ISHGA KIRISH UCHUN NIMA...LAR KERAK?

Transportda ketaturib, istasak-istamasak hamrohlarning suhbatini eshitib qolamiz. Emin-erkin gaplashib ketayotgan talaba yigitlarning so‘zlarini qarang: 

 

– O‘qishni bitirib nima qilmoqchisan?

– Shu... adamni yonida yuraman, biznesiga yordam berib. O‘zing-chi, o‘sha aytgan ishingni hal qildingmi? 

– Yo‘q, xarajati borakan, shuni bermasa hal bo‘lmaydi, deyishyapti.

– Qancha so‘radi, berasanmi?

–Bilmadim, adam o‘zim hal qilaman dedi...

Ishga, mustaqil hayotga munosabatlari har qancha chegaralangan bo‘lmasin, ularni ayblashga haqqimiz yo‘q. Kasb tanlayotgan yoshlarning o‘z sohasiga mehri, qiziqishi haminqadarligiga kattalarning “katta hissa”si sabab bo‘layotgani sir emas. Ota-ona “Bu kasbni boshingga urasanmi, qo‘ling tuzukroq pul ko‘rmay o‘tib ketasan”, deb tursa, farzandning ham fikri o‘zgarishi tayin. Kasb kattalar ra’yiga qarab tanlandi ham deylik, keyingi bosqich nima bo‘ladi, ishga munosabat qanday shakllanadi? Yoshlarda “bir nima bermasa ishga kirish qiyin”, degan tushuncha nega bolaligidan shakllanib ulgurdi? Bunga biz kattalar sababchi emasmizmi? Bog‘chada pul, maktabda pul har xil ko‘rinishda bolalarning ko‘z o‘ngida qo‘ldan qo‘lga o‘tib turgandan so‘ng ularda shunday fikr shakllanadi-da!

Shu bois ham, bizda korruptsiya yo‘q desak, bunga ishonadigan anoyi ham yo‘q. Yaqinda amaliyotchi talabalardan birining gapini eshitib nima deyishni bilmay qoldim: “Bir o‘qituvchimiz poraxo‘rlikni qoralab va’z o‘qiydi-da, o‘zi sessiyada so‘rab oladi”. 

Darvoqe, korruptsiya hozirgi kunda dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan birlamchi muammo, jahon siyosatining muhim masalalaridan biri bo‘lib turibdi. Islohotlar yo‘liga jiddiy to‘siq bo‘ladigan bu illatga qarshi kurash mamlakatimizda ancha avval boshlangan edi. Poraxo‘rlikka qarshi Konventsiya 2003 yil 31 oktyabr kuni BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilinib, 2005 yil 14 dekabrdan kuchga kirgan bo‘lsa, uni dunyoning 177 mamlakati, shu jumladan, O‘zbekiston ham 2008 yil 7 iyulda ratifikatsiya qilgan. Bundan tashqari, respublikamizda BMT tomonidan qabul qilingan EKOSOS (BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi)ning Korruptsiyaga qarshi kurash rezolyutsiyasi (1995 y.), Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloq kodeksi (1996 y.), Xalqaro tijorat tashkilotlarida korruptsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurash haqidagi deklaratsiya (1997 y.), Millatlararo uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konventsiyasi (2000 y.) va boshqa xalqaro hujjatlar qabul qilingan. Joriy yilning 3 yanvarida esa davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev “Korruptsiyaga karshi kurash to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.  Bularning bari bejiz emas. Jamiyatda shunday illat bor ekan, bundan yoshlarni muhofaza qilish, ularda o‘z bilimi, kuchiga ishonch uyg‘otish mushkul. Besh qo‘l baravar emasligini, hamma rahbar ham ish so‘rab kelgan kishining qo‘liga qarayvermasligini yoshlar qachon tushunishi mumkin? Qachonki, ota-ona barini o‘g‘li yo qizining o‘ziga qo‘yib bersa-yu, yoshlar tanlagan kasbidan mukammal bilim olib, o‘ziga ishonchi mustahkam bo‘lsa va shunda hech qanaqa korruptsiya to‘siq bo‘lolmasligini anglasa... 

Talaba yigitlarning suhbatini eshitib, navoiylik chempion qahramonim yodimga tushdi. Uning imkoniyati cheklangan, oyoqlari nogiron edi. Avvaliga Mirzohid asli kasbi bo‘yicha viloyat “Nogironlar” jamiyatida hisobchi, bosh hisobchi bo‘lib ishlagan, sport bilan ham muntazam shug‘ullangan. Keyinchalik Navoiy shahar “Umr” nogiron bolalar va o‘smirlar markazi ijrochi direktori, shu qatorda, 4-son bolalar va o‘smirlar sport maktabida armrestling bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlar, barobariga Navoiy davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya fakultetida o‘qirdi. 2005 yilda u 27-jahon chempionatida qatnashib, armrestling bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi va yetti karra jahon chempioni bo‘ldi. Ungacha Osiyo, Yevropa chempionatlarida ishtirok etib, yuqori natijalarga erishgan. O‘sha yili o‘z mehnati bilan topgan mablag‘iga kvartira sotib olgandi. Tasavvur qiling, ikki joyda ishlash, o‘qish, musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish, barobariga oilasini eplab, ikki farzandini tarbiyalashning o‘zi bo‘ladimi?! Shularning bariga imkon topgan bu yigitni jismonan sog‘lom yoshlarga har qancha ibrat qilsang arziydi. Bu hali hammasi emas. U ko‘p kitob o‘qiydi, o‘zining falsafiy mushohadalari, so‘zlarni saralab gapirishi bilan suhbatdoshiga hayrat bag‘ishlaydi. Ona tilidan tashqari, rus, ingliz tillarini yaxshi o‘zlashtirgan. Xullas, u haqda ko‘p gapirish mumkin. Bu bilan nima demoqchimiz, Mirzohid Sharopovday mukammal bilimga ega yoshlar uchun ish izlash, ikki o‘rtada oldi-berdi qilishga hojat yo‘q. Xo‘sh, ana shunday kadrlarni ko‘paytirish uchun nima qilish kerak?    

Har bir sohaning ishga qabul qilish borasida ma’lum qonun-qoidalari bor. Deylik, harbiylar va ichki ishlar xodimlaridan, asosan, jismoniy barkamollik talab etiladi. O‘qituvchi, shifokor, sport murabbiylari uchun bilim, malaka, toifa muhim va hokazo. Korruptsiyaning oldini olish, yoshlarning o‘ziga ishonchini mustahkamlash, qolaversa, jamiyatni sog‘lomlashtirish uchun ishga qabul qilish borasidagi mavjud qonun-qoidalar qatoriga ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy sifatlar ham qo‘shilishi, kerak bo‘lsa, kitobxonlik darajasi ham sinovdan o‘tishi lozimdir, balki. Ana shu sifatlar va o‘z sohasida biroz bo‘lsa-da, tajribaga ega bo‘lmaganlargina bir nima berib ishga kirishga urinishi aniq. Afsuski, shunga ko‘z tikib turadigan rahbarlar ham topiladi va... albatta berganning betiga qaramaydi. 

Joriy yilning 12 yanvarida Prezidentimiz imzolagan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishdan ko‘zlangan maqsad ham bilimli, dunyoqarashi keng, salohiyatli kadrlarni ko‘paytirish, ular ma’naviyatini yuksaltirishdan iborat. Ana shu ezgu maqsad barcha illatlarga qarshi tura oladigan kuchdir va uning natijasidan umid katta...        

Necha ming yillardan buyon dunyo xalqlariga namuna bo‘lib kelayotgan yaponlarning ishga qabul borasidagi tajribasini olib ko‘raylik. Kunchiqar mamlakatda hech kim shunchaki ishga qabul qilinmas ekan. Yangi xodim ma’lum bir sinov-imtihondan o‘tishi va buning uchun test topshirishi kerak. Unda yapon tili, matematika, mantiq va boshqa sohalar bo‘yicha savollar bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘sha xodimning o‘z-o‘zini baholash va turli vaziyatlarga nisbatan shaxsiy fikri ham sinovdan o‘tkaziladi. Yaponiyadagi yirik kompaniyalarda aynan ushbu test natijalari xodimlarni ishga qabul qilishda muhim mezon sifatida qaralar, hatto mamlakatda ushbu imtihondan o‘tish yo‘llarini o‘rgatish haqida kitoblar ham chop etilar ekan. Ha, o‘rganishga arzigulik tajriba...

Yana bir gap, keyingi o‘n yilda ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatning buzilayotgani haqida ko‘p gapirilmoqda, tadqiqotlar o‘tkazilmoqda. Kimdir ishga o‘ta berilib, shaxsiy hayotini unutib qo‘yayotgan bo‘lsa, kimdir o‘z tashvishlari bilan o‘ralashib, ishni to‘la-to‘kis eplay olmayotgani qayd etilyapti. Ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni ushlay bilgan inson baxtli, ana shu me’yor baxtning universal “retsept”i deydi ruhshunoslar. Bunga erishish uchun esa, yuqorida aytganimizdek, ishga qabul qilishdagi mezonlarni qayta ko‘rib chiqish kerak emasmikan?! 


Xolida FAYZIYEVA

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

CHEVARLIK SINOATI

2017-07-19 08:55:00

BOYSUN MO‘JIZALARI (Ikkinchi maqola)

2017-07-19 09:23:19

Cho‘lpon

2017-07-19 09:03:02

Go‘zal axloq targ‘ibotchisi

2017-07-19 09:16:48

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.