Insof sari baraka!..

“UYG‘OQ” VIJDON

Yaqinda go‘sht olish uchun Chorsu bozoriga bordim. Lahm, suyaksiz go‘sht berishini aytib, to‘tiday sayrab turgan qassob chaqqon harakatlar qilib, xuddi tsirk artisti kabi xaridorlarni o‘ziga mahliyo qilardi. Odatda, go‘sht tanlashda juda hushyorman. Iloji boricha suyaksiz, etliroq qismidan olishni xush ko‘raman. Bugun ham navbatning ko‘pligi, ayniqsa, ularning orasida yoshi keksa onaxonu otaxonlarning borligi ko‘nglimni xotirjam qildi. Demak, go‘sht yaxshidir-ki, shuncha odam yig‘ilibdi. Muloyimgina so‘rashib, hatto go‘shtning u yoq bu yog‘ini qayta-qayta ko‘rsatib, narxini arzonroq qilib bergan sotuvchi amaki kayfiyatimni yanada ko‘tardi. Shunday vijdonli sotuvchilarimiz bor bo‘lsin! Xayolimdan o‘tgan shu o‘y ro‘yxatimda qolgan mahsulotlarni tezda xarid qilishimga ko‘mak berdi. Qosh qorayib qolgani uchun uyga kira turib kechki ovqatga unnab ketdim. Go‘sht o‘ralgan yelim xaltachani ochib ne ko‘z bilan ko‘rayki, tagida kattakon suyak turibdi. Unda na et bor, na ilik. Sotuvchi amakining “Savob ham kerak insonga”, deya ko‘rsatgan “himmati” quloqlarim ostida yana bir yangrab, meni masxaralaganday bo‘lardi. Men-ku mayli, otasi, onasi tengi kishilarning ahvoli ne kechdi ekan, qassob nahotki savobni pesh qilib, qay yuz, vijdon bilan aldadi ekan?! Kim biladi, navbatda turgan xaridorlarning qanchasi men kabi chuv tushdi?! O‘zgalarning aldanishi yo‘li bilan ko‘rilgan daromad kun kelib boshqa joydan ming barobar bo‘lib chiqib ketishidan qo‘rqmabdi-da! 

Shu-shu, “bozor go‘shti”dan ko‘nglim qoldi. Qimmatroq bo‘lsa ham supermarketlardan ishonchli va sifatli go‘sht olishga odatlandim. Lekin supermarketlar ham doim biz o‘ylagandek ishonchimizni oqlamas ekan. Bunga Chilonzor tumanidagi “Parus” savdo majmuasidagi “Sunday” supermarketidan bir gal tovuq go‘shti olib amin bo‘ldim. Mahsulotning qachon keltirilgani haqidagi savollarimga sotuvchi qiz “Bizda eskisi bo‘lmaydi, hammasi nazorat qilinadi. Kechagina kelgan, mana qarang, yaroqlilik muddati aniq ko‘rsatilgan”, deya javob qaytardi. Afsuski, uyga borib qadoqni ochsam, ichidan noxush hid anqidi. Balki sotuvchi qiz ham buni bilmagandir. Lekin supermarket deb atalmish “ishonchli bozor”da nazoratchiyu mahsulot sifati uchun javobgar shaxslar talaygina-ku! Bu kabi hollar tasodif tufayligina ularning e’tiboridan chetda qolishi mumkin. Odamning shu taxminga naqadar ishongisi keladi. 

 

“KO‘RMAY QOLIBMIZ...” 

O‘g‘lim barcha bolalardek shirinligu mevalarni yoqtiradi. Ayniqsa, sutli mahsulotlar, yogurt jonu dili. Ishdan qaytayotib, unga biror yegulik xarid qilish niyatida Chilonzor metrosiga yaqin “Qodirrovot” supermarketiga kirdim. Oynali muzlatkichda  xilma-xil yogurtlar terib qo‘yilgan. Odatda, sotib oladigan har bir mahsulot yorlig‘i, ishlab chiqarilgan sanasini, albatta, tekshiraman. Sovutkichdagi mahsulotning qariyb 80 foizi iste’molga yaroqsiz. Hatto yaroqlilik muddati 5-10 kun o‘tib ketganlari ham bor. Lekin negadir ular hanuz sotuvda. Qancha xaridorlar e’tibor bermay bu mahsulotni bolalari uchun sotib olishdi ekan? 

Yogurtlar orasidan atigi bir necha iste’molga yaroqlilarini axtarib topdim. Kassa bo‘limiga kelgach, ularni  muddati o‘tgan mahsulotdan boxabar qilib, allaqachon savdo peshtaxtasidan olishlari kerakligini eslatdim. “Ko‘rmay qolibmiz, olib tashlaymiz hozir” deyishdi.

 

XARIDINGIZDAN ROZIMISIZ?

Savdo  rastalarimiz o‘zimizda ishlab chiqarilgan, tabiiy, vitaminlar bilan to‘yintirilgan mahsulotlarga to‘la. Albatta bundan faxr va iftixor tuyasan, kishi. Bozorlarimiz to‘kin. Meva-cheva, sabzavot deysizmi, qandolat yoki sut mahsulotlarimi bisyor. Lekin hanuz dilni xira qiladigan muammolar borki, ulardan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Fuqarolarini har tomonlama o‘ylaydigan davlat, albatta, iste’molchi huquqlari va kafolatlarini o‘z qonunchiligida belgilab qo‘yadi. Biz iste’molchilar loqaydligimiz sabab har doim ham bundan xabardor bo‘lavermaymiz. “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga asosan respublikamizda ishlab chiqarilib, savdoga qo‘yilayotgan qadoqlangan va o‘ramli oziq-ovqat mahsulotlari qonun hujjatlariga muvofiq yorliqlangan bo‘lishi shart. Shuningdek, har bir fuqaro oziq-ovqat do‘konlaridan  mahsulotning muvofiqlik sertifikatini talab qilishga haqli. 

Oziq-ovqat mahsulotlarining turlariga qarab, uning yorliqlarida tarkibdagi mahsulotlar nomi, ajralmas tarkibining qo‘shimchalari, ozuqaviy qimmatliklari haqida ma’lumot, saqlash muddati, ishlab chiqarilgan sanasi kabi ma’lumotlar kiritilishi shart. (Makiz nomi ostida ishlab chiqarilayotgan yormalarning birortasida na ishlab chiqarilgan sanasi, na amal qilish muddati ko‘rsatilgan.) Hatto ayrim kasalliklarga chalinganlar uchun nojo‘ya ta’sirlari ham ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. 

Yaroqlilik muddati o‘tgan, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarining inson salomatligi uchun salbiy ta’siri borligiga ko‘pchilik yurtdoshlarimiz e’tibor qaratishmaydi. Ushbu mahsulotlar organizmda tuberkulyoz, brutsellyoz, salmonelyoz va bir qator oshqozon-ichak kasalliklarini keltirib chiqaradi. Uy sharoitida tayyorlangan pishiriq va turli taomlarning qanday sharoit va kim tomonidan tayyorlangani, qanday oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanilgani va taomni tayyorlaydigan insonning tibbiy ko‘rikdan o‘tgan-o‘tmagani noma’lum bo‘ladi. 

Hozirgi kunda ayollarning og‘irini yengil qilib, savdo rastalarimizda oziq-ovqatlarning tayyor turlari, hatto ayrim mahsulotlar uchun xamirlar ham sotiladi. Afsuski, ularning ham barchasini yangi, urinib qolmagan, deb aytolmaymiz. Shu bois turli nom ostidagi ko‘pgina tayyor mahsulotlar yorlig‘ini o‘rganib chiqish maqsadga muvofiq. Barcha do‘konlarda keng tarqalgan lavash xamirlarining aksariyatida ishlab chiqaruvchi nomi, hatto ayrimlarida sanasi qayd etilmaydi. Chuchvara tayyorlash haqida ham shunday fikrlarni aytish o‘rinlidir. Bu kabi mahsulotlar xaridorda shubha uyg‘otishi tabiiy.    

“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida shunday deyiladi: “Ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlarida sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish qat’iyan man etiladi”.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunining 16-moddasida esa odamlar hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan oziq-ovqat mahsuloti tegishli davlat nazorati organlarining qaroriga muvofiq qonun xujjatlarida belgilangan tartibda olib qo‘yilishi, 17-moddasida yaroqlilik muddati o‘tgan, sifatsizligi belgi berib turgan, taqqoslash va ishlab chiqaruvchisini aniqlash mumkin bo‘lmagan, shuningdek, davlat sanitariya va (yoki) veterinariya nazorati organlari tomonidan gigiena va (yoki) veterinariya ekspertizasi va sertifikatlash sinovlari natijalari bo‘yicha ovqatga ishlatish uchun yaroqsiz deb topilgan oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarish va realizatsiya qilishdan olib tashlanishi, u belgilangan maqsadda ishlatilmasligi, qayta ishlanishi yoki yo‘q qilib tashlanishi kerakligi qayd etilgan.

Aslida, “O‘zstandart” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, qoidaga binoan, masalan,  qandolat mahsulotlari  (shirin kulcha, baton, pryanik va hokazolar)  tayyorlangan kundan boshlab o‘n kun davomida sotilishi kerak, muddatdan qolib ketsa, savdoga chiqarilishi aslo mumkin emas. Agar iste’molchi bunday mahsulotlarning  (umuman, har qanday) muddati yoki yaroqlilik sanasi ko‘rsatilmaganiga duch kelsa, uni xarid qilmasligi lozim. 

 

SOTUVCHINING VAZIFASI NIMA?

Sotuvchilar sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini kuzatib borishlari va ularning sifati yomonlashgan taqdirda sotish yoki chakana narxini pasaytirish masalasini hal qilish uchun ma’muriyatga xabar berishlari lozim. Saqlash muddati tugagan tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlari savdodan olinishi shart.

Shu o‘rinda muddati tugayotgan mahsulotlar narxini arzonlashtirib, tezda sotish taklifini bildirgan bo‘lardik. Negaki, ham mahsulot chiqitga chiqmaydi, ham xaridor hamyoniga foyda. Bu amaliyot ko‘pgina rivojlangan davlatlarda qo‘llaniladi. 

Ayrim mahsulotlar peshtaxtada avvaldan o‘lchanib, qadoqlanib qo‘yilgan bo‘ladi. Un, shakar, guruch kabi. Qonunga ko‘ra, ularning o‘ramida tovarning nomi, narxi, vazni, ishlab chiqaruvchisi, ishlab chiqarilgan sanasi, saqlanishi mumkin bo‘lgan muddati, qadoqlagan kishining ismi yoki raqami haqida ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi shart. Supermarketlardagi deyarli barcha qadoqlangan mahsulotlarda ishlab chiqaruvchi hamda uni qadoqlagan kishining nomi yo‘q. Ayrimlarida esa (masalan guruch, shakar kabi) mahsulotning vazni boru, uning narxi haqida ma’lumot yo‘q. Bizningcha, bu ma’lumotlarning bo‘lishi juda muhim. Sababi, ana o‘shanda urinib qolgan yoki sifatsiz mahsulotlar uchun javob beradigan aniq shaxsni topish mumkin bo‘ladi. 

Oziq-ovqat mahsulotlari va salqin ichimliklar belgilangan haroratlarda saqlanishi nazorat qilinishi shart. Sotuvchi eng asosiy e’tiborni do‘koniga joylayotgan har bir mahsulotning (xoh katta, xoh kichik bo‘lsin, xoh oziq-ovqat, xoh xo‘jalik mahsuloti bo‘lsin) ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati, yorliq belgilariga qaratishi kerak. O‘shandagina sotuvchi ham xaridor oldida mulzam bo‘lmaydi, vijdoni qiynalmay luqmasini halollab topadi. Xaridorlar esa puliga kuymaydi, sifatiga ham ikkilanmaydi. 

Go‘zal MALIKOVA,

 “Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.