Keling, kalyankashlik qilamiz! “Chatoqdan maktublar” turkumidan

Assalomu alaykum, Toshvoy! Maktubim e’tibordan chetda qolmaganiga xursand bo‘ldim. Gazetaning bir burchagida “Fuqarolardan tahririyatga kelgan xatlar doimiy e’tiborimizda...”, deb yozgan  ahdingga sodiq ekansan.

 

O‘tgan safar “Tez yordammi, bez yordammi?” degan mavzuda yozuvdim. Ko‘rdim. Biroz tahrir qilibsan. O‘zim ham shoshib yozgandim. Nachora, harna aytmoqchi bo‘lgan fikrlarim qolibdi-ku! Fikrsizlikdan xudo saqlasin. Shartlaringga ko‘ndim, roziman.

Shu kunlarda bandroqman. Bir qishloqdosh do‘stim keluvdi. Birorta sanatoriyga joylashtirish kerak emish. O‘zi biror joyda ishlamaydi. Buni qara, tagida mashinaning dodasi. Boshida norka telpak. Kiyimlari ham qichig‘idan. Xuddi bir paytdagi raislarga o‘xshaydi. Meni ataylab izlab topibdi. Bir paytlar “Sen odam bo‘lmaysan” degan ekanman. “Mana odam bo‘ldim, ko‘rib qo‘y” deb biroz ginaxonlik ham qildi. “Yur , senga  bir ziyofat beray”, deb Yunusoboddagi restoranlardan biriga olib bordi. Hashamini ko‘rib, boshim aylanib, qaerga kelganimni ham unutib qo‘ydim. Toshkentda yashab bizlar shunday joylar borligini bilmaymiz. Shu desang, Hojivoy aytmoqchi: Odam! Naq bir-birining ustiga yiqilay deydi! Juda ko‘p. Shukur qilish kerak. Bunday farovonlik qayda bor! Ko‘ngling nimani tusasa, hammasi dasturxonda muhayyo. Ayrim ota-onalar hatto bola-chaqasi bilan shu yerda. Xalqimizning nihoyatda pazandaligini shu yerda ko‘rasan. Nimani buyursang, shu zahoti tayyorlab kelishadi. Xizmatchilar biram xushmuomalaki, pazandalik bo‘yicha tanlov o‘tkazilsa, o‘shalar sovrindor bo‘ladi. Aslida ularga sovrin ham kerak emas. Shunday ham lotereyasiga har kuni yutuq chiqib turibdi.

Gap orasida do‘stimning nima ishlar bilan mashg‘ulligini sekin so‘radim. “Yashirib nima qilaman”, dedi u. Bizning beznis boshqacharoq. Hojatbarorlik, desa ham bo‘ladi. Yoki orakashlik. “Tushunmadim” dedim. Kirakashlik, noskashlik bo‘lardi, endi orakashligi ham chiqibdimi? “Nimaga tushunmaysan, muhtojlarga yordam beraman” dedi qilayotgan ishidan huzurlanib. Avvaliga xursand bo‘lib ketdim. Haqiqatdan ham savobning tagida qoladigan ish ekan, desam, bir ikki piyoladan so‘ng, mashg‘ulotini o‘zi ayon qildi. Xullas, Plastik kartochkalardagi pulni 20-30 foizga “obnal” qilib berarkan. “Pul morya”deydi. Bankdayam tanishlarim bor, kassalardayam deb biroz kerildi. Ahmadboyga o‘xshab qo‘lga tushib qolsang, nima qilasan?” dedim achinib. “Xavotir olma, ular ham o‘zimizdan, yaqinda mulk solig‘ini to‘lagani borsam. Soliq idorasining yonidagi kassa qo‘riqlovchisi “Oka, sizniki “nal”mi, deydi. Bildimki, uning ham ikkinchi  kasbi shunaqa ekan”.  Bunisiga nima deysan?!

Bir payt do‘stim “kel, kalyankashlik qilaylik,” deb qoldi. “U nimasi?” dedim, ajablanib, bunaqa “kashlik” borliginiyam eshitmagandim. “Ko‘rasan”, dedi u va  qo‘lini shunday ko‘tarar-ko‘tarmas, “Labbay oka,” deganicha oq ko‘ylak, qora nimcha kiygan, bo‘yniga  babochka taqib olgan po‘rim yigitcha, o‘ng qo‘li ko‘ksida chap qo‘li orqasida burni naq stolga tekkudek holatda  qarshimizda paydo bo‘ldi, desang. Xuddi kinodagi xumdan chiqqan jinga o‘xshaydi. Do‘stim uning qulog‘iga bir nimalar degandi, u yondan-bu yonga qaragunimizcha  qo‘lida bobolarimizning chilimiga o‘xshagan bir nima bilan  yonimizda hozir bo‘ldi. Yana deng, o‘sha jin chilimni xurillatib, xurillatib shunday huzur bilan tortdi-da, tutunini burnidan, og‘zidan shunaqangi buralatdiki, naq tsirkdagi tomoshada o‘tirganday bo‘ldim. Og‘zim ochilib qoldi. Yana bir-ikki marta tortsa, bilmadim, tutun uning to‘qqizta teshigidan baravar chiqib ketsa keragov. Ha demay shunday tomoshalar ham ko‘rsak ajab emas. So‘ng u shunday ustalik bilan chilimning ichakday shlangi uchidan bir nimani chaqqonlik bilan sug‘urib olib, yangisini tiqdi-da, do‘stimga uzatdi. Jinning chaqqonligidan ko‘zim ilg‘amay qoldi. Nima ekan, desam, xizmatkor og‘ziga solgan hushtakka o‘xshagan narsa – bobolarimiz uni  mushtuk derdi. O‘shanisi  almashtirib turilar ekan. Bilmadim, kishi ko‘zigami, ishqilib tartib shunaqa ekan. Shuncha odamga bir marta ishlatiladigan mushtukni  vallomati ham yetkazib berolmasa kerak. Buning ustiga savdo ahli qurumsoq bo‘ladi, deganday. 

Chilimkashlar mo‘lligidan mushtuklarni yuvib-yuvmay, unisinikini bunga, bunisinikini unga tiqib yuborilsa ham ajab emas. Axir bu yerda chilimga ehtiyojmandlar kam  emasdi-da. Naq restorandagilarning hammasi“Men sendan kammi?” degandek, biri qo‘yib, ikkinchisi buruqsatishardi. Kamida o‘zlari bilan ergashtirib kelgan marjalarining yuziga tutun puflab, ularni ham mast qilishardi, go‘yo. Mazza-a?! Yashasang, shunday yashasang-da! 

Odamlar bu yerga yeb-ichgani emas, chilim chakkani kelishadimi, deyman! Xullas, “o‘rgangan kasbing shu bo‘ldimi, qip-qizil nashavand bo‘lib qolibsan-ku, yana odam bo‘ldim, deganingga o‘laymi”, deya ustun kelib, do‘stimni biroz tergagan bo‘ldim. U  anavi jinga o‘xshatolmasa-da, chilimini bir-ikki marta xurillatgan bo‘lib, ishshaydi. “Zamondan orqada qolibsan, muallim. Buni chilim emas, “kolyan” deyishadi. “Kolyan emas, kalyan” dedim. 

O‘ris og‘aynilarimizdan aroq ichish meros qoluvdi, turkiyalik birodarlarimizdan  o‘rganganimiz  shu bo‘libdi-da!

Nima deyishini bilmay: “sen ham tort”, dedi u. Ko‘nglim chopmadi.  Yelim xaltachaning ichidagi “zapasnoy, odnorazoviy”  mushtuk so‘rilaverib tutundan sarg‘ayib ketgandi. Yana deng, duxtirlarimiz, o‘pka kasal qaerdan kelyapti, deb  hayron bo‘lishadi. Mana “achagi”. Unisi tortib, bunisi qo‘yib turgan bo‘lsa.....

Xullas, gaplar shunaqa,  shu kunlarda o‘sha do‘stimni sanatoriyga joylashtirishim kerak. Bilaman, bu ish o‘ziniyam qo‘lidan keladi. Biroz erkalik qilyapti-da! Buni ham sezib turibman. Bir tomondan qo‘limdan bu ish kelmasligini bilib, meni biroz ermak qilmoqchi, ikkinchidan, “mana, ko‘rib qo‘y, hamma narsani pul hal qiladi,” deb boyligini yana bir bor pesh qilib, odam bo‘lganini isbotlashmoqchi, mug‘ombir. Men ham anoyi emas. Biron yo‘lini izlab toparman.

Safarga otlanadigan bo‘lsam, xabarlashaman.

Hurmat bilan,CHATOQ

 

INSOF SARI BARAKA

Do‘stim Chatoq, xatingga ismingni qo‘ymay to‘g‘ri qilibsan. Muhammad ismi juda ulug‘! Uni pok tutmoq kerak. Qaniydi hamma Muhammadlar ham senga o‘xshab o‘ylashsa! Bir akaxonim bor. Juda madaniyatli inson. Kamtar. O‘z ismini pok tutib yashagani uchun ham martabasi baland, ruhi xotirjam, obro‘si joyida. Bir kuni u kishi:  “Otam meni yonlariga chaqirib, “O‘g‘lim, ismingizni Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhu vassallamning ismidan olib qo‘yganmiz. U zoti sharifga munosib ummat bo‘ling. Barcha yomon odatlardan o‘zingizni tiying, bu ismni pok tutgaysiz” deb nasihat qilganlar ” deb qoldilar. Ochig‘i ta’sirlanib ketdim. Hurmatim yanada oshdi. Ismning xosiyati-da bu. Sen ham to‘g‘ri qilibsan. 

Endi do‘stingning orakashlik mashg‘ulotiga kelsak, uning qilgan qilmishi sudxo‘rlikdan o‘zga narsa emas. Foizga ishlab topilgan luqma xarom. Bu diniy tomondan berilgan baho. Ijtimoiy tomondan olib qaralsa, borib turgan jinoyatdir. Aslida do‘stingni sanatoriyga emas, undan nariroqqa joylashtirish kerak. Bu ishni amalga oshiradiganlarning o‘zi avvalo u bilan birga “kashlik” qilmayotgan bo‘lsa...

Bu ishga bosh qo‘shgan bank xodimlarining ishiga kelsak, umuman shu sohada ishlaydiganlar ham obro‘si borida bir  o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi. Har holda “insof sari baraka” degan gaplar ham bor. 

Bilasan, barcha korxonalar o‘z mablag‘larini bankka qo‘yadi. Mantiqan olib qarasang, peshona teri bilan topilgan bu pullar, korxonalarniki, xodimlarining oylik maoshi va boshqa sarf-xarajatlar. Korxonaning bankdagi hisobida turgan o‘sha  mablag‘ni  egasining ruxsatisiz amaliyot qilgani uchun javobni kim beradi? Shartnoma shartlari har qadamda buzilyapti-ku! Mana, muammo qaerda! Qolaversa, bu yoqda ayrim odamlar “kashlik” bilan shug‘ullansa, baraka  qaerdan kelsin?  

Buning ustiga bankdagi vallomatlar o‘z pulingni xuddi o‘z cho‘ntaklaridan chiqazib berayotgandek, oylik maoshlarini tilanib borishsa, erta keling, indin keling, naqd pulimiz yo‘q, deb  qancha ovorayu sarson  qilishsa.

Kalyankashlik masalasida esa juda dolzarb masalani ko‘targansan. Buni o‘ylab ko‘ramiz. Bir safar o‘zim ham ko‘rganman. Hozir hamma yemakxonalarda kalyankashlik moda ekan. Tushum zo‘r bo‘lsa kerak-da?! Odamlar bekorga kekirib, tutun qaytarishmasa kerak... ora-orada, a? Kim bilib o‘tiribdi. Tutunidan farqlab bo‘lmasa. Bu yog‘iga biz ojiz! Gumon, imondan ayiradi, degan gaplar ham bor, qolaversa. Agar bu sohada ham “kashlik” bo‘lmasa, tez kunlarda aniqlik kiritilsa ajab emas. Muammo shundaki, bularni o‘rganish uchun mas’ul odamlarning o‘zi gazeta o‘qishmaydi. Obuna bo‘lishmagandan so‘ng qaydan xabar topsin. Mayli, birorta hushyorrog‘i chiqib, ularga mana shu gazetani topib o‘qing, deb qolar. 

Ko‘rib turibsan, talab nihoyatda qat’iy bo‘lyapti. Ayrim quyi tashkilot rahbarlari “Nima qilamiz?”ni, nima qilamiz” deya majlis qilmasdan o‘z oldilariga qo‘yilgan talablarni shart-shart bajarishsa, ishlar hademay  yurishib ketadi, inshoolloh!

 

Salom bilan, TOSHVOY

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.