Bolalar nega hayratlanmay qo‘ydi?

Bugun tilimizda bolalar bog‘chasi, bolalar do‘koni, bolalar shifokori degan iboralar ko‘p qo‘llaniladigan bo‘ldi. Demak, bolaga e’tibor kuchaydi. Endi bolalar do‘koni bolalarga moslashgan kiyim-kechaklar bilan savdo qilishga ixtisoslashgan yoki bolalar shifokorida kichkintoylarning sihat-salomatligiga oid bilimlarni mukammal o‘rganishga zaruriyat tug‘ilgan bo‘lsa, bolalar tarbiyachisi oldida ham ulug‘vor vazifalar turibdi. Shunga qaramasdan, negadir farzandlarimizni moddiy jihatdan to‘la-to‘kis ta’minlashga e’tibor qaratamizu qalb tarbiyasiga kelganda sustkashlik qilamiz. Faqat oilada emas, bog‘chalarda ham ahvol shu. Bog‘chaga pul, o‘yinchoqqa pul, gulga pul, supurgiga pul, chelakka pul yig‘ish bilan kunlar, oylar, yillar suvdek oqib ketyapti. Lekin bolalar qaysi kitobni o‘qishni xohlashi, qanday qo‘shiqlar tinglashni yoqtirishi, nimaga qiziqishi masalasi hali-hamon orqa rejada.

Besh-olti yoshli bolakay nimani ham orzu qilishi mumkin, deydiganlar ham topilar. Lekin insonning kimligi, nimalarga qodirligi orzu-maqsadlarining katta-kichikligiga bog‘liq. Hamma davrda ham shunday bo‘lgan. Bir paytlar ota-bobolarimiz uchar gilamlarda uchishni orzu qilgan. Bu — zamonlar oshib samolyot yoki raketa kashf etilishiga turtki bo‘lganligi endi ravshanlashdi. Bugun ham ko‘p narsalarni yangilash, o‘zgartirish uchun qo‘l yetmas orzularga katta ehtiyoj seziladi. Ochig‘i, hozirgi bolalar o‘z interneti va TVlari atrofida girdikapalak bo‘lib, orzular qanotida yashashni maqsadsiz mashg‘ulot deb bilayotgani borini ham yo‘qqa chiqarmoqda. Hozir chillak, oshiq o‘yinlar, bir lippasiga non, birisiga kitob qistirib dalaga qo‘sh haydagan, boringki, ko‘chada tol shoxidan ot minib chopib yurgan shumtakalar qayoqda deysiz, ularga hatto opa, akalarining pinjiga kirib ertak yoki she’r tinglash xuddi bekorchilikdek tuyuladi. Bunga, avvalo o‘zimiz aybdormiz. Ulardan qo‘g‘irchoq yasashga o‘rganib qolganmiz. Bola yo‘rgakdan chiqmasidanoq avtomatik ravishda yaxshi daromad qiladigan, aniqrog‘i, “soqqa”li biror kasb-hunarni egallashi yoki hamma qatori o‘z foydasini ko‘zlaydigan inson bo‘lishini xayoldan o‘tkazamiz va ulg‘ayguncha buni qulog‘iga quyib boramiz. Ular bankir desa boylikni, sud’ya desa o‘ziga bino qo‘ygan amaldorni, san’atkor desa mashhurlikni ko‘z oldiga keltirishining boisi ham shunda. Orzu faqat nom chiqarish yoki boyib ketish uchun qilinmasligi kerak. Bir tarafdan, mamlakatimizda qancha boy-badavlat, o‘ziga to‘q, mashhur kishilar ko‘paysa, iqtisodiyoti mustahkam millat sifatida oyoqqa turamiz. Ammo moddiy boyliklar ma’naviy ne’matlar bilan boyisagina, insonga naf keltiradi. Afsuski, hozir ko‘pchilikning fikri-zikri faqat pul topishda. Foyda ortidan quvib, bozorga solinmagan narsa qolmadi hisob. Oddiy insoniy munosabatlar ham pul bilan o‘lchanadigan bo‘lib ketgan. Ko‘pchilik dang‘illama uylari, zamonaviy mashinalariga mahliyo bo‘lib yuribdi. U yoq-bu yoqdan gaplashadigan bo‘lsak, darrov zerikib qolamiz. Bolani hali bola, bolaligi bor-da, dermiz, lekin ayrim kattalarimiz ham umrida birorta kitobni boshidan-oxirigacha varaqlaganda, hech bo‘lmasa, jamoat joylarda so‘kinib gaplashish uyat ekanini anglab yetgan bo‘lardi. 

Bir kuni qozi afandidan so‘ragan ekan:

– Qani, xo‘ja Nasriddin, ayting-chi, shu turishimga menga qancha baho bergan bo‘lardingiz?

– Ming tanga!

– Labbay?! Egnimdagi manavi birgina zarbof to‘nim ming tanga turadi... – undan jahli chiqibdi qozi.

– Taqsir, menam shuni hisobga olib baho beryapman-da, – degan ekan istehzo bilan afandi.

Bu bilan kimnidir g‘ashiga tegish niyatidan yiroqmiz, biroq, orzu nimaligini bilmay o‘sayotgan bolalar qalbiga hech qachon kasod bo‘lmaydigan qadriyatlarimizning bebaholigini singdirib borishdir. Avvallari aql bovar qilmaydigan orzular kamolotning eng yuqori cho‘qqisi hisoblansa, hozir buning aksi fe’l-atvorimiz, tafakkurimiz, axloq-odobimizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazyapti. Masalan, birovning dilini og‘ritish, bema’ni hoyu havaslarga berilish, har xil buzg‘unchi g‘oyalarga chalg‘ib, o‘z erkin hayotini qo‘ldan boy berayotganlar ham yo‘q emas. To‘g‘ri, bugun turmush darajamiz balandlab boryapti. Biz yuksak orzular bilan yashagan, nasl-nasabi tayin, o‘tmishi buyuk, ertasidan umidi katta elning bolalarimiz. Shunchaki lof-qoflar, palag‘da fikrlar, soxta munosabatlar va sayoz bilimlarga aldanib qolmasligimiz kerak. Deylik, boylik degan yerda o‘z yurtini tashlab, o‘zga yerlarda sargardon bo‘lib yurganlar topgan pulining necha foizini bolalarining sog‘lig‘i, bilimi, kerakli tillarni o‘rganishi, asosiy fanlarni egallashiga sarflayapti? Qorni to‘q, ust-boshi but bolalarimiz-chi? Savodxon, bilimdon bo‘lish uchun yaratilgan shuncha shart-sharoitlardan qay darajada foydalanyapti? Axir, insonni inson qiladigan, ta’bir joiz bo‘lsa, hayvondan ajratib turadigan vosita bu uning ma’naviy qiyofasi-ku!

Yurtimizda ta’lim sohasini tubdan o‘zgartirish, yangiliklar olib kirish uchun zamon talablari asosida o‘qitishga alohida e’tibor berilayotgani bejiz emas. Ehtimol, zamonaviy texnikalar jadal o‘sib borayotgan bir paytda yerdan turib, yulduzlarni uzish kimgadir xayoliy gapdek tuyular, lekin hayotiy orzularimizning ham ko‘zi ochiq bo‘lishi kerak-da! Ayniqsa, farzandlarimizning orzu-istaklarini o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘lga boshqarmasak, turli xil global tarmoqlar aql-hushini o‘g‘irlab qo‘yishi mumkin. Umrida ko‘rmagan kishilar bilan yaqin muloqotda bo‘lib, o‘z Vataniga xiyonat qilishgacha boradigan bitta farzand butun millatni isnodga qoldirishi hech gap emas. Bu gaplarni aytishim barcha yoshlarimiz qandaydir bekorchi ishlar bilan mashg‘ul, deb bilganimdan emas, ularni ulkan orzular bilan yashab, yuksak ilm cho‘qqilarini zabt etishini juda-juda istardim. Hozir qaysi boladan orzulari haqida so‘ramang, hammasi birvarakayiga qo‘shiqchi yoki sportchi bo‘lishini aytadi. Bog‘cha, maktabda shundan boshqa to‘garak bo‘lmagandan keyin nima qilsin?! Dunyoda bundan boshqa sohalar ham ko‘p-ku! Masalan, ayni paytda barcha shahar, tuman, qishloqlarimizda zamonaviy texniklar, muhandislar, aloqachilar, mashinasozlar, kompyutersozlar, yo‘l quruvchilari kabi yuzlab kasb-ixtisosliklarga talab kundan-kunga ortib bormoqda. Ilm-fanimizdagi bunday yangiliklar Vatanimizning siyosiy, iqtisodiy, harbiy texnika salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, Germaniya, AQSh, Rossiya, Xitoy davlatlarida yoshlar e’tiborini ko‘proq texnik bilimlarga qaratadi. Ayniqsa, Yaponiyada boshlang‘ich sinfdan bola o‘zi qiziqqan soha bo‘yicha biror yangilik yoki kashfiyot qilmasa, yuqori sinfga o‘tishiga ruxsat berishmaydi. Axir, o‘zimizda ham yaxshi niyat bilan qanchadan-qancha akademik litsey, maxsus fanlarga yo‘naltirilgan maktablar ochilgan. Nega adabiyot, sport va san’atdan boshqa sohalar dunyoni o‘ziga qarata olmayapti? Astronomiyada butun olamni hayratda qoldirgan Beruniy, Ulug‘bek singari ulug‘ allomalarimizning yelkalari uzra jahonga boqayotgan bo‘lsak, bolalarimizning olamshumul kashfiyotlar qilishiga nima xalaqit beryapti? Menimcha, muallimlar bolalardan insho olayotganda, “sening orzuing nima, uni ro‘yobga chiqarish uchun biliming yetadimi”, degan savol ustida bosh qotirmay qo‘ydi. Bola darsdan qochsa ham ota-onalar uni surgab maktabga olib borish o‘rniga “shuncha o‘qiganing yetadi, endi pul top”, deb bozorga chiqarib yuborgan holatlar kammi? Kattalarning shunday munosabati natijasida bola maktabga borish yoki bormasligini o‘zi hal qiladigan darajada erkinlikni qo‘lga kiritdi. Tarbiyasi o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Chunki ilm mashaqqatli yo‘l. Bu oila bekalari, muallimlardan katta mas’uliyat, bilim va e’tiborni talab qiladi. Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabi qalbda qolish uchun qanchadan-qancha tonglarni bedor o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Bunga sabrimiz yetarmikan? Bilaman, to‘g‘ri gap hech kimga yoqmaydi, lekin bizni egrilik jariga uloqtiradigan narsa – bu bilimsizlik, nodonlik va savodsizlikdir. Achchiq bo‘lsa ham tan olaylik, bolalarimizga biror kitob o‘qitish azobning o‘zginasi, hech kimning gapini qulog‘iga ilmaydi, hech narsa haqida bosh qotirgisi kelmaydi, tayyorini yeb, ichib, kiyib o‘rgangan, orzulari ketidan yugurib yashayotganlar kammi? Shundan kasb-hunar kollejlarini bitirgan qanchadan-qancha mutaxassislar o‘z sohasi bo‘yicha mukammal bilimga ega bo‘lmagani sabab o‘zini boshqa tomonga urib ketyapti. Yoki bozorda arava sudrab yurgan bolalarning orzulari yo‘q deb o‘ylaysizmi? Ular ayni bilim oladigan paytda bozorda nima qilib yuribdi? Nega ularning orzulari Otchopardan nariga o‘tmayapti? 

 

Nazarimizda, ta’lim sifatini yaxshilash uchun maktablarning o‘n bir yillikka o‘tkazilgani ayni muddao bo‘ldi. Endi intizom talablari ham o‘zgaradi. Bolalarimizni orzulari maydalashib, siyqalashib, chuchmallashib ketishga yo‘l qo‘yilmaydi. Har holda, biz shuni jon-dilimiz bilan orzu qilib yashayapmiz. Nima bo‘lganda ham, ularning ko‘ngil mayllari, xohishu irodalaridan kelib chiqqan holda kasb-hunar tanlashiga yordam berishimiz kerak. Millat saodati, tinchligi har jihatdan shunga bog‘liq. 

Adiba UMIROVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.