YOLG‘IZ YASHASHGA SABAB NIMA?

Matbuotda oila mavzusi yoritilgan maqolalarni, o‘z baxtini izlab, tahririyatlarga murojaat qilgan insonlarning e’lonlarini kuzatib boraman. Qirq yoshdan oshib qolsa ham turmush qurolmayotgan erkak va ayollarning hayotini o‘ylab, ularga chin ko‘ngildan achinaman. Ilgari “Bir yaxshiga bir yomon”ni topishtirib qo‘yadiganlar ko‘p bo‘lardi. Hozir-chi, hozir ham shunday degimiz keladi, lekin dalillar boshqa narsani ko‘rsatmoqda. Bugun erkak va ayolning boshini qovushtirishga sababchi bo‘ladigan kishilar, ko‘p hollarda savob degan tushunchadan ko‘ra “javobgarlik” mas’uliyatidan qochib, “menga nima” qabilida ish ko‘radigan bo‘lib qoldi.

 

 Oilali bo‘lib yashash yolg‘iz yashagandan ko‘ra yaxshi ekanligi allaqachon fanda va hayotda o‘z isbotini topgan. Shunday ekan, taqdirning o‘zi iskanjasiga olgan bunday insonlarga loqayd bo‘lib turish insofdan bo‘larmikin? 

Hayotga razm solinsa, ayniqsa, oila qurmagan erkaklar o‘z yelkalariga og‘ir malomat yukini ko‘tarib yuradi. Tibbiy jihatdan qarab chiqilsa, turli kasalliklardan vafot etish hodisalari ular orasida juda ko‘p uchraydi. Ichkilikka ruju qo‘yish, parishonxotirlik, yo‘l harakatini buzib, falokatga uchraganlar soni ham yolg‘izlarda ancha yuqori. Uylanmagan yoxud oilasi bilan ajrashib, boshqa turmush qurmagan erkaklar orasida o‘z joniga qasd qilish hodisalari ham bor. Agar uzoq umr ko‘ruvchi kishilar ro‘yxati tuzilsa, bu ro‘yxatda yolg‘iz kishilar soni kam uchraydi. Umuman olganda, o‘lim hodisasi yolg‘izlarda ko‘proq uchrashi aniq fakt. Yakka-yolg‘iz yashovchi ayollarga kelsak, ular o‘z hayotini bo‘ydoq erkaklarga qaraganda, kamroq fojialar bilan o‘tkazisharkan. Ularning o‘rtacha umr ko‘rishi ham oilali ayollarning o‘rtacha umridan unchalik farq qilmasligi ma’lum bo‘ldi. Bundan xulosa shuki, erkaklar uchun yolg‘iz yashash hayotdagi barcha qiyinchilik va g‘am-tashvishlardan ko‘ra ham og‘irroq kechadi. Shu sababdan ham ilgarilari ayolidan judo bo‘lgan erkakning o‘g‘illari yoki yaqinlari tezroq qayta turmush qurishga da’vat qilishgan. Bugun esa beva erkakning holiga voy. Negaki, o‘g‘il-qizlari otalarining uylanishini xayollariga ham keltirishmaydi. Uy-joy, mol-mulk masalasi o‘rtaga qo‘yilib, qarigan chog‘da “uylanishga balo bormi” deb yozg‘irishlar odat tusiga aylangan. 

O‘zbekchilik juda yaxshi, unda iymon-e’tiqod, yuksak axloqiy jihatlar bor. Lekin uning ba’zi zararli jihatlari  ham yo‘q emas-da! Aytaylik, aksariyat kishilar odamlar eshitsa nima deydi, deb, o‘z holini elga oshkor qilishdan iymanadi. Ayrim bo‘ydoqlar esa o‘z “erkinlik”larini oilaviy hayotga almashtirishga rozi emaslar. Ularning bo‘ydoqlikda yashashlariga sabab omillar masalasi jamiyatimizda tuzukroq o‘rganilgan emas. 

Yolg‘iz yashovchilarning ko‘payishiga bugungi xotin-qizlarimizning iqtisodiy va ma’naviy jihatdan mustaqillikka intilishlari ham bir sababdir. Bundan xulosa shuki, odamni yolg‘izlikka undaydigan boshqa sabablar ham mavjud bo‘lsa kerak. Xuddi mana shu holat bizni chuqurroq mulohaza qilishga undaydi. 

Oila qurmay, yoshini o‘tkazib yuborgan yolg‘izlar bilan suhbatlashsangiz, ularning ko‘pchiligi hech qachon o‘z taqdiridan nolimaydi. Hatto ba’zilari o‘z ruhoniyatini nihoyatda baland tutadi. Odatda bunday kishilar ko‘pincha, biror ishga qattiq ko‘ngil qo‘ygan bo‘ladi. Ularning ehtiroslari, o‘y-fikrlari, intilishlari mana shu ishga qaratilgan. Bunday kishilar ba’zan fan, madaniyat, san’at arboblari, harbiylar, o‘qituvchi va muhandislar orasida ham uchrab turadi. Ular  sevgan kasblari bilan bolalar tarbiyasini birga qo‘shib olib borolmaydi. Shu bois ular shu ikki yo‘ldan birini o‘zlaricha tanlab oladi. Nazarimizda, ishdagi muvaffaqiyatlar ularga kuch-qudrat, birdamlik va quvonch baxsh etsa kerak. Qisqasi, bunday kishilarning ishdan bo‘lak ovunchog‘i yo‘q. Yuqorida keltirib o‘tilgan hamda quyidagi misollar shuni tasdiqlaydiki, hayotdagi har qanday hodisa to‘g‘risida chuqurroq o‘ylab ko‘rish zarur bo‘ladi. 

Keling, yolg‘izliklari tufayli baxtsiz bo‘lib qolgan kishilarning ahvoli, xulq-atvorlarini kuzatib ko‘raylik. Birinchi toifa yolg‘iz kishilar oila qurishni, o‘zlari xohlasalar ham sira uddalay olmaydi. Ularga oiladan gap ochsangiz, jahli chiqib, tutoqib ketadi. Tag‘in bir toifa kishilar borki, ular o‘z oilasiga ega bo‘lishni xohlamaydi. Aytib o‘tilgan toifalarning oxirgisiga biror narsa deyish qiyin. Negaki, bunday kishilarda oila qurishga istak yo‘q. Bu vajlarning tagida ko‘pincha jiddiy jismoniy nuqsonlar yotadi. Birinchi toifa bo‘ydoqlar soni yolg‘izlar orasida kengroq tarqalgan. Ular tabiatan tortinchoq, jur’atsiz kishilardir. Bundaylar ayollar orasida yanada ko‘proq uchraydi. Ular o‘yin-kulgi qilinayotgan davralarda ham bir chekkada bekinib, uyalib o‘tirishadi. Boshqalarga umuman sezilmaydigan kamchiliklarini ham o‘zlaricha muhim sanab, o‘zgalardan yashirib o‘tiradi. Shu sababli bu xildagi erkak yoki ayol o‘zlarining shaddod tengdoshlaridan orqada qolganini sezmaydi. 

Turmushga chiqa olmayotgan qizlar xayolida doimo “ideal” erni qidirib bekorga ovora bo‘ladi. Bunday ayollar turmushga chiqqudek bo‘lsalar ham o‘z jufti xalollariga sira yon bosmaydi va tez ajrashib ketadi. Yoshlari qirqqa yaqinlashib qolgach, bu “qariqiz”lar yordam berishni so‘rab, tanishuv xizmatlariga murojaat qila boshlaydi. Turmush qurmay kelayotganlar orasida ota-onasining yagona, sevimli farzandi bo‘lganlar ham uchraydi. Ular ota-onasining issiq bag‘ridan ajralishni fojia deb biladi. Ularning ko‘ngliga qarasangiz, o‘zlari o‘rganib qolgan turmush tarzini o‘zgartirmaslikni xohlaydi. Mabodo, turmushga chiqsa ham haqiqiy uy bekasi bo‘lib, ro‘zg‘orni tebrata olmaydi. Bundaylar ro‘zg‘orini ota-onasining ko‘rsatmasi bilan boshqarib boradi. O‘z onajonlarining erkatoyi bo‘lgan bu qizlarning erdan chiqib, ota uyiga qaytib kelishi tez-tez uchrab  turadi. 

Oilaning haqiqiy bahosi va qadrini biladigan, bolaligidan oila bag‘rida o‘sgan yoshlar oila qurishga intiladi. Xotin-qizlarda onalik instinkti, erkaklarda otalik tuyg‘usi kuchli namoyon bo‘lishi uchun ular bolalikdanoq o‘z ota-onalarining g‘amxo‘rliklarini his qilishlari kerak. 

Afsuski, oila qurishdan qat’iyan voz kechgan erkak va ayollar ham yo‘q emas. Ular orasida o‘qimishli, salomatligiga e’tibor beradigan kishilar ham bor. Ularning fikricha, go‘yo so‘qqaboshlar oilalilarga nisbatan o‘z ishi bilan jamiyatga  ko‘proq  naf yetkazarmish. Holbuki,  mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti va qudrati oilalarda dunyoga keladigan va tarbiya topadigan odamlarning soniga bog‘liq! Oilaviy hayotning lazzatini his qilmagan kishilarga buni qanday tushuntirish mumkin? Shaxsan men o‘zim arzimagan bahonalarni ro‘kach qilib turmush qurmagan kishilarni bilaman. 

Masalan, o‘tgan asrning 90-yillari boshida o‘zim ishlaydigan institutda 35 yoshlar chamasidagi bir ayolning yolg‘iz yashab kelayotganidan xabar topdim. Oq yuzli, kelishgan bu ayolning turmush qurmay kelayotganini ko‘rib, yigitlarning ko‘zi qaerda ekan, deb xafa bo‘lib ketdim. Bilsam, uning turmushga chiqmasligiga o‘taketgan shallaqi, suyuqoyoq onasi sababchi ekan. Onasining fe’li-yu, utumlaridagi dog‘lar qizning baxtini bo‘g‘ib qo‘yibdi.

Yana bir toifaga oid bo‘ydoqlarga misol keltiray. Adabiyotsevar bir hamkasbimnikida mehmon bo‘lib qoldim. Uning qirqlarga yaqinlashib qolgan o‘g‘li bilan tanishdim. U kibernetika institutida ishlab olim bo‘libdi. Biroq hanuz oila qurmay kelayotganini eshitib, ancha sergak tortdim. Unga tezroq uylanishni maslahat berdim. U esa oila qurish menga to‘g‘ri kelmaydi, hali yana ilmiy ishimni davom ettiraman, dedi. Bir-ikki yildan keyin ota-onasi birin-ketin vafot etib ketdi. Oila qurishni ortiqcha yuk deb bilgan  o‘g‘il esa hanuz bo‘ydoq. Men uni har safar ko‘rganda yo‘lga solishga urinaman, lekin... 

Oilaviy hayotni joyiga qo‘ya olmagan yana bir insonni  yaqindan bilardim. U 25 yoshda uylanib, ikki farzand ko‘rgach, ma’lum sabablar bilan xotini bilan ajrashib, Toshkentga kelgan. Shaharda uch xonali kvartirasi, tagida mashinasi bor. O‘zi obro‘-e’tiborli shifokor. Biroq mana o‘n besh yil o‘tibdiki, hanuz yolg‘iz. Bu haqda gap ochsangiz, qizishib xafa bo‘ladi. Unga  qarab turib, uning ayol zotidan qattiq ko‘ngli qolganmikan, degan xayolga borasan kishi. 

Xalqimizda “onasini ko‘rib, qizini ol” degan gap bor. Bizning bokira va bokaram qizlarimiz ota-ona ijozatisiz biror yigit bilan o‘zi topishib oila qurib ketmaydi. Odatda yigit bilan qiz doimo atrofdagilardan iymanib, tortinib uchrashadi. Ba’zi ota-onalar kuyov yetarli darajada badavlat bo‘lmasa, uni yaqiniga ham yo‘latmaydi. Kuyovni badavlat, toparmon deb bilsalar, ming xil tuzoq va qopqonlar qo‘yishga intiladi. Bularga sabab shuki, bizda hali ham molparast onalar yetarlikcha topiladi. Ayniqsa, Toshkentda bu juda ildiz otib ketgan. 

Oila qurish insonga Allohning buyuk marhamatidir. Uning ilohiy ne’matligini bolalarimiz yoshligidan tushunib borishi joiz.  Oila jamiyatning muhim bo‘g‘ini ekanini hamisha yodimizda tutish, farzandlarimizni oilaga mehr-muhabbat ruhi bilan tarbiyalash har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir.

Mahmud NAZAROV, 

filologiya fanlari nomzodi 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA ...

2017-12-13 05:47:42

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.