“DAVR MEZONI”DA MEZON BORMI?

 

Matbuotimizda fikr o‘g‘irlash, jumla ko‘chirish kabilar odatiy holga aylanganini bilamiz. Ammo kimningdir mehnatini boricha o‘zlashtirib olish birovning tahoratiga namoz o‘qishdek gap, deya tahririyatimizga Surxondaryo viloyati Termiz shahridan yo‘llangan maktub e’tiborimizni tortdi.

 

Xatda yozilishicha, viloyatda chop etiladigan xususiy gazetalardan biri “Davr mezoni”ning 2016 yil 30 iyun sonida Eshbo‘ri Mirzaev muallifligida chop etilgan “Polvonlar ustozi” sarlavhali maqolasi 2017 yil 15 martda qayta chop etilgan. Farqi shundaki, maqolaning sarlavhasi va muallifi boshqa. Maqola ikkinchi bor “Qurbon polvon” nomi bilan e’lon qilingan bo‘lib, unga “mualliflik” qilgan “jurnalist” esa nashrning mas’ul kotibi Gulshoda Tursoatova.  

Ikkala materialni o‘qigach, shunday xulosaga keldik: mas’ul kotib Eshbo‘ri Mirzaevning maqolasini ozgina qayta tahrir qilgan, bu yilga moslashtirib (ya’ni birinchi nusxada 72 yoshli qahramon deyilgan bo‘lsa, ikkinchisida 73 yoshli deyilgan), o‘zining ism-familiyasini qo‘yib, kamiga jurnalist deb izoh ham bergan. Birovning mehnatini boricha o‘zlashtirgan jurnalistni nima deb atash mumkin? Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: nashrning mas’ul kotibi ishga shunday mas’uliyatsizlarcha qarasa, nashrdan nima ham kutamiz? Gazetalar o‘qilmay qo‘ydi, deya bong urilaverganiga, balki “sahifa to‘lsa bo‘ldi”, qabilida ish qilinayotgani sababdir. Lekin matbuot bugun ham, ertaga ham, indin ham sinchiklab, varaqma-varaq o‘qiladi. Bu jarayonda esa mana shunday xunuk holatlar suv yuziga xasdek chiqib qoladi.  

Ushbu xat asosida “Davr mezoni” gazetasini batafsil ko‘zdan kechirib chiqdik. Nashr  “Adolat Davr mezoni” MChJ muassisligida chop etiladi. A4 formatda 16 sahifadan iborat ushbu nashr huquqiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-badiiy yo‘nalishda chop etilishi belgilab qo‘yilgan. Afsuski, sahifalarda (2017 yil 15 mart soni) “Kirakashning taklifi” sarlavhali maqoladan boshqa birorta jo‘yali material yo‘q. Unda kirakashlik qilishni istayotgan, ammo qonunda belgilab qo‘yilgan ayrim nizomlar o‘zgarishini xohlayotgan insonning mulohazalari bayon qilingan. Qolgan materiallarning hammasi kunda, kunora aytiladigan gaplar. Hech qanday mulohaza, tahlilsiz doimiy jumlalarni qayta-qayta takrorlayverishning gazeta jamoasiga foydasi bordir, ammo auditoriyaga umuman nafi yo‘q. Huquqiy maqolalarga keng o‘rin berilgani gazeta faoliyatini biroz oqlaydi. Sababi: huquqiy savodxonlik masalasi dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Ammo bunday materiallarning ham har ikki sahifadan birida uchrab turishi tahririyatning tartibsiz faoliyat yuritayotganini bildiradi. 

Tartibsizlik nashrning deyarli har bir sahifasida ko‘rinib turibdi. Gazetaning uchinchi sahifasiga “Zamon talabi asosida” va biz yuqorida fikr yuritgan “Qurbon polvon” sarlavhali maqola joylashtirilgan. Suhbat shaklda tayyorlangan birinchi maqola bilan, biz so‘z yuritgan maqolaning mavzusi ham, yo‘nalishi ham bir-biriga mos emas. Sahifaning tepasiga esa “Surxon vohasi azaldan kurashga shinavanda xalq” deb yozib qo‘yilgan. Aslida, sahifaga nom umumiy mazmundan kelib chiqib tanlanishi kerak. To‘rtinchi sahifaga “Surxondaryo fermeri Fermerlar va fermerlikka qiziqqanlar sahifasi” deya izoh berilgan. Undan “O‘g‘itdan foydalanish tartibi”, “Mikroorganizmdan ulkan naf” (naf so‘ziga ulkan sifatining berilishi noto‘g‘ri), “Sharq jiydasi” nomli maqolalar o‘rin olgan. Mikroorganizmning fermerlik faoliyatiga aloqasi bordir lekin bu o‘rinda jiyda daraxtining xususiyatlari haqida gapirishning nima keragi bor? O‘ninchi sahifa “Tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda”, “Onalari qadrlangan yurt”, “Odam savdosi — global muammo”, “Daraxtlarni asraylik” sarlavhali materiallar hamda “Qaldirg‘och” nomli she’r bilan to‘ldirilgan.  

Sahifani to‘ldirish muammosi bu gazetani qiynayotgan ko‘rinadi. Ushbu masala kun tartibida bo‘lsa har qanday maqola tahrirsiz, mavzusiga qarab ham o‘tirmay, hatto bir materialni ikki kishi muallifligida qayta-qayta e’lon qilinishi holatlari yuzaga kelishi tabiiy. Biz qachongacha gazetani shunchaki to‘ldirish uchungina yozamiz? Qachon gazetada matbuotning asosiy funktsiyalarini bajarishga o‘tiladi? Gazeta obro‘sini, kelajagini kim o‘ylaydi? Savollarga javobni o‘zingizdan qidiring.

Shohsanam MURODILLA qizi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.