Bola “bola”ligini qilsa...

Odatdagidek, har shanba bog‘chaga boruvchi bolalar uchun “erkinlik kuni”. Bugun ham ko‘p qavatli uyning hovlisi qaqajonlar bilan gavjum. O‘g‘lim ham qo‘shnining ikki bolasi bilan yetaklashib, pastga o‘ynagani tushgan. Barcha uy bekalariga tanish holat: bu paytda qo‘li bo‘shagan aksar onalar uy yumushlarini tezgina bajarib olishga kirishadi.

 

Kimdir uy yig‘ishtirsa, yana kimdir kir yuvadi yoki ovqatga unnaydi. Men ham tezgina o‘yinchoqlar bilan to‘zg‘igan uyni yig‘ishtirib olib, tushlik tayyorlash uchun oshxonaga kirdim. Sabzavotlarni archib tursam, pastdan baqir-chaqir va bolaning “dod-voy”i eshitildi. O‘g‘lim birov bilan tortishib qolmadimikan deb, derazadan pastga qaradim. Yo‘q, qo‘shni bolalar bilan o‘yindan to‘xtab, holatni kuzatishayotgan ekan. Bolasini urib, haqoratlayotgan ayolning kimligini ko‘rolmadimu, qo‘shni pod’ezddan “Mushtdekkina bolaning nimasini urasiz?”, deya hovliqib kelayotgan Sanobar opani ko‘rdim. “Tinchlikmikan?”, deya biz qo‘shni ayollar ham hovliga chiqdik. Bilishimizcha, hali uch yoshga ham to‘lmagan Saidjon o‘rtoqlari bilan mashina talashib, urishib qolibdi. “Kenayi, bolangizga qarang” degan o‘g‘lidan ikki-uch yosh kattaroq bolalarning alamini farzandidan olibdi. Yig‘idan “hiq-hiq”lab qolgan Saidjon ko‘zlari jovdirab yonini olayotgan buvilarga mehr bilan tikilar, qolganlarga ham najot kutgandek, bir-bir qarab chiqardi. Sanobar opaga qo‘shilib, mahallaning yoshi ulug‘ onaxonlari haligi ayolni ancha koyishdi, asabini davolatishni maslahat berishdi.

Uyda tinchgina o‘tira qolsin, degan o‘yda bolamni olib chiqaverdim. O‘g‘lim zinada meni to‘xtatib, mahkam quchib oldi va “Oyijon, mani kechiring, endi hamma aytganingizni qilaman”, deb yuzimdan o‘pib qo‘ydi. Yuragim to‘lib ketdi. “Aqlli bola bo‘lsang, nega seni urarkanman, qo‘rqma, urmayman bolam” dedim-u, ortiq gapirolmadim.  

Ko‘pincha, ota-ona bolasini urib tarbiyaga chaqirganda “Meni ham onam (otam) urganlar, kam bo‘lmadim” deb o‘zlarini oqlaydilar. Lekin o‘zlari ham bir paytlar “ta’mini totgan” shapaloqning jismlariga og‘ir botganini unutib qo‘yadilar. To‘g‘ri, jismoniy og‘riq o‘tib ketar, lekin kaltak dastidan qalbda qolgan og‘riq hayot davomida bolaning xotirasidan ko‘tarilmasligi aniq. Hatto quyushqondan chiqqan ba’zi jazo usullari oqibatida bir umrga nogiron bo‘lib qolganlarni eshitganmiz. Yoki bir yarim yashar o‘g‘ilchasiga to‘satdan tushirgan tarsakisi oqibatida farzandi duduq bo‘lib qolishiga sabab bo‘lgan oilalar shu jamiyatimiz vakillari ekani hech birimizga sir emas. 

Yoshligida ko‘p kaltak yegan bolalar o‘qishda, ishda cho‘qqilarni zabt etishi mumkin, lekin bu muvaffaqiyatlar orqasida boladagi psixologik stress ketmasligini hamma ota-ona ham bilmaydi. Ya’ni qo‘rquv tuyg‘usi bolaga hech qachon baxtni his eta olish imkoniyatini bermaydi. Chunki maqsadiga erishganidan emas, “jazo”dan qutilganidan xursandlik hissi ustun bo‘ladi.

Bolalarni jazolash usullari haqida ko‘p eshitamiz. Hatto, ayrim onalar bu borada “tajriba” ham almashib turadilar. Bolalarini bilib-bilmay qilgan xatolari uchun qorong‘i xonaga qamash, och qoldirish, burchakka turg‘izib qo‘yish, yaxshi ko‘rgan narsasidan mahrum qilish kabi usullarda jazolashadi.

Bolalarni jazolash maqsadida ularni urish eng qadimiy va munozarali tarbiya usullaridan biri hisoblanar ekan. XX asrning o‘rtalariga qadar shapaloq tushirish yoki qo‘lida qayish, tayoq tutib turgan ota-ona hech kimda e’tiroz uyg‘otmasdan kelgan. Mashhur bolalar yozuvchisi Astred Lindgredning fikricha, dunyodagi vahshiylik bolalar xonasida boshlanar ekan.  1979 yilda Astred Lingredning bir nutqidan so‘ng Shvetsiya birinchi bo‘lib bolalarni oilada urish mumkin emasligi haqida qonun chiqaradi. Yozuvchi o‘shanda o‘z nutqida quyidagi hikoyani so‘zlab bergan edi.

 Bir ona hech qachon farzandini urmaslikka o‘ziga va’da beradi. Lekin kunlarning birida va’dasini unutib, o‘g‘lini nojo‘ya harakati tufayli jazolamoqchi bo‘ladi. O‘sha paytlari bolani chiviq bilan urish keng tarqalgan jazo turi hisoblangan. Shunda ona farzandiga ko‘chadan bir nechta chiviq topib kelishini buyuradi va uni shu yo‘sin jazolamoqchiligini aytadi. Bola oradan ancha vaqt o‘tib, ko‘zlari yoshdan shishgan ahvolda chiviq emas, kattagina tosh ko‘tarib keladi. Onasining toshga hayron boqqanini ko‘rgan bola yig‘lab: “Chiviq topa olmadim, lekin meni jazolashingiz uchun shu toshni olib keldim, uni menga otsangiz bo‘ladi”, deydi. Ona bolaning o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘radi va yig‘lab “Kim o‘z bolasiga tosh ota olarkan?” deganida, bola “Agar menga ozor yetkazmoqchi bo‘lsangiz, chiviq bilan urishning tosh otishdan nima farqi bor” deya javob qaytaradi.

O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab bolalarni bunday jazolash usulining samaradorligi va natijalari o‘rganila boshlangan. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, bolalarni urish bu yomon tarbiya vositasidir.

Aksariyat ruhshunoslarning fikricha, jismoniy jazolash 2 yoshgacha qo‘llanmasligi lozim. To‘qqiz  yoshdan keyin ular butunlay istisno etilishi kerak. Biroq nima bo‘lganda ham bolani jismoniy jazolash boshqa tarbiya usullariga qaraganda samaraliroq hisoblanmaydi. Aksincha, tarbiyaning bunday usuli bolalar va ota-onalar o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashishi va ruhiy holatning buzilishiga olib kelishi mumkin.

Professor Myurey Shtraus o‘zining qirq yillik faoliyatini bolalar tarbiyasida yo‘l qo‘yiladigan xatolarni aniqlashga sarflagan. Uning ta’kidlashicha, jismoniy kuch vositasida “tarbiyalangan” bolalarning zehni umuman kaltaklanmay o‘sgan bolalarnikiga nisbatan sustroq rivojlanarkan. Shtrausning fikricha, faqat ma’naviy saviyasi past ota-onalargina o‘z farzandlarini do‘pposlaydilar.

Amerikalik tadqiqotchilarning ogohlantirishicha esa, yosh bolani hatto silkitish uning aqliy va jismoniy rivojiga zarar berishi mumkin. Qattiq silkitish miyaning buzilishiga olib keladi, bu ba’zi holatlarda asab tortishishi, o‘qishdagi qiyinchiliklar, e’tiborsizlik kabi salbiy omillarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bolani qo‘rquvga solish oson. Lekin bolaga vaqt ajratib, u nega qarshilik ko‘rsatayotganini aniqlab, mehr va sabr bilan tushuntirish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bola ota-onasini hurmat qilsa, ularni aslo xafa qiladigan ish qilmaydi. Hurmatga esa kaltaklash bilan emas, bolani tushunish bilan erishiladi. Bola quloq solmayaptimi, demak, ota-ona uning qalbiga yo‘l topa olmayapti. Yaxshisi, hamma ishingizni bir chetga suring-da, bolangizni bag‘ringizga bosib, u bilan gaplashib ko‘ring. Boshida albatta u o‘zini olib qochadi, chunki bunday iltifotga o‘rganmagan. Asta-sekin uni nima qiynayotganini o‘zi aytadi. Ko‘pincha, bolaning ota-onaga quloq solmasligiga ham unga mehr va e’tibor yetmayotgani sabab bo‘ladi.  Agar bunday payt bola kaltaklansa, u yaqinlaridan yanada uzoqlashib boraveradi. 

Agar bolaning har bir sho‘xligi uchun koyisangiz va ursangiz, u bunga o‘rganib qoladi. Keyinchalik haqiqatdan shunga loyiq ish qilganida kaltaklasangiz ham u bular orasidagi farqni anglamay qolishi mumkin.

Ruhshunoslarning aytishicha, jazo turi bola sog‘ligi uchun xavfsiz bo‘lishi kerak. Ya’ni boshqa chora qolmaganda ham bolaning faqat orqasiga yoki oyoqlariga qo‘l bilan urib qo‘yish yetarli. Bu jazo usuli qanchalik kam qo‘llanilsa, shuncha samaralidir. Kaltak hech qachon odatiy va doimiy tarbiya usuliga aylanib qolmasligi kerak. 

Bola bilan ko‘proq suhbatlashish va turli ertak qahramonlari orqali yaxshilik, to‘g‘rilikni targ‘ib etish nojo‘ya xatti-harakatlarning oldini oladi. Olimlarning ta’kidlashlaricha, bola bilan suhbatlashish ularning aqliy salohiyatini yuksaltirar ekan. Chunki suhbat davomida ularning qiziquvchanligi yanada oshadi. 

 

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri 

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.