ONAM DERMAN

JaK: — Manavi baqaloqqa qarang. Kindigini ko‘rsatib qiyshanglashini qarang... O‘tgan payshanba kuni avtobusda ko‘rib qoldim. Molday ichgan. Haydovchining radiosidan “Lazgi” jaranglab qolgan edi, baqaloqbegim begemotga o‘xshab lapanglab ketdilar-ey!.. Bo‘ldi kulgi! 

Esh: — Raqqos ekanlar-da?

JaK: — Raqqos bo‘lmay ketsin. Begemot!

Esh: — Boshiga do‘ppi qo‘ndirib olganiga o‘laymi! Ko‘rinib turibdi: soch-soqoli patakka o‘xshaydi, qorin deganing — bo‘g‘oz sigirniki. O‘l-a! Shuncha odamning oldida ishtoning tizzangga tushib ketsa nima qilasan!

JaK: — O‘zing ellikni urib qo‘ygan bo‘lsang. Xotin, bola-chaqang, mahalla-ko‘ying bordir, galvars! Ichibsan, pista qilibgina-a yotmaysanmi, uyingda! “Lazgi”niyam harom qildi, to‘nka!

Sher: — Bu mamlakatda ichib ham, ko‘chib ham bo‘lmaydi. 

Esh: — O‘-o‘v! Mamlakatga til tekkizma! Xo‘pmi? O‘zing kimsan? Bizdan nima yomonlik ko‘rding?.. Ayt!

JaK: — Ishi yurishmagan alamzadalardan bo‘lsa kerak. 

Sher: — Hammaning ishi menikiday yurishsin! 

Esh: — Unda nimaga “ichib ham, ko‘chib ham” deysan? Qaysi kovaklarda jannat qidirib yuribsan? 

JaK: — Gapir!

Sher: — Kim bo‘lardim. Odamman. Bashar farzandi, janob “prokuror”.   

Jak: — E-e, shAirga o‘xshaydimi bu – “bashar farzandi”. Og‘ziga o‘afur o‘ulom tupurganmi deyman. Bo‘ladigan gapdan gapiring, aka Sher!

Shon: — Tillaring shu darajada g‘arib, shu darajada qashshoqki, sal adabiyroq so‘z eshitsanglar, shaytonlab qolasilar!..

Esh: — Obbo! Bu kishim endi kim bo‘ldilar? Axtun-axtun! Otiga qaraganda —  irlandiyalik. Yo zanjimisiz, Shon aka? Ha-ha-a!

JaK: — Yo‘q. “Shon” — laqabi. 

Shon: — Birovga laqab ilishdan Xudo asrasin. Ismim. Ota-onam qo‘ygan. Zanji emas, panjiman. Beshinchi farzand.

JaK: — Qaysi muzofotda umrguzaronlik qiladilar, Shon aka?

Shon: — Bostonda.

JaK: — Vey, Esh! Qarasang-chi, o‘rtoq? Bu dono Jizzaxdagi Bo‘ston qishlog‘i bilan Amriqoning Boston shahrining farqiga bormasa... Mengina nima qilay? Ayt, nima qilay?..

Esh: — Hiringlama! “Chidagin, bolam-a, chidagin”. (Usmon Azim).

JaK: — Tilingni hakka cho‘qimasin sening!.. 

Shon: — Sirka masalasi chatoqroq, shekilli... Suv ko‘tarmaydi.

Esh: — Uzr! Peshin bo‘p qopti. Men ketdim! Jumaga kech qolaman... 

Sher: — O‘risning arog‘ini yaponning sakesiga aralashtirib ichsangu, Vladivostokning sho‘r balig‘ini gazak qilsang, tilingni hakka narida tursin, mushgir ham cho‘qiy olmaydi. Sirka deydi-ya!

JaK: — Ana, xolos. Uzr, o‘rtoq. Men seni Ach-chavotdan yozyapsan deb o‘ylabman. Vladi+Vostokda nima qilib yuribsan?

Sher: — Rizq-nasiba. Kranchiman. Konteyner tushiraman. Yuklayman. Kemalarga. 

JaK: — Ancha bo‘ldimi? Haligi... ketganingga. 

Sher: — Ikki yilu yetti oy. 11 kun, uch yarim soat. 

Jak: — Bechoragina. Kun sanab o‘tiribsanmi?

Sher: — O‘tiribmiz! Uch o‘g‘lon. 

JaK: — Qiyin ekan.

Sher: — Ish-ku pisand emas. Oyligi ham binoyigina. Sog‘inch yomon. Kecha do‘ppidekkina osh qildik. Devziradan. Ozginadan otdik. Jo‘r bo‘lib ashula ham aytdik. “Bu olamda ulug‘ zot kim desang, doim onam derman...”  Eshitganmisan?

Jak: — Hayotim ustuni sinmas,

Madadkorim onam derman.

Sher: — ...bir payt eshik qattiq taqillab qolsami. Ochsam, qo‘shni chol. Rang-quti uchgan.  Titrab-qaqshab turibdi. “Chego tak oryote?”deydi. “Ashula aytyapmiz, — dedim. — Kiring. Palov bor”. Ensasini qashlab turdi-da. Eshikni yopdi. So‘ng bir pasdan keyin bir shisha aroq ko‘tarib chiqdi. Yana oz-ozdan oldik. “Chol nima haqida ashula aytyapsizlar? Buncha mungli?” — deb so‘radi. Uchalamiz ham birdan yerga qaradik. Ko‘zlarimiz jiqqa yoshga to‘ldi. “Vatan haqida, — dedim men. — O‘zbekiston haqida!”

JaK: — Uzr, o‘rtoq! Bilmasdan... 

Sher: — Mayli. Qo‘yaver... Musofir bo‘lmasdan, musulmon bo‘lmas...  Shon bilan gurungimiz uzilib qoldi-ku. Endi Siz Amriqodan oling, Shon aka.

Shon: — Men bu yonda o‘qishdaman. Amriqoliklarga paxta ekishni o‘rgatyapman.

JaK: — Voy, tavbangdan keta-ay, Shon! Ismingga qarasam, irlandga o‘xshaysan, tilingga qarasam — o‘zbekka,...

Sher: — ...paxtangga qarasam — amriqolikka, yurtingga qarasam — yahudiyga...

JaK: — Kimsan o‘zi, Osh+Na? 

Shon: — Sabri yo‘qning — iymoni yo‘q. 

JaK: — Uh-h! Bunaqa aqlli gaplarni qaerdan olishadi, bular-a. Qancha kutaylik? Ayt-qo‘y-da: kimsan? Amri ma’rufning fursatimi hozir.

Sher: — Gap deganing Amriqoda dehqonchilik bo‘lsa kerak-da. 

Sevinch: — Yoo-om-mon maydalashdinglar-ey!

JaK: — Amriqolik mulla kamlik qiluvdi. Bunisi yaponiyalik otinoyiga o‘xshaydimi, Sher? Nikoh o‘qishni bilsang, o‘rtoq, ikkalasining boshginasini qovushtirib qo‘y. Iltimos!

Sher: — Bilmayman-da. Lekin boya aytdim-ku, xirgoyini qotiraman. “Yorima o‘xshaydi, ovozing saning!”

JaK: — Zo‘rsan-u! Konservatoriyani tugatganmisan? 

Sher: — Qaydam... 

Sevinch: — Yigitlar! Anavi video lavhani forumdan olib tashlanglar. Iltimos!

JaK:— Innankeyin-chi? 

Sevinch: — Hazrat Rumiy aytganlarki, birovning xatosini yashirishda kecha bo‘l. Gunohga botmaylik!   

Sher: — Kecha? “Gunohlardan eng og‘ir gunoh — kechasi ayolni yolg‘iz qoldirmoq”.

JaK: — Diqqat! Mamlakatimiz poytaxti Toshkentda kun endi qiyomga kelmoqda. Tungacha hali a-ancha bo-or!

Sevinch: — Bizda tong otay deb qoldi.

JaK: — Nima-a? Rostan ham hozir Japandamisiz?

Sevinch: — Yo‘q. San-Paulodaman. Soat — 04:45.

Shon: — Bizda sal ertaroq. Yana ikki soatu o‘n besh minutdan keyin madhiyamiz yangraydi.

JaK: — ...va siz “O, sa-ay” – “Qani ayt” deb o‘rningizdan turasiz...

Shon: — Adashdingiz, inim, adashdingiz! 

JaK: — Nega? A-qe-she-ing madhiyasi shunday boshlanmaydimi?

Shon: — Amerikani qo‘ying. O‘zimizning madhiyamiz: “Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot” deb boshlanadi. Bobom hammamizning telefonimizga O‘zimizning Madhiyamizni gudok o‘rnida yozdirib qo‘ygan. Uch o‘g‘il, uch qiz, o‘n ikki nevara. Hammasiga! 

JaK: — Balli! Bobongga balli, oshna! Ey, o‘zbekning, O‘zbekistonning bobolari, bolalari! Shonning bobosidan ibrat olinglar, Shonning!

Shon: — Rahmat, JaK! Keling, do‘stlar, tanishaylik. Men –Shonazar Egamberdiev. Chiroqchilikman. 

JaK: — Voy-voy! o‘irt o‘zbekcha, qishloqcha ism ekan-ku. Qoyil, Shon!

Sher: — Qishloqcha ham emas. Qip-qizil jonqovulcha!

Shon: — Ajablanarlisi, inglizcha “Shon”ning ham, o‘zbekcha “ShoNazar”ning ham ma’nosi bir xil: Yaratganning marhamati.

JaK: — Hech ajablanarli joyi yo‘q. Sohibqiron bobomiz Ovrupaga qarab ot surganlarida lashkarlaridan birortasiga ingliz xonimlarning ko‘ngli sust ketgan bo‘lsa ketgandir-da. To‘g‘rimi, Sevinch! 

Sevinch: — Balki!.. San-Pauloda qaysi kafega kirsangiz, Umar Xayyomning ruboyilariga duch kelasiz. Devori to‘la she’r: “May ichsang, bir aqli dono bilan ich...”  Ispancha, inglizcha, frantsuzcha... 

Sher: — Yoniga o‘zbekchasini ham qo‘shib qo‘yish kerak. 

JaK: — Aslo! O‘zbek bo‘lsang, bo‘zadan ham, ko‘zadan ham qoch! Baqaloq  begimning holiga tushma. 

Shon: — Amerikada ham ko‘p bunaqa mayxonalar... Tanishmadik-ku?

JaK: — Men — Jamshid Keldiyorov.

Sher: — Men — Sherali Hamidov.

Sevinch: — Sevinch Samadova. She’r yozasizmi, Sherali?

JaK: — Braziliyaga Sizni qanday shamollar uchirdi, singiljon? Sahifangizda rasmingiz ham yo‘q ekan...

Sevinch: — O‘zbek jang san’ati. Jahon chempionati.

Sher: — Ha, ba’zan she’r mashq qilib turaman. O‘zingiz san’atshunosmisiz, Sevinch?

JaK: — Ob-bo, xudo bexabar-ey! Jang san’atiniyam bilmaydi-ya. Hazir bo‘l, Sher. Qizgina bir turtib, belingni sindirib qo‘ymasin, tag‘in!

Sevinch: — Qo‘ysangiz-a!.. Kecha oltin medal olishimizga bir bahyagina qoldi. 

Sher: — Qizg‘ana boshladilarmi, deyman, JaK aka?

JaK: — “Qilurman rashk o‘zimdan ham!..” Tabriklaymiz! Qutlaymiz, Sevinch! Kumushi ham teshib chiqmaydi. Kumushga ham yetganlar bor, yetmaganlar bor. Uyqungizning qochgani shundan ekan-da! Qaytishingizda o‘zimiz kutib olamiz!

Sevinch: — Rahmat! Lekin, oldin anavi videoni olib tashlang. Iltimos! Manglayiqora bir ichsa-ichibdi-da. 

JaK: —“Lazgi”ni harom qilgani-chi?

Sevinch: — Qo‘ysangiz-a! Ochig‘ini aytsam, o‘sha baqaloq — qarindoshimiz. Rassom. Polotnasi xalqaro ko‘rgazmada oltin medal olgan ekan. Yigirma yil jonini berib chizgan kartinasi! O‘shani “yuvgan”, manglayi qora...

JaK: — Tavba! Men biror betayin piyonistami, deb o‘ylabman. Uzr! Bu yoqda Siz kumush medalni ko‘z-ko‘z qilib turibsiz!.. Qoyil! Xo‘p, olib tashlaganim bo‘lsin!.. Faqat bir shart: Braziliyadan qaytishingizda aeroportga gul ko‘tarib chiqaman. Maylimi?

Sevinch: — Mayli-ku... Lekin, nesha etib shiqasiz! Yanimda shalim bilan kumush medal olgan nevaram bo‘ladi-ku... Gerakmeydi.

 

Jonqobil JUMA

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.