Qizlarni qo‘rqitma,“TAKSICHI”!

 Odatdagi  kunlarning birida ertalab ishxonamga yetib olish uchun yengil mashina to‘xtatayotsam, bir qiz yonimga kelib: “Opa, metrogacha taksida borasiz-a? Menam sizga sherik bo‘lsam maylimi?” dedi. Birga ketdik. Yo‘l-yo‘lakay tanishdik. Qo‘shni uyda turarkan. Har kuni meni kuzatib, shu gapni aytolmay yurgan ekan. Sababi u ham avtobus kutishga ketadigan vaqtiga kuyunib, taksida yurishni xohlarkanu, ammo begona mashinaga yolg‘iz o‘tirishdan, to‘g‘rirog‘i, taksichilarning nojoiz gap-so‘zlaridan qo‘rqarkan. Onasi ham har kuni “Biroz vaqting ketsa ham, baribir avtobus kut. Ko‘chada yaxshi-yomon bor” deb ogohlantirarkan. Qiz bir-ikki marta onasining ra’yidan chiqib, universitetiga taksida ketganida, haydovchining nomaqbul gap-so‘zlaridan dami ichiga tushibdi-yu, manziliga yetib olgach, ikki dunyo bir bo‘lsa ham yo‘lovchi mashinaga yolg‘iz chiqmaslikka ont ichibdi.

 

“KECHIRASIZ, LITSENZIYANGIZ BORMI?”

Bugun biz zamonaviy dunyoda yashayapmiz. Ishlar, rejalar, orzular ko‘p. Vaqt tig‘iz. Vaqt bu — boylik. Vaqt bu — bilim. Vaqt bu — tajriba, ixtiro, ijod va hokazo... Ayniqsa, bugungi intellekti baland yoshlar uchun vaqtdan muhimrog‘i yo‘q. Ular o‘qishadi, ishlashadi, kutubxona, to‘garak yoki repititorga qatnashadi. Qolaversa, qizlar hayotga tayyorlanish uchun qo‘shimcha kurslarga ham borishadi. Shunday paytda yo‘lda ketadigan vaqtingni ham tejashga urinasan, kishi. Bu borada, albatta, taksilar eng yaxshi ko‘makchi. Ammo, qaniydi, hamma o‘z ishini sidqidildan qilsa... Shu jumladan, haydovchilar ham. Yo‘l-yo‘lakay u yoq-bu yoqdan gaplashi-ib ketish yaxshi, albatta. Ammo yo‘lovchilarning, ayniqsa, xotin-qizlarning shaxsiyatiga tegish yoki nojoiz luqmalar tashlash, umuman olganda, birovning xasmi-haloli, singlisi yo qizini qo‘rqitish kirakashning ishimi? Yosh yigitlar-ku, mayli, hayotga yengil-elpi qarashar, ammo ayrim qarib quyulmaganlarning qizi, nabirasi tengilarga o‘ynoqi so‘z qilishi, noto‘g‘ri yo‘llarga chorlashiga nima deysiz?! To‘g‘ri, besh qo‘l barobar emas. Haydovchilar orasida iymonli, insoflilari, oilasiga peshona teri evaziga halol luqma yedirayotganlar bor. Ammo yengilning ostidan, og‘irning ustidan yurishni o‘ylab, qora mehnatdan qochib yoki tayinli, mas’uliyatli ishlardan bo‘yin tovlab, bir “toychoq”ni gijinglatib, pul topib yurganlar ham ko‘p. Boshqacha aytganda, tomorqasini begona o‘t bosib yoki ekinlari qovjirab yotibdi-yu, qo‘lida mashinasining kalitini aylantirib, mijoz ovlaydigan alpkelbatlarni ham ko‘rganmiz. Yoki uyida zerikib qolgani uchun kirakashlik qilib yurgan “amaki”lar yo‘qmi?! Ular mana shunday yengil hayotga, ortiqcha jon koyitmay pul topishga o‘rganib qolishgan. Boz ustiga, ko‘pchiligining hech qanday daromad solig‘i to‘lamasligi, ayniqsa, yo‘lovchi tashish uchun litsenziyasi yo‘qligi ham sir emas. Tabiiyki, gazetxonda “Qonuniy faoliyat yuritayotganlar ham bor-ku. Qizlarimiz shularga minsin”, degan fikr tug‘ilishi mumkin. Ammo ko‘chaga chiqib, sariq yoki qaymoqrang avtomobilni kutsangiz, undan oldin avtobus ko‘rinadi-yu, hafsalangiz pir bo‘ladi. To‘g‘ri, telefon orqali buyurtma berish ham mumkin. Ammo bu usul hamyonbop emasligi hammaga ma’lum. Shunday ekan, yo‘lovchi tashuvchi yengil avtomashinalar xizmatini yanada takomillashtirishni davr talab etmoqda. Bu borada jahon tajribasini o‘rganish har tomonlama qo‘l keladi.

 

XORIJ TAJRIBASI 

Hammamiz xorij kinolarini qiziqish bilan tomosha qilamiz. Barcha kinofilmlarda sariq rangli taksilarga ko‘zingiz tushadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, film bosh qahramoni — go‘zal qiz hech qanday qo‘rquvsiz ko‘chada duch kelgan taksini to‘xtatib, jo‘nab ketaveradi. Qiziq, ularning taksichilari chiroyli qizga hech gap otay demaydi. Nega? Chunki ular xizmat vazifasini bajarayapti. “Ish vaqtida ishingni qil” degan gap bekor aytilmagan-da. Chunki ayrim Yevropa davlatlarida taksichilar jeton bilan yo‘lga chiqishadi. Ya’ni haydovchilik qilish uchun ertalab ma’lum summani to‘lab, jeton olishadi. Tabiiyki, to‘langan mablag‘ni chiqarish, qolaversa, o‘zi a’zo bo‘lgan firma majburiyatlari uning yelkasiga mas’uliyat yuklaydi. Shunday paytda mashinaga chiqqan ojizalar bilan shakarguftorlik qilib yurishga fursati ham bo‘lmaydi... Milliy axloq-odobimiz asosida katta hayotga qadam qo‘yayotgan hurkakkina qizlarimizga otalarcha, akalarcha muomalada bo‘layotganlarga tahsin aytamiz. Ammo yuqorida tilga olganimiz ayrim kirakashlar kabi ma’naviy buzuqlarga nisbatan ayovsiz bo‘lmog‘imiz darkor. 

 

TAKLIF BIZDAN, XULOSA SIZDAN

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama va munozaralarga sabab bo‘layotgan mavzulardan biri o‘qituvchi, shifokor yoki talabalarning o‘z vazifasidan tashqari ishlarga jalb etilishi bo‘lib turibdi. Qani edi, ular o‘rniga taksichilar paxta yig‘im-terimiga safarbar etilsa. Ana unda ular ham oftob tig‘ida mehnat qilib, boshlaridagi yengil-elpi fikrlar tarqab ketarmidi? Bu shunchaki hazil. Taklifimiz esa quyidagicha.

Ishonchli va ma’naviyatli taksichilarga ehtiyoj davr talabi ekanini hisobga olib, respublika miqyosida “Xizmat ko‘rsatish odobi” kurslari tashkil etilib, shu kursni tamomlaganlargagina shaxsiy mashinasida yo‘lovchi tashish huquqi berilishi kerak. Ikkinchidan, yo‘lovchilarni noqonuniy tashuvchilarga keskin choralar ko‘rish, bu ishni kasb sifatida qabul qilganlarning barchasini davlat ro‘yxatiga olish lozim. Qolaversa, tirikchilik manbasi aynan shu ish bo‘lgan hamyurtlarimiz ko‘pchilikni tashkil etishini inobatga olgan holda soliq to‘lashning hamyonbop yo‘lini tatbiq etish lozim. Bundan tashqari, yo‘lovchi tashuvchi avtomashinalarning bir xil rangda, haydovchilar esa maxsus kiyimlarda bo‘lishini to‘liq ta’minlash ham dolzarb vazifa.

Shundagina aniq ish joyi va xizmat vazifasiga ega bo‘lgan haydovchi mijozga noto‘g‘ri muomala o‘ziga ziyonligini anglaydi, xotin-qizlarni qo‘rqitmaslik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzatda bo‘lishni o‘rganadi. Maqola boshida hikoya qilingani kabi taksida yolg‘iz yurishdan qo‘rqadigan qizlar himoyasiga befarq bo‘lmaylik. Zotan, shunday osoyishta yurtimizning go‘zal ko‘chalarida faqat ishonchli taksilar, madaniyatli haydovchilar xizmat qilishi kerak, bizningcha.

Siz nima deysiz?!

Sitora TOJIDDINOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yoshlar — bugun tayanchimiz, ertaga ...

2017-10-04 09:28:23

BOYSUN MO‘JIZALARI 2

2017-10-04 09:33:48

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.