Virtual “qarmoq”qa ilinib, dogda qolmang yoxud “Fullips” dardi

Yaqinda bir tanishim ijtimoiy tarmoqda reklama qilinayotgan “fullips” moslamasini sotib olmoqchi ekanini aytib qoldi. Bu matoh labni shishirib, kattalashtirar emish. Taajjub, bunday moslama unga nima uchun kerak bo‘ldi ekan, deb o‘ylab qoldim. O‘zining tabiiy husni binoyidek bo‘lsa, labni shishirishdan maqsad-muddao nima? Xo‘p, shunday qildi ham deylik, u holda sun’iy lab bilan oilasi, yaqinlari, ayniqsa, ota-onasining ko‘ziga qanday qaraydi? Uyat, or-nomus tuyg‘ulari shu taxlit yo‘qola bormaydimi? Buning ustiga sog‘lig‘iga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi tayin.

 

Qayta gaplashib ko‘rdim, u esa moslamaning reklamasiga tobora qiziqib, buyurtma berishga oshiqardi. Albatta, men unga yuqoridagi savollarni berdim. U so‘zlarimga parvo qilmay, reklamada alohida keltirilgan “sog‘lig‘ingiz uchun bezarar”, “hech qanday jarrohlik amaliyotisiz”, “arzon”ligini, qolaversa, istalgan joyga yetkazib berish xizmati mavjudligini ro‘kach qilib, og‘zimni yopdi. 

Birgina u emas, ko‘plab qiz va ayollar ushbu mahsulotga ruju qo‘yganini ochiq aytish lozim. Achinarlisi, ular orasida hali oq-qorani farqlay olmaydigan, “ommaviy madaniyat”ning zararli oqibatlari haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lmagan o‘zbek qizlari bor. Internetda bu mahsulotdan foydalanish oqibatida rossiyalik bir qancha yosh qizlarning ayanchli ahvolga tushib qolgani aks etgan xabarlar va suratlar paydo bo‘ldi. Ularni ko‘rib, azbaroyi qo‘rqib ketdim. Ko‘z oldimda namoyon bo‘lgan suratlardagi qizlardan birining labi haddan ziyod bo‘rtib ketgan, boshqa birinikiga yara-chaqa toshgan. Xullas, mexanik usulda lablarni kattalashtiruvchi ushbu moslamadan foydalanib, ayanchli ahvolga tushib qolgan qizlarga rahmingiz keladi. 

E’tiborimni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yashovchi 25 yoshli Nadya ismli qizning abgor, birov ko‘rsa qo‘rqib ketgudek darajada xunuk aft-angori aks etgan surat o‘ziga tortdi. Suratning ostida moslamadan jabrlangan qizning qanday qilib bunday ayanchli ahvolga tushib qolgani haqida qisqacha izoh ham qoldirilgan ekan. Ularga tayansak, Nadya shahar markazidagi restoranlardan birida ofitsiantlik qilar, mijozlar sonini oshirish ilinjida, “Fullips”dan muttasil ravishda foydalangan ekan. Oqibatda bechora qizga hech bir tibbiy muolaja ham foyda bermagan.  

Xitoyda ishlab chiqarilgan mazkur moslama kimgadir foyda keltirgandir, balki. Ayolning sog‘lig‘i va  husn-tarovati haqida gap ketarkan, duch kelgan reklamaga ishonib, uning ortidan qolmaslikning oqibati mana shunday xunuk voqea bilan yakun topishi ham mumkin. 

Aslida, faqat reklama qilinayotgan mahsulot yoki xizmatlarni ayblash ham noto‘g‘ri. Ularga ko‘r-ko‘rona ergashayotgan yoshlarni hech kim “mana shu mahsulotni sotib olishing shart!” deya majburlayotgani yo‘q-ku, axir! 

Guvohi bo‘lib turganimizdek, ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar reklama borasida televidenie, radio yoki gazeta-jurnallarni ortda qoldirmoqda. Binobarin, bugun ijtimoiy tarmoqlarda reklamalarni joylash hamda mahsulot va xizmatlarini taklif etish ommalashib ketdi. Qiziq, ijtimoiy tarmoqlarda reklama berishning afzallik va qulayliklari nimada ekan?

Avvalo, OAVga nisbatan virtual makonda, ayniqsa, “Telegram” va “Instagram” sahifalarida reklama joylash deyarli mablag‘ talab qilmaydi. Bugungi kunda aksariyat ijtimoiy tarmoqlarni mobil telefonga yuklab olish qiyin ish emas, albatta. Demak, mahsulotni reklama qilayotgan firmalar uchun ham mijoz “ilintirish”  mushkullik tug‘dirmaydi. Kamiga virtual makonda “Layk” belgisini bosish, yangiliklarni tarmoqdagi do‘stlarga, tanish-bilishlarga ulashish, bu bilan o‘sha mahsulotga nisbatan qiziqishini oshirish imkoniyati ham mavjud. Bu esa kompaniyalar uchun reklama byudjetini tejash, bor e’tibor va mahoratni arzongarov ijtimoiy tarmoqlarga qaratishga zamin yaratadi. Mijozlar uchun bir qator qulayliklarning yaratilishi, jumladan, buyurtma qilingan mahsulotni istalgan joyga yetkazib berish xizmati yoki terminal va click orqali pul to‘lash kabilar ham aksar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tiborini o‘ziga qaratmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi, ayniqsa, “Telegram” va “Instagram”dagi reklama sahifalarining aksarida “xizmatlar litsenziyalangan” yoki “mahsulot sertifikatlangan” kabi kafolat jumlalarini topish mushkul bo‘lib qoldi. Bilamizki, hech bir xizmat yoki mahsulot nazoratdan chetda qolmaydi. Xo‘sh, shunday ekan, nega sifatsiz bo‘lsa-da, oshig‘i olchi “Fullips” kabi mahsulotlar bemalol o‘zbek bozoriga kirib, ko‘plab xaridorlarning salomatligiga zarar yetkazayapti? Yanada taajjubli jihati, bu kabi sifatsiz mahsulotlardan keladigan zararni qaysi vallomat qoplaydi? Afsuski, muammoning bu tomonlari hanuz savolligicha qolmoqda. 

Istaymizmi-yo‘qmi, biror mahsulot xarid qilayotganimizda, uning reklamasi bor yoki yo‘qligiga ko‘proq qiziqamiz. Bu ham reklamaning inson ongiga o‘ziga xos ta’sir etish usulidir. Aslida, reklama taklif etilayotgan mahsulotning kamchiligini yashirib, afzalligini oshirib ko‘rsatishini unutmaslik lozim. 

2011 yilda ijtimoiy tarmoqlarning birgina reklamadan qilgan daromadi 5 milliard AQSh dollaridan oshgan. Vaholanki, 2007 yilda daromad 1,2 milliard dollarga teng edi. Ayni kundagi foydasini esa chamalayvering.

Internet saytlariga kiruvchilar soni tobora ortib borayotgan bir paytda “Yuzdagi ajin va qora dog‘larni yo‘qotadi”, “Husnbuzarlardan xalos etadi”, “Ozishga yordam beradi”, “Immunitetni oshiradi”, “Bo‘yni o‘stiradi”, “Sochni mustahkamlaydi” qabilidagi “kafolatli” va’dalar ko‘paygandan-ko‘payib, sizning ham sahifalaringizni egallab olayotgandir, ehtimol. Ularni o‘chirib tashlash yoki qabul qilmaslikning iloji bo‘lmasa-da, undan himoyalanish, yolg‘on va arzon takliflarga uchmaslik o‘z qo‘lingizda. Niyatimiz, qarmoqqa ilinib, dog‘da qolmang! Aks holda, zarar yetgudek bo‘lsa, o‘sha kafolat beruvchining o‘zini ham, manzillarini ham topa olmaysiz. Xayriyatki, o‘sha aldangan qizlar suratini ko‘rgan dugonam, niyatidan qaytdi. Siz ham bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishingizga ishonaman.

 

Go‘zal MALIKOVA

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.