Tanganing ikkinchi tomoni...

Yaqinda farg‘onalik bir tanishim qo‘ng‘iroq qilib, xorijda ishlab chiqarilgan “Aktovegin” dorisini topolmayotganini, poytaxtda bo‘lsa, olib jo‘natib yuborishimni iltimos qildi. “Bo‘pti!” deb yubordim-u, ammo o‘sha dorini deb katta shaharni ancha kezishimga to‘g‘ri keldi. Naq 10 ta dorixonadan so‘rab, topolmasam-a... Oxiri, 10-69 ga qo‘ng‘iroq qildim (birortasida chiqib qolar, deb avvaliga qo‘ng‘iroq qilmay turgan edim). 

 

Harqalay, men qidirayotgan preparat bir nechta dorixonada bor ekan. Birma-bir surishtira boshladim.

— Bor, 280 ming so‘m... — birinchi qo‘ng‘iroq qilgan dorixonamdan qo‘ng‘iroqdek ovoz eshitildi. 

Qolganlarida ham narx ushbu summadan boshlanar ekan, u yog‘i... 320 minggacha. 

Dori kiyim yoki buyum emaski, “qimmat ekan, boshqa payti olarman” deb ketaversangiz. Qaerdadir shu doriga ko‘z tikib o‘tirgan bemor ahvolini o‘ylaysiz. 

Turgan joyimizga yaqinroq dorixonaga bordik. Naqdga 270 ming, plastik kartochkaga 280 ming so‘m, deyishdi. U dedik —bu dedik, oxiri 270 mingga tushirishni uddaladik.

Biz hozir “nega terminalga savdo qilganda qimmatroq, naqdga arzonroq?” degan savolni qo‘yib, uning atrofida so‘z yuritmoqchi emasmiz. Umuman, dori-darmon vositalarining narxi, ularning nega hamma dorixonada uchramasligi to‘g‘risida ham gapirish niyatimiz yo‘q. Ko‘nglimizga kelgan bitta fikr shu bo‘ldiki, aslida barcha ishni qo‘yib, dorifurushlik bilan shug‘ullanish kerak ekan-da! Bozorchi bo‘lsang, xaridorlar senda bo‘lmasa, boshqasiga borib kartoshka-piyoz, kiyim-kechagini sotib olaveradi. Dorifurush bo‘lsang-u, ba’zi preparatlar faqat senda bo‘lsa, xaridorga: “Olsangiz, shu, olmasangiz, o‘zingiz bilasiz” qabilida javob qaytaraverasiz. 

Ozgina sargardonlik ta’sirida shunday fikrlar xayoldan o‘tdi-yu, sovigach, o‘yga toldim: “Muammolar yetarli ekani aniq. Ammo shunga yarasha chora-tadbirlar ko‘rilyapti-ku, bunga shaxsan davlat rahbarining o‘zi bosh-qosh bo‘lib turibdi-ku...”

Prezidentimizning «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham tizimdagi shu kabi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan. Asosiy maqsad bitta: bundan xalq manfaat ko‘rsin! Aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash zarur. 

— Keyingi paytlarda ko‘pchilik ommaviy axborot vositalarida dorixonalar faoliyatiga doir tanqidiy chiqishlarning guvohi bo‘lyapmiz, — deydi farmatsevt Jamshid Turg‘unboev. — Natijada ommada “aptekachi xohlagan narxini qo‘yib sotarkan” degan salbiy fikr shakllanmoqda. To‘g‘ri, dorixonani odamlar salomatligi, manfaati yo‘lida emas, qo‘pol qilib aytganda, shunchaki boylik orttirish maqsadida ochgan, mo‘may daromad topishning oson yo‘li shu deb biladiganlar ham oz emas. Dori-darmon vositalarini sotishda ana shu mezon bilan ish ko‘radiganlar ularning narxini ham oshirib yuborayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Biroq, tanganing ikkinchi tomoni borligini ham unutmasligimiz lozim. Dori narxlarini birgina dorixonaning o‘zi belgilamaydi. Unga bog‘liq bo‘lgan ko‘plab omillar bor. Masalan, xorijdan keltiriladigan dori vositalari yurtimizda faoliyat yuritayotgan yuzlab ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari, ya’ni xususiy firmalar orqali olinadi. Shunday bo‘lgach, narx-navolar bir-biridan keskin farqlanadi. Xo‘p, bunda iste’molchilarning aybi nima? Tabiiyki, pereparatlar narxining turlicha ekani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bunda qandaydir muvofiqlik, me’yor bo‘lishi shart edi va davlatimiz rahbarining «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohadagi muammolar yechimiga yo‘l ochib, tizimni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman. 

Umuman olganda, ushbu qaror asosida ta’minotda turli o‘zboshimchalik va qonunga xilof ishlarning oldi olinib, narxlar pasayishi kuzatilmoqda. Shuningdek, barcha dorixonalarda “Iste’molchilar burchagi” tashkil etilib, unda dorixonalar uchun majburiy bo‘lgan eng zarur dori vositalari va tibbiy buyumlarning minimal ro‘yxati, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati, belgilangan narxlarda sotiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarning cheklangan narxlari, cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 va 2017 yillar uchun qiyosiy jadvalining osib qo‘yilishi ta’minlanmoqda. Bu esa dori vositalarining “belgilangan narxlar”da sotilishini ta’minlaydi va sifatsiz, qalbaki yoki muddati o‘tgan dori-darmonlar savdosiga chek qo‘yadi.

Yaqinda O‘zbekistonda import qilinuvchi dori vositalari va tibbiy buyumlarning eng yuqori, qat’iy belgilangan shartnomaviy, ulgurji va chakana narxlari tasdiqlandi. Bu narxlar O‘zbekistondagi barcha dorixonalar uchun majburiy hisoblanadi. Agar fuqarolar narxlar ko‘rsatilganlardan yuqoriroq bo‘lgan dorixonalarga uchrasa, unda ular bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasining ishonch telefonlariga hamda har bir dorixonada ko‘rsatilgan maxsus raqamlar orqali murojaat qilishlari mumkin.

 

Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.