Ham vaqtingizni, ham baxtingizni o‘g‘irlatmang!

Odamzodga berilgan ne’matlar ichida eng buyugi, bebahosi shubhasiz, vaqtdir. Ammo shu buyuk ne’matni foydasiz, koni zarar o‘yin-kulgilaru, nafs istaklariga baxshida etish umrni bekorga sovurish demakdir.

 

Ba’zan oddiygina ermakdan boshlangan o‘yinlar, tushligu o‘quv qurollari uchun cho‘ntakka atay solib qo‘yilgan, biroq kompyuterxonalaru qo‘ldagi telefonlarga sarf bo‘layotgan pullar ortidan kimlarningdir tegirmoni aylanayotgani ayni haqiqat. Bu bilan, afsuski, hamisha ham qiziqavermaymiz. Ana shu tegirmonda mo‘may daromad orttirish bilan birga ayni ilm-ma’rifat egallash yoshidagi farzandlarni bu yo‘ldan chalg‘itish, buyuk ixtiro va kashfiyotlardan to‘sish kabi illatlar ham yashirin. 

Supercell kompaniyasi ana shunday tegirmonlarning biri, desak yanglishmaymiz. Chunki “Gamasutra” saytining (kompyuter o‘yinlari dizaynini tahlil qiladi) xabar berishicha, 2013 yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya daromadi 689 million dollarni, foydasi esa 322 million dollarni tashkil qilgan. Kompaniya bunday moliyaviy natijaga atigi ikki o‘yin — “Clash of Clans” (“To‘dalar to‘qnashuvi”) va “Hay Day”(“Xashak kuni”) ortidan erishdi. Har ikkala o‘yin ham freemium-model bo‘yicha tarqatiladi. Ya’ni ushbu modelga ko‘ra, ularni ko‘chirib olish bepulu, ammo o‘yin davomida qo‘shimcha kontent uchun pul to‘lash talab etiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, har kuni ushbu o‘yinlardan butun dunyo bo‘ylab 8,5 million odam foydalanadi va bu kompaniyaga kuniga o‘rtacha 2,4 million dollar tushumni olib keladi.

Bugungi kunda yurtimizda yoshlar orasida palagini keng yozib, ularning ongu shuurini tobora zabt etayotgan “Clash of Clans” (“To‘dalar to‘qnashuvi”) o‘yiniga 2012 yilda Finlandiya poytaxti Xelsinkida Supercell dasturlash kompaniyasi tomonidan asos solindi. Mazkur o‘yin shu qadar qiziqarli ishlanganki, unga kirgan ishtirokchi o‘zi xohlasa-da, chiqib ketishi qiyin. Fikrimizning isbotini yurtimiz yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan o‘yin zarari haqidagi so‘rovnomadan ham bilishingiz mumkin:

— Ha, bu albatta zararli o‘yin. Ham cho‘ntagimga, ham ko‘zimga ziyon ekanligini bilsam ham baribir o‘ynagim kelaveradi.

— Qancha urinmay o‘yindan voz kecha olmayapman.

— Bu o‘yin g‘irt o‘g‘rilik qilishni o‘rgatadi. Hayotda qo‘li egri bo‘lmaganlar ham bu o‘yinga kirgach, o‘g‘rilarning zo‘riga aylanishga harakat qiladi... Birinchi marta bu o‘yinni o‘ynaganimga uch yil bo‘ldi, bu orada ikki marta o‘chirib yana yuklab oldim. Negadir meni o‘ziga tortaveradi.

— Albatta, ziyoni ko‘p. Hatto yaqinlaringiz bilan bemalol gaplashish, mazza qilib o‘tirib ovqatlanishga vaqt ajrata olmaysiz. Chunki bularni hozir o‘zim ham boshimdan o‘tkazyapman...

— Bu zo‘r o‘yin. Har kuni o‘ynayman. Undagi janglarni aytmaysizmi? Telefonim shu o‘yin bilan ikki yarim yildan beri band. Pul ketadi, sog‘likka ziyon, debsizlar. Bu to‘g‘ri, lekin men uchun bundan qiziq narsaning o‘zi yo‘q. Yaqinda yana bir baza sotib oldim. Hozir “ratusha”m 10 darajada, uni yanada kuchaytirishim kerak. Shu uchun kim nima desa ham o‘yinda davom etaman.

Yuqorida o‘qib guvohi bo‘lganingizdek, aksar ishtirokchilar mazkur o‘yinning ko‘p tomonlama zarar ekanligini bilishsa-da, undan voz kechish uchun o‘zlarida kuch, iroda topa olishmayapti. Aslida, qiziqarli qilib ishlangan bu yo‘sin o‘yinlarning maqsadi ham ayni shu. Ishtirokchi butun borlig‘i bilan uni o‘ynasa-da, qancha puli ketsa ham kuyinmasa. Yoki qahramonlaru, jang maydonlariga qiziqishi ortib, oqibat ma’lum sekta va oqimlarning qarmog‘iga ilinsa. Xuddi shunday yashirin g‘oyalar asosida ishlangan “Resident Evil 5” (“Yovuzlik maskani 5”), “Resident 

Evil 4” (“Yovuzlik maskani 4”), “Devil may cry 3” (“Iblis ham yig‘lashi mumkin 3”) o‘yinlari o‘rganilganda, o‘yindagi turli shakldagi jinu shaytonlar, devlar, jodugaru sehrgarlar va boshqa qahramonlarning kiyimlari, harakatlari, qo‘llaridagi ba’zi buyumlar har xil majusiy, otashparast dinlar va shaytoniy (satanist) sektalarga mansub ekanligi aniqlangan. Shundan ma’lumki, demak, bu o‘yinlar oddiygina ermak yoki ko‘ngilxushlik uchun emas, balki o‘yin yaratuvchilari yoshlarni ma’lum bir diniy oqim e’tiqodlari va sektalar g‘oyalariga da’vat qilib, uni ommaga singdirishni maqsad qilishgan. O‘yin ishtirokchilari esa e’tiborini faqatgina g‘alaba qozonishga qaratadi-da, o‘zlari bilmagan holatda mazkur sektalarning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, oqibat ularning a’zosiga ham aylanib qolishi mumkin.

“Clash of Clans” o‘yinining android versiyasi 2013 yil oktyabr oyida internet tarmog‘iga yangidan joylashtirilgan. Eng yangi versiyasi esa muxlislar e’tiboriga 2016 yilning mart oyida havola qilingan. Ushbu o‘yin aslida 13 yoshdan kattalar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, hozirda bu yoshdan kichiklar ham uni sevib o‘ynashayotgani juda xavotirli. 

Bir tanishimning aytishicha, yaqinda talaba do‘sti 100 dollarga shu o‘yindagi bir bazani sotib olibdi. Ota-onasidan uzoqqa o‘qish uchun kelgan, ustiga ustak ijarada yashovchi talabaning o‘zidan orttirib, bir o‘yin uchun shuncha pul xarj qilganiga, ochig‘i, hayron qoldim. Avvaliga kimdan, qanday sotib olishi mumkinligiga hech aqlim yetmadi. O‘yin haqida to‘liqroq ma’lumot to‘plash jarayonida esa bari ayon bo‘ldi... 

Xullas, o‘yin android telefonlarga gmail akkaunti, Apple telefonlariga esa Apple ID orqali saqlanadi. O‘yinga bosh suqqan yangi ishtirokchi uchun bir hudud “tuhfa etiladi”. Kimyoviy eliksir ishlab chiqaruvchi bir “qaynar quduq” va inshoot ham beriladi. O‘yin ikki bosqichga bo‘lingan. Birinchisida ishtirokchi haq to‘lab, binolar qurib, ishchilarni yollashi zarur bo‘lsa, ikkinchi bosqichda bor imkoniyatini ishga solib, janglar olib borish talab etiladi. O‘yin sharti bo‘yicha ko‘proq pul yig‘ib, hudud va himoyani mustahkamlash kerak. Keraklicha “qudrat”ga ega bo‘lgan ishtirokchi esa boshqalarning hududiga bostirib borib, g‘alaba qozonish-qozonmasligidan qat’i nazar ularning pullarini o‘marsa yetarli. Shundan so‘ng bemalol o‘yindagi boshqa ishtirokchi hisobidan “yashayverish” mumkin. O‘marilgan pul esa binolar qurilishiyu devor mudofaasi hamda turli xil qurollar sotib olishga sarflanadi. o‘oliblikka intilib, mudofaasini kuchaytira olgan ishtirokchilar real hayotda o‘z hududlarini boshqa birovga bemalol sotib yuborishlari mumkin ekan. Bu, albatta, o‘yinni sotishni istagan o‘ynovchining login va parollarini raqobatchisiga oshkor etish orqali amalga oshiriladi. Balki o‘yinni pullab, daromad olish ilinjida ham aksar yoshlarimiz kechayu kunduz “tinim” bilmay shuni o‘ynashayotgandir.

O‘yin jamoaviy tarzda ham o‘ynalishi mumkin. Onlayn o‘ynaladigan mazkur o‘yinda ishtirokchilar monitorning bir chekkasida bemalol real xabarlasha olishlari ham mumkin ekan. Tabiiyki, o‘yinga butun ruhiyati bilan sho‘ng‘igan ishtirokchilar jarayonda, albatta, bir-birovini masxaralab, so‘kinib yozishadi. Shu tarzda bola ruhiyatini illatlar tobora ishg‘ol eta boradi. Demak, o‘yin ta’sirida ishtirokchilar dushmanga aylanib qolishlari ham hech gap emas.

Biz o‘yin haqida qisqacha ma’lumot berganimizning boisi undagi asabbuzarliklar, virtual haqoratu o‘ch olishlar shunchaki o‘sha muhitda qolib ketmasligini ta’kidlashdir. O‘yin oqibatida hatto yaqin do‘stlar yuzko‘rmas bo‘lgani haqida ko‘p bora eshitdik.

Bugungi kunda, nafaqat MDH mamlakatlari, balki butun dunyoga mashhur mazkur o‘yin afsuski, ko‘plab yoshlarni virtual olamda “ixtiyoriy” yashashga majburlayotgani ham rost.

Bosqichma-bosqich yuqoriga ko‘tarilayotgan o‘smir anglamaydiki, natijada qimmatli vaqti, qanchadan-qancha mablag‘i, eng asosiysi, jismoniy quvvati hamda ko‘ngil xotirjamligiga, halovatiga putur yetkazyapti. 

O‘qib, guvohi bo‘lganingizdek, mazkur o‘yin yoshlarning hayotiga daxl qilmasa-da, ularning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘g‘rilikning debochasi ham aynan shu nuqtada boshlanadi, desak yanglishmaymiz, nazarimda. Xulosa o‘zingizdan...

 

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri