, jun, ipak, charm-attorlik buyumlarining 34 foizini turli chiqindilarni qayta ishlashdan olishadi.

 

ELEKTRON CHIQINDILAR — YANGI EKOLOGIK MUAMMO

Fan-texnikaning rivoji ekologiyaga jiddiy zarar yetkazayotgan chiqindining yangi turi — elek¬tron chiqindilarni yuzaga keltirdi. Shveytsariyada 1998 yilda elektron chiqindilarni oddiy axlatxonaga tashlashni taqiqlovchi qonun qabul qilindi.

Uyali aloqa telefonlari, kompyuterlar, printerlar, fotoapparatlarning yangi rusumlari chiqqani sari eskilari chiqitga chiqaveradi. Birgina Xitoyda har yili 500 000 tonna muzlatkich, 1,3 million tonna televizor va 300 000 tonna kompyuter yaroqsizga chiqadi. 

AQShning 80 foiz va Yevropa Ittifoqining 75 foiz elektron chiqindilari rivojlanayotgan mamlakatlarga keltirilib, qayta sotiladi. Ulardagi toksik moddalar umumiy chiqindixonalarga tashlanishi natijasida tuproq va suvga aralashib, ko‘pgina tirik organizmlar, jumladan, inson tanasiga ham kirib, kasalliklarni keltirib chiqaradi. Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, 2015 yilda Yer yuzida 48,9 million tonna elektron chiqindi chiqarilgan.

Elektron chiqindilar tarkibida xavfli birikmalar mavjud. Kompyuter monitorlari va televizorlarning har birida 4 kilogrammcha qo‘rg‘oshin mavjud. Shuningdek, ularda 70 foizgacha simob va kadmiydan iborat og‘ir metallar bor. Qo‘rg‘oshin insonning asab tizimi va buyraklariga salbiy ta’sir ko‘rsatsa, kadmiy o‘pkani ishdan chiqaradi. Suyuq kris¬talli monitorlar tarkibida simob bo‘lgan panellar bilan qoplangan. Bundan tash¬qari, ulardagi xrom, litiy va uglevodorod atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazadi. 

Ayni paytda yurtimizda ham qog‘oz, metall, plastikni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilmoqda. 2002 yilda respublikamizda “Chiqindilar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinib, uning asosiy vazifasi chiqindilarning fuqarolar hayoti va sog‘¬lig‘iga, atrof-muhitga zararli ta’sirining oldini olish, chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish va ulardan xo‘jalik faoliyatida oqilona foydalanishni ta’minlashdan iboratdir. Shuningdek, qo¬nun¬da chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari etib O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekis¬ton Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘z¬kom¬mun¬xiz¬mat” agentligi belgilangan edi. Bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish masalalaridagi ayrim huqu¬qiy normalarni yanada takomillashtirish talab etiladi. Jumladan, chiqindilarni istifoda qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlarining vakolatlarini yanada kengaytirish, ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilarini zararsizlantirish, ulardan qayta foydalanish, ushbu masalalarda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay imkoniyatlarni yaratib berish, sohaga investitsiyalarni keng jalb etishni ko‘zda tutuvchi normalarni joriy etish lozim. Shuningdek, amaldagi qonunga chiqitsiz texnologiyalar joriy etilishini, chiqindilar qayta ishlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan aniq normalar kiritilishi zarur. 

Chiqindi muammosi yechimi ishlab chiqaruvchilarni o‘z mahsulotlarini sotuv nuqtalarida mahsulotlar qadoqlarini qaytarib olishni va uni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishi, chiqindilarni qayta ishlaydigan korxonalar sonini ko‘paytirish, maishiy chiqindidan qishloq joylarda biogaz ishlab chiqarish uskunalarini o‘rnatish va bu borada tadbirkorlarga imtiyozlar berish, shuningdek, aholining bu boradagi ekologik madaniyatini oshirish, chiqindini saralash va ularni maqsadli qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishda ko‘rinadi. Birgina biogazning ishlab chiqarish miqdorini ko‘paytirish atrof-muhitni ifloslanishdan saqlaydi, joylarda aholining gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish muammosini hal etadi. 

Aholining bu boradagi savodxonligini oshirish va madaniyatini shakllantirishda tashviqot ishlarini kuchaytirish bilan birgalikda joylarda ekologik jamoatchi ins¬pektorlar faoliyatini takomillashtirish zarur. Shuning¬dek, aholi gavjum joylarda axlat qutilarini ko‘paytirish, ko‘chaga  chiqindi tashlagan fuqarolarga katta miqdorda jarima ko‘rinishida ma’muriy jazo qo‘llash ham shubhasiz, shahar va qishloqlarimiz tozaligini, soy va ariqlarda, kanallarda toza suv oqishini ta’minlaydi. Masalan, Ispaniyada mashina oynasidan axlat uloqtirish 200 yevro, sigaret qoldig‘ini yo‘lakka tashlash 90 yevro miqdorda jarimaga asos bo‘ladi. Germaniyada axloqsiz fuqarolarni “chiqindi izquvarlari” tutib oladi. Ko‘chalarda o‘rnatilgan videokameralarda qayd etilgan xatti-harakat maxsus qutiga tashlanmagan axlat uchun 100 yevrogacha jarima to‘lashga sabab bo‘ladi. Sigaret qoldig‘i, muzqaymoq yoki konfet qog‘ozi, ichimlik shishasini yerga tashlash 20 yevro, saqich, qoldiq ovqatlarni tashlash 35 yevro, eski mebel, elektron texnikani tashlaganlik uchun 150 dan 600 yevrogacha jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi. Shvetsiyada yerga tashlangan qog‘oz uning egasiga 90 yevro, Singapurda esa 300 dan 1000 dollarga tushadi. 

Chiqindilar bilan kurashish har birimizning vazifamiz. Farzandlarimiz uchun toza, yam-yashil kelajakni barpo etish o‘z qo‘limizda.

 

Nargis QOSIMOVA,

 Jurnalist

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.