Talantning o‘zi kifoya qilmaydi, insof ham kerak!

“Adabiy asar yozish uchun, hech shubhasiz, talant kerak. Lekin yozilgan narsani o‘chirish, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldirish uchun talantning o‘zigina kifoya qilmaydi, insof ham kerak”.

Abdulla QAHHOR

 

KINONI OXIRIDAN KO‘RIB BO‘LMAYDI 

Bir tanishim gazetalarni orqa sahifalaridan boshlab o‘qishini aytganida ajablangandim. Yosh qalamkash Ahad Qayumning 2013 yilda “Dizayn-Press” MChJ nashriyotida chop etilgan “Aldangan qiz”, “Qizmi bu, kiyikmi bu?!”, “Meni yig‘latma, hayot!” va “Sevgidan kechmaydilar” nomli to‘plamlari qo‘limga tushib qoldi-yu, beixtiyor o‘sha tanishimning odatini eslab, ularni oxiridan varaqlay boshladim. “Sevgidan kechmaydilar” to‘plamining oxirida Ahad Qayumning 84 nafar qo‘shiqchi va rejissyor bilan (ularning ism-familiyalari, taxalluslari erinmay sanalgan) hamkorlik qilib kelayotgani aytilibdi. Xuddi shu satrlarni “Meni yig‘latma, hayot!”, “Qizmi bu, kiyikmi bu?!” to‘plamlari so‘nggi sahifalarida ham uchratish mumkin. “Mayli, qalamkash shuni istabdimi, yozaversin. “O‘-hu, shuncha tilga tushgan san’atkorlar uning she’rlarini qo‘shiq qilib kuylashsa, qani, yozganlarini o‘qib ko‘ray-chi”, — dedim. Chunki Ahad Qayumning yozganlarini o‘sha san’atkorlardan ayrimlarining qo‘shiqlari orqali eshitgandim. “Meni yig‘latma, hayot!” deb nomlangan 112 betli kitobda 151 ta she’r va 62 ta aforizm (deb taqdim etilgan fikrlar) berilgan ekan. 55 ta she’rda muallif o‘z ismini tilga olibdi. 

Adabiyotning fidoyisi bo‘lgan haqiqiy muharrirning qo‘liga tushganida kitob sifatida chop etishga noloyiq topilishi aniq bo‘lgan qofiyali tizmalardan ana shu taxallusgina yarq etib ko‘zga tashlanadi. Kitoblardagi ba’zi jumlalarni tushunmagan bo‘lsam, ayrimlarini o‘qib, labimga uchuq toshishiga sal qoldi. 

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, Ahad va unga o‘xshagan qalamkashlarda ayb yo‘q. Hamma ayb she’riyat qonun-qoidalarini bilmagan noshirlarda. O‘sha kitoblar muharriri savodli bo‘lganida, shoirga kamchiliklarini ko‘rsatgan, nuqsonlar bartaraf etilgan va pirovardida ijodkorning yuzi yorug‘ bo‘lardi. Xullas, kinoni oxiridan boshlab ko‘rib bo‘lmaganidek, gazetani ham, kitobni ham oxiridan o‘qib bo‘lmas ekan. 

 

XATONING KATTA-KICHIGI BO‘LMAYDI

Bizda qabul qilingan adabiy til me’yorlari bor, ular xuddi qat’iy rioya qilinadigan yo‘l qoidalari kabi amalda. Ularga rioya qilinmadimi, tartib buziladi. Axir, o‘zingiz o‘ylang: men o‘zimcha “til qoidalari”ni yaratsam, siz o‘zingizcha grammatika o‘ylab topsangiz, qanday bo‘ladi? Adabiy til degan istilohni qo‘llamay qo‘yaversak ham bo‘lar-a, nima deysiz?

Keyingi paytlarda ayrim matbuot va internet nashrlarida, kitob mahsulotlarida, ehtimol, e’tiborsizlik, balki adabiy til qoidalarini nazar-pisand etmaslik oqibatidadir, mana shu talabga amal qilinmayotganiga ko‘p bor guvoh bo‘lmoqdamiz. Xususan, so‘z yuritayotganimiz — yosh ijodkor Ahad Qayum kitoblarida ham bu me’yorlarni chetlab o‘tish hollari uchraydi. Biz Ahadning har bir she’rini tahlil etsak, shundog‘am semirib borayotgan maqolamiz yana ham shishib ketishi mumkin. Shu bois ulardagi eng ko‘p duch kelganimiz — bitta xato borasida qisqacha to‘xtalmoqchimiz.

Kitoblardagi aksariyat she’rlarda -ning qaratqich kelishigi qo‘shimchasining –ng qismi “tushib” qolgan. “Aldangan qiz” kitobidan misollar:

“Dilingni dilingga tengi borligin...”  (4-bet);

 “Seni bittagina shu yolg‘oning deb...” (21-bet);

“Bu odatini faqat o‘zining foydasiga hal bo‘layotganiga shubha qilmasdi...” (96-bet).

“Meni yig‘latma, hayot!” kitobidan:

“Baxtimni qaychilar yomonlar meni,

Atrofim o‘ragan yolg‘onlar meni...” (10-bet);

“Haromni ham me’yori bor deb,

Insoflisi bor deb shaytonni...”  (17-bet);

“Ruhlarini shod etaylik Navoiylarni...”  (41-bet).

“Sevgidan kechmaydilar” kitobidan:

“Oshiqlarim ko‘p meni...”  (19-bet);

“Dard har bir ildizin quritdi dilni...” (21-bet);

“Men umr deganda, bu dunyodan o‘tgandan keyingi uyg‘onish qimmatini qanchalik darajadaligini o‘lchab baho qo‘ygan bo‘lardim...” (97-bet);

“Gohida seni yoqtirmagan odamlarning, sen haqingda yaxshi fikr bildirishlari, bu boshqa hamkasbingni aybu nuqsoni ko‘pligidan kelib chiqadi” (98-bet).

“Qizmi bu, kiyikmi bu?!” kitobidan:

“Yaqinroq kel, suyganim meni...”  (23-bet);

“Ul malakni suygani...”  (30-bet);

“Sog‘inchni ko‘piyam yomon...”  (44-bet);

“Oshiq jonni da’vosini...” (48-bet);

“Bunday xatolar insonni o‘zini yeb bitiradi...” (95-bet).

Jonkuyar ustoz, taniqli adabiyotshunos Omonulla Madaev anjumanlarning birida “bejiz” so‘zini “bejizga” deb gapirgan notiqqa qattiq tanbeh bergan edi. Ayrimlar, ha endi, bitta “-ga”ni qo‘llash bilan nima o‘zgarardi, deyishi mumkin? Nima bo‘lardi, ma’no o‘zgaradi-da! Deylik, “mashinaga (mashina uchun) qoldi” bilan mashinada (mashinaning ichida) qoldi” o‘rtasida farq bor-a? Yoxud bir mashhur qo‘shig‘imizda “Xizmatingda bo‘lmasam seni, bolam dema, Vatanim, meni...” deyiladi. “Seni (tushum kelishigi bilan) undog‘ qilaman, bundog‘ qilaman” va “sening (qaratqich kelishigi) farzandingman” iboralari o‘rtasida ma’no jihatidan tafovut bormi? Modomiki, tilimizda “-ning” bilan “-ni” qo‘shimchalarining vazifalari alohida-alohida ekan, bunga rioya etish o‘zbek tilini hurmat qiladigan har bir shaxs uchun majburiy bo‘lishi shart, bizningcha... 

 

“YOTMAYDIGAN” KO‘NGIL

Kitoblardan o‘zim tushunmagan bir necha iqtibosni keltiraman. Balki Siz tushunarsiz? 

“Qizmi bu, kiyikmi bu?” kitobidan:

 “Ko‘z yasadim ko‘zim yoshidan...” (4-bet);

“Yurganimni ochib qara, ishonmasang...” (21-bet);

“Men seni har kuni ko‘zlaringda maktub bitishni istayman...” (92-bet);

“Har doim bir yangi she’r yozishni boshlasam, o‘ylab qolaman. Go‘yoki men she’rni emas, she’r meni yozayotgandek tuyuladi...” (95-bet).

“Meni yig‘latma, hayot!” kitobidan:

 “Yarim jonim o‘ynama hayot...” (7-bet);

“Tasodifan tug‘ilish mumkin...”  (59-bet);

“Sizni so‘rab mudom ko‘ngil yotmagay...” (74-bet);

“Meni tahlil qilmoq sengamas, bilsang...” (91-bet);

“Xazonlar qo‘shig‘ini tinglashga harakat qilganmiz, undan mozorlardan keladigan beayov ohang kelib turadi...” (101-bet).

“Aldangan qiz” kitobidan:

“Yaxshi kunda kiyilar ko‘ylak...” (66-bet);

“Ezar ekan insonning tishin...” (67-bet);

“O‘zga elni quchgan bilan, o‘z elimdan qochmaganman...”   (71-bet);

“Afsuski, bu hayot, ha, aniq hayot...” (77-bet);

“Xayollarim to‘zilib ketdi...” (78-bet).

“Sevgidan kechmaydilar” kitobidan:

“Tug‘ilgandim teskari...” (11-bet);

“Sevmayman marhumlikni...”  (16-bet);

“Yuragimni po‘choqlar...” (18-bet);

“Haqligimiz tan olmasdan tortishardi tishingiz...”   (28-bet).

Inson kuchli isitma ta’sirida nima deyotganini o‘zi anglolmaydi. Kitobdagi mazkur jumlalar ham xuddi shu holatga tushgan kishi tomonidan yozilganday. 

Mozorning beayov ohangi, ezilgan-tortishgan tish, po‘choqlangan yurak va marhumlikni sevish... Bunday beo‘xshov tashbehlar kishiga ma’naviy ozuqa yoki zavq bera olarmikin? Bu savolga, bu kabi turli-tuman “ijodkor”larning yozishmalarini qabul qilayotgan noshirlar javob berishi joiz. Sababi o‘sha she’rlarni o‘qigan muxlis, ayniqsa, she’r shunday bo‘lar ekan, deb xulosa chiqaradigan yoshlar uni boricha qabul qiladi va o‘zlari mehr qo‘ygan shoirga o‘xshab aljirab yurishadi. 

 

“OMMAVIY MADANIYAT” UNSURLARI(MI?)

Navbatdagi iqtiboslarni ko‘ngli bo‘shlar o‘qimasligini tavsiya qilamiz. “Aldangan qiz” kitobidan:

“Sizga o‘xshaganlarga” sarlavhali she’rida:

“... Ahaddayin o‘jarlar,

Qoningizni icharlar...” (57-bet).

“Xotin — fohisha emas” sarlavhali she’rida:

“Biling, eshak tezagi,

Tandirga o‘tin bo‘lmas.

Har kimga ko‘zin suzgan,

Aqlli xotin bo‘lmas” (91-bet).

“Sizda yigitlar ro‘yxati bormi?” sarlavhali she’rida:

“Ba’zi qizlar don sochsang,

O‘xshar dumsiz tovuqqa.

Pul sochsang, kiyimsiz ham,

O‘ynab berar sovuqda” (91-bet).

“Ochiq-sochiq yubkasida...” sarlavhali she’rida:

“Mashina to‘xtab qolar,

Ishlamasa motori.

Qizlar suykala boshlar,

O‘tmay qolsa bozori” (92-bet).

“Qalbi “ummon” yigitlar” sarlavhali she’rida:

“Bir yigit yuz yoshda uylanmay o‘ldi,

O‘limidan oldin vasiyat qildi.

— Ey bo‘ydoqlar, meni ahmoq demanglar,

Yuz yil umrim qizlar deb ado bo‘ldi” (92-bet).

 “Qizmi bu, kiyikmi bu?” kitobidan: 

“O‘shal yara yurakka singib,

Qonga o‘tib go‘shtga aylandi...”  (8-bet).

“Ruxsora” sarlavhali she’rida: 

“...Boshqalardan farqli ma’shuqlaring yo‘q...” (35-bet).

“Menimcha” sarlavhali she’rida:

“Itni vafo deydilar, xotinni jafo,

Bilmadim, bu gapni aytgan qaysi benavo.

Menimcha, u xotinini eplay olmayin,

Boshiga it kuni tushib, bo‘lgandir rasvo” (45-bet).

“Meni yig‘latma, hayot!” kitobidagi “Nega xiyonat qilding” sarlavhali she’rida:

“...Bor, o‘zingni os endi...” 

“...Bir it hidlagan gulsan...” (9-bet);

“Sog‘inch” sarlavhali she’rida:

“...Va barmog‘im teshaman bir oz,

O‘z qonimdan ichib olaman...” (48-bet).

 “Sevgidan kechmaydilar” kitobida:

 “Muhabbatni o‘rgatmang,

O‘zim yaxshi bilaman.

Ko‘cha to‘la qiz bo‘lsa,

Sevib nima qilaman”  (90-bet).

Bu xitoblar “ommaviy madaniyat” targ‘iboti va shafqatsizlik tashviqotiga o‘xshab ketadi. Chunki she’rlardagi “kiyimsiz o‘ynab berish”, “bozori o‘tmay qolgan qizlarning suykalishi”, “barmog‘ini teshib, qonini ichishi”, “ko‘cha to‘la qiz-ku, sevib nima qilaman” kabi “qonsiragan” va tiyiqsiz ifodalar yoshlar ongiga salbiy ta’sir qilmaydi, deb kim kafolat beradi? Mamlakatimiz birinchi rahbarining “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida shunday deyiladi: “Hozirgi vaqtda axloqsizlikni madaniyat deb bilish va, aksincha, asl ma’naviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bog‘liq holatlar bugungi taraqqiyotga, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solmoqda va ko‘pchilik butun jahonda bamisoli balo-qazodek tarqalib borayotgan bunday xurujlarga qarshi kurashish naqadar muhim ekanini anglab olmoqda. 

Bu haqda fikr yuritganda, bizning ulug‘ ajdodlarimiz o‘z davrida komil inson haqida butun bir axloqiy mezonlar majmuini, zamonaviy tilda aytganda, sharqona axloq kodeksini ishlab chiqqanliklarini eslash o‘rinli, deb bilaman. Ota-bobolarimizning ongu tafakkurida asrlar, ming yillar davomida shakllanib, sayqal topgan or-nomus, uyat va andisha, sharmu hayo, ibo va iffat kabi yuksak axloqiy tuyg‘u va tushunchalar bu kodeksning asosiy ma’no-mazmunini tashkil etadi, desak, o‘ylaymanki, xato qilmagan bo‘lamiz. 

Shu nuqtai nazardan qaraganda, uyat — o‘limdan qattiq, degan gaplar xalqimiz tilida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan, aksincha, bunday iboralar el-yurtimizga mansub ezgu va go‘zal axloqiy qadriyatlarning asl mazmunini ifoda etadi. 

Darhaqiqat, uyat va or-nomusini yo‘qotgan odam, Ahmad Yassaviy bobomiz aytganidek, xuddiki hayvon jinsiga aylanib qoladi.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning:

Oldig‘a qo‘yganni yemak — hayvon ishi,

Og‘ziga kelganni demak — nodon ishi, — degan chuqur ma’noli so‘zlari ham bu fikrni tasdiqlab beradi”.

 

MA’NAVIYAT MANFAAT SOYASIDA QOLMASIN

Ayni paytda “Dizayn-press” nashriyoti faoliyat yuritmayotgan ekan. Biroq qaysi nashriyot bo‘lmasin, “avval iqtisod, keyin siyosat” deganlaridek, mayli, birinchi navbatda moddiy manfaatdorligini o‘ylasin, bu davr taqozosi. Ammo o‘n marta moddiy manfaatdorlik o‘ylangan joyda yetti marta ma’naviy manfaatdorlik ham o‘ylab ko‘rilsa, badiiy jihatdan sayoz (nihoyatda nochor desa ham bo‘ladi), badiiy zavq bermaydigan “asar”larni nashr qilish keskin kamayib, kitobxonga ma’naviy ozuqa baxsh eta oladigan asarlar ham chop etilarmidi? Balki har bir nashriyot bilan Yozuvchilar uyushmasining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish kerakdir?

80 yoshdan oshgan jurnalist, olim, publitsist, hali ham futbol o‘ynashni kanda qilmay kelayotgan Saydi Umirov suhbatlarimizning birida “ortiqcha vaznli yoshlarni ko‘rsam, g‘ashim keladi”, degan edi. Aytish kerakki, bugungi kitobxon ham hech bir vaznga to‘g‘ri kelmaydigan “ijod namunalari” o‘rin olgan “ortiqcha vazn”li kitoblardan zerikib bormoqda. 

Darvoqe, yuqorida Ahad Qayumning she’r yozishga urinishlari bilan bog‘liq raqamlarni sanashdan maqsadimiz — uning mashqlariga oid ayrim fikrlarni aytish edi, xolos. 

Sherali KARVONLI

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

YOSHLARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA ...

2017-12-13 05:47:42

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.