Hushyor bo‘ling, yoki ayb ogohlantiruvchi belgidami?

Poytaxtimizning markaziy ko‘chalaridan birida borayotgandik. Mashina tormozining to‘satdan chiyillashi yon-atrofdagilarni hushyor torttirdi. Hamma xavotirlanib, o‘sha tomonga qaradi. Ko‘chani kesib o‘tayotgan balog‘at yoshidagi qiz yo‘lning o‘rtasida qotib turar, uning qarshisidagi mashina haydovchisining rangi oqarib, qizchani koyirdi. Shu atrofdagi ayrim yo‘lovchilar “sekinroq yursangiz bo‘lmaydimi, axir yo‘l chetida piyodalar o‘tish belgisi turibdi-ku”, deya kinoya qilishdi. “Bilaman, yo‘l belgisi o‘tish joyidan ikki metr berida o‘rnatilgan qizchaning to‘satdan yugurib chiqishini qayoqdan bilay?”, dedi u.

 

Haqiqatdan ham to‘g‘ri, svetoforsiz o‘tish joylarida ogohlantiruvchi belgi juda yaqin masofaga o‘rnatilgan ekan. Bunday holatda har qanday haydovchi ham shoshib qolishi tabiiy hol. O‘g‘in-sochin, qorli-qirovli kunlarda yerdagi piyodalar chizig‘i ko‘rinmaydigan paytlarda bu xavf yanada ortadi. O‘ylab ko‘raylik. Yo‘lda bir varakayiga to‘rtta transport vositasi oltmish tezligida kelyapti. Ulardan bittasi yoki ikkitasi piyodaning o‘tayotganini ko‘rib to‘xtar, ana keling, uchalasi ham to‘xtadi. Ammo shunday tezlikda kelayotgan to‘rtinchi transport vositasi haydovchisi tormoz berganida ham ikki metrga qolganda yo‘lovchiga zarar yetkazishi mumkin. Bunday hodisalar ko‘plab uchramoqda.   

Uydan ko‘chaga chiqdikmi, hammamiz xohlaymizmi, yo‘qmi, yo‘l harakati ishtirokchisiga aylanamiz. Tartib-qoida hammaga barobar. 

Yurtimiz taraqqiy etgani,   yo‘llar kengaytirilgani sayin avtoulovlar soni ham ortib boryapti. Bu esa o‘z navbatida yo‘l harakatida bir qancha murakkabliklarni keltirib chiqarayotgani bor gap.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun Yo‘l patrul xizmati tomonidan ko‘plab choralar ko‘rilmoqda. Aytaylik, ayrim harakatlanish ko‘p yerlarga yashil-qizil chiroqli maxsus jihozlangan moslamali svetoforlar ham o‘rnatilmoqda. Shuningdek, yo‘l harakati qoidalariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bundan asosiy maqsad yo‘l-transport hodisalarini keltirib chiqaruvchi omillarni kamaytirishdir. Ammo bunday moslamalarni hamma joyga yetkazib berishning o‘zi emas. 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yo‘l-transport hodisalari oqibatida dunyoda 1 million 300 ming kishi hayotdan ko‘z yumadi. 20-50 millionga yaqin odam turli tan jarohati olib, ba’zilari umrbod nogiron bo‘lib qolyapti. Jabrlanuvchilarning aksariyatini piyodalar, mototsikl va velosiped haydovchilari tashkil etadi. Bu raqamlar ortida insonlar hayoti yotganligini o‘ylasak, yo‘lda hushyorlik hech qachon zarar keltirmasligini anglaysan, kishi.  

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, noxush halokatlarning yarmi piyodalar bilan bog‘liq holda sodir etilmoqda. Ushbu hodisalarga asosan ularning svetofor ishoralariga, yo‘l belgilariga, yo‘l chiziqlarining talablariga rioya etmasligi, yo‘lning piyodalar uchun taqiqlangan qatnov qismida bo‘lishi va boshqa xavfsizlik qoidalariga rioya etmasligi sababdir. Shularni inobatga olgan holda, Yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq ravishda, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining normalarini yanada takomillashtirish hamda yo‘l harakati sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, ularning samarali oldini olish uchun 2016 yil 23 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolanib, kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, o‘sha o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq,  piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanishi, kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qishi, videomateriallarni tomosha qilishi hamda audiomateriallarni eshitishi, shuningdek, e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi yo‘l harakati qatnashchilariga tegishli ma’muriy javobgarlik choralari o‘rnatilishini nazarda tutadi. Bu esa har bir piyodalarni yanada ogohlikka undaydi. Biroq shuni alohida ta’kidlash joizki, qonun qoidalarga qanchalik o‘zgartishlar kiritilmasin, uning tashviqoti borasida qancha sa’y-harakatlar olib borilmasin, hanuz ayrim kishilar tomonidan ularga amal qilmaslik, befarqlik saqlanib qolgan. 

Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deganlariday piyodalar ham yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul. Biroq piyoda belgisi bo‘la turib, bir kori hol sodir bo‘lsachi, unda kim aybdor? Albatta, haydovchi. Quyida bu haqda haydovchi, Shokir Mardievning so‘zlariga e’tiboringizni tortamiz.

– Kechasi soat birlar chamasi edi. Ko‘chada avtoulov kam. Ochig‘i, tez harakatlanayotgandim. Daraxtlar orasidan to‘satdan 3-4 o‘spirin yigit shira-kayf holatda yugurib chiqib qoldi. Hushyorligim bois vaqtida tormozni bosdim. Piyoda belgisi bor. Kechki soat birda kim ham qarshingda to‘satdan paydo bo‘ladi, deb o‘ylaysiz. Ko‘pincha piyodalarning yo‘lakchadan to‘satdan chiqib qolishi, haydovchilarni qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda. Bundan tashqari svetoforsiz o‘tish joyida belgilar ko‘rimsiz, belgi juda yaqin. Bu ahvolda ketma-ket kelayotgan mashina oqimini tezda to‘xtatishning imkoni bo‘lmay qolishi mumkin. Shunday vaziyatda bir soniyada haydovchi avval orqadan kelayotgan avtoulovni xavfdan xabardor etib halokatdan ogohlantiruvchi chirog‘ini yoqishi, bir paytning o‘zida tormozni ham bosishi kerak. Masofa esa ikki, nari borsa uch metr.

E’tibor berilsa, birgina piyoda belgisining o‘tish joyiga yaqin o‘rnatilgani kishining hayot-mamotini hal qilyapti. O‘sha belgiga ishonib, haydovchi ham, piyoda ham  harakatlanadi. 

 

Yuqoridagi  mulohazalardan kelib chiqib, noxush holatlarning oldini olish maqsadida, yangi belgi joriy qilish kerakdir, balki. Ya’ni, “ehtiyot bo‘ling falon metrdan so‘ng piyoda”, degandek. Shuningdek,  ularni balandroq, ko‘zga kechasiyu kunduzi ham ko‘rinib turadigan tarzda, yo bo‘lmasa maxsus moslamali yashil va qizil chiroqli “stop”li svetofor o‘rnatish joizdir. Agar shunga o‘xshash ogohlantiruvchi belgilar joyini topsa, haydovchi oldindan tezlikni pasaytirib boradi. Shunda ayrim ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘lishining oldi olinarmidi?! 

 

Bobur  MUHAMMADIEV

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.