QO‘L BILAN BERGANGA QUSH TO‘YMAS

Mamlakatimizda “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi va “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinganidan, ularga zamon talabidan kelib chiqib, tegishli o‘zgarishlar kiritilayotganidan maqsad jamiyatda, fuqarolarning turmushida uchrayotgan muammolarni bartaraf etishdir. Joylarda, chekka tuman va hududlarda tashkil etilib, xalq dardiga malham bo‘layotgan, oq va qora o‘rtasida adolat mezonini o‘rnatayotgan Xalq qabulxonalari, sansalorlikka chek qo‘yib, ochiq va oshkoralik tamoyillari asosida faoliyat yuritishni maqsad qilgan davlat boshqaruv organlari rasmiy veb-saytlaridagi virtual qabulxonalar ham yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida asosiy tirgak bo‘lyapti, desak aslo yanglishmaymiz.

 

 Biroq odamzodni butkul rozi qilish imkonsiz, deganlaridek, yaratilayotgan shuncha sharoitlarga qaramay, oramizda boqimandalik kayfiyatida yashayotganlar, hayotidan nolib, “faqat ber-ber”ni kasb qilib olganlar, afsuski, uchrab turibdi. 

Yaqinda bekatda bolalari bilan tunab yurgan ayol voqeasi internet tarmoqlarida shov-shuvga, keng jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. Ayrimlar bilib-bilmay ularga achingan bo‘lsa, boshqalar jamoatchilikni e’tiborsizlikda aybladi. 

O‘shanda kimdir ayolini shu ahvolga tashlab qo‘ygan notavon erdan hazar qilgan bo‘lsa, yana kimdir ularga beparvo mutasaddilar yuziga loy chapladi. Boshqalar esa “ko‘chada qolganlar”ga rahm-shafqat va moddiy yordam so‘rab, ijtimoiy tarmoqlarda turli tashabbuslar bilan chiqishdi. 

Ochig‘i, bu bahs atrofidagilar kabi ahvol meni tashvishga solmadi. Gapimdan hayron bo‘lmang, qahri qattiqlikda ayblashga ham shoshilmang. Chunki mazkur shov-shuvlardan ikki haftacha oldin o‘sha ayol yonida bir hamrohi bilan tahririyatimizga arz ham qilib kelgandi. “Bolalarim bilan ko‘chada qoldim, tunlari maysazorda tunayapmiz” deya ko‘zda yoshi bilan kelgan “ojiza”larga biz ham boshqalar singari rosa achingandik o‘shanda, qo‘ldan kelgancha yordam berishga harakat qilindi. Masalaga xolisona yondashish, jurnalistik surishtiruvni har tomonlama amalga oshirib, xulosa chiqarishlardan so‘ng fikrimiz o‘zgardi. Muammo birgina mutasaddilarga bog‘liq emasligi ancha ayonlashdi. 

Xullas, qahramonimiz internet orqali tanilgan ayol emas, aksincha, uning hamrohi — Naima (ismi o‘zgartirilgan). Asli qashqadaryolik bo‘lsa-da, hozirgi kunda sirdaryolik bir ona-bolanikida yasharkan. So‘zlariga qaraganda, besh yoshida onadan yetim qolgan. O‘gay ona esa ko‘p savdolarni boshiga solgan. Shu sababdan erta turmush qurishga rozilik bildirgan. Biroq yangi hayot ham o‘ylaganidek kechmay, qaynona va kelin o‘rtasidagi mojaro uzoq davom etgan. Bu orada uch o‘g‘illi bo‘lgan Naima neki qiyinchilik bo‘lsa, bariga chidagan. Biroq nuqul “ket”ni qo‘ymay, o‘g‘lini boshqasiga uylantirishini bot-bot ta’kidlovchi qaynona alaloqibat 2014 yil dekabr oyida kelini va nevaralarini uydan haydagan. Shundan so‘ng Naima bolalari bilan otasining ikki xonali uyida yashay boshlaydi. Yog‘ingarchilik mavsumida xona tomidan chakka o‘tavergani bois ijara uyga chiqadi. 

Hali uning, hali buning yumushini bajarsa-da, eri bolalari uchun har oy aliment pulini to‘lasa-da, topgani va olgani farzandlarini boqishu, ijara puliga yetmay qoladi. Moddiy tomondan qiynalgan ayol ko‘mak so‘rab, mutasaddi tashkilotlarga qayta-qayta murojaat qila boshlaydi. Ayolning aytishicha, mahallaga va boshqa davlat organlariga nafaqa puli tayinlanishini so‘rab qilgan murojaatidan hech qanday natija bo‘lmagan. Vaholanki, qo‘lidagi bir dasta xat bilan bir-bir tanishgach, Naima kerakli barcha hujjatlarni taqdim etmagani bois nafaqa tayinlanmaganini bilib oldik. “Ish so‘rab borsam, ish ham berishmadi” dedi. 

Murojaatchining so‘lg‘in chehrasi, tushkun kayfiyati ruhiyatimizga ko‘chib ulgurgandi. Agar bari Naima aytganidek bo‘lsa, biz unga yordam berishimiz ham qarz, ham farz edi. Shu o‘yda tegishli tashkilotlar raqamlarini topib, ular bilan bog‘lana boshladik. Tuman Xotin-qizlar qo‘mitasidan ayol sharoiti haqida so‘raganimizda, ular bundan xabardorligini, Naima va bolalariga ayni kunda turli amaliy yordamlar, jumladan, har hafta ma’lum miqdorda bepul non bilan ta’minlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Viloyat bandlikka ko‘maklashish bosh boshqarmasi esa ayolning ish so‘rab yozgan murojaatidan so‘ng unga viloyat Sil kasalliklari shifoxonasidan ish o‘rni yaratib bergan ekan. Bular haqida bexabarligimiz bois Naimaga “shundaymi?” deya yuzlandik, u tasdiq ohangida boshini qimirlatdi. So‘ng Kitob tuman hokimligiga qo‘ng‘iroq qildik. Ular mazkur oila yashashi uchun ilgari harbiylar istiqomat qilgan binodan turarjoy ajratib berishganini, lekin Naimaning o‘zi bunga ko‘nmay, ikki-uch marotaba yashash xonalarini o‘zgartirib ketganini aytishdi. Ayol esa buning sababini kurakda turmaydigan bahonalar — balkon ochiqligi, kaptarlar uya qurgani, xonalar ta’mirtalabligi bilan izohladi. Hatto, mahalla va hokimlikdan vakillar kelib, qaynonasi uyidan ikki xonani ayol va bolalari uchun ajratib olib berishsa-da, Naima ertasigayoq “qaynonam meni o‘ldirib qo‘yadi”, degan iddao bilan uydan chiqib ketibdi. Xullas, har gal bir mutasaddi bilan bog‘langanimizda, Naima berkitayogan bir haqiqat yuz ko‘tarar edi. 

Shundan so‘ng ayolga so‘z qotdik: “Nega bor gapni bizdan yashirdingiz? Avvalo, chakka o‘tganini bahona qilib ota uyini tark etishingiz shartmidi, nahot, otangiz, akangiz, qavm-qarindoshlaringiz tomni loysuvoq qilib berisholmadi? Yoki uysiz, darbadar, hali uning, hali buning eshigiga zorlanib yurishdan ko‘ra sharoiti haminqadar bo‘lsa-da, hokimlik ajratib bergan uyda yashasangiz bo‘lmasmidi?”. Buni qarangki, masala oydinlashgani sari Naimaning “tutqanog‘i tutar”, “sizlar ham o‘shalarning birisiz” deb tumsayib olardi. Afsuski, “qahramon”imizning dilidagi gap boshqa ekan, asl niyati — hech bir to‘lovsiz, hech qanday foizsiz tekinga uy olishni mo‘ljal qilgan ekan. 

Bizga ma’lum bo‘lishicha, birgina Kitob tumanining o‘zida 500 dan ortiq mana shunday oila istiqomat qiladi. Butun mamlakatimiz bo‘yicha hisoblanganda bu raqam tabiiyki yana ortishi turgan gap. Biroq kam ta’minlanganlarning hammasi ham Naima kabi “bersang yeyman, bermasang o‘laman” qabilida ish tutayotgani yo‘q-ku! Birovi yer chopayotgan bo‘lsa, birovi mol boqyapti. Yana biri oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Boriga qanoat qilib, halol mehnati bilan oila tebratyapti, bolalarini o‘qitib, uy qurib, orzu-havasini qilyapti. Kimdir tovuq, kimdir quyon boqib tirikchiligini tiklayapti. Hatto imkoniyati cheklangan odamlar ham yaratilgan shart-sharoitlardan oqilona foydalanib, halol rizq topib o‘z irodasi, sabr-bardoshi, harakati bilan jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lyapti. Tahririyatimizga kelib, oldin yig‘isi bilan insoniy tuyg‘ularni junbushga keltirgan, haqiqat ko‘z ochgach esa asl qiyofasini ko‘rsatib, boshqalar unga qilib berishga majburdek o‘zini tutgan bu ayol kabilar afsuski, topiladi. Ularni boqimandalik kayfiyatida yashovchilar deyish mumkin. Yo‘qsa, “bolalarimga qaragani odam yo‘q” deb tayyor ishga ham bormaslik mumkinmi? Eshikma-eshik yurib, hali unga, hali bunga “dod”ini aytishdan charchamaslik-chi?!

Ayol bilan o‘tgan uch soat vaqt biz uchun kerakli xulosalarni berib ulgurdi. Kelganida ma’yus tortgan ko‘zlar, so‘lg‘in chehrayu, tushkun kayfiyat o‘rnini ketar chog‘i do‘q-po‘pisali ohanglar, harakatlar egalladi. Ish stoli ustidagi qaychini olib, o‘ziga nimadir qilishga urinish harakatlari esa... “Tavba” deya yoqa ushlaydi kishi.

Kezi kelganda aytish joiz, tahririyatimizga keladigan aksar xatlar bilan tanishar ekanmiz, ularning tahrirtalab emasligi bizni o‘yga toldiradi. Gazetada ishlovchi muxbirlarning yozgani ham hali bo‘lim muharriri, hali mas’ul kotib yoki bosh muharrir tahriridan o‘tgachgina sahifa yuzini ko‘radi. Ayrim shikoyat xatlarini o‘qib, muallifga “kim yozgan buni”, desangiz, “o‘zim” deb turaveradi. O‘sha yerning o‘zida qo‘liga qalam tutqazib, ariza yozib ber, desangiz xat boshqa birov tomonidan yozilganiga hech shubha qolmaydi. Shunda o‘yga tolasan, kishi, balki bu kabi jurnalistik materiallardan-da a’lo, bexato yozilayotgan shikoyat va murojaat xatlarining qalami birdir. Bundan “oqilona” foydalanayotgan qaysidir “mirzo”larning bozori chaqqon, kasbi “maktub bitish”dan o‘zga narsa emasmikan?! Yoki bir shikoyat xatiga birvarakayiga 10-15 ta davlat organi nomini qayd etib, ularga ketma-ket jo‘natish bir o‘yin bo‘ldimi?! Aslini olganda, o‘sha muammo quyi davlat organining o‘zida hal etsa bo‘ladigan masala. Lekin sabrsizlik, betoqatlik oqibatida yuborilgan bu kabi shikoyat xatlari deyarli har bir tashkilot ish stolida topiladi. Vaholanki, qaysi davlat organi bo‘lmasin, ularni qonun doirasidagina o‘rganishga majbur. Endi o‘zingiz o‘ylang. O‘nlab davlat va nodavlat idoralari fuqarolardan kelayotgan yuzlab shu kabi ariza va shikoyatlarni qonun doirasida ko‘rib chiqishi uchun bu ishga mas’ul mutasaddilarning qo‘li “band” bo‘lib qolmaydimi?  Umrning o‘z vaqtida bajarishi lozim bo‘lgan ishlari orqaga surilmayaptimi?! Afsuski, shunday. To‘g‘ri, fuqarolarning murojaati hech kimga og‘irlik qilayotgani yo‘q. Agarki, ular mantiqli asoslarga ega bo‘lsa, har bir mutasaddi rahbar yordam berishga tayyor. Ammo boshi keti yo‘q asossiz da’volarga chek qo‘yish, qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish vaqti kelmadimikan. Balki fuqarolarga bir xil qolipdagi “diydiyo” arizalarni yozib beradigan qitmir “mirzo”larning jilovini tortib qo‘yish kerakdir. 

Hayot qiyinchiliklari bilan go‘zal, turmush nomi bilan “musht”. Taqdirning sinovlarini sabr-bardosh, halol mehnat va harakat bilan yenggan ongli insonlargina havasli hayotga yetadi. Biz bu bilan Naimani qoralamoqchi yoki u kabi idoralarga birvarakayiga quloch enli shikoyat xatlarini bituvchilarni tanqid qilmoqchi emasmiz. Faqatgina bu kabi murojaatchilarimiz o‘z yukini birovlarning yelkasiga qo‘yish illatidan xalos bo‘lishlarini, o‘zi uchun o‘zi ham ozgina jon kuydirish, harakatda bo‘lishlarini aytmoqchimiz, xolos. Murojaat qilishdan charchamay, idorama-idora nolib, shikoyat qilib yurishga ketkazilgan vaqtni biror foydali ishga sarf etsalar, avvalo, o‘zlariga yaxshi bo‘lmaydimi?!

Qo‘l bilan berganga qush ham to‘ymasligini, muqaddas kalomlarda ham dangasalik, tilanchilik, to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, birovlarning qo‘liga qarab yashash qoralanishini ular ongiga yetib boradigan tarzda ko‘p va xo‘b tushuntirishimiz, shunday kayfiyatdagi murojaat egalarini esa faol va foydali mehnatga yo‘naltirish, ularni mamlakatimizda keng quloch yozayotgan tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish payida bo‘lishimiz kerakka o‘xshaydi. 

Aytgancha, yaqinda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirdan chiqdi. Undagi o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endi murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansalorlikka yo‘l qo‘yilmaydi hamda takroriy murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi ham o‘zgacha bo‘ladi. Ya’ni ushbu qonunning 30-moddasiga binoan “agar takroriy murojaatlar yangi vajlar yoki yangidan ochilgan holatlar keltirilmagan bo‘lsa, ilgarigi murojaat materiallarida esa tekshiruvlarning to‘la-to‘kis materiallar mavjud bo‘lsa va murojaat qiluvchiga belgilangan tartibda javoblar berilgan bo‘lsa, murojaatni ko‘rib chiqish tugatilishi” qayd etilgan. 

 

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.