Ona bo‘lish azobi yoxud tarki odat amri maholmi?

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev shu yilning 5 yanvar hamda 7 fevral kunlari mamlakatimizdagi tibbiyot tizimi mutasaddi rahbarlari bilan uchrashib, mavjud muammolarni bartaraf etish, aholi salomatligini muhofaza qilishga jiddiy e’tibor qaratish yuzasidan zarur fikr-mulohazalar va takliflarni bildirgan edi. Prezidentimizning ushbu soha rahbarlari bilan bir oy mobaynida ikki marta uchrashib, tizimdagi ahvolni keskin tanqid qilgani ko‘pchilikda bundan buyon bu yo‘nalishda ijobiy o‘zgarishlar yuz berishiga ishonch uyg‘otgan edi. Biroq hali ham joylarda bugungi davr talabini chuqur his qilmay, eskicha ishlash uslublaridan voz kecholmayotgan shifokorlarning borligi hayron qoldiradi.

 

 

Yaqinda uchinchi farzandimga homiladorlik davrimda Olmaliq shahridagi tibbiyot xodimlariga bir necha bor murojaat qilishimga to‘g‘ri keldi. Homilam o‘n ikki haftalik bo‘lganida, shahrimizdagi 2-oilaviy poliklinikaga bordim. Buyog‘ini so‘rasangiz, u yerda homiladorlik ro‘yxatiga turish uchun oddiy bir daftar ochish to‘rt ming so‘mga tusharkan. Mayli, balki tug‘ruq davridagi ayollar soni ko‘payib ketib, daftar yetishmayotgandir, deb o‘yladim. Lekin qon va boshqa zarur analizlarni topshirishga har bir xonada maxsus qo‘lqop (perchatka) uchun ikki ming so‘mdan so‘rab olishlari toza surbetlik bo‘lib tuyuldi. Shuningdek, homilador ayollarning qo‘liga bir tutam qog‘ozni tutqazib, boshqa bir xonadan ulardan nusxa olib kelishni tayinlashar ekan. Eh-e, keyin bilsam, bunday yugur-yugurlarning sonidan mashmashasi ko‘p ekan. Masalan, men yashaydigan hududga biriktirilgan shifokor ro‘yxatga qo‘yish uchun 50 dona qog‘oz hamda boshqa o‘quv qurollarini keltirib berishim lozimligini uqtirdi. Aytilgan amallarni bajarib, bazo‘r oilaviy poliklinikaning ro‘yxatidan o‘tib oldim.

Avvaliga “Boshga tushganini ko‘z ko‘rar” degandek uncha parvo qilmadim. Ammo bu hali hammasi emas edi. 10 aprel kuni Olmaliq shahridagi oilaviy poliklinikaga yurakni kardiogramma qildirish uchun bordim. Topqir shifokor yuragim soppa-sog‘ ekanligini aytib, “gemoglobin”im 120 ekanligini ma’lum qildi. Albatta, sog‘ligimdan ko‘nglim to‘q bo‘lib, odatdagidek xotirjam tarzda ishlashda davom etdim. Afsuski, xursandchiligim uzoqqa bormadi. Oradan bor-yo‘g‘i uch kun o‘tgach, negadir o‘zimni yomon his qila boshladim. Shahardagi tibbiyot birlashmasining ginekologiya bo‘limida meni kutib olgan hamshira o‘zi bilganicha ukol qilmoqchi bo‘ldi. Ammo bilardimki, bunday vaqtda oliy ma’lumotli, malakali shifokorning ko‘rigi va ruxsatisiz bemorga hech qanday ukol qilib bo‘lmasdi. Shu bois yoshgina hamshiraning yordamiga izn bermadim. Oqibatda shifokor Sh.Shomatovani 20 daqiqacha kutishga majbur bo‘ldim. Opaxon ahvolim yaxshi emasligini aytib, kerakli dori-darmonlar ro‘yxatini yozgancha qo‘limga tutqazdi. Bir tomondan qattiq xavotirga tushgan bo‘lsam, ikkinchi tomondan ko‘nglimdan o‘tayotgan savolga javob topishni istardim: axir uch kungina avval oilaviy poliklinika shifokori butunlay boshqacha tashxis qo‘ygan edi-ku? Zero, o‘sha kuni gemoglobinim 120 ni ko‘rsatgan bo‘lsa, uch kundan so‘ng 110-115 ni ko‘rsatib turibdi. Ertasiga ertalab homila holatimni aniqlash uchun Olmaliq shahridagi xususiy klinikada UZI ko‘rigidan o‘tishim uchun yo‘llanma berishdi. Taajjubim battar oshdi. Tug‘ruq majmuasida bu uskuna bo‘la turib, nima uchun xususiy klinikaga borishim kerak? Yoki bu yerda menga noma’lum bo‘lgan biron bir sir bormikin?..

Xullas, UZI natijasini ko‘zdan kechirgan ginekologiya bo‘limi shifokori Tojinisa opa homilam nobud bo‘lganini ta’kidlab, kerakli va qimmatli tabletkalar nomini yozar ekan, ularni faqat Toshkent shahridagi dorixonalardan topishim mumkinligini alohida qistirib o‘tdi. Men esa ahvolim tobora og‘irlashib borayotgani bois ularni shifoxonaning o‘zidan topib ishlatib turishni iltimos qildim. Foydasi bo‘lmadi. O‘sha kuni tushga yaqin taksi yollab, bor-yo‘g‘i 2 ta tabletka uchun poytaxtga yo‘l oldik. U yerda kun bo‘yi sarson bo‘lib izlab topilgan tabletkalar bilan yana Olmaliqqa qaytdik. 15 aprel kuni o‘sha tabletkalardan birinchisini ichgach, kutilgan og‘riq tobora kuchaya boshladi. Bundan xabar topgan shifokorlar esa bamaylixotir o‘tirar, hatto hol so‘rashni ham o‘zlariga ep bilishmasdi. To‘g‘rirog‘i, ular o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, tug‘ruq bo‘limidagi og‘ir operatsiyalarga yordam qo‘lini cho‘zgani chiqib ketishgan emish. Nima, u yerda boshqa tajribaliroq shifokorlar yo‘qmidi yo menga yordam ko‘rsatishni paysalga solgan shifokorlar bilim va malaka borasida ulardan ustunroqmidi?

Ertasiga soat sakkizlarga yaqin shifokor yordamisiz qattiq og‘riqlar va azoblar bilan 16 haftalik homilamni yo‘qotdim. Palataga xavotir bilan kirib kelgan hamshira meni ginekolog shifokor U.Imomberdiev (qiziq, hali ham shifoxonalarda erkak ginekologlar bor ekan, – muallif) degan ginekolog oldiga olib kirdi. 

Ha, o‘sha kunlari yana bir-ikkita bemor ming bir qiyinchilik va mashaqqatlar bilan men kabi homilasini yo‘qotdi. Kamiga o‘sha kuni ba’zi og‘riqli savollar sira tinchlik bermasdi: Olmaliq shahridagi shifokorlarga nima bo‘lgan, o‘zi? Ular qachon xalqni rozi qilish, bemorlarga vijdonan xizmat ko‘rsatishni o‘rganishadi? Ularga shunday ishlash uchun nima xalal beryapti – mas’uliyatsizlikmi, o‘zibo‘larchilikmi yoki insofsizlik?!.

Lobar JALILOVA,

“Olmaliq haqiqati” muxbiri,

“Hurriyat”  uchun maxsus 

tayyorlandi. 

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.