TEZ YORDAMMI... Bez yordam?!

Qadrdonim Tosh muharrir, omonmisan! Qadrdonim, desam, qadrimni oshiryapti deb o‘ylama. Bir ko‘rgan — tanish, ikki ko‘rgan bilish, deganlariday... Ishgayam olaman, debsan. Shunday paytda shirinroq gapiray dedim-da! Tag‘in tilyog‘lamalik qilyapti, deb o‘ylama!..

 

Xullas, ota-bobom dehqon o‘tgan. Biz yerga paxta ekamiz, yuzlarga emas. Fe’limiz og‘ir bo‘lsayam, to‘g‘rilardanmiz. Shu va’dangni eshitib, anavi tili oshqozoniga ulangan, va’da berib bir narsa umid qiluvchilar esimga tushdi, yomon asabim qo‘zidi. So‘zlarimga qovoq-tumshuq osib gina qilib yurmagin tag‘in. Bizga o‘xshaganlar odamlarni “assalom”idan kimligini bilib olamiz. Chatoqligimiz shundan. Undaylarga o‘xshamaysan. Lekin anavi nosvoydan otvolib, o‘tgan-ketganni g‘iybat qilib o‘tiradigan bekorchixo‘jalarga o‘xshatganingdan g‘ashim keldi. Mavzumizni bo‘sh, so‘zimizni savil ko‘rib maqolaga mavzu beribsan. Bizning so‘zlar ham suv ko‘taradigan ko‘pik, mavzularimiz suv tagiga cho‘kib, yo‘q bo‘lib ketadigan toshlardanamas. Ayni kunning muammosi. Lekin aytganing chin — “yo‘l azobi — go‘r azobi” degan ulug‘larimiz. Qishloqdagi yo‘llarimiz yana ham ravonlashsa, azobimiz ozroq arirmidi, deyman. Men ham sal orqayinroq bo‘lib, mavzu haqida o‘ylab ko‘rmadim. O‘zingam muddati ra’yingga tovun, debsan. Shu desang, qalamim qichib turgan edi, bu yoqdan shoshilinch muammolar — tez yordam bilan bo‘lgan ters vaziyatlar chiqib qoldi. Haqberdi degan jo‘ram, qaysi shamollar uchiribdi, bilmadim, biz tomonlarga kelib qolibdi, de. Ichi to‘lib, ko‘ngli bo‘shashib yurgan ekan. Dardini yordi. Meni o‘zidan qo‘shibdi, demagin deb bir so‘zini ham o‘zgartirmay yuboryapman... 

 

 

Haqberdining ayoli so‘nggi tibbiy tekshiruvga borib kelgandan so‘ng, natijalarning ijobiy chiqqanini eshitib, ko‘ngli ancha taskin topgandek bo‘libdi. Lekin oy-kuni yaqinlashgani sari, negadir, yana bezovtalana boshlabdi. Qo‘li ishga bormaydi, ola xurjun osilgan bo‘yniga bo‘yinbog‘ ham og‘irlik qilayotgandek tuyulardi. Hatto biror marta ko‘ziga tik qaramagan boshlig‘iga: “Xizmat safariga bormayman”, deya norozilik bildiribdi. Faqat bir narsadan — “Xotinimning to‘lg‘og‘i tutib qolsa, nima qilaman?” degan xavotirda ekan. Shu desang, harqalay 103 bor-ku, qo‘ng‘iroq qilaman va zuv etib tug‘ruqxonaga yetkazib qo‘yaman, degan fikr unga dalda beribdi. Ammo o‘sha kun kelganda yomon shoshib qopdi. Bir belini ushlab ingrayotgan xotinining yoniga yugurarmish, bir telefonga choparmish...

Xotini “Chaqiring... teezrooq” degani sari vahimaga tushibdi. Shunday paytda uyingda kayvoniroq biror odam bo‘lmasa qiyin ekan. U darhol o‘zini qo‘lga olib, qisqa raqamlarni terib, uzun gudokdan so‘ng: “allo... allo tez yetib keling” — debdi hovliqib. Telefondan: “Tinchlaning, aniq, to‘liq qilib manzilingizni  ayting” degan ovoz kelgach, manzilini aytganidan so‘ng: “Qaerga o‘t tushdi?” degan savol uni esankiratib qo‘yibdi. “Nima-a-a?” debdi-yu, raqamlarni adashib terganini tushunib qolibdi. Shunchalar ham ovsar bo‘lamanmi, deya boshiga barmog‘ini niqtabdi va tez yordamga ham telefon qilibdi. Shu payt zambarakning o‘qidek xayolida ishxonadagi suhbatni eslabdi: “Tez yordam” deganlari tez yordam emas, bez yordam ekan. Kuni kecha qaynonamning yuragi yomon bo‘lib qolgandi. Necha marta manzilimizni tushuntirsak ham qurmag‘ur operator ilg‘ay olmadi. U yerga garanglarni o‘tqazib qo‘yishganmi, bilmayman, oxiri, manzilni ruschasiga ham aytdik. Buni qarangki, baribir ular yonimizdagi besh qavatli uyga kelib, “Kasal yo‘q ekan”, deb qaytib ketishibdi. Yaxshiyamki, o‘zimiz vaqtida dori-darmon qildik, o‘ziga keldi”, degan edi Oyposhshaxon. O‘shanda uning so‘zlarini tasdiqlagan Shokir mo‘ylov: “To‘g‘ri aytasiz, o‘sha kuni qo‘shnimizning o‘g‘li eshigimizni taqillatib keldi. Tez borarkansiz, dadam chaqiryaptilar, deydi. Nima bo‘ldi ekan, deb shoshib borsam, xotinining mazasi qochib qolibdi, do‘xtir chaqirgan ekan. Tez yordam mashinasi uy oldiga to‘xtabdi-yu, qaytib o‘t olmabdi. “Tez  yordam”ning o‘ziga tez yordam kerak bo‘lib qolibdi, shu desangiz. Temir-tersakdan xabarim bo‘lgani uchun darrov meni yo‘qlabdi”, dedi kinoya aralash.

...Bularga ishonch yo‘q, deb o‘ylabdi Haqberdi ham. Yaxshisi, taksi olib kelaman. “Chidab tur xotin, men hozir kelaman”, deb ko‘chaga yuguribdi. Ataylab qilganday gupillab qor yog‘yapti. Haqberdi yo‘lda mashinalar kamligini ko‘rgandan keyingina yarim tun ekanini payqaydi. Aksiga olib, mashinalarning birortasi to‘xtay demaydi. Yarim soat yo‘l yoqasida qoqqan qoziqday turgan Haqberdining etini sovuq rosa “chimchilabdi”. Yarim tun, buyog‘i qor uryapti.., Tez yordam deganlari ham kelib qolgandir  deb, shosha-pisha uyiga yo‘l olibdi. Eshigi oldida turgan o‘t o‘chirish mashinasi boshidagi baloni aritibdi. Shofyor aka Xizr buvadek odam ekan, Haqberdining holini darrov tushunib, o‘t o‘chirish mashinasida tug‘ruqxonaga olib boribdi. Xotinini ichkariga kiritib yuborgan Haqberdi endigina yengil nafas olaman deganida yonidagi kursida o‘tirgan qorindor kishi Xudoga hamdu sanolar keltira boshlabdi. Men  uzoq qishloqdan shaharga yaqindagina mehmon bo‘lib kelgandim. Bilasiz, biz tomonlarda bunaqa tig‘iz vaziyatlarda ulov topish muammo. Tez yordam chaqirsang, yonilg‘isi tugab qoladimi, yo boshqa bemorning uyiga yo‘l olgan bo‘ladimi, xullas, bir balo bo‘lib ostonangga yetib kelolmaydi. Taksi “jonivor”lar ham qosh qoraygach, biqinib ketadi. Yaxshiyamki, shaharda ekanmiz, g‘izillab baraka topkur do‘xtirlarning oldiga yetib keldik.

— Yonida o‘tirgan ayol so‘zga aralashibdi: “Bu chekka yerlarda tez yordam chaqirsangiz, tajribasiz hamshiralarni jo‘natarmish, bisotida tinchlantiruvchi ukoldan boshqasi bo‘lmasmish, shu gaplar rostmi?”.

Ularning so‘zlarini eshitib, Haqberdining  og‘rigan boshi qizib ketdi. Qo‘llarini qovushtirib, chuqur nafas oldi: “Ha,  Xudo qo‘shqo‘llab berganini olguncha ham jonim bo‘g‘zimga keladi, shekilli”, deya shivirladi. 

“Bu hali holva. Tug‘ruqxonaga kelish hech gap emas, undan qaytib ketish ajdar og‘zidan chiqib ketishdek gap ekan”, —  deydi Haqberdi.

Endi bu yog‘i boshqa masala. Sening ham kallangni ko‘p achitmay, qadrdon. Ishlaring ham qalashib yotgandir. Qolganini hey yana fursati kelganda so‘zlab berarman. Mayli, boshing omon, ko‘zoynaging o‘tkir bo‘lsin. Sorlochinday sahifalaringda pashshaday xato o‘tib ketsa, bormi, boshingga ertakdagi to‘qmoq sinadi-ya.  Hay, hay, xudo asrasin, nasib bo‘lsa keyingi sonlarda sen aytgan Kattaqo‘rg‘ondan Mirbozorgacha bo‘lgan yo‘llarni ko‘rib, Chaqarning qalampiriday bir narsa tayyorlarmiz. 

 

CHATOQ 

PS. Ismimni yozmadim. Har holda mijg‘ov gaplarga o‘ralashib qoldik, ismga dog‘ tushmasin.   

 

 

 

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.