KITOBXONNI IZZA QILMANG!

Bugungi kunda yurtimizda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining shu yil 12 yanvarda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada eng muhim hujjatlardan biri bo‘ldi. Mazkur farmoyish qabul qilingandan so‘ng aholi, ayniqsa, yosh avlod orasida kitobga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarib, bu tafakkur gulshanining inson kamolotida alohida ahamiyat kasb etishiga kattayu kichik ishonch hosil qilmoqda.

 

Biroq ayrimlar hali-hanuz kitobning boy ma’naviy xazina ekanligini to‘la tushunib yetmagani kishini qattiq tashvishga soladi. Bunga hayotimizdan ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Bir kuni jiyanim bilan “Kinoteatr” telekanalida “Shabnam” badiiy filmini ko‘rib o‘tirgan edik. Filmdagi ba’zi epizodlar yoqmagani uchun unga: “Sen yaxshisi dars tayyorlay qol”, deb topshiriq berdim, o‘zim televizor tovushini pasaytirib tomosha qilishda davom etdim. Ammo jiyanimning ko‘zi kitobda-yu, xayoli ekranda edi.

– Tog‘a, ko‘p kitob o‘qisam, men ham anaviga o‘xshab qolamanmi? – deb so‘radi u kutilmaganda ekrandagi yigitga ishora qilib.

– Kimga? – taajjublanib so‘radim.

– Anavi dovdirga-da.

Film qahramonlaridan biri mashinasida ko‘zoynakli, kitob-daftar qo‘ltiqlab olgan yo‘lovchini urib yuborishiga bir bahya qoladi, kamiga uni har xil beparda so‘zlar bilan izza qiladi. 

– Darsingni qil, – dedim uning e’tiborini kitobga qaratishga urinib, o‘zim esa bu holatni qanday izohlashni bilmasdim.   

Aslida bu film ancha yillar avval suratga olingan. U vaqtda kinoijodkorlarimiz kitobning qadrini balki bugungidek teran tushunib yetishmagandir. Lekin Milliy teleradiokompaniyamiz “O‘zbekkino” Milliy agentligidagi tegishli xodimlarning e’tiboridan chetda qolgan ana shunday mazmundagi filmlarni efirga uzatishda bugungi davr talabini ham hisobga olsa bo‘ladi-ku.

Darhaqiqat, hozirgi kunda yaratilayotgan badiiy filmlar, spektakllar va kliplarda kitobga mehri baland insonlarni bir ahvol qilib ko‘rsatish urfga aylanib qolgan. O‘ylab ko‘raylik, ziyoli kishi obraziga bunday yondashuv tomoshabinda qanday taassurot uyg‘otishi mumkin? Bu hol endigina hayot haqidagi tasavvurga ega bo‘layotgan yoshlarimiz ongida kitobga, ilmga nisbatan noto‘g‘-ri qarashlarni yuzaga keltirishga yordamlashib yubormaydimi? 

Yana bir misol. Estrada xonandasi Dilso‘zning “Meni eslama” qo‘shig‘iga olingan klip ham mana shunday syujet asosiga qurilgan. Unda ilmga qiziqishi kuchli bo‘lgan bir qizni sinfdoshlari rosa masxara qilishadi. Masalan, oshxonada ham u bilan hech kim birga o‘tirishni istamaydi. Hatto bo‘shagan idish-tovoqlarni uning stoliga qo‘yib ketishadi. Klip so‘ngida xuddi shu qiz o‘ziga oro berib, sahnaga ko‘tariladi, hech kutilmaganda qo‘shiq kuylay boshlaydi-yu, boyagi oliftalarning u haqdagi fikrlari butunlay teskari tomonga o‘zgarib ketadi. 

Qarang, kishi ilmga berilsa, kulgili emishu, iste’dodi bo‘lsa-bo‘lmasa, qo‘shiq aytsa, hurmatga loyiq emish. Bu nima degan gap o‘zi? Bunday yot qarashlar qaerdan kelyapti?

Yoki Bahriddin Zuhriddinovning “Uylanganga maza bo‘lar” (qo‘shiqning nomiga e’tibor bering!) qo‘shig‘iga olingan klipda, shuningdek, boshqa bir qancha estrada xonandalarining kliplarida ham shunga o‘xshash lavhalarga guvoh bo‘lamiz. 

– Psixologiya nazariyasida har bir insonning fe’l-atvorini alohida izohlab beradigan bo‘lim yo‘q, – deydi psixologiya fanlari nomzodi Lutfilla Tursunov. – Chunki har bir odam o‘ziga xos xarakterga ega. Masalan, ekranda ko‘zoynak taqqan, kitob, daftar, qo‘lyozmalar ko‘tarib olgan kishi obrazi namoyish etilsa, bilamizki, bu inson ziyolidir.

Ammo keyingi paytlarda ana shunday kishilarni kitob olamiga sho‘ng‘ib, ijtimoiy hayotdan uzilib qolgan, yurish-turishi, kiyinishi, gap-so‘ziga e’tiborsiz va jur’atsiz bir qiyofada tasvirlash odatga aylanmoqda. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: aslini olganda, inson qancha ko‘p kitob mutolaa qilsa, shuncha madaniyatli bo‘lmaydimi? Har bir so‘zini mulohaza qilib, keyin bayon etmaydimi? 

Hayotda bunday insonlar o‘z tempramentini to‘g‘ri yo‘naltirib, xarakterini yanada sayqallab boradi. To‘g‘ri, ularda odatiy bo‘lmagan, o‘ziga xos xarakter shakllanadi, lekin bu atrofdagilarni ulardan uzoqlashishiga emas, aksincha, qiziqish, havas bilan qarashiga sabab bo‘ladi. 

Yuqoridagi kabi holatlar jamiyat hayotida quyidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Birinchidan, aytib o‘tilgan  kasb egalariga nisbatan past nazar bilan qarashni shakllantiradi. Ikkinchidan, yoshlar ongida “Men ham kitob o‘qisam, shunday bo‘lib qolaman”, degan noto‘g‘ri fikrni shakllantirib, ilm olishdan sovitadi. Uchinchidan esa, ularning kelajakdagi ezgu rejalardan chalg‘itib, jinoyat ko‘chasi sari yetaklaydi. 

Yana bir savol, kitobxonlikni rivojlantirish, xalqimizning ma’naviy kamolotini o‘stirish yo‘lida astoydil harakat qilinayotgan bir paytda bunday holatlar ularni kitobdan uzoqlashtirib qo‘ymaydimi? Ayting-chi, misol uchun “Boyvachcha” filmidan so‘ng ko‘zoynak taqqan kishilarga “lupa” deb laqab qo‘yish yoshlarimiz orasida “moda”ga aylanmadimi? 

Shu bilan birga, ayrim spektakllarda ham mana shunday sahnalar ko‘zga tashlanayotganiga nima deyish mumkin? Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida qo‘yilgan “Yuragimni almashtiraman” spektaklida shoir obrazi beso‘naqay, qat’iyatsiz bir odam qilib tasvirlanadi. 

San’at ongu shuurimizni poklovchi, ma’naviy-ma’rifiy barkamollikka yetaklovchi xilqatlardan biridir. U orqali barcha insonlarning qalbiga, tafakkuriga yo‘l topish mumkin. Lekin ana shunday tabarruk sohaning imkoniyatlaridan doim ham to‘g‘ri foydalana olayapmizmi? Yoki ijtimoiy hayotimizda biz havas bilan qarayotgan, hamma uchun o‘rnak bo‘la oladigan zamonamiz qahramonlarining obrazlari yaratilyaptimi? Fikrimizcha, ekranda ham, sahnada ham bor diqqat-e’tiborimizni mana shu muhim insoniy jihatlarga qaratishimiz kerak.

 

Sanjar ESHMURODOV

“Hurriyat” muxbiri

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.