Jurnalist gazeta ...o‘qimasa... kasb bayramimiz arafasidagi o‘ylar

Shu yil bahorda O‘zbekiston teleradiokompaniyasining mediamarkazida “Muloqot vaqti” ruknidagi ko‘rsatuvni yozib olishda g‘aroyib hangomalar bo‘ldi. Albatta, 45 daqiqalik ko‘rsatuv uchun 2-3 soatlik harakat bo‘ladi, keyinchalik montaj jarayonida noqulay yozuv bo‘laklari qaychilab tashlanadi. Lekin aytilgan so‘z — otilgan o‘q deganlaridek, studiyada yangragan gaplarga befarq bo‘lolmas ekansiz.

 

O‘z taqdirini jurnalistika sohasiga bag‘ishlagan xalqaro jurnalistika fakultetining talabalaridan biri “Biz falon gazetani umuman o‘qimaymiz” deyishdi. (Aynan qaysi gazeta haqida gap ketyapti, deysizmi? O‘zingiz o‘qimayotgan istalgan gazetaning nomini qo‘yib qo‘ya qoling). Bu gapdan ajablanib turgandik, el ichida nomi tanilgan bir hamkasbimiz “Men o‘sha gazetani o‘qimaymiz degan talabalardan xursandman” deb yuborsa bo‘ladimi?! Ana xolos! Bu gapdan keyin ko‘rsatuvda ishtirok etayotgan bir nechta talaba, har qanday holatda gapidan adashmaydigan boshlovchi ham “O‘zbekistonda chiqayotgan gazetalarni o‘qimaymiz, yangiliklarni ruscha nashrlardan bilib olamiz” deyishdi. Yurtimizdagi gazetalarni o‘qimaydigan, dunyo matbuotidan boxabar zotlar go‘yo o‘zlarini yangi zamon kishilari deb hisoblab, bizga o‘xshaganlarni eskicha fikrlaydigan toifaga qo‘shib qo‘yishganday bo‘lishdi.

Ba’zan ne-ne sa’y-harakatlar bilan chiqarayotgan gazetalarni aslida mo‘ljallangan mushtariyga yetib bormayotgani, yetib borganda ham ko‘zda tutilgan obunachi o‘qimayotganligidan noliymiz, bu hali holva ekan. Tunni tongga ulab chiqarayotgan nashrlarni bir tom ostida ishlayotgan hamkasblarimiz o‘qishmasa, o‘z hayotini jurnalistika sohasiga bag‘ishlamoqchi bo‘lgan talaba so‘ramasa, yana kimdan gina qilish mumkin?! 

Bu fikrimni hamkasblarimdan biriga aytgandim, “Hozir axborot oqimi katta, shu bois ba’zilar yon-atrofidagi voqealarga nazar tashlashga ulgurolmasligi mumkin” degan javobni qildi. Bu gapga hecham qo‘shilolmadim. Axir oddiy dehqon ham o‘zi yetishtirayotgan hosil cho‘g‘ini baholash uchun yonidagi dalaga qarab qo‘yadi-ku. Biz esa qalam tutgan kasbdoshimiz mahsulotiga shunchalar befarq bo‘lsak. “Hurriyat”ning oxirgi sonida bahsli maqola chiqibdi, siz kimning fikrini ma’qullaysiz?” deb so‘rasam, suhbatdoshim u gazetani qo‘lga olmaganini, shuning uchun biror fikr aytolmasligini ma’lum qildi. Hoy baraka topgur, hech bo‘lmasa, shu gapdan keyin “Men gazetani topib o‘qiyman, keyin fikrlashamiz” desangiz bo‘lardi-ku.

Bu ajablanishdan yana boshqa xulosa ham kelib chiqishi mumkin. Balki ter to‘kib chiqarayotgan gazetalarimiz nafaqat oddiy gazetxonni, hatto hamkasblarimizni ham qiziqtirmayotgan ekan, aybni o‘zimizdan izlashimiz kerakdir. 

Keling, shu o‘rinda o‘zimizni jurnalistning emas, oddiy gazetxonning ma’naviy ehtiyojidan kelib chiqib fikr yuritaylik. To‘rt sahifadan iborat gazetaning ma’lum qismi rasmiy materiallarni tashkil etadi. Bugungi hayotning nafas urishini his qilish uchun, islohotlar talablari nimadan iboratligini anglash uchun rasmiy materiallar zarur, albatta. Zotan, gazeta bu — siyosat demakdir. Iqtisodiy hayot, muayyan xo‘jalik sub’ektining tijorat materiallarini juda tor doiradagi gazetxon qiziqib o‘qiydi. Shu o‘rinda jurnalistika sohasining piri komillaridan biri aytgan so‘zni keltirsam: “Mahoratli jurnalist chorva naslchiligi haqida ham maroqli maqola yozishi, chala dumbul ijodkor kosmonavtika sohasidagi jasorat haqida zerikarli, bir qolipli bitik bitishi mumkin”.

Gazeta sahifasining har bir satr o‘rni nihoyatda qimmatli maydon. Afsuski, shu sahnda mag‘zi to‘q don o‘rniga chiqitga chiqadigan poxol yetishtirayotgandaymiz. Hammaga ma’lum haqiqat chaynalib takrorlansa, inson qalbidan joy olishi kerak bo‘lgan SO‘Z isrof qilinsa, kim ham qiziqib o‘qisin.

“Shu aziz Vatan – barchamizniki” degan qanotbaxsh iborani ko‘p takrorlaymiz. Ba’zan bu muqaddas kalomni tilga olganimizda chin ma’nosini his qilib emas, yuzaki tilga olganday bo‘lamiz. Ha, so‘z shunday sehrli va ilohiy ne’matki, uning mag‘iz-mag‘zini tushunib ishlataylik.

So‘zning tub ma’nosini his qilish borasida meni o‘ylantirayotgan bir mulohazani bildirmoqchi edim. Prezidentimiz 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qildilar. Mana, shu yilning yarmi ham ortda qoldi. Lekin, fahmi ojizimcha, xalq bilan muloqot degan so‘zni ayrim rahbar va mutasaddilar hanuz shunchaki uchrashuv, ko‘rishish deb tushunyaptilar. Muloqot — bu nihoyatda keng tushuncha. “Xalq so‘zi” sahifalarida shu satrlarning muallifi e’lon qilgan maqolaning sarlavhasi “Muloqotda haqiqat namoyon bo‘ladi” deb ataldi. Muloqot deganda barcha komfort muhayyo qilingan, qishda issiq, yozda salqin xizmat kabinetingizda o‘tirish emas, o‘zingiz mas’ul bo‘lgan soha mehnatkashlari bilan hamnafas, hamdard bo‘lish lozimligi anglashiladi.

Ba’zilar xalq bilan muloqotni vaqtincha o‘tib ketadigan kampaniya deb o‘ylayapti. Yo‘q, yil mobaynida bu oliy qadriyat ish tarzimizga singsa, shunday yondashuv barqaror tus olishini anglab yetaylik. Keyingi yilga yangi nom berilar, lekin bu bilan muloqot zarurati tugamaydi. Faqat muloqot hisobiga haqiqiy ahvol bizga ayon bo‘lishi, shu muloqot amalga oshirilgandagina kelajak sari dadil odim otishimiz mumkin.

Har yili 27 iyunda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng jamoatchilik ishtirokida nishonlanadi. Bu bayramga tayyorgarlik ko‘rish asnosida bosib o‘tilgan yo‘limizga nazar tashlaymiz. Ko‘z nurimiz sarflagan sahifalarimiz mushtariylarning dilida xushnudlik ato etgan hollarni eslab quvonamiz, yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimizni saboq sifatida hisobga olamiz. 

Hayotimizni hozirgidan ham yaxshilash, inson qadr-qimmatini e’zozlash, go‘zal Vatanimizni yanada obod maskanga aylantirish sari tatbiq etilayotgan islohotlarning yangi bosqichi barcha soha vakillari qatori, biz, jurnalistlardan ham safarbarlikni, hozirjavoblikni talab qiladi. Buning uchun biz avvalo, shu Vatanimizni, bunyodkor xalqimizni dil-dildan sevishimiz kerak. Yozayotgan har bir so‘zimiz, uqtirmoqchi bo‘lgan fikrimiz xalq qalbiga, omma ongu tafakkuriga yetib borsin. 

Taraqqiyotimizning “yo‘l xaritasi”ni belgilab bergan besh yilga mo‘ljallanib besh yo‘nalishdan iborat Harakatlar strategiyasini butun xalqimiz yaxshilab tushunib olmog‘i — bugungi kunning eng ustuvor vazifasidir. Bu borada ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘rni alohidadir. Jamiyatimizning ozgina qatlami ham Harakatlar strategiyasi bilan qurollanmasa, barcha sa’y-harakatlarimiz ko‘zlangan samarani bermasligi mumkin. Bu borada biz ziyolilarning vazifasi beqiyosdir. Vatanimizning har bir fuqarosi Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyatini, maqsad-muddaosini to‘liq tushunishi va uni hayotga tatbiq etishi ham farz, ham qarzdir.

Yuqorida bildirilgan fikrlar bilan tanishgan gazetxon kaminaga shunday savol berishi mumkin: o‘zingiz qayoqqa qarab o‘tiribsiz, nega matbuot mazmundorligini oshirish uchun harakat qilmayapsiz? Avvalo, shu fikrlarni bildirish orqali hamkasblarimizning e’tiborini umumiy muammoga qaratyapman. Ayni paytda jurnalistikamiz nufuzini oshirish, so‘z qudratini namoyon etish ko‘pchilik ishtirokida amalga oshiriladi. Shu ma’noda hamkasblarimiz mazkur mavzu bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, amaliy takliflarini aytishlaridan umidvorman.

 Kasb bayramimiz yaqinlashmoqda. Matbuotga e’tiqod qo‘ygan xalqimiz, barcha soha vakillari bizni bu sana bilan tabriklashadi. Bu qutlov bizga ham ishonch, ham mas’uliyatdir. Ana shu e’tibor qalam ahlini yanada unumli, samarali mehnat qilishga undaydi. Zotan, el-yurt nazarida bo‘lishdan oliy baxt yo‘q.

 

Shuhrat JABBOROV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist 

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.