SUVRAT VA SIYRAT

Zulfiyaxonim ulug‘sifat liboslarda, qish kunlari yelkaga ro‘mol tashlab yurishni yoqtirardilar. Baland bo‘yli, sarviqomat, payvasta qoshli, oqish bug‘doyrang yuzlarining tarxi nozik, qirraburun, keng peshonali, kulganda katta ko‘zlari charaqlab ketadigan maftunkor ayol edilar. Kiyikday yengil va shaxdam, biroz mag‘rur va salobat bilan qadam tashlardilar. Oppoq yoki qaymoqrang plashchlari o‘zlariga yarashib turardi. Sakson yoshga kirganlarida ham yelkalari bukchaymagan, did bilan tikilgan uzun paltolarining yoqasi va yenglaridagi mo‘ynasi o‘zlariga yarashib, yanada ko‘rkam va latofatli ko‘rsatardi.

 

Liboslarining rang­lari bir-biriga mos uyg‘un edi. Ko‘pincha materiallarni birga o‘tirib tahrir qilardik. Razm solsam, barmoqlariga yarashgan qalam rohat qilganday tuyulardi menga. Umr bo‘yi qalamga sir ayt­gan bu qo‘llar dutor chertadigan barmoqlarday nozik va baxmalday mayin edi. Musavvir Chingiz Ahmarov shoiraning portretini tasvirlar ekan bu nafis barmoqlarni chizishga necha kunlar vaqt sarf­lagan deyishadi.

Zulfiya opa bizlarga qanday kiyinish, qaysi anjumanda qanday she'r o‘qishni o‘rgatib charchamasdilar. Ustoz sermulohaza, sezgir, fikrati yorqin, dilkash suhbatdosh edilar. Bitta gapingizdayoq maqsadingizni tushunar, fikringizni hurmat qilardi, yuzingizga qaraganda mehr va tabassum dilingizni yayratardi. Ikki og‘iz suhbatlashgach orada samimiyat va ajib bir dildorlik tug‘ilardiki, yuragingiz kengayib, fikrlaringiz boyib, shoiraga ixlosingiz ortib, bu suhbat hech tugamasa, deb orzu qilardingiz.

Mualliflarga odob va nazokat bilan muomala qilishni, yordam so‘rab kelganlarni noumid qilmaslikni talab qilardilar.

 Qabulxonada chaqqon kotiba o‘tirsa ham ustoz tahrirdan chiqqan materiallarni o‘zlari bo‘limga olib chiqardilar. Xonamizga Zulfiyadan nur taralardi, jannatning iforlari kelardi shoiramdan.

Opa qalin sochlarini oddiygina qilib, orqaga turmaklab yurardi. Umrining oxirigacha shunday sodda va zebolikda qoldi. Zebu ziynatlarga qiziqmadi.

Hamon mulkimdagi siymu zarim - she'r deganlari unga qanchalar yarashardi!

Zulfiyaxonimni xonadonida shoira qizlar, jiyanlari qurshovida ko‘rardik. Jiyanlari Gulchehraxon, talaba qizlar Gulsumoy, Yulduzxon, Sayyoraxonlar opaning qanotida hayotni tanib, issiq mehr ko‘rib yayrab yurishardi.

Qarindoshlarining mushkullariga og‘rinmay yelka tutardi u. Tug‘ilgan kunlarda nafis, chiroyli sovg‘alar tuhfa etar, kitoblariga she'r bilan go‘zal dastxatlar yozib berardi. Akalari - Qodirjon otaning nevarasi Gulchehraxonni qizlariday suyub, erkalardi.

- Bir kuni, deya eslaydi Gulchehraxon. - Zulfiya ayajon ertaga mehmon keladi, tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak, dedilar. Ayamga, siz damingizni olavering, dedim. O‘sha kechasi tonggacha norin tayyorlab qo‘ydim. Ayam judayam xursand bo‘ldilar. O‘sha kuni menga bir she'r o‘qib berdilar. Bu senga bag‘ishlangan, sovg‘asini keyin qo‘shib beraman, dedilar. O‘sha she'rni 1994 yili oq qog‘ozga ko‘chirib, sovg‘a qildilar.

Ushbu she'rni Gulchehraxon Shoumarova ko‘z qorachig‘iday asrab keladi.

Qodir akalarining qizlari Munavvarxon ayani o‘z singillariday yaxshi ko‘rardilar. Uning har bir so‘zidan, nozli va samimiy qarashlaridan mehr yog‘ilib turardi.

“Mening yolg‘izgina singlim Munavvarjon!

Senga va farzandlaringga yangi yil muborak bo‘lsin! Tinch - osoyishtalik va ahillik,  vaqtixushlik yili bo‘lsin.

Munavvarjon! Farzandlar katta bo‘lgan sari onaga qanchalik qiyin bo‘lishini yaxshi bilaman. Shukur, bolalaring aqlli, hushlik. Lekin har bir inson o‘z xarakteri bilan tug‘iladi. Katta bo‘lgan sari bu xarakter yuzaga chiqa boshlaydi. Bu tabiiy. Biz onalar shuni tushunib, ularga tushuntirib, og‘ir bo‘lib yashashimiz kerak. Farzandlarni har yoqqa tarqatib yuborish kerak emas. Mumkin qadar o‘zimizni hurmat qilishga o‘rgatishimiz kerak. Bu esa ularni ham hurmat qilish demak. Ikkinchi o‘g‘ling ham ketaman, dermish. (O‘qchiliklardan eshitdim.) Qo‘yma. Yoningda bo‘lsin. Bir so‘zlasharmiz.

Zulfiya.

1979.”

Ustoz birovlarga qiyinchilik tug‘dirishdan, o‘zgalarni bezovta qilishdan xijolat bo‘lardilar. Ish yuzasidan ba'zan keskinroq gapirib qo‘ysalar, birpasdan so‘ng xonamizga kirib ko‘nglimizni olar, dildan suhbatlashar, dildagi g‘uboringiz tar­qab ketardi. Ko‘ngilga yo‘l topishni bilardi aziz Zulfiyamiz.

Ularda mardona jo‘mardlik, aslzoda viqor, tozalik va go‘zal samimiyat bor edi...

 Oydin HOJIYEVA,

O‘zbekiston xalq shoiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

March 2019
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.